Muso Toshmuhammad oʻgʻli Oybek

0
2883
marta koʻrilgan.

Oʻzining roman va qissalari, ilmiy-nazariy, siyosiy, badiiypublitsistik asarlari, tarjimalari, ajoyib sheʼrlari, dostonlari, hikoyalari bilan oʻzbek adabiyoti xazinasini boyitgan atoqli soʻz sanʼatkorlaridan biri Oybek bolalar adabiyotiga ham munosib hissa qoʻshgan ulkan adibdir. U yaratgan sheʼr va hikoyalar, qissa va dostonlar bolalar maʼnaviyatiga samarali taʼsir etib, yosh avlod estetik didining shakllanishida katta rol oʻynamoqda. “Yosh yoʻlchi” (1925), “Gunafsha” (1926), “Bolalikni eslab” (1926), “Shaharcha bolalariga” (1934), “Shoirning bolaligi” (1937), “Eski va yangi bolalik” (1937), “Odobli Tursun”, “Ahmadjon bogʻbon” (1971) kabi sheʼriy kitoblari, “Zafar va Zahro” (1953), “Haqgoʻylar” (1976), “Bobom” (1957) kabi dostonlari, “Alisherning yoshligi” (1975) qissasi, “Globus” (1981) hikoyalar toʻplami, “Bolalik” kabi asarlari, ayniqsa, xarakterlidir.

Yozuvchi Oybekning bolaligi ham barcha mehnatkash xalq bolalari kabi kechadi. U yoshlikdan uy-roʻzgʻorga qarashish, guzardan narsa olib kelish, suv tashish, oʻtin yorish, qor kurash kabi yumushlarni bajaradi. Barcha bolalar kabi bahor vaqtlarida tomma-tom oshib varrak uchirar, dovuchcha qoqar, qish boʻlsa, oshiq oʻynar, xoʻroz, tuxum va it urishtirishlarda qatnashar, yoz kunlari onasining pinjida qarindosh-urugʻlarining bogʻlariga “mehmon”ga borar, hayit, sayil va boshqa milliy bayram kezlarida esa oʻzida yoʻq sevinib, dor oʻyini, xalq qiziqchiliklarini, koʻngilochar tomoshalarni koʻrishga muyassar boʻlar edi. Keyinchalik, “Shaharcha bolalariga”, “Shoirning bolaligi” sheʼrlarida shu manzaralar oʻz aksini topadi.

Oybekning bolalar va oʻsmirlarga bagʻishlangan sheʼriy asarlarida bugungi qaynoq hayot, ilm, hunar va mehnatga boʻlgan muhabbat, vatanparvarlik, jamoatchilik, ijtimoiy burchni anglash kabi xususiyatlar aks etgan. Bu fazilatlar oʻsha davrda Oybek asarlarining yetakchi mavzusiga aylanadi.

Shoir gʻoyaviy-badiiy kuchli sheʼrlar bilan birga, bolalar va oʻsmirlar hayotini tasvirlovchi hikoyalar ham yozdi. 1981-yilda adibning “Globus” nomli toʻplami bosilib chiqdi. Bunda Oybekning shu vaqtgacha eʼlon qilinmagan “Gulnor opa” (1930), “Fanorchi ota” (1930), “Singan umid” (1930), “Tillatopar” (1930) hikoyalari ham chop etilgan.

Oybek buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyning bolalik yillari haqida hikoya qiluvchi “Alisherning yoshligi” qissasini (1967) yozdi.

Ulugʻ Navoiy Oybekning sevimli siymolaridan biri edi. Bu haqda adib maqolalaridan birida shunday hikoya qiladi: “Navoiy sheʼriyati va Navoiy obrazi hamisha kuchli bir quyosh kabi koʻnglimni tortar edi. Oʻz asarlarimda Navoiy obrazini yaratishga zoʻr mayl va istagim bor edi. Yoshligimdan beri Navoiyning oʻlmas, adabiy sheʼrlarini sevib oʻqir edim, uning jozibali gʻazallari borgan sari koʻnglimga singib bordi, shakl va mazmunlari yuragimni mast va maftun etdi… U mening koʻnglimda, yodimda edi, butun borligʻimni band etgandi. Yursam-tursam hamisha Navoiyni oʻylar edim. Uning maʼnodor, aqlli koʻzlari, hamisha xushfeʼl, rahmdil, oliyjanob qiyofasi, asl pok, ulugʻ qalbini his etardim, koʻz oʻngimda koʻrardim.”

Oybek 1928 yildan boshlab Alisher Navoiy ijodini chuqur oʻrganishga kirishdi. U dastlab, Navoiy ijodiga doir koʻpgina ilmiy maqolalarni oʻqib oʻrganadi. Keyinroq “Navoiy”, “Guli va Navoiy” dostonlarini nashr ettiradi. Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan “Navoiy” romanida ulugʻ shoir va mutafakkir hayotining kamolot davri tasvirlanadi. Buyuk shoirning bolaligi haqidagi qissasining yozilish tarixini adibning rafiqasi Zarifa Saidnosirova shunday izohlaydi:

“Alisherning yoshligini qalamga olish niyati adib qalbida qirqinchi yillarning boshlarida tugʻilgan boʻlib, “Navoiy” romanini yozish davrida bu ishtiyoq yanada kuchaygan edi. Tili, uslubi jihatdan mazkur romanga yaqin bu qissa 1967 yilda tugallangan boʻlsa-da, oʻziga nisbatan gʻoyatda talabchan adib uni qaytadan ishlash maqsadi boʻlgani uchun eʼlon qilishga oshiqmadi”.

“Alisherning yoshligi” qissasida Hirotdagi (taxminan 1447–1452 yillar) tarixiy voqealar, shahzodalarning Shohruh vafotidan keyingi oʻzaro taxt uchun kurashlari va shu davrda oʻtgan

Alisherning bolalik (toʻrt yoshdan boshlab) yillari haqida hikoya qilinadi. Qissada Alisher obrazining takomili oʻsha vaqtdagi tashqi muhit voqealari va ziddiyatlari bilan uzviy aloqada tasvirlanadi. Hukmron doira orasida mavqeyi ancha baland boʻlgan Gʻiyosiddin va Gulbegim bekaning oiladagi samimiyliklari, oʻzlarini sipo ham oqilona tutishlari farzandi Alisherning ham jismoniy, ham aqliy tomondan kamolotida muhim boʻlganligi haqqoniy tasvirlanadi.

Oybek qissadagi qahramonlar bilan oʻquvchilarni tanishtirishda va Alisher fazilatlarining takomillashishini tasvirlashda Gʻiyosiddin Kichkina uyidagi mehmondorchilik lavhasidan ustalik bilan foydalangan. Qissa charaqlagan keng chorxari mehmonxonada mehmonlar, qavm-qarindosh, yaqin doʻstlar yigʻilib ajoyib suxanvarlik va samimiy suhbat tasviri bilan boshlanadi. Oybek Alisherning otasi Gʻiyosiddin Kichkinani kamtar, yumshoq feʼlli, koʻzlari aqlli, kalta soqoli oʻziga yarashgan, jussasi kichkina, hammaning hurmatini oʻziga tortgan kishi sifatida tasvirlaydi. Koʻpchilik uni Gʻiyosiddin Kichkina, yaqin doʻstlari esa koʻpincha Kichik bahodir ham der edilar. Adib Malika Gavharshod saroyiga kelgan mehmonlar orasida Alisherning onasi Gulbegim beka ham borligini bayon etib, uni quyidagicha tasvirlaydi: “Xushbichim, kelishgan qomatli, yuzlari oppoq Gulbegimning ingichka qoshlari va jilvali mehr chaqnagan qora koʻzlari goʻzallikning eng zoʻr omili edi. Katta zavq va did bilan kiyingan, yigirma besh yoshlardagi bu juvon yigʻinlarda koʻzga darrov tashlanar, chehrasi issiq, yoqimli ayol edi”. Shunday qilib, Oybek asarning boshidayoq oʻquvchilar diqqatini Alisher otaonasining ajoyib, yoqimli fazilatlari bilan tanishtirishga tortadi.

Oybek oʻsha davrdagi ijtimoiy, siyosiy muhit va taxt uchun boʻlgan dahshatli janglar manzarasini, oʻzining turkiy sheʼrlari bilan mashhur boʻlgan Qobuliy Alisherning togʻasi ekanligini ham oʻzaro suhbat lavhasi asosida taʼsirli bayon etadi:

“Hazrat Ulugʻbek ilm dunyosida mangulik kashf etgan musharraf olimdurlar. Koʻngillari barcha ilmlarning tajassumi boʻlmish bu zot tariximiz kitobida abadiy yorqin yulduzdirlar”, deb taʼrifini keltiradi.

