Navoiy asarlarida Xoja Bahouddin Naqshband taʼrifi

0
1776
marta koʻrilgan.

Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 695 yilligiga

 

  1. Vobastalik

Alisher Navoiy merosi shunday buyuk bir xazinaki, undan xalqimiz tarixining eng qadim zamonlardan to XV asr oxirigacha boʻlgan davriga tegishli deyarli har qanday masalaga oid munosabat, hech boʻlmasa, muhim bir maʼlumot topasiz.

Xoja Bahouddin Naqshband (1318–1389) hayoti va faoliyati, xojagon-naqshbandiya taʼlimoti tarixi, gʻoyalari targʻibi, bu tariqat vakillari hayoti va faoliyati boʻyicha turkiy tilda ulugʻ oʻzbek shoiri, mutafakkiri Alisher Navoiy asarlaridan koʻra boyroq va mukammalroq boshqa biron manba yoʻq. Shuning uchun Naqshband va Navoiy masalasi faqat adabiyotshunoslikkina emas, amalda dinshunoslik, tasavvufshunoslik, falsafashunoslik, tarixshunoslik, maʼnaviyatshunoslik, mafkurashunoslik va fanning yana koʻplab sohalari izchil shugʻullanishi lozim boʻlgan mavzu hisoblanadi. Binobarin, hozirgacha bu borada bir qadar ilmiy ishlar dunyoga keldi va ilgari yaratilgan kitoblar chop etildi.

Navoiy asarlarida Xoja Bahouddin Naqshband taʼrifi masalasini yoritish uchun, avvalo, ulugʻ mutafakkir merosida ana shu buyuk avliyoga, umuman, naqshbandiya tariqatiga munosabat, shuningdek, shoir ijodida naqshbandiya taʼlimoti gʻoyalari targʻibining koʻrinishlari va yoʻnalishlarini aniqlab olish lozim.

Masalaga shu jihatdan yondashsak, quyidagi manzara namoyon boʻladi:

  1. Xoja Bahouddin Naqshband hayoti va faoliyatini yoritish (“Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”).
  2. Xojagon – naqshbandiya tariqati vakillari hayoti va faoliyatini yoritish (“Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Majolis un-nafois”, “Siroj ul-muslimin”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Arbaʼin”).
  3. Naqshband va naqshbandiylar badiiy timsollarini yaratish (“Hayrat ul-abror”, “Lison ut-tayr”).
  4. Badiiy asarlarda naqshbandiya taʼlimoti gʻoyalarini targʻib etish (“Xazoyin ul-maoniy”, “Devoni Foniy”, “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼayi sayyor”, “Saddi Iskandariy”, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub”, “Siroj ul-muslimin”).

Bu yoʻnalishlarning har biri alohida-alohida tadqiqotga mavzu boʻlgulik darajada katta qamrovga ega. Ammo ilmimizda hali masala aynan shu tarzda qoʻyilib, kompleks ravishda izchil oʻrganilganicha yoʻq. Bu yoʻnalishlar yuzasidan qarashlarimiz ham muntazam ravishda oʻzgarib, rivojlanib, takomillashib boryapti. Shuning uchun ham davrlar oʻtgani sayin ulugʻ avliyo Naqshband bilan dohiy shoir Navoiyni oʻzaro bogʻlab turgan talay rishtalarni izchil va teran oʻrganishga ehtiyoj kuchaygandan-kuchayib boraveradi. Chunki tasavvuf tarixida naqshbandiya eng soʻnggi mukammal tariqat ekani, Navoiy merosi milliy maʼnaviyatimizning yuksak choʻqqisi hisoblanishi, uning asarlarida bu tariqat muallifning asl eʼtiqodi, mafkurasi yangligʻ namoyon boʻlgani inobatga olinsa, bu xususda soʻz yuritishning ahamiyati oʻz-oʻzidan ayonlashadi.

Shu tariqa hayot bilan falsafaning, falsafa bilan tasavvufning, tasavvuf bilan adabiyotning, adabiyot bilan gʻoyaning, gʻoya bilan soʻzning bir-biriga chambarchas aloqasi ochila boradi. Eng muhimi, shu asosda biz Naqshband bilan Navoiyning bashariyat shuuriy xazinasiga buyuk hissa boʻlib qoʻshilgan durdona fikru gʻoyalaridan bugunimiz uchun bevosita kerak boʻladigan muhim jihatlarni ham topamiz.

 

  1. Komillar komili

 

Odam Ato nasli orasidan Naqshbanddek komil insonlarning yetishib chiqqani – nainki bir xalq, balki butun bashariyatning buyuk baxti, mislsiz boyligi. Tasavvuf aqidasiga koʻra: “… Jumla mavjudot odamzodga shuning uchun sajda qiladiki, odamlar orasida komil inson (!) bor. Bas, jumla odamzod komil inson tufayli (sharafli)dir. Mavjudot ichra komil insondan koʻra ulugʻroq va donoroq narsa yoʻq, chunki komil inson eng pastdan eng yuqorigacha martabalardagi mavjudotlarning xulosasi (!) va qaymogʻidir (!) va farishtalar, ruhoniy mavjudotlar va arshu kursi, samovotu kavokib – hammasi komil inson xizmatidadirlar va hamisha komil inson tegrasini tavof qilurlar va komil inson ilm mazharidir (koʻrinishidir. Bu va boshqa iqtiboslarda qavs ichida keltirilgan izohlar bizniki – S. O.), komil inson ilohiy zot (yaʼni Xudo) sifatlarining ham mazharidir”.

