Najmiddin Kubro

0
1005
marta koʻrilgan.

Ulugʻ insonlar haqida fikr bildirmoq, ularning hayoti va ijodi haqida mulohaza yuritmoq oson emas. Ulugʻlarning ishqi oliylari, eʼtiqodlari, tafakkur ganjinalariga havas qilamiz, ulardan bahramand boʻlishga harakat qilamiz. Bunday kishilar shaxsini oʻrganish bilan qalbimizga nazar tashlaymiz. Oʻz vijdonimizni taftish qilamiz, uni tozalash, hayot tarzimizni toʻgʻrilik va ezgulik sari yoʻnaltirishga ehtiyoj sezamiz. Chunki ularning hayot tarzi, ezgu amallari bizga saboq.

Shunday buyuk zotlardan biri Najmiddin Kubro boʻladilar. Siz u haqda tarix darsliklarida oʻqigansiz. Xiva yaqinidagi Sayot qishlogʻida tugʻilgan Najmiddin Kubroning nomi tirikligidayoq yetti iqlimga ketgan edi. Oʻz zamonasi ilm-u urfonida Najmiddin Kubroga teng keladigan birorta olim boʻlmagan. Shu bois ham unga “Kubro” ismi berilgan. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida shunday yoziladi: “Alargʻa kubro ondin laqab boʻldiki, har kim bila munozara va mubohasa qilsalar ermish, ul kishi gʻolib boʻlurlar ermish”. Kubroning “valiytarosh”, yaʼni valiylar yetishtiruvchi, “Tummat ul-kubro” (baloqazolarning oldini oluvchi, buyuk bashoratchi), “Abuljannob” (parhez qiluvchi, dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turuvchi) kabi nom va laqablari boʻlgan.

Najmiddin Kubro ham bunday mavqega osonlikcha erishmagan. U oʻz ilohiy isteʼdodini tinimsiz ilm oʻrganish, zahmat chekish orqali yuksaklikka koʻtardi. Ilm olish yoʻlida mashaqqatlardan choʻchimadi, egallagan bilimlaridan hech qoniqmadi, ilm istab Misr, Tabriz va boshqa koʻplab oʻlkalarni kezdi. Tinimsiz mehnat, izlanish, mashaqqatlar uni komillik darajasiga koʻtardi.

Najmiddin Kubro dunyoviy bilimlarda yuqori martabaga erishgach, bu bilimlar Haq maʼrifatini idrok etish uchun kam ekanligini anglaydi. Endi u botiniy bilim, gʻayb asrorini oʻrganishga kirishadi. Bu nihoyatda mashaqqatli yoʻl boʻlib, Najmiddin Kubro bu ogʻir sinovlarni ustozlari rahnamoligida yengib oʻtdi. Shundan keyin u olamga boshqacha qaraydigan, faqat kitoblardagi bilimlarni takrorlaydigan olimlardan farq qilib, erkin, ozod mushohada etadigan, mohiyatni teran idrok etib, buni odamlarga yetkaza oladigan darajaga erishdi.

Oʻsha davrlarda qudratli imperiya hisoblangan xorazmshohlar davlatida mansabparastlik, manmanlik, kibr-u havo, boylik ketidan quvish avj olgan edi. Soxta shuhrat Xorazmshoh koʻzini koʻr qiladi. Uning kaltabinligi natijasida mamlakat tanazzulga yuz tutadi. Shoh uni balolardan ogoh etmoqchi boʻlgan olim-u fuzalolarni taʼqib etadi. Hatto Najmiddin Kubroning isteʼdodli shogirdi Majdiddin Bagʻdodiyni qatl ettiradi. Shunda Najmiddin Kubro shogirdlariga: “Endi yurtingizga boring. Sharqdan fitna olovi kelmoqda, koʻp oʻtmay u hamma yoqni kuydirib kul qiladi”, deydi. Shogirdlari: “Ustod, duo qiling, bu ofat musulmon olamidan daf boʻlsin, axir, Sizning duoyingiz har doim ijobat boʻlgʻayku”, deyishadi. Bunga javoban hazrat: “Bu qazoyi mubram (oʻzgarmas)dir. Uni duo bilan qaytarib boʻlmaydi”, deydi. “Unday boʻlsa sizni ham olib ketaylik”, deya iltijo qilgan shogirdlarga hazrat qatʼiy qilib: “Men bu jangda shahid boʻlaman, menga kindik qonim toʻkilgan tuproqni, Xorazmni tark etishga ruxsat yoʻq”, deydi (Abdurahmon Jomiyning “Nafohot ul-uns” asaridan).