Mehmondorchilik davrasida yosh Alisherga sulton Ulugʻbekning tengsiz olimligi va donishmandligi, saltanatning tadbirkor namoyandasi ekanligi maʼlum boʻladi. Alisher uning bu fazilatlariga chuqur muhabbat bilan qaraydi.

Oybek oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy va adabiy hayot hamda tarixiy shaxslar xarakterini bolalar va oʻsmirlar yoshi va saviyasiga mos holda qiziqarli qilib tasvirlaydi. Adib Alisher ongining shakllanishi va takomilida ota-onasi, Husayn Boyqaro bilan oʻqigan chogʻlari, togʻasi va boshqalar, ayniqsa, Ulugʻbekning kashfiyotlari haqidagi hikoyalar ijodiy maktab boʻlganligini mahorat bilan tasvirlagan. Mehmonlar oldiga kirib borgan yosh Alisherning kattalarga boʻlgan samimiy hurmatini, sheʼrni chuqur did bilan tushuna bilishini, fahm-farosatliligini Oybek haqqoniy tasvirlaydi.

Yosh Alisher xarakteridagi oʻziga xos xislatlar uning bolalik chogʻidanoq namoyon boʻlgan edi. Alisher siymosiga xos boʻlgan aqllilik, kattalarga boʻlgan samimiy hurmat, sheʼriyatni nozik his etish, gʻazallarni gʻoyat maromiga yetkazib ifodali oʻqish, ayniqsa, “ot choptirishdan fikr yuritish yaxshiroqdir chamamda”, deya fikr yuritishi kitobxonda katta taassurot qoldiradi.

Alisherning keyinchalik buyuk davlat arbobi, ulkan shoir darajasiga yetishishida bu kabi fazilatlarning oʻzigina yetarli asos boʻlib xizmat etmadi, albatta.

Oybek Alisher xususiyatining shakllanish jarayonini har bir lavha, chiziq, suhbat, yordamchi timsol va qahramonlar munosabati orqali ham badiiy asoslay olgan.

Alisherning oʻqishga – maktabga boʻlgan havasini adib uning tilidan: “Ov qilmoq, merganlik – ermak narsa, lekin eng zoʻr zaruriyat maktabdir. Turmushning koʻp sirlarini maktab oʻrgatadi”, deb uning ilmga boʻlgan qiziqishini tasvirlaydi. Shu bilan birga, uning ota-onasi, qavm-qarindoshi va boshqalarning suhbati, shoirlarning gʻazallari Alisherga katta taʼsir etganini qayd etadi.

Alisher oʻzi yashagan davrning ziddiyatlarini hali oʻzi u qadar anglab yetmaydi. Shuning uchun ham Shohruhning Abdullatif bilan, Abdullatifning Xonzodabegim va Gavharshodbegim bilan Ulugʻbek toʻgʻrisidagi munozaralari magʻzini chaqa olmaydi. Ulugʻbek toʻgʻrisida porloq taassurotga ega boʻlgan ziyrak Alisher Abdullatifning oʻz otasiga qarshi gaplaridan dastlab hayron qoladi va ikkilanadi. Biroq u shundayligicha qolavermaydi.

Alisherga xos fazilatlardan yana biri kattalarning fikr-mulohazalarini sinchkovlik bilan tinglash, kim haq, kim nohaqligini bilishga intilishda namoyon boʻlishidadir. Xuddi shu tariqa yosh Alisher xarakteri asta-sekin shakllana boradi. Qissada Alisherning sanʼatga boʻlgan munosabati ham oʻziga xos lavhalarda ishonarli aks etadi. Xususan, nay parchasi asosida ifodalangan tasvirlar bugungi yosh kitobxon uchun ham ibratlidir. Ayniqsa, boboning “Zavq-u shavqning siri koʻp… koʻp sinadim, ulgʻaysa bilgich, donishmand boʻlur. Halitdan tili tangani teshadi, koʻzlaridan koʻkragining oʻtini koʻrurman. Gʻazallarni zavq bilan tinglaydur, cholgʻularga havasi baland” kabi fikrlari shu jihatdan ibratlidir.

Alisher xarakterida davrga munosabatning ifoda etilishida qishloqdan keltirilgan yetti mahbusni dorga osish voqeasining taʼsiri katta boʻladi.

Chorsu maydonidagi odamlarning koʻpchiligi dorga osilayotgan kishilarning holiga achinib koʻz yoshini toʻxtata olmay yigʻlayotganidan Alisherning ham xoʻrligi keladi. Bu holni yozuvchi “… Koʻrasizmi! Alarning holiga ahli shahar yigʻlashur!.. Alisherning koʻz yoshlari tagʻin quyila boshlagan edi”, deb tasvirlaydi.

Alisher dor, darra kabi jazo turlarini faqat eshitgan. Bu vaziyatni koʻrgandan keyin shafqatsizlik va zulmkorlik haqidagi tushunchasi kengaya boradi. Asarda mazkur voqea orqali qiz va yigit muhabbatining poymol etilishi, ularning sevgi va erk uchun kurashi xalqning qoʻzgʻolonga borib bogʻlanishi – davrning oʻziga xos tavsifidir. Shu singari voqealar Alisher hayotida oʻchmas iz qoldiradi, xarakterining chuqurlashishiga sabab boʻladi.

Oybek Alisherning ilm va adabiyotga boʻlgan intilishini Qurʼonning maʼnosini tushunishga urinishini, fors-arab tillarini oʻrganishini, turkiy (ona tili) bayt va gʻazallarni mahorat bilan oʻqishi va koʻplab gʻazallarni yod olishini, maqollar, masallar, ertaklarni sevib mutolaa qilishga harakat qilganligini tasvirlash orqali bayon etadi. Alisher shahzodalar oʻrtasidagi dahshatli janglar, qonli urushlar borgan sari zoʻrayib borayotganini, oʻz zamonining notinch voqealarini, ota va bola oʻrtasidagi dushmanliklarni endi chuqurroq tushunib, fikr doirasi kundan kunga kengayib boradi.

Shohruh Mirzoning vafotidan soʻng shahzodalar oʻrtasidagi oʻzaro janglar kuchayib ketgach, Gʻiyosiddin Kichkina bir necha yaqin qarindoshlari bilan Iroqqa yoʻl oladi. Yoʻl azobini tortib, Hirotga yetib borgan Gʻiyosiddin Kichkina shahzodalarning oʻzaro boʻlib oʻtgan janglari bilan tanishadi. U yerdagi ahvolni yozuvchi bir chol tilidan hikoya qiladi:

“ – Hali qarabsiz – taxtda Alouddavla, hali Abdullatif… hammasi och boʻridek chor tarafdan yopishishadi. Toj-taxt gʻalvasi xalqning tinkasini quritdi. Abulqosim yurakli, oʻtkir odam, ehtimol zamonning loyqasi endi choʻksa, Gʻiyosiddinbek”.

Cholning har bir gapi, shahzodalarga bergan bahosi yosh Alisher qalbini larzaga keltiradi. Shahzodalarning pastkash, rahm-shafqatsizliklari uning nafratini oshiradi. Mashʼum tuzumga, davrning nobopligiga, shahzodalarning haddan ziyoda quturishlariga qarshi tugʻyon bilan ulgʻaya boshlaydi.

Oybek bundan besh yuz yil ilgari yashagan turkiy va forsiy xalq tilini, uning milliy ruhini, boyligini, soʻz yoki iboralar maʼnosini nozik his etadi. Naychi chol obrazini eslaylik. U aslida bechora faqirlar tabaqasidan, hunari nay yasash va chalish. Bobo hayotning asl maʼnosini naysiz tasavvur etmaydi. Yosh kitobxon bu cholning gap-soʻzlaridan, suhbatlaridan uning kasb-hunari naychilik ekanini bilib oladi. Nutqidagi maʼnoli, tagdor, aniq iboralarda esa cholning yoshi juda ulugʻligini darrov his qiladi. “… Nay oʻzimizning qadimdan qolgan cholgʻu, mungli, maʼyus qalblarning firoqi, alamlarini kuylaydur, toʻy-bazmlarda uning goʻzal sadosi koʻngullarga zavq toʻldiradur, ajoyib sehrkor cholgʻudir nay. Alisherbekning ishqi tushibdimi – oʻrgaturmiz. Oʻgʻlonim xohlasa balki mashhur musiqa ahlidan boʻlur… Dildagi ohang nafas ila nayga oʻtur… Barmoqlar kuyni pardalarga solib turadur”.

Oybek bu kabi keksa nuroniylar obrazlari vositasida insonparvarlik, ezgulik, odamiylik, saxiylik, yoshlarga muhabbat kabi gʻoyalarni targʻib etib, oʻzining badiiy mahorat egasi ekanligini yana bir bor namoyish etdi.