Albatta, komil inson deyilganda, birinchi navbatda, Muhammad (s.a. v.), soʻng esa avliyo zotlar tushuniladi. Navoiy ham, tabiiyki, ana shu aqidada edi. U soʻfiylar duosi ijobat boʻlishiga qatʼiy ishongan. Masalan, “Majolis un-nafois” tazkirasida Mavlono Lutfiy haqida: “Bu faqir (yaʼni oʻzini koʻzda tutyapti) borasida koʻp fotihalar oʻqubtur. Umid ulkim, chun darvish (!) kishi erdi, baʼzi mustajob boʻlmish boʻlgʻay”, – deydi. Demak, Lutfiyning aynan darvish, yaʼni soʻfiy kishi ekani uchun uning Navoiy borasidagi ayrim duolari ijobat boʻlgan boʻlishi mumkin.

Qadimgilar bilmay aytmaganki:

 

Mardoni Xudo Xudo naboshand,

Lekin zi Xudo judo naboshand.

 

Maʼnosi: (Xudodan judo emas.)

Avliyo Xudo emas.)

 

Chindan ham, “mardoni Xudo”, yaʼni avliyo zotlar Xudo emas, lekin ular Xudodan judo ham emaslar.

 

  1. “Uvaysiylik” nima?

Xalqda: “Xudo – yor, pirlar – madadkor boʻlsin!” – degan duo bor. Shuning oʻziyoq bizda uzoq yillar zararli taʼlimot sifatida nohaq qoralanib kelgan tasavvufning milliy hayotimizga naqadar chuqur kirib borib, uning ezgu gʻoyalari qon-qonimizga singib ketganidan dalolat beradi. Tasavvuf nafaqat hayot boʻlgan shayxlarning nafasini, hatto koʻp ilgarilar oʻtib kelgan ulugʻ avliyolarning ruhini ham tan oladi.

Inson koʻnglini, aniqrogʻi, ruhini kamol toptirishning, kim biladi, deysiz, ehtimolki, bashariyat tarixidagi eng oliy darajasiga yetgan ana shu tasavvuf taʼlimotining qatʼiy qoidasiga koʻra, solik, yaʼni soʻfiy, albatta, bir pirning etagini tutib, unga murid tushishi – shart. Ammo shunday istisno hollar ham boʻladiki, qay bir soʻfiyni ilgari zamonlar olamdan oʻtib ketgan biror mashhur shayxning ruhi kelib tarbiyalaydi. Bundaylar u v a y s i y deyilgan.

Rivoyat qilishlaricha, Muhammad alayhi-s-salom olamdan oʻtar paytlarida sahobalar, yaʼni atroflaridagi suhbatlariga musharraf boʻlgan zotlar u azizdan eski xirqalari, yaʼni toʻnlarini kimga berish lozimligini soʻrashibdi. Navoiy soʻzlari bilan aytilsa, ul zoti sharif (s. a. v.): “Debturlarki: “Uvays Qaraniygʻa bersunlar va desunlarki, mening ummatimni duo qilsun”.[1]

Yamanning Qaran degan yeridan boʻlgan bu tuyaboqar Uhud togʻidagi urushda paygʻambarimiz(s. a. v.)ning muborak tishlari singanini eshitib, urib-urib oʻzining oʻttiz ikki tishini sindirgan edi. Ammo Muhammad alayhi-s-salom bilan Qaraniy hech qachon yuzma-yuz koʻrishmagan edi. Shunday boʻlsa ham, Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat…”ida qayd etilishicha, Rasulilloh (s. a. v.) uni: “Maʼni va ruhoniyat yuzidin tarbiyat qilib erdilar. Bu jihatdin har kishiningki, bu toifadin (yaʼni shayxlardan) zohir yuzidin (yaʼni bevosita hayotda tarbiya qilgan) piri maʼlum boʻlmasa va mashoyixlaridin birining ruhi (!) oni tarbiyat qilgʻan boʻlsa, oni “uvaysiy” derlar” (75).

Demak, “uvaysiy” degan tasavvufiy atama ana shu Uvays Qaraniyning ismidan olingan. Uvays Qaraniyning oʻzi esa musulmon olamida, xususan, adabiyotda juda mashhur edi. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat…”da taʼriflagan birinchi shayx ham – shu.

Uvaysiylik haqidagi tasavvurni yanada oydinlashtirish maqsadida shuni eslatish kerakki, mashhur shoiramiz – Jahonotin Uvaysiy taxallusining maʼnosi ham xuddi ana shu tushunchadan olingan. Kim biladi, balki, uni ham qadim mashoyixlarimizdan birining ruhi kelib tarbiya qilgandir, hech boʻlmaganda, Uvaysiyning oʻzi shuni orzulagandir. Birgina dalil: shoiraning “Uvaysiyman” radifli gʻazali shunday tugallanadi:

 

Vaysi(y) beriyozat deb sahl tutma, ey orif,

Ishq aro nihon dardi bedavo Uvaysiyman.[2]

 

Birinchidan, “Vaysi(y)” – vazn taqozosiga koʻra, “Uvaysiy” soʻzining shartli ravishda qisqargan shakli, uni zinhor-bazinhor “vaysamoq” maʼnosiga aloqador soʻz deb tushunmaslik kerak. Ikkinchidan, tasavvufda solik pirning yoʻl-yoʻriqlariga bevosita amal qila borib, ruhni kamolga yetkazish uchun istilohda “riyozat” deb ataladigan maxsus qiyinchiliklar bosqichini bosib oʻtishi kerak. Bu – pirsiz amalga oshishi mumkin boʻlmagan bir mushkul mashgʻulot. Ayni matnda soʻzni bir yoʻla ham lugʻaviy va ham taxallusiy maʼnoda qoʻllashdek badiiy sanʼat “ittifoq” deyiladi. Shoira orif, yaʼni soʻfiyga: “Riyozatsiz, deb menga taʼna qilma, men – uvaysiyman, yaʼni meni shayxlardan birining ruhi (oʻzi emas!) tarbiyalagan!” – deb pisanda qilayotibdi.

 

  1. Ne-ne pirlar etagini tutib…

Baʼzi soʻfiylar bir necha pirning tarbiyasini olgan. Masalan, Naqshbandning ham pirlari koʻp boʻlgan. Navoiyda keltirilishicha: “Alargʻa qabul nazari Xoja Muhammad Bobo Samosiydindur va odobi tariqat taʼlimi zohir yuzidin Amir Sayyid Kuloldindur, andoqki, der ermishlar. Ammo haqiqat yuzidin alar uvaysiydurlar (taʼkid bizniki) va tarbiyat hazrati Xoja Abdulxoliq Gʻijdivoniy ruhidin (!) topibdurlar” (130).

Xoja Bahouddin tugʻilmaslaridan burun Xoja Muhammad Bobo Samosiy buyuk bir shaxs dunyoga kelayotganini ona qornidagi bolaning hididan sezadilar: “… Xoja Bahouddin hazratlarigʻa alardin (Samosiydan) qabul farzandligʻqa voqeʼ boʻlubtur va alardurlarki, Qasri hinduvon (yaʼni Bahouddin tugʻilgan qishloq) oʻtarda der ermishlarki: “Bu tufrogʻdin bir er isi keladur, boʻlgʻayki, Qasri hinduvon Qasri orifon boʻlgʻay”. To bir kunki, Sayyid Kulol manzilidinki, alarning xulafosidindur, Qasri orifon sori mutavajjih (borayotgan) erdilar, dedilarki: “Ul er isiki, bizning dimogʻimizda yetar erdi, ortuqroq boʻlubtur, hamonki, ul er mutavallid boʻlubtur” (tugʻilibdi). Chun nuzul qilibturlar (mehmonlikka boribdilar), hazrati Xoja Bahouddin valodatidin (tugʻilganidan) uch kun (oʻtgan) ekandur, alarning jaddi (yaʼni Bahouddinning bobolari) bar muomala alarning (Samosiyning) koʻksigʻa qoʻyub, alarni (Bahouddinni) ixlos va niyoz bila Xoja Muhammad Bobo nazarigʻa kelturubtur. Xoja Muhammad Bobo dedilarki: “Ul bizing farzandimizdur va biz ani qabul qilduq”. Va asʼhob sori boqib, debturlarki: “Bu ul erdurki, bizga aning isi kelib erdi, roʻzgor (hayot)ning muqtadosi (yoʻlboshchisi) boʻlgʻay”. Va Amir Sayyid Kulolgʻa buyur: “Farzandim Bahouddin haqida tarbiyatu shafqatni darigʻ tutmagʻaysen va senga bihil qilmagʻaymen (kechirmayman), agar taqsir (xato, qusur) qilsang”. Amir dedikim: “Er boʻlmagʻaymen, agar Xoja vasiyatigʻa taqsir qilsam” (126).[3]

Demak, Naqshbandga Samosiy – “qabul nazari” yuzasidan, Amir Kulol esa zohiriy tarafdan, yaʼni tariqatga oʻrgatgani jihatidan – pir. Ammo Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy u kishiga haqiqat yuzasidan, yaʼni r u h i k ye l i b t a r b i ya l a g a n i tarafidan, taʼbir joiz boʻlsa, b o t i n y pir.

Xoʻsh, ikki asr oldin yashagan, milodiy 1179 yili vafot etib ketgan Abdulxoliq Gʻijduvoniyning ruhlari qanday yoʻl bilan Xoja Bahouddinga tarbiya bergan?

