Mumtoz adabiyotimiz G‘arb olimlari nigohida

0
52
marta ko‘rilgan.

Xorijda o‘zbek mumtoz adabiyotini o‘rganish boshlanganiga ancha bo‘ldi. Xususan, Alisher Navoiy va uning ijodi G‘arb olimlari diqqat markaziga tushganidan beri bir necha asr o‘tdi. Afsuski, XX asrda sho‘ro tuzumi siyosati oqibatida ma’naviy va ilmiy aloqalar uzilib qolgani bois xorijdagi o‘zbek adabiyoti tadqiqotchilarining izlanishlaridan, ko‘p jihatdan, bexabar va bebahra qoldik. Endilikda G‘arb olimlari va ular yaratgan ilmiy asarlar bilan tanishish imkoni kengayib bormoqda. Quyida, asosan, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha shug‘ullangan ayrim zamondosh g‘arblik tadqiqotchilar va ularning ishlari bilan tanishtirmoqchimiz.

Mumtoz adabiyotimiz tadqiqotchilarining keyingi yuz yildagi taniqli vakillari sifatida kanadalik Mariya Sabtelni va Elizar Birnbaum, germaniyalik Ingeborg Baldauf va Zigrid Klaynmihel, Vengriyadan Benedek Peri va Ferench Chirkes, fransiyalik Mark Toutant, turkiyalik Fuod Ko‘prulzoda, Zaki Validi To‘g‘on, Kamol Eraslan, Osman Sertkaya, Tanju Seyhan, ozarboyjonlik Hamid Orasli, Jannat Nag‘iyeva singari olimlarni ko‘rsatish mumkin.

Ulardan ayrimlarining ilmiy faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot beramiz.

Zigrid KlaynmiHel. Germaniya sharqshunosligida O‘rta Osiyoni o‘rganish XIX asr avvallaridan boshlangan. Bundan roppa-rosa 200 yil muqaddam – 1818 yili nemis olimi Xammer Purgshtall “Navoiyga oid bitiklar” asarini yaratib, unda Alisher Navoiyning nasl-nasabi, ijodi, davlat arbobi sifatidagi faoliyati va bunyodkorlik ishlariga to‘xtaladi. Islomshunos olim Martin Hartmann (1851–1918) XX asr boshida Turkistonga kelib ketgan. Bu yerda toshbosma kitoblar nashri va tarqalishi haqida o‘z kuzatishlari asosida yozgan tadqiqotini 1904 yili Berlinda chop ettirgan.

Umuman, germaniyalik olimlar turkiy tillar tarixi va grammatikasini o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratishgan. Adabiyotshunoslik sohasida esa, professor Ingeborg Baldaufni eslashning o‘zi kifoya. Berlindagi Humboldt universiteti qoshidagi O‘rta Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari sifatida salkam o‘ttiz yildan beri ishlab kelayotgan I. Baldauf nomi o‘zbek jadid adabiyotini o‘rganish bilan chambarchas bog‘liq.

Doktor Zigrid Klaynmihel yarim asrdan beri o‘zbek adabiyoti bilan shug‘ullanib kelmoqda. O‘zbek tilida juda ravon so‘zlasha olishidan tashqari, eski o‘zbek tilidagi qo‘lyozmalar ustida ham ishlaydi. U O‘zbekistondagi kitobxonlik masalalariga qiziqadi. Keyingi bir yarim asr davomida Farg‘ona vodiysi va Xorazmdagi o‘zbek ayollari marosimlarida o‘qilgan qo‘lyozma asarlar tahliliga bag‘ishlangan kitobi nashr qilingan.

Hozirgi paytda u o‘zbek adabiyotini tadqiq etayotgan faol olimlardan biri. Bu yo‘nalishdagi ilmiy faoliyatini 1901–1934 yillardagi o‘zbek adabiyotini o‘rganishdan boshlagan va shu davr so‘z san’atimizga oid kitobini nemis tilida chop ettirgan. 1990–2000 yillarda Z. Klaynmihel Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha maqolalar yozdi. Jumladan, “Alisher Navoiy va Ahmad Posho” nomli bir yuz o‘ttiz besh sahifadan iborat tadqiqotini e’lon qilgan. Bundan tashqari, Uning “Alisher Navoiy va usmonli shoirlari” nomli maqolasi ham chop etilgan. Bu maqolalarda Alisher Navoiy ijodining usmonli turk adabiyotiga ta’siri, Navoiy asarlarining so‘nggi besh yuz yil mobaynida usmonli turk tiliga qilingan tarjimalari haqida so‘z yuritiladi. Olima o‘zbek adabiyotiga doir tadqiqotlarini davom ettiryapti.