Bashorat qilingan ofat mashriqdan moʻgʻul bosqinchisi qiyofasida bostirib kelib, gullagan oʻlkani vayronaga aylantirdi. Chingizxonday shafqatsiz bir xoqon ham Najmiddin Kubroga oʻz yaqinlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketishga ruxsat beradi. Shayx bu marhamatni rad etadi. Xorazmshoh tashlab qochgan vatan himoyasiga qilich koʻtarib, shohdan marhamat koʻrmagan pok imonlilarga bosh boʻlib 76 yoshli Najmiddin Kubro chiqadi. Ular bir necha kun Urganch qalʼasini dushmandan saqlab turadilar. Alisher Navoiyning yozishicha, Najmiddin Kubro bir hamlada dushman bayrogʻini tortib olgan va oʻlganidan keyin ham uni qoʻlidan boʻshatmagan. Oʻn nafar yogʻiy harchand urinib bayroqni ololmaganlar. Shunda shahid shayxning barmoqlarini bittalab chopganlar.

Najmiddin Kubro ulkan olim sifatida kishi ruhiyati, ruhiy xislatlarini chuqur tahlil qilgan. U insonning nozik holatlarini, ruhiy kechinmalarini puxta oʻrgangach, inson ruhi koʻzga koʻrinmas, latif markazlardan iborat ekanligini kashf etgan, yaʼni “latoyif nazariyasi”ni ishlab chiqqan. Bu ong va tuygʻu, ruh va jism oʻrtasidagi nafis bir narsa. U shunday nozikki, uni ilgʻash nihoyatda mushkul. Inson ruhi bilan bogʻliq bu manzaralar va holatlar Gʻarb falsafasida (Kafka, Shopengauyer, Freyd) XIX asrga kelib oʻrganilgan boʻlsa, inson qobiliyatining bu moʻjizalari Sharq allomalari tomonidan necha asrlar oldin bayon etib qoʻyilgandi.

Najmiddin Kubroning “Al-usul al-ashara” (“Oʻn usul”), “Risolai Najmiddin” asarlarida oʻz-oʻzi bilan kurashish, gunoh ishlarni qilmaslik, gunoh lazzatini totgan nafsga magʻlubiyat alamini tottirish, nafsni yengishga va sabr-qanoatli boʻlishga chaqiradi.

Najmiddin Kubroning badiiy ijodi ruboiylari ham buyuk shayxning falsafiy qarashlari, ichki dunyosi, botiniy kechinmalarini yorqinroq his etishga yordam beradi. Uning ruboiylari misolida dunyoviy va botiniy ilmlarni iloji boricha koʻproq qalblarga singdirish uchun kurashini koʻrish mumkin. Ruboiylarni oʻqir ekansiz, qatʼiyatli va goʻzal xulq sohibi boʻlishga chorlaganlikning guvohi boʻlasiz, ishq bilan limmo-lim oshiq qalb jilvalanishlari sizni oʻziga rom etadi:

Ishq dardi gʻarib tanimdagi jon boʻlgʻay,

Dard cheksa kishi axiyri inson boʻlgʻay.

Ishq dardi bilan yonishga daʼvat zamirida mukammallikka erishish maqsadi yotadi. Oshiq odam dardli boʻladi. Bu dard kishini azoblarga soladi, shu bilan birga mard qiladi.

Najmiddin Kubroning fikricha, maʼnaviy tubanlik va insonlikni yemiradigan illatlarni nafs keltirib chiqaradi:

Bir dev bor ichimda, asti pinhon boʻlmas,

Boshini egmak oning oson boʻlmas.

Nafs devining boshini yanchgan kishi qanoat mulkining sohibqironi boʻlib, poklik xazinasini qoʻlga kiritishi mumkin ekanligi Najmiddin Kubro badiiyatida katta oʻrinni egallagan.

Najmiddin Kubro ruboiylari oʻzbek tiliga isteʼdodli shoir Jamol Kamol tomonidan tarjima qilingan.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.