Navoiyda aytilishicha, yoshlik chogʻlarida Bahouddin bir kechasi chiqib, Buxoroning uch mozoriga boradilar. Har mozorda yogʻi toʻla, piltasi yogʻi ichiga solib qoʻyilgan chiroq koʻradilar. Faqat yaxshiroq yonib, tuzukroq yoritishi uchun oʻsha piltalarni harakatga keltirish kerak ekan. Uchinchi muqaddas mozorda qiblaga qarab oʻtirgan paytlarida u tarafda devor yorilib, ajib bir manzara namoyon boʻlibdi. Voqeaning bu yogʻini “Nasoyim ul-muhabbat…”dagi Bahouddinning oʻz soʻzlari bilan aytgan maʼqulroq: “Qibla devori shaq boʻldi (ajraldi, ochildi) va bir ulugʻ taxt paydo boʻldi va yashil parda ul taxt oldigʻa tortilgʻan va tegrasida jamoate va Xoja Muhammad Boboni alar orasida tanidim. Bildimki, ul xayl (toʻp, jamoa) gʻoyiblardindurlar (vafot etgan, ammo u dunyoda ruhi tirik kishilardandirlar). Oralaridin birov menga ayttiki: “Taxti Abdulxoliq (Gʻijduvoniy)dur va ul jamoat alarning xulafosi (oʻrinbosarlari) dindurlar”. Va birin-birin alarning otin atadi va Xoja Muhammad Bobogʻa yetganda dediki: “Alarni xud hayotlari chogʻida koʻrubsen va sening piringdurlar va senga bir boʻrk (bosh kiyimi) beribdurlar va karomat qilibdurlarki, nozil boʻlgʻan balo sening barakatingdan dafʼ boʻlgʻay”. Andin soʻngra ul jamoat ayttilarki: “Quloq tut va yaxshi eshitki, ulugʻ Xoja hazratlari sanga soʻzlar aytgʻusidurlarki, Haq subhonahu va taolo yoʻli sulukida sanga andin chora yoʻqdur”. Ul jamoatdin iltimos qildimki: “Hazrati Xojagʻa salom qilay va muborak diydorlarigʻa musharraf boʻlay”. Pardani illayidin oldilar. Pire koʻrdim nuroniy. Salom qildim. Javob berdilar va soʻzlarki, suluk mabdaʼida (boshida) va oxirida kerakliktur, menga bayon qildilar va dedilarki: “Ul charogʻlarki, ul kayfiyat bila sanga koʻrguzdilar, ishorat va bashoratdur sanga bu yoʻl qobiliyat va isteʼdodidin. Ammo isteʼdod fatilasin (yaʼni mozorlarda koʻringan chiroqlardagi kabi piltasini) harakatgʻa kelturmak kerak, to yorugʻay va asror (sirlar) zuhur qilgʻay (koʻringay)”. Va yana buyurdilar va mubolagʻa qildilarki: “Borcha ahvolga qadamni amru nahy jodasigʻa (buyurilgan va manʼ etilgan ishlar yoʻliga) qoʻygʻil va azimat bila amal qil va sunnatni bajo kelturgil va ruxsatlar va bidʼatlardin yiroq boʻl va Mustafo (s. a. v.) ahodisini (Muhammad alayhissalom hadislarini) oʻzungga peshvo qil…” (131).

Hazrati Naqshbandning oʻzlari-ku uvaysiy edilar. Ammo olamdan oʻtganlaridan keyin u azizning ruhlari kelib kimsan – hazrati maxdum Abdurahmon Jomiyga tarbiya bergan. Navoiy piri va ustozi haqida shunday deb yozadi: “Zohir yuzidin oʻzlarin qutb ul-muhaqqiqin (Xudoni – Haqni izlovchilar qutbi) va gʻavs us-solikin (soliklar madodkori) Mavlono Saʼd ul-millati va-d-din (millatu dinning baxti) il-Koshgʻariy muridi koʻrguzurlar erdi, ammo, hamonki, uvaysiy (!) erdilar va Xoja Bahouddin Naqshband ruhoniyatidin tarbiyat topib erdilar” (185).

Naqshbandning qabuliy pirlari Muhammad Bobo Samosiy, zohiriy pirlari Amir Sayyid Kulol va botiniy[4] pirlari Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy ekanini bilib oldik. Biroq bu zoti sharif bevosita yassaviya tariqati shayxlariga ham murid tushganlar. Hatto, ingliz tasavvufshunos olimi J. S. Trimingem Ahmad Yassaviy shajarasini sanaganda Bahouddin Naqshband nomlarini silsilada Xalil Otaning muridi sifatida koʻrsatadi.[5] Chindan ham, Bahouddin Naqshband yassaviy shayxlardan Xalil Ota xizmatida ham boʻlganlar.

Navoiyning dalolat berishicha, Naqshband hazratlari bir kecha Hakim Ota, yaʼni milodiy 1186 yili vafot etgan soʻfiy va shoir Sulaymon Boqirgʻoniyni tushlarida koʻradilar. Ul zot Bahouddinni bir darvesh ixtiyoriga topshiradilar. Bahouddin bu tushlarini ona tarafdan bibilariga aytsalar, u kishi: “Ey farzand, senga turk mashoyixi (yassaviya tariqati shayxlari)din nasibe boʻlgʻusidur” (129), – deydilar. Bahouddinning koʻngillari oʻsha tushlarida koʻrgan darveshni koʻp tusaydi. Bir kuni Buxoro bozorida oʻsha tushlarida koʻrganlari darveshni uchratib, taniydilar va u bilan tanishadilar. Oti Xalil ekan. Oʻsha kuni bozorda u bilan yaxshiroq gaplasha olmaydilar. Oqshom uylariga odam kelib, Xalil chaqirtirayotganini aytadi. Kuz mahali ekan. Bahouddin bir oz meva (?) olib, oʻsha darveshning huzuriga boradilar. Unga tushda koʻrganlarini aytmoqchi boʻlib turganlarida Xalil: “Ulcha sening xotiringdadur, bizga ayondur. Bayon qilmoq hojat emas” (130), – deydi. Chunki koʻp shayxlarga birovning koʻnglidagi gapni aytmasidan ham uqib olish qobiliyati berilgan boʻladi.

