Mushtarak adabiy hodisalar

0
240
marta koʻrilgan.

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasida va Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida yozib qoldirgan adabiyotshunoslikka oid qimmatli maʼlumotlarning ayrimlari biri-biriga juda yaqin yoki har ikki ijodkorga taalluqli. Bunday umumiy maʼlumotlarni bir mushtarak adabiy hodisa sifatida baholash mumkin. Mushtarak adabiy hodisalar jahon adabiyotidagi turli adabiyotlar, bir hududda yashovchi adiblar ijodi va bir davrda yashagan ijodkorlarga yoki ayrim olingan shoirlar ijodiga xos boʻlishi mumkin. Biz mushtarak adabiy hodisalarning ayrim olingan ijodkorlar ijodiga xos koʻrinishini temuriylar Uygʻonish davri vakillari – Abulvafoiy Xorazmiy, Alisher Navoiy va Bobur ijodida kuzatdik.

Maqolada Alisher Navoiy va Bobur ijodida bitilgan nihoyatda kam uchraydigan tavorud kabi noyob mushtarak adabiy hodisani hamda Abulvafoiy Xorazmiy va Bobur ijodida mahorat bilan nazm va nasrda qoʻllangan, Sharqda mashhur bir maqol asosida yaratilgan irsoli masal singari adabiy hodisani aniqlab, tanlab oldik. Xususan, Alisher Navoiy va Bobur oʻzlarining temuriy shahzoda Kichik mirzo(1451–1484) haqida yozgan tarixiy maʼlumotlarida tavorudga tushgan juda goʻzal ruboiysini taʼkidlab koʻrsatgan va birdek tavorud istilohini qoʻllagan. Ular tavorud sabab temuriylar Uygʻonish davri mutafakkiri Abdurahmon Jomiy ijodiga ochiq va yashirin talmeh(Nuran Maxdum, Mullo nisbasi)da, Kichik mirzo ijodiga esa ochiq talmeh vositasida yuksak baho berganlar. Oʻrganishimizga koʻra, Oʻzbekiston Qahramoni Suyima oʻaniyeva va atoqli navoiyshunoslarning tavorudga bergan taʼriflari bir-birini toʻldiradi, chunonchi: “Tavorud (arabcha: ketma-ket kelmoq, bir-biri bilan tasodifan bir yerga tushib qolmoq ) – adabiyotda sheʼrni bir-biridan xabarsiz holda ikki shoir tomonidan yaratilish hodisasi, tasodifan bir-biriga aynan oʻxshab qolishi” (Yo. Isʼhoqov, M. Hakimov).

Sulton Husayn Boyqaroning jiyani shahzoda Kichik mirzoning fors tilida yozgan bir ruboiysi tasodifan ulugʻ shoir Abdurahmon Jomiy ruboiysi bilan bir-biriga aynan oʻxshab – tavorud voqe boʻladi. Ushbu goʻzal ilhomiy jarayon boʻlmish mushtarak adabiy hodisa Hirot adabiy muhitida shuhrat qozonadi, qalam ahli orasida Abdurahmon Jomiy va Kichik mirzo ijodiga havasu ragʻbat, qiziqish ortadi. Bu haqda Hirot adabiy muhitining rahbari va homiysi Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”ning Sohibqiron Amir Temur va yigirma nafardan ziyod temuriylar yodga olingan yettinchi majlisning Kichik mirzo zikrida va Bobur “Boburnoma”ning Sulton Husayn Boyqaro haqidagi “Valodat va nasabi” nomli faslda yodga olgan va fikrlari isboti uchun shahzodaning mashhur ruboiysini keltirgan. Biz oʻquvchilarning Kichik mirzo toʻgʻrisida toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlishlarini istab, maqolada Alisher Navoiy va Boburning shahzoda haqidagi hasbi holini, taʼrifu tavsiflarini toʻliqroq holda berishga urindik. Ammo har ikki daho ijodkor Kichik mirzoga oʻz asarlari xususiyatidan kelib chiqib maʼlumot va baho berganligini hisobga olishimiz kerak. Masalan, Alisher Navoiy tazkirasida Kichik mirzoning fazilati va iqtidori bilan bogʻliq oʻndan ortiq sifatlarini sanab koʻrsatsa, Bobur memuarida uning “tabʼi nazmi”dan tashqari qisman avtobiografiyasini, jumladan, Sulton Husayn Boyqaroning Oqobegim ismli opasining oʻgʻli, otasi Sulton Ahmad mirzo, uning asli ismi Muhammad Sulton mirzo ekanligini, u otasi bilan podshoh togʻasi qoʻlida muayyan vaqt harbiy xizmatda boʻlganligini ham aytgan. Alisher Navoiy yozadi: “Kichik mirzo – xub tabʼliq, tez idroklik, shoʻx zehnlik, qaviy hofizaliq yigit erdi. Oz fursatda yaxshi tolibi ilm boʻldi va koʻproq ulum va funundin oʻz mutolaasi bilan vuquf hosil qildi. Sheʼr va muammoni xub anglar erdi, balki koʻngli tilasa ayta ham olur erdi. Bovujudi bu fazoyil darveshlarga moyil boʻlub, Makka ziyorati sharafiga musharraf boʻldi. Ammo bagʻoyat mustagʻni kishi erdi. Boʻla olurkim, faqir istigʻnosi erkan boʻlgʻay. Bu ruboiy aningdurkim:

 

Umri basalloh mesutudam xudro,

Dar shevayi zuhd menamudam xudro,

Chun ishq omad kadom zuhdu, chi saloh,

Al-minnatu lilloh, ozmudam xudro.

 

Baʼzi derlarkim, bu ruboiy hazrat Maxdumiy Nuran bila tavorud voqe boʻlubtur. Andoq dagʻi boʻlsa, ulugʻ davlat turur”.