Alisherning haqiqiy inson boʻlib ulgʻayishida Gʻiyosiddin Kichkina, Gulbegim beka, xizmatkor bobo, togʻasi Mirsaidning maʼnaviy taʼsiri juda katta boʻlgan. Oybek qissada Alisherning Turkiston sahrolarini, buyuk togʻlarini, bu yerda istiqomat qilgan xalqlarning urf-odatlarini, “goʻzal, shirin va rangin” tillarini qattiq sevishi va ardoqlashini ishonchli qilib tasvirlay olgan.

Oybekning shaxs taʼsirini yaratishdagi mahorati mazkur asarida ham aniq koʻrindi. U koʻpincha, aniq obraz va qahramonlarning tashqi qiyofasini chizish orqali ularning ijobiy yoki salbiy, maʼnaviy dunyosini ochib beradi.

Badiiy tildagi va tasvir yaratishdagi adib mahorati qissaning xalqchillik ruhini taʼminlagan, shu zaylda Oybek “Alisherning yoshligi” qissasi orqali xalqimizning uzoq oʻtmishdagi hayoti haqida ham yosh kitobxon ongida haqqoniy taassurotlar hosil qila olgan.

Adibning “Bolalik” qissasi markazida yosh Musaning boshidan kechirgan sarguzashtlari yotadi.

Musa obrazining hayotdagi asosi adib Oybekning oʻzidir. Asarda Musavoyning yetti yoshgacha boʻlgan davrdagi xarakteri shoʻxlik, tegajogʻlik, tinib-tinchimaslik va oʻyinqaroqlikdan tashqari, ochiq koʻngil, dangalchi, oʻtkir zehnliligi Oybekona tasvirga ega.

Musavoy xarakterining shakllanishida oila, hayotda koʻrgankechirganlari, kishilar bilan suhbatlari ham muhim rol oʻynaydi. Keksalarning xonlar, beklar, boʻlislar, boylar haqidagi xotiralari, eshitgan xalq ertaklari Musavoyni adolatsizlikka va nohaqlikka nafrat ruhida tarbiyalaydi, mehnatkash xalqqa mehr-muhabbat bilan qarashga oʻrgatadi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan mahalladagi bozor, rastalardagi bazzozlar, baqqollar, doʻkondorlarning xattiharakatlarini diqqat-eʼtibor bilan kuzatar ekan, ularning ziqna, xasis, chayqovchi, tekinxoʻr va makkor kishilar ekanligini bilib, qalbi larzaga kelar edi.

Oybek Musavoyning oʻqish-izlanishlariga chuqur muhabbat bilan munosabatda boʻladi. Uning oʻqishda tirishqoqligini, zehnining oʻtkirligini, qunt bilan mutolaa qilishini, arabcha soʻz va iboralarning qoidasini buzmay, yoqimli ohangda talaffuz eta bilishini mahorat bilan chizadi.

“Bolalik” qissasida Turgʻun, Aʼzam, Ahmad, Qodir, Hoji, Sobir kabi Musavoyning tengqurlari va oʻrtoqlarining obrazlari ham berilgan. Ularning har biri oʻz shaxsiy qiyofalariga ega. Qodir koʻrinishdan moʻmin-qobilga oʻxshab tuyulsa-da, ammo jahldor. Ahmad oshiqboz, tentakroq, Hoji mardikorning oʻgʻli quvgina, Sobir kichkina boʻlsa ham pishiqqina. Ularning turmush tarzi turlicha. Kattaroq bolalar oshiq, chillak oʻynaydilar, kichik bolalar esa tol novdalaridan ot qilib minadilar. Bu borada Turgʻun obrazi feʼl-atvoridagi sergaplik, toqatsizlik, shartakilik bilan birmuncha ajralib turadi. Oybek oʻsha davr tashvishlari bolalar hayoti va taqdirida ham maʼlum darajada aks etganligini mahorat bilan tasvirlaydi.

Oybek ijodida “Zafar va Zahro” dostoni yetakchi oʻrinda turadi. Bu doston Pokistondagi dehqon va ishchi oilalari, ularning bolalarining ogʻir va azob-uqubatlarga toʻla hayoti haqidadir. Bunday ogʻir, mashaqqatli turmush lavhalari badiiy vositalar yordamida liro-epik shaklda yorqin gavdalanadi. Doston qahramonlari katta zamindorlarga qul boʻlishga majbur etilgan dehqon bolasi Zafar, onasi bilan koʻchaga uloqtirib tashlangan ishchi qizi Zahrodir.