Shu tariqa Bahouddin olti yil Xalil Otaning xizmatini qilib, uning tasavvuf yoʻlidagi suhbatlaridan bahra topadilar. Keyinroq Xalil Ota Movarounnahr mamlakatiga podshohlik ham qiladi. Bahouddin u kishining podshohlik davrida ham yana olti yil xizmatda boʻlib, shayx tarbiyatini oladilar. Pir va murid xoli qolganlarida tasavvufdan suhbat qurar, koʻpchilik ichida esa ular shoh va mulozim kabi muomalada boʻlaverar edilar. Bu haqda Bahouddinning oʻzlari: “Xaloda (xoli qolganda) xos suhbatining mahrami erdim va maloda (koʻpchilik orasida) saltanat odobin rioyat qilur erdim” (130), – deydilar.

Bahouddin Naqshband yosh paytlari yana bir yassaviy pir – Qusam Shayxdan ham taʼlim olganlar.

Bir kuni Amir Sayyid Kulol shogirdlarini yonlariga chaqirib, shunday dedilar: “… Ey farzand Bahouddin! Xoja Muhammad Bobo nafasi vasiyatin sizning borangizda ba joy kelturdum…” Dedilarki: “Har ne tarbiyat bobida bormen, sening haqingda koʻrguzubmen. Sen farzand Bahouddin bobida koʻrgizgil”. Andoq qildim” (128). Keyin oʻz koʻksilariga ishorat qilib: “… Bu emchakni sizning uchun quruttum va sizing ruhoniyatingiz qushi bashariyat bayzasidin (tuxumidan) chiqdi. Ammo sizing himmatingiz shahbozi (ov qushi) balandparvoz tushubtur. Emdi ijozattur. Har yerda matlubdin (talabdan) ise (biron hid) dimogʻingizga yetsa, tilang va talabda oʻz himmatingiz mujibi (sababi) bila taqsir (qusur) qilmang” (128).

Demak, Amir Sayyid Kulol oʻzlaridagi bor bilimni shogirdlariga berib boʻlgan, ammo shogirdning isteʼdodi juda baland va unda bundan ham yuqoriroq darajalarda taʼlim olish ishtiyoqi kuchli edi. Bahouddin pirlarining ana shu gaplariga amal qilib, ilm istabon yassaviya tariqati shayxlarining mashhurlaridan boʻlmish Qusam Shayx oldilariga – Naxshab, yaʼni hozirgi Qarshiga bordilar. Navoiy keltirgani maʼlumotga koʻra, Bahouddinning Qusam Shayx bilan uchrashuvlari juda qiziq kechgan.

…Darveshlar davrasi. Toʻrda pir, yaʼni Qusam Shayx oʻtiribdi. Qovun yeyilyapti. Shayx oldiga bir notanish shogird salom berib kiradi, taʼzim bajo aylab kirib kelgan bolaning qadrini yerga urgandek, shayx hozirgina yeb boʻlgani qovun tilimining poʻchogʻini uning oldiga otadi. Yigit hech ikkilanmay poʻchoqni olib, chaynay boshladi. Chaynay-chaynay, batamom yeb qoʻydi. Shayx hech narsani sezmagandek, yana bir tilim qovunni paqqos tushirib, poʻchogʻini mehmon yigitning oldiga irgʻitadi. Yana oʻsha ahvol: yigit poʻchoqning bunisini ham yeb qoʻydi. Shayx tashlagan uchinchi poʻchoq ham bemalol hazm qilindi.

Xoʻsh, nima gap oʻzi? Nahotki, kimsan – Xoja Ahmad Yassaviy xonadonidan boʻlgan zamonasining mashhur shayxi mehmon yigitga nisbatan shunchalar bepisandlik bilan munosabatda boʻlsa?!

Navoiy voqeaning oʻzinigina bayon qiladi, uni sharhlab oʻtirmaydi. Chunki tasavvufdan boxabar oʻsha davr kishilari uchun ishoraning oʻziyoq yetarli edi. Biroq biz uchun soʻzu suxansiz – qovun poʻchogʻi “til”i bilan gaplashilgan bu “suhbat” sharhga juda-juda muhtoj.

Qusam Shayx gap-soʻzsiz ham yosh yigitning bu yerga ilm istab kelganini biladi. Xoʻsh, qani, shogird butun izmini ustozga topshirishga tayyormi-yoʻqmi? Qolaversa, ilm olish mahali pirdan juda ogʻir, inson gʻururiga tegadigan vazifalar topshirilsa, uni ham bajarishni koʻngliga tugib kelganmi bu yigit yo bu bir shunchaki hoyu havasmi? Bunday oʻta muhim va nozik savollarni soʻz bilan ifodalashga hech bir hojat yoʻq. Negaki, soʻfiylik, avvalo, kishi koʻnglini anglash ekan, koʻngilni haddi aʼlosida soflagan, yaʼniki takomilga yetkargan komil insonlar uchun gap-soʻzsiz ham bir-birlarini anglashlari tabiiy hol-ku. Demak, Qusam Shayxni shogirdlik istab kelgan yigitning ana shu jihatdan qay darajaga yetgani, yaʼni uning fahmu farosatini ham imtihon qilish tuygʻusi chulgʻagani rost.