Yoki Bobur “Boburnoma”da ham Kichik mirzo ruboiysini aynan keltiradi va shunday yozadi: “… Bir oʻgʻli bor edi, Kichik mirzo otligʻ. Burunlar tagʻoyisiga mulozamat qilur edi, soʻngra sipohiyliqni tark qilib, mutolaagʻa mashgʻul boʻldi. Derlarkim, donishmand boʻlub ekandur. Tabʼi nazmi ham bor ekandur…”.

“Mulloning ruboiysi bila tavorud boʻlubtur. Oxirlar haj tavofi ham qildi”.

Tavorud boʻlgan ruboiy tarjimasi: Umr boʻyi oʻzimni yaxshilik bila maqtadim, oʻzimni zohid va taqvodor qilib koʻrsatdim. Ishq kelgach, zohidlik qayda qoldiyu yaxshilik nima boʻldi? Ollohga shukrkim, oʻzimni sinadim.

Qizigʻi shundaki, Navoiy tavorudga sabab boʻlgan Kichik mirzo ruboiysi toʻgʻrisida yozar ekan, birinchidan, tavorud Hirot adabiy muhitidagi boshqa ijodkorlar tomonidan tan olinib aytilganini “Baʼzi derlarkim” deya taʼkidlab koʻrsatsa, ikkinchidan, oʻzi ham zamondosh shoirlarning tavorud haqidagi mazkur bahosini munaqqid sifatida oʻrganib, qadrlab oʻz xulosa va roziligini “Andoq dagʻi boʻlsa, ulugʻ davlat turur” deya lutf bilan bayon qilgan. Tarixiy manbalarda, Alisher Navoiyning mehri, hurmati Kichik mirzoga va oʻz navbatida Kichik mirzoning ixlosi, eʼtibori Alisher Navoiyga ham oʻzgacha boʻlganligi, hatto bu munosabatu yaqinlikni ifodalovchi rasm chizilganligi toʻgʻrisida ham xabarlar aytilgan. Bu haqda navoiyshunos Q. Ergashov shunday izoh bergan: “Oʻsha davr miniatyuralaridan birida Alisher Navoiyning Kichik mirzo bilan suhbatlashib turgani tasvirlangan”. Alisher Navoiy “Soqiynoma” asarida Kichik mirzoning navqiron, oʻttiz uch yoshda bevaqt vafot etganidan qattiq kuyunib, chekkan iztiroblari haqida, uning otasiga bergan tasallilari borasida ham qator baytlarni yozib qoldirgan.

Fikrimizcha, Bobur esa bu tavorudni Kichik mirzoning donishmandlik fazilati bilan bogʻlagan.

Abulvafoiy Xorazmiy va Bobur ijodiga xos boʻlgan mushtarak adabiy hodisani belgilashda biz yana ixlos bilan Alisher Navoiy ijodxonasiga yuzlanamiz. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” tazkirasining “Avvalgʻi majlisi”da oʻzining hurmati va eʼtiqodini izhor qilgan hamda “Xoja avsofini har kishi bitar boʻlsa, alohida bir kitob bitmak kerak, maʼlum emaskim bu kitobda ham siqgʻaymu yo yoʻq” deya sharaflagan, ijodkorlarni u haqda kitob yozishga undagan va Xorazm xalqi “Yer farishtasi” deya ulugʻlagan, eʼzozlagan Xoja Abulvafoiy Xorazmiy(14-asrda, Shohrux mirzo zamonida yashab, ijod qilgan shayx va shoir, bizga 100ga yaqin ruboiylari yetib kelgan, H. Abdullayev va E. Ochilov kabi olimlar uning ruboiylari xususida tadqiqot va tarjimalarni amalga oshirgan) haqidagi fiqrasida uning fors tilida bitgan chuqur falsafiy mazmundagi bir ruboiysini namuna va dalil sifatida keltiradi:

 

Bad kardamu eʼtizor badtar zi gunoh,

Zero ki dar in hast se daʼvii taboh,

Daʼvii vujudu daʼvii quvvatu havl,

Lo havla va lo quvvata illo billoh.

 

Ruboiy tarjimasi: Gunoh qildim, uzrim gunohimdan yomon, bu uzrda uchta buzilgan daʼvoni: vujudni, quvvatni, qoʻrquvni daʼvo qilish bekordir. Chunki qoʻrquv ham, kuch-quvvat ham Ollohdandir.

Anglashimizcha, ushbu ruboiy ulugʻ shoirga juda maʼqul kelgan boʻlsa kerakki, mazkur sheʼrni u “Nasoiyim ul-muhabbat” tazkirasida keltirgan sakkizta ruboiy qatorida ham tilga olgan. Agar ruboiyga diqqat qilsak, Abulvafoiy Xorazmiy ruboiyning birinchi “Bad kardamu, eʼtizor batar zi gunoh” misrasida Sharqda mashhur boʻlgan, hozir ham soʻzlashuvda bor boʻlgan “Uzri gunohidan yomonroq” maqolini mahorat bilan qoʻllaganiga va nazmda irsoli masalning betakror namunasini ijod etganiga amin boʻlamiz.

Xulosa shuki, biz yuqorida tahlil va talqin qilgan tavorud, irsoli masal kabi mushtarak adabiy hodisalar Alisher Navoiy, Abulvafoiy Xorazmiy hamda Boburning hayoti va ijodi bilan bogʻliq ayrim mushtarak jihatlarini ochib berish bilan birga, ularning oʻziga xos badiiy mahoratini koʻrsatuvchi mezon hamdir.

 

Burobiya RAJABOVA,

OʻTAFI katta ilmiy xodimi,

filologiya fanlari nomzodi

 

“OʻzAS”dan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.