Shoir bolalar va ularning oilalari boshiga tushgan baxtsizlik va kulfatlarni ifodalash orqali bolalarning ongi va qalbida sodir boʻlgan oʻzgarishlarni turli tasviriy vositalar asosida asta-sekin ocha boradi, erkin, baxtli, ozod hayot yoʻlini tasvirlaydi. Kitobxon dostonning boshidayoq Zafar musibati misolida pokistonlik bolalarning ayanchli hayoti bilan yaqindan tanishadi:

Zafar asta tentiraydi, yonsa-da kun,

Yoshi oʻnda, jingalak soch, koʻzi tuygʻun.

Egnidadir parcha latta, kir va yamoq,

Tovonlarin tuyoqlagan qizgʻin tuproq.

Oriq, kuchsiz qoʻlda choʻltoq supurgi bor,

Boshida goʻng savat, tentirar, bitgan mador.

Dostonda qashshoq dehqon oilasining fojiali hayoti, soliq toʻplovchilarning qoʻrs-qoʻpolligi-yu zolimligi, boyning rahmsiz hamda quvligi Zafarlar oilasi misolida koʻrsatiladi. Yoʻqchilik, nochorlik bois Zafar qishloq boyining quli – yugurdagiga aylanadi.

Zafar shu tariqa yosh boʻlishiga qaramay koʻp ogʻir kunlarni boshidan kechiradi. Shoir Zafar obrazi misolida bolaning qalbida zolim boylarga, hadsiz zulmga qarshi nafrati tobora kuchayib borganini koʻrsatadi. Zafar qanchalik ogʻir hayot changaliga tushmasin, unda ozodlikka, baxtiyor hayotga erishish umidi sira soʻnmaydi.

Oybek Zafar va Zahrolar oʻrtasidagi samimiy doʻstlik rishtalarini, ogʻir hayotga, zulmga boʻlgan cheksiz nafratlarini xilma-xil hayotiy boʻyoqlarda gavdalantiradi.

Dostonda kattalar obrazi ham berilgan. Jumladan, Zahroning otasi “inglizga, hamma boyga dushman” boʻlgani uchun qamalgan, Zahro ikki ukasi va onasi bilan yotoqdan quvilgan. Bu ikki taqdir orqali ijodkor oʻtmishda Pokistondagi millionlarcha boshpanasiz aholi qismatini poyetik umumlashtirishga harakat qiladi. Zahro “jin koʻchalar” orqasida joylashgan parashut fabrikasining ikki yuzdan ortiq ishchi oilalari muhitida, “shamol kirmay, qilcha ham quyosh tushmas, gʻor singari qorongʻi, qora, xunuk bir uy”da yashaydi. Uning oilasi qanchalik mashaqqatli hayot kechirmasin, qiz xotirasida otasining aytgan haq soʻzlari

 

jonlanadi, ozod mehnat, hamma narsaga xalq xoʻjayinlik qilgan, baxtiyorlik ato etilgan, xalqlar doʻstligi ravnaq topgan bir mamlakat hayotini xayolidan aslo nari ketkaza olmaydi:

“Bilasanmi, bir mamlakat dunyoda bor,

Unda barcha teng va erkin, ham baxtiyor…

U mamlakat ishchi-dehqon uchun aziz,

Chin kurashib shunday baxtni toparmiz biz.

Qizim, yonsin yuragingda umid-yulduz,

Biz ham bir kun qaygʻularni unutarmiz!”

Doston nihoyasida Pokiston mehnatkashlari ham chinakam ozodlikka va toʻla mustaqillikka faqat kurash yoʻli bilan erishishi mumkinligi oʻziga xos yoʻsinda ifoda etiladi:

Erk, haqiqat insonlari aylar koʻmak,

Tinchlik uchun kurashchilar senga kerak.

Pokistonning bolalari, yetgay muddat –

Sizni erkli, baxtli hayot quchgay albat!

Xulosa qilib aytganda, Oybek yuqoridagi kabi asarlari bilan oʻzbek bolalar adabiyotining shakllanishi va yuksalishiga katta hissa qoʻshdi. U oʻzining bunday asarlari bilan bolalar adabiyotining sevimli kuychisiga aylanib qoldi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.