Shu nuqtai nazardan qaralsa, Qusam Shayx uch bor Bahouddinning oldiga poʻchoq tashlash bilan boʻlgʻusi shogirdni obdon sinab oldi. Navoiy matnidagi “gʻoyati talab haroratidin” degan kalimalarda gap koʻp. Poʻchoqni yeyish bilan Bahouddin: “Men Sizning oldingizga ilm istab keldim, bu yoʻlda nimaiki mashaqqat chekishga toʻgʻri kelsa, men bunga tayyorman”, – demoqchi boʻldi.

Pir kutgan javobini olgan edi. Navoiyda Qusam Shayxning poʻchoq tashlashi voqeasi “ikki-uch qatlaʼ” takrorlangani yoziladi. Keling, ozgina mulohazaga erk beraylik-da, shuni uch marta[6] deb hisoblaylik, chunki Jomiy “Nafahot ul-uns…”da “uch marta” deb, yaʼni aniq qilib yozadi. Soʻfiylar shu qadar zehnkor kishilarki, ana shu uch marta poʻchoq tashlashning zamirida ham muayyan maʼnoyu mazmun boʻlishi mumkin. Ehtimol, ushbu voqeada ham bir muhim sir yashirindir?

Bilamizki, tasavvufda avval shariat, keyin tariqat va soʻngra haqiqat bosqichlari mavjud.

Birinchi marta poʻchoq tashlanganda pir shogirddan: “Shariatdan ilming bormi?” – deb soʻragan boʻlsa, ajab emas. Poʻchoqni yeb qoʻyish bilan shogird: “Bor. Lekin Sizdan yana taʼlim olishga mushtoqman!” – degandir.

Ikkinchi bor kelib tushgan poʻchoq: “Tariqatdan xabardorliging qalay?!” – degan savol edi, balki. “Bexabar emasman. Ammo Sizning tarbiyangizga muntazir boʻlib keldim!” – degan javob edi, ehtimol, ikkinchi poʻchoqni yeb qoʻyish.

Uchinchi dafʼa tashlangan poʻchoq: “Haqiqat ilmini bilasanmi?” – degan soʻroq boʻlishi mumkin. “Bilaman, – demoqchi, shekilli, shogird uchinchi poʻchoqni yeyish bilan. – Biroq Sizning taʼlimingiz yetmay turibdi!..”

Agar shunday boʻlsa, pir kutgan javobini olgan edi.

Xoʻsh, bu vaʼdalar-ku yaxshi-ya. Ammo shogirdning ilm talabi borasidagi bardoshi qandoq ekan? Bunga chiday olarmikan? Axir, tasavvuf uchun sabru chidamning ayricha ahamiyati bor-ku! Binobarin, tojik tasavvufshunosi Muhammadqul Hazratqulovning bu haqdagi fikrlari eʼtiborli: “Tasavvuf adabiyotida keltiradilarki, sufiyning iymoni ikki qismdan iborat. Uning avvalgi yarmini sabr va keyingi yarmini shukr tashkil etadi. Sufiylarning eʼtiqodiga koʻra, har bir farzni oxiriga yetkazish va har bir maʼsiyatni tark etish sabrsiz amalga oshmaydi, zero tariqatga kirgan solik boshiga tushgan mushkulliklarning barisini sabru toqat bilan kutib oladi. Sobir shunday kishiki, u haqiqat maʼrifati uchun sabrni boʻyniga oladi va qiyinchiliklardan shikoyatu eʼtiroz qilmaydi. “Tazkirat ul-avliyo” muallifi (yani Farididdin Attor) sabrni soʻfiy hayotining eng yaxshi jihati deb biladi”.[7]

Endi Bahouddin sabrini sinashning gali kelgan edi.

Poʻchoq yeyish voqeasi boʻlgan mahalda bir xodim kirib, Qusam Shayxga, uch tuyayu toʻrt otni yoʻqotganini bildiradi. Shayx ataylabdan Bahouddinga qarab: “Ani yaxshi tutingiz!” (129) – deydi. Xizmatchilar Bahouddinni oʻgʻri hisoblab, ustlariga shu darajada tashlanadiki, hatto, Xojaning badanlaridan qon ham chiqadi. Shunda ham miq etmaydilar. Agar u kishi sabrsizlik koʻrsatib oʻzlariga nisbatan tuhmat qilinayotganini aytganlarida yoki asabiylashib, muridlar bilan talashib ketganlarida, pirning: “Tasavvuf yoʻlidagi darajasi hali juda ham past ekan”, – degan bahosini olgan boʻlar edilar. Tasavvuf yoʻliga kirgan, Haqqa yetishni orzulagan solik ruhiyatida metindek iroda va oʻta kuchli chidam boʻlishi kerak emasmi? Axir, bu dunyoda jiddiyroq bir maqsadga erishmoq uchun ham odam bolasida qanchalar matonat shakllangan boʻlishi lozim-ku!

