Mulla Qoʻshoq Miskin va uning adabiy merosi

0
351
marta koʻrilgan.

XIX asr oxiri – XX asr boshlarida shakllangan milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining isteʼdodli namoyandalaridan biri Mulla Qoʻshoq Miskindir. Shoir hayoti va ijodi toʻgʻrisida Moʻminjon Muhammadjonov – Toshqinning “Toshkent shoirlarining tarjimai hollari”, Poʻlatjon domla Qayyumiyning “Tazkirai Qayyumiy”, Murodxoʻja Solihxoʻja oʻgʻlining “Tarixi jadidai Toshkand” asariga yozgan ilovalarida maʼlumotlar berilgan. Manbalarga koʻra, shoir oʻz sheʼrlarini toʻplab ikki devon tuzgan boʻlsa-da, afsuski, ular bizgacha yetib kelmagan. Shoir sheʼrlari XX asr boshlarida chiqqan matbuot sahifalarida, Toshkent, Qoʻqon, Namangonda tuzilgan qoʻlyozma va toshbosma bayozlarda, majmua hamda tazkiralarda chop etilgan. Bular orasida oʻtgan asr avvalida chop etilgan “Bayozi Muhallo”, “Bayozi Hoji Sobir”, “Bayozi yangi”, “Bayozi Haziniy”, “Armugʻoni Xislat”, “Savgʻoti Shavkat”, “Bayozi mulla Oʻtab”, “Mahbub ul-mahbub”, “Bayozi Murtazo va Mulla Oʻtab”, “Bayozi maa gulshani ashʼor”, “Sabzazor” nomli bir qator bayozlarni alohida taʼkidlash mumkin.

Miskin ijodi haqida Begali Qosimov, Bahriddin Nasriddinov, Naim Karimov kabi olimlarning maqolalari eʼlon qilingan boʻlsa-da, shoir ijodi alohida tadqiq etilmagan. Miskinning tarjimai holi haqidagi muxtasar maʼlumotni Poʻlatjon domla Qayyumiyning “Tazkirai Qayyumiy” asarida oʻqiymiz: “Bu kishi Toshkand shaharidandur. Nomi Mulla Qoʻshoq boʻlub, Toshmuhammad oʻgʻlidur. 1880 yilda temirchi kosib oilasinda dunyoga kelmishdur. 12 yoshinda otasi vafot etib yetim qoladur. Usta Hoshim ismli nonvoy amakining tarbiyasinda qolmishdur. Ota kasbini eta olmay, xabardor boʻlsa ham foydalana olmaydi. Non sotish va baqqolliqda ham boʻldi. Amakisi boʻlganda oʻqimoqda davom etar edi. Madrasada ham taʼlim olishga muyassar boʻlsa ham, davom etmadi. Adabiyotga havasi ziyoda edi. Toshkand shoirlariga ergashib boshlab, sal vaqtda shuhratli shoir boʻlib tanildi. Mashhur Mulla Toʻychi hofiz ogʻzidan Miskinning gʻazallari eshitila boshladi. 1914 yilda chiqargan bayozlarda ashʼori koʻruldi. Hoʻqand shaharida bir koʻcha “Miskin”ning nomida edi…”.

Bu muxtasar maqolada Miskin hayotiga oid baʼzi yangi maʼlumotlar ham berilgan. Masalan, Qoʻqon koʻchalaridan birining Miskin nomi bilan atalishi shoir dovrugʻining Fargʻona vodiysigacha yetib borganligidan dalolat beradi.

Moʻminjon Muhammadjonov – Toshqinning tazkirasidagi maʼlumotlar ham buni tasdiqlaydi: “… Fargʻona vodiysining koʻp shaharu qishloqlarigʻa uning sheʼrlari yoyilib, u yerning sozanda va ashulachilari aytadilar ham Toshkent shahriga bir zarur ishi boʻlib kelgan baʼzi sozanda va ashulachilar Mulla Qoʻshoq Miskinni koʻrmasdan va undan oʻzlariga bop bir sheʼr olmasdan ketmas edilar…”.

Bundan tashqari, manbalardan Miskinning Muqimiy, Zavqiy, Haziniy, Mavlaviy Yoʻldosh, Xayrullo Xoʻqandiy kabi Qoʻqon shoirlari bilan ijodiy hamkorligi, ijodining ilk bosqichlarida esa, Muqimiy unga bevosita ustozlik qilganligi maʼlum. Buning natijasi oʻlaroq, Miskin Muqimiyning bir qator gʻazallariga naziralar bitadi, muxammaslar bogʻlaydi. Miskinning shoir sifatida shakllanishida Toshkent shoirlarining sardori Karimbek Kamiy bevosita ustozlik qiladi. Haybatullaxoʻja Xislat, Sidqiy Xondayliqiylar bilan “Koʻkaldosh” madrasasida birga saboq oladi. Bir adabiy davrada ijod qiladi.

Miskinning yozuvlari mumtoz adabiyotimizning gʻazal, qasida, murabbaʼ, muxammas, musaddas, qitʼa, fard kabi yetakchi janrlarida yaratilgan.

Maʼlumki, soʻz sanