Musa Jalil

0
1261
marta koʻrilgan.

(1906–1944)

 

Tatar xalqining zabardast shoiri Musa Mustafiyevich Jalilov (Musa Jalil) Orenburg gubernasiga qarashli Mustafo qishlogʻida kambagʻal dehqon oilasida tugʻildi. Dastlab Orengburgdagi Husayniya madrasasida tahsil oldi. U 1931 yilda Moskva Davlat universitetining adabiyot fakultetini bitirgach, tatar tilida bosiladigan “Kichkina”, “Oktyabr bolasi” jurnallari redaksiyalarida muharrirlik vazifasida ishladi. 2-jahon urushi arafasida tatariston yozuvchilar uyushmasining masʼul kotibi vazifasida ishladi. Urushda qattiq yaralangan Musa asirga olinib, 1944 yilda fashistlar tomonidan Berlindagi Shpandav turmasida qatl etildi.

Musa Jalilning ijodi 1919 yildan boshlandi.

Ikkinchi jahon urushi Musa Jalilga askarlik shinelini kiydirish bilan birga, uning sheʼrlariga jangovar ruh bagʻishladi. Urush yillarida fashistlar konslagerida uqubat tortgan vatanparvar shoir dushmanga taslim boʻlmadi. U asrlarning yashirincha tashkilotiga rahbarlik qildi. Keyinchalik “Moabit daftari” nomi bilan shuhrat qozongan tuplamga kirgan gʻoyaviy-badiiy sheʼrlarini yozdi. Musa Jalilning “Moabit daftari” toʻplami oʻzbek tiliga tarjima qilinib, alohida kitob shaklida nashr ettirildi.

 

Musa Jalil ijodidan:

 

Ishonma

 

Senga mendan xabar bersalar,

“U yiqildi charchab”, – desalar,

Yoʻq, ishonma, bagʻrim!

Bu soʻzni –

Doʻstlar aytmas, yaqin koʻrsalar.

 

Bayrogʻimga qon bilan yozgan

Ontim undar olgʻa borishga!

Haqqim bormi hech qoqilishga,

Haqqim bormi charchab-horishga?

 

Senga mendan xabar bersalar,

“U Vatanni sotdi”, – desalar,

Yoʻq, ishonma, bagʻrim!

Bu soʻzni –

Doʻstlar aytmas, meni sevsalar.

 

Yurtdan ketdim yurtni, seni deb,

Men kurashdim qonli har damda.

Yurtni, seni qoʻlimdan bersam,

Nima qolar menga olamda?

 

Senga mendan xabar bersalar,

“Musa oʻldi endi”, – desalar.

Yoʻq, ishonma, bagʻrim!

Bu soʻzni –

Doʻstlar aytmas, meni sevsalar.

 

Tuproq koʻmar tanni, koʻmolmas

Oʻtli qoʻshiq toʻlgan koʻnglimni,

“Oʻlim” deyish mumkinmi axir,

Yengib oʻlgan bunday oʻlimni?

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.