Bahouddin ustozning bu imtihonidan ham eson-omon oʻtadilar. Namozshomga borib esa yoʻqolgan uch tuyayu toʻrt ot oʻzi kirib keladi.

Ana shunday jiddiy sinovlar bilan boshlangan Qusam Shayx va Bahouddin Naqshband aro piru muridlik shu darajaga yetdiki, shogird uch oycha ustoz xizmatida boʻlib, uning eng sevimli talabasiga aylandi. Oxiri ustoz u kishiga duo berib: “Toʻqqiz oʻgʻlum bor. Sen borchadin ulugʻroq va muqaddamroq (ustunroq)… Bu navʼ talabgorligʻki, senda koʻribmen, toliblardin hech qaysida koʻrmaymen” (129), – dedi. “Toʻqqiz oʻgʻlum” deganda Qusam Shayx farzandlarini koʻzda tutganmi yo muridlarini – bu ochiq maʼlum emas. Hoynahoy, Shayx Bahouddinni eng ulugʻ shogirdlari qatorida tilga olyapti.

Qusam Shayx har gal Naxshabdan Buxoroga kelganida unga alohida hurmat koʻrsatar edilar. Qusam Shayx umrining oxirida shu muridi yurtida yashadi va Buxoroda vafot etdi. Qabri – oʻz yurtida.

 

  1. Xojalik bilan rost kelmaydigan bandalik

 

Bunday oʻylab qaralsa, bu dunyoda oʻzi bor-yoʻgʻi birgina ijtimoiy muammo bor. Qolgan jamiki muammolar – nazarimda, ana shu bosh masalaning boʻlaklari, tarmoqlari yoki oqavalari.

Bu – bosh muammo, nima?

Bu – mehnat va mahsulot taqsimoti, kishilarning ishlashga va, aksincha, mehnat tufayli barpo etilgan boyliklarga egalik qilishga munosabatlari.

Naqshbandiya tariqati jahonning ana shunday eng muhim ijtimoiy muammosi – mehnatga va uning natijasida erishiladigan boylikka munosabat masalasiga nihoyatda jiddiy eʼtibor beradi. “Dil – ba yor-u, dast – ba kor!” shiori soliklarning mehnat qilib turib ham tasavvuf bilan mashgʻul boʻlishi mumkinligini isbotlaydi va shunga undaydigina emas, hatto, soʻfiyni oʻz mehnati, yaʼni qoʻl kuchi bilan tirikchilik qilishga ham daʼvat etadi. Agar har kim oʻz mehnati ila tirikchilik oʻtkazsa, boyliklarga faqat mehnati darajasidagina ega boʻlishga intilsa, bu dunyoda nohaqlik yuz bermaydi, ijtimoiy adolat tantana qiladi.

Naqshbandiya yoʻliga kirganlar uchun bu shunchaki bir gʻoya emas edi. Ular shu aqidalariga qatʼiy amal qilib yashar edi. Bu tariqat jahonning ana shu, eng asosiy deyayotganimiz, ijtimoiy muammosini har kimning oʻzi adolat bilan hal etishiga chorlar edi.

Navoiy tazkirasida Naqshbandning oʻzgalar mehnatidan foydalanmasliklari aytiladi: “Derlarki, alargʻa hargiz qul va dadak (choʻri) boʻlmas ermish. Alardan bu maʼnida soʻrubturlar. Alar debturlarki: “Qachon bu bandaligʻ xojaligʻ bila rost kelur?!” (132).

Demak, agar inson Allohning quli boʻlsa-yu, u yana qanday qilib birovni oʻziga qul qilib oladi?

Naqshbandiya xojalikni emas, mehnatkashlikni targʻib qilgani jihatidan ham oʻz davri uchun ulkan ijtimoiy hodisa edi va bu hozir uchun ham nihoyatda ahamiyatli. “Qachon bu bandaligʻ xojaligʻ bila rost kelur!” degan soʻzlar – hammaning ham Alloh oldida teng bir banda ekanini targʻib qilishdir!

 

  1. Janoza oldidan oʻqilgan bayt

 

Har bir musulmon banda vafot etganidan keyin unga janoza oʻqiladi. Hazrati Naqshbandning bu boradagi bir gaplari – nihoyatda mutaassir. U kishining aytishlaricha, Abu Saʼid Abulxayr degan bir shayxdan: “Sizning janozangiz illayida qaysi oyatni oʻqisunlar?” – deb soʻrabdilar. Shayx shunday javob beribdi: “Oyat oʻqumoq ulugʻ ishdur. Bu baytni oʻqusunlarki:

 

Chist az in xoʻbtar dar hama ofoq kor,

Maʼnosi: Doʻst rasad – nazdi doʻst, yor – ba nazdiki yor”

(133).

 

“Doʻst – doʻst yoniga, yor – yor yaqiniga yetsa, butun olamda bundan yaxshiroq yana nima bor?”

Bu yerdagi “doʻst” soʻzi ham, “yor” ham tasavvufiy maʼnoga ega. Baytda soʻfiyning Allohga yetishuv orzusi aks etgan. Birinchi bor qoʻllangan “doʻst” va “yor” – soʻfiyni, yaʼni oshiqni, ikkinchi bor qoʻllangan “doʻst” va “yor” Allohni, yaʼni maʼshuqni anglatadi. Albatta, oshiq uchun bu dunyoda maʼshuqqa yetishdan oliyroq baxt bormi?!

