Mutafakkir va sogʻlom turmush tarzi

0
745
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy tavalludining 577 yilligiga

 

Alisher Navoiy yashagan davr haqida xabar beruvchi tarixiy manbalarda ulugʻ mutafakkir va davlat arbobining keng qirrali faoliyati, yurt obodligi, mamlakat ravnaqi va el farovonligi yoʻlida amalga oshirgan xayrli tadbirlari toʻgʻrisida koʻpgina maʼlumotlarni oʻqiymiz. Ularda Navoiyning tibbiyot rivojiga hissa qoʻshgani, oddiy xalq vakillari, muhtojlar kelib davolanadigan shifo uylari ochgani, bu maskanlar faoliyatiga bosh-qosh boʻlganligi aytiladi.

Navoiy tib ilmi asoslarini yaxshi bilishi, tabobatga qiziqishi, xalq ahvolini yaxshilashga boʻlgan insonparvarlik harakati tufayli Hirotda Dor ush-shifo, yaʼni davolash uyi faoliyat koʻrsatgan. Amir Navoiyning saʼy-harakatlari bilan Hirotda mashhur tabiblar bir yerga jamlanadi. Bu esa oʻsha davrdagi tabobat ilmini rivojlantirishga qulaylik tugʻdirgan. Bundan tashqari, Sharqda shifoxonalar ochib, ularda kasallarni qabul qilish va ilmiy ishlar olib borish qadimdan maʼlum boʻlib, Navoiy ham albatta bunday shifoxonalar faoliyatidan boxabar edi.

Hirotdagi bu mashhur shifo maskani toʻgʻrisida tarixchi Xondamirning “Xulosat ul-axbor”, yaʼni “Xabarlarning xulosasi” nomli kitobidagi “Hirot ichida qurilgan baʼzi imoratlarning zikri” bobida shunday maʼlumotlarni oʻqiymiz:

“Mahdi ulyo Milkat ogʻoning Dor ul-hadis va Dor ush-shifo (binolari) hozirgi paytda hazrat Sultonning yaqinlari, daryodil, olijanob (Navoiy)ning diqqat-eʼtiborlari bilan obodonlikka yuz qoʻygan…”

Yana bir oʻrinda quyidagicha yoziladi:

“Masjidi Jomeʼning janubida Dor ush-shifo boʻlib, u bagʻoyat latofatli va nihoyatda nazofatli qilib qurilgan. Bu jannatnishon binolar orasida kavsar misol bir hovuz qurilgan boʻlib, Hizr qadamli hakimlar va Iso nafaslik tabiblar doimo bemorlarni davolash va gʻariblarning kasalini shifolash bilan mashgʻuldirlar…”

Navoiy tarbiyasi bilan kamolga yetgan mashhur tarixchi, koʻpgina tarixiy asarlar muallifi, mazkur shifoxona va uning tabiblarini oʻz koʻzi bilan koʻrgan Xondamirning mazkur maʼlumotidan koʻrinib turibdiki, shifoxonada oʻz davrining yetuk tabiblari, Navoiy hurmatini qozongan hakimlar ish olib borishgan.

Navoiy ijodiga nazar tashlar ekanmiz, ular orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etuvchi koʻplab hikmatlarga koʻzimiz tushadi. Har bir baytda olam-olam maʼno, yaxshilikka, ezgulikka, salomatlikka oid nasihatlar borligining guvohi boʻlamiz. Inson ruhiyati va jismini shirin soʻz bilan oshufta etish, nafsni meʼyorda saqlash shular jumlasidan.

Nekim boʻlsa mijozingga guvaro,

Anga koʻp mayl qilma oshkoro, deb yozadi shoir. Yaʼni mijozga yoqadigan ovqatlardan ham haddan oshiqcha yeyish zararli ekanligini uqtiradi.

Yana bir asarida shunday misralarni oʻqiymiz:

Boʻlsa taʼb ichra xiltdan illat,

Moddiy boʻlsa har nechuk zahmat.

Bizga ishdur oni iloj etmak,

Tib ila sihhati mijoz etmak.

Tib ilmidan maʼlumki, kishi badanida toʻrtta xilt – qon, safro, savdo, balgʻam boʻladi. Shulardan birortasi oshib ketsa, kishi kasalga chalinishi mumkin. Tib va tabib ana shu oshiqcha xiltni daf etib, bemorga salomatlik yetkazadi. Yuqoridagi satrlarda shoir shu jihatni nazarda tutgan. Shoirning yana bir hikmatida “Koʻp degan koʻp yangilur va koʻp yegan koʻp yiqilur”, deyiladi. Yaʼni koʻp gapirgan odam koʻp adashadi, yanglishadi, koʻp yeydigan odam koʻp kasal boʻlib, yiqiladi.

Mutafakkirning toʻgʻri ovqatlanish borasida aytgan quyidagi fikri diqqatga sazovor:

Gʻizo boʻlsa mufidu taʼb rogʻib,

Bas et taʼbing hanuz oʻlgʻonda tolib.

Yaʼni, ovqat foydali boʻlib, sihatga mos boʻlsa ham, yana yeging kelib, tabiating tortib turganda, yeyishni toʻxtat. Bu fikrni bugungi davr olimlari ham tasdiqlashadi, yaʼni taomni juda toʻyib yeyish kerak emas, meʼda chala toʻlgan vaqtida taomlanishni toʻxtatgan maʼqul. Shu mavzuda shoirning yana bir hikmati koʻp takrorlanadi:

Koʻp demak birla boʻlmagʻil nodon,

Koʻp yemak birla boʻlmagʻil hayvon.

Yuqoridagilardan ayonki, Alisher Navoiy oʻz davrining ziyoli, maʼrifatli kishisi va mutafakkir sifatida koʻpgina masalalarda boʻlgani singari sogʻlom turmush tarzi borasida ham ilgʻor fikrli shaxs boʻlgan. Uning bu xususidagi qarashlari chuqur oʻrganishga loyiqdir.

 

Risolat XOLIQOVA,

Qarshi shahridagi 9-maktab oʻqituvchisi

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.