Tanju Seyhan. O‘z tadqiqotlarini Alisher Navoiy ijodini o‘rganishga bag‘ishlagan olima, professor Tanju Seyhan turkiy tillar, xususan, eski o‘zbek tili tarixi bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi. 1991 yili “Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarining chig‘atoycha tarjimasi” mavzusida doktorlik ishini yoqlagan. Shu ishi doirasida mazkur asarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorladi. Boburning “Mubayyin” asari yig‘ma matnini tayyorlab, so‘zboshi bilan 2004 yili Turkiyada nashr ettirdi. 2013 yili esa unga “Poshshoxojaning “Miftoh ul-adl” asari” nomli tadqiqoti uchun professorlik unvoni berilgan. “O‘rta Osiyo turkiy tili manbalari”, “Turkiyadagi Bobur haqidagi tadqiqotlar”, “Alisher Navoiy va uning “Hayrat ul-abror” asari” singari mavzularda ma’ruzalar o‘qiydi.

Olima 2015 yili Istanbulda Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” asari matni bo‘yicha ikki jildli kitob chiqargan. Birinchi jildda ushbu dostonning qiyosiy matni berilgan. Ikkinchi jildda esa dostonda qo‘llanilgan barcha so‘zlarga izohli lug‘at taqdim etilgan. Har bir jild 800 sahifadan iborat. Bundan tashqari, Tanju Seyhan 2005 yilda Navoiyning “Siroj ul-muslimin” asari matnini, 2010 yilda esa Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig”idan ayrim qismlarni Istanbulda nashr ettirgan.

Tanju Seyhan Poshshoxojaning “Miftoh ul-adl”, “Gulzor” va “Maqsad ul-atvor” asarlarining eski o‘zbek va o‘g‘uz turkchasidagi qo‘lyozma nusxalarini, eski o‘zbek tilidagi “Me’rojnoma”lar hamda Navoiyning “Oqqo‘yunli muxlislar devoni”dagi she’rlari tilini qiyosiy tadqiq etmoqda. Diqqatga sazovor tomoni shundaki, olima turkiy, xususan, eski o‘zbek tili bo‘yicha tadqiqotlarini qo‘lyozmalardagi matnlar asosida olib boradi. Ayni paytda, ana shu matnlarni nashrga tayyorlab, chop ettiradi.

Benedek Peri. Venger turkiyshunosligi uzoq tarixga ega. O‘z vaqtida Yanosh Ekman (1905–1971) eski o‘zbek tili hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti, jumladan, Gadoiy va Navoiy ijodi haqida maqolalar e’lon qilgan edi. AQSHda yashagan mojor turkiyshunoslik maktabi vakili bo‘lgan Andras Bodrogligeti (1925–2017) esa Ahmad Yassaviyga oid tadqiqotlar yaratdi. Yangi davr mojor tadqiqotchilaridan doktor Ferench Chirkes “Gul va Navro‘z” dostoni ustida izlanish olib borgan. U Sodiq Kitobdorning eski o‘zbek tilidagi “Majma ul-xavos” tazkirasini tadqiq qilmoqda. Shu bilan birga, Benedek Peri bilan hamkorlikda Navoiyning forscha she’rlari majmuasi – “Devoni Foniy”ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlamoqda.

Professor Benedek Peri Budapesht shahrida yashaydi. Sharqshunoslik instituti direktori, ayni paytda Etosh Lorand universiteti turkiyshunoslik kafedrasi mudiri, shu universitetda ingliz, fors va turkiy tillarni o‘rgangan. Universitetni 1992 yili tamomlab, turkiy adabiy matnlar bo‘yicha mutaxassis bo‘lib yetishgan. Mazkur turkiyshunoslik kafedrasi O‘rta Osiyo turkiy matnlarini o‘rganish bo‘yicha boy an’anaga ega. Kafedraga 1870 yili Arminius (Armin) Vamberi (1832–1913) asos solgan. Eski o‘zbek tilini o‘rganish an’anasini keyinchalik taniqli venger olimi Yanosh Ekman davom ettirdi. U 1966 yili ingliz tilida “Chig‘atoy tili grammatikasi” kitobini yozdi. Andras Bodrogligeti esa Yanosh Ekman ishini davom ettirib, 2001 yili ikki jildli “Chig‘atoy tili grammatikasi”ni ingliz tilida chop qildi.

Venger turkiyshunosligi maktabiga mansub Benedek Peri talabalik davridan boshlab o‘zbek adabiyotini o‘rganishga qiziqqan. Shayboniy, Sakkokiy, Turdi, Uvaysiy, Izzat Sulton, Uyg‘un, Zulfiya, Nazir Safarov, Said Ahmad kabi adabiyotimiz namoyandalari ijodi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan.

Olim ilmiy qiziqishlarining katta qismini o‘zbek mumtoz adabiyoti masalasiga oid izlanishlar egallaydi. U ushbu yo‘nalishda ishlab, bir qancha vaqt Hindistonda ilmiy safarda bo‘lgan. Turkiy tilli adabiy manbalar, jumladan, Bobur va boburiylar eski o‘zbek tilida yaratgan asarlar va ularning qo‘lyozmalarini o‘rganish bilan shug‘ullangan. Izlanishlari samarasi o‘laroq eski o‘zbek tilini boburiylar saroyida, sulola oilalarida o‘zaro muloqot tili sifatida asrlar davomida saqlanib qolganini aniqlagan. Ayni paytda turkiy tilda she’r yozish an’anasi boburiylar muhiti shoirlari ichida XIX asrda ham davom etganini oydinlashtirgan.

So‘nggi yillari Benedek Peri ko‘proq Alisher Navoiy ijodi bilan mashg‘ul bo‘ldi va maqolalar e’lon qildi. Masalan, O‘zbekistonda uning usmonli turklar sultoni Salim Ining (1512–1520) fors tilidagi g‘azallari haqida inglizcha maqolasi chiqdi. Olimning kuzatishlari qiziqarli: Navoiydan keyin yashagan sulton Salim fors tilida devon tuzgan va g‘azallarida fors adabiyoti klassiklariga ergashgan. Ayni paytda, Navoiyning “Devoni Foniy”dagi yigirmata g‘azali ta’sirida she’rlar yaratgan. Benedek Perining asosiy xulosasi muhim: sulton Salim va Navoiy forsiy devonlari she’rlaridagi o‘xshashlik shuni ko‘rsatadiki, XVI asr boshidan Navoiy forsiy lirikasi fors mumtoz adabiyotining bir qismi deb tan olingan.

2017 yili olim Toshkentga Alisher Navoiy tavalludining 576 yilligiga bag‘ishlangan anjumanga kelganida Navoiy haykali poyida ma’ruza qilgan edi.

Bugungi kunda Benedek Peri “Boburnoma”ning mojor tiliga tarjimasi ustida ishlamoqda.

Mark Toutant. Fransiyada o‘zbek mumtoz adabiyoti, ayniqsa, Navoiy ijodiga qiziqish ancha barvaqt boshlangan. Fransuz olimi Artoleme d’Yerbelo 1697 yili “Sharq kutubxonasi” qomusida Navoiy tarjimai holi va asarlari nomini qayd etgan edi. Fransiyalik olimlardan Silvestr de Sasi (1758–1838), Katrmer, Pave de Kurteylning Navoiy asarlari tadqiqi va tarjimasi bo‘yicha qilgan ishlari bizga yaxshi ma’lum. Ana shu an’analarni XXI asrda Mark Totuant davom ettirishga bel bog‘ladi. U olti yil Toshkentda o‘qituvchi bo‘lib ishlab, o‘zbek tili hamda eski o‘zbek tilini qo‘lyozmada o‘qish malakasini egallagan. 2013 yili Parijda Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha fransuz tilida “So‘nggi temuriylar madaniyati: Alisher Navoiy (1441–1501) “Xamsa”si misolida nazirago‘ylik amaliyoti tadqiqi” nomli ilmiy ishini yoqlagan. 2016 yili Mark Toutant dissertatsiyadagi qarashlarini to‘ldirib, “So‘z imperiyasi: so‘nggi temuriylar davri qudrati, madaniyati va tasavvuf – Alisher Navoiy “Xamsa”si in’ikosida” nomli 700 sahifali kitobini chop ettirgan. Mazkur kitob hozircha G‘arbda yaratilgan va Alisher Navoiy ijodi yaxlit o‘rganilgan yagona monografiya.

Mark Toutant fikricha, G‘arbda Navoiydan ko‘ra Boburni ko‘proq bilishadi. Chunki “Boburnoma” jahon tamadduni tarixida hukmdor shaxs kuzatishlari asosida yaratilgan kamyob tarixiy va memuar asarlar sirasiga kiradi. Bobur XVI asr boshidagi O‘rta Osiyodan Hindistongacha bo‘lgan hudud va davrga oid noyob qarashlarini yozib qoldirgani tufayli mashhur bo‘lib ketgan. Bundan tashqari, “Boburnoma” G‘arb va Sharq tillariga bir necha marta tarjima qilingan. Ammo Navoiy asarlari tarjimalari kamroq. “Men, – deydi olim, – Alisher Navoiyni G‘arbda yanada chuqurroq tanishlarini istadim va fransuz tilida Navoiyga bag‘ishlangan kitobimni yozdim”.

Olimning o‘zbek mumtoz adabiyoti bilan bog‘liq tadqiqotlari Nizomiy Ganjaviy va Navoiy, Navoiy va Jomiy ijodiy izdoshliklari hamda munosabatlari, O‘rta Osiyo adabiyotidagi turkiy-forsiy ikkitillilik kabi masalalarga bag‘ishlangan. U Navoiy ijodiga nazar tashlar ekan, uning tarixiy kontekstda baholanishi va o‘rganilishiga jiddiy ahamiyat qaratadi.

 

 

Aftondil ERKINOV,

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

O‘zbekistonga oid xorijdagi  madaniy boyliklarni tadqiq etish  markazi yetakchi ilmiy xodimi,

filologiya fanlari doktori

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.