Shayx Abu Saʼid Abdulxayrning bu vasiyatini eslagan Xoja Naqshbandning oʻzlari ham janozalari oldidan bayt oʻqishlarini vasiyat qilganlar: “Andin soʻngra alar debturlarki: “Bizning janozamiz illayida bu baytni oʻqusunlarki, bayt:

Muflisonem, omada dar koʻi tu,

Lavhashalloh, az jamoli roʻi tu”

(133).

 

Mazmuni: “Sening koʻchangda sening yuzing jamolidan “Alloh yiroq etmasin” deb yurgan gadolarmiz”.

“Sen” deyilganda, shubhasiz, Alloh nazarda tutilgan.

Bu maʼlumot tasavvuf vakillarining hayoti sheʼriyat bilan naqadar chambarchas bogʻlanib ketganidan dalolat beradi.

 

  1. Mohiyat

 

Islom taʼlimoti Navoiy uchun bir bepoyon dengiz boʻlsa, tasavvuf suvini ana shu dengizga quyadigan bir daryo yangligʻ edi. Naqshbandiya tariqatini esa ana shu daryoning eng katta irmogʻiga oʻxshatish mumkin. Ulugʻ shoir islom taʼlimoti dengiziga tasavvuf daryosi, tasavvuf daryosiga naqshbandiya irmogʻi orqali suzayotgan bir kema yangligʻ ijod etdi. Shuning uchun bobokalonimiz umr boʻyi ana shu oʻziga eng yaqin irmoq suvlaridan koʻp ichgan. Turkiy soʻz sanʼatida esa hali hech bir sohibi qalam naqshbandiya irmogʻi suvlaridan ulugʻ oʻzbek shoirichalik qonib-qonib noʻsh etmagan boʻlsa kerak. Naqshbandiya irmogʻi esa, asosan, hazrati Naqshband bulogʻidan suv oladi.

Bir narsani unutmaslik kerak: ayrim shoirlarimiz, masalan, Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirgʻoniy uchun tasavvuf – m a q s a d, adabiyot esa –  v o s i t a edi. Baʼzi sohibi qalamlar nazdida, masalan, Navoiy uchun adabiyot – m a q s a d, tasavvuf esa – v o s i t a edi. Boshqacha aytganda, Yassaviyu Boqirgʻoniy odamlarni tasavvuf orqali tarbiyalamoqchi boʻldi. Buning uchun ular adabiyotga suyandi. Navoiy kishilarni adabiyot orqali ezgulik sari yetakladi. Buning uchun u tasavvufga suyandi.

Navoiy ijodida tasavvuf bilan adabiyot oliy darajada oʻzaro uygʻunlashdi. Bu uygʻunlikning asosini esa naqshbandiya tashkil etadi. Navoiy zamonasining eng peshqadam ziyolisi sifatida davr uchun rasm boʻlgan tariqatni qabul qildi va oʻz ijodi bilan uning yanada ommalashishi, teranlashishi, taʼsirchan bir mafkuraga aylana borishiga ulkan hissa qoʻshdi.

Navoiyda naqshbandiylik izlarini qidirish adabiyotimiz tarixining keyingi davrlarini oʻrganish uchun ham juda-juda asqatadi. Chunki oʻzbek adabiyoti Navoiydan keyin gʻoyaviy-eʼtiqodiy jihatdan naqshbandiyasiz yashay olmas edi hisob. Navoiydan keyingi mashhur shoirlarimiz boʻlmish Bobur, Mashrab, Ogahiy ijodida ham naqshbandiya gʻoyalari targʻibi izchil davom etdi.

 

Sultonmurod OLIM,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3


 

[1] Alisher Navoiy. Asarlar. 15 jildlik. T.: 1958.75-bet. Bundan keyingi shu nashrdan olingan parchalarning sahifasi qavsda berib boriladi.

[2] Uvaysiy. Koʻngil izhori. T.: 1983. 122-bet.          

[3] X. Hasanov, G.Navroʻzovning  ‘‘Hazrat Amir Kulol‘‘ (Buxoro-Kogon: 1993. 12-bet) risolasida Amir Kulol tavalludi milodiy 1305 yil deb koʻrsatiladi va uning Bobo Samosiy bilan ilk uchrashuvi oʻn yoshida yuz berganligi aytiladi. Bahouddin tugʻilganda Amir Kulol oʻn uch yoshda va hali piri bilan uchrashmagan boʻlib  chiqadi.  Yo Amir Kulol tavalludi, yo piri bilan uchrashuvi sanasida xatolik bor.

[4] Pirga nisabatan qoʻllangan “qabuliy” va “zohiriy” sifatlarini Navoiydan olib, “botiniy”ni esa mohiyatdan kelib chiqib  ishlatyapmiz.

[5] Trimingem  Dj.  S.Sufiyskiye ordeniʼ v islame. M.: 1989. S. 58.         

[6] Nuriddin  Abdurahmon  Jomiy.  Nafahot ul-uns min hazorot ul-quds. Tehron: 1370. Sah. 288 (Arab yozuvida).         

[7] Hazratqulov  M. Tasavvuf. Dushanbe: 1988. Sah. 49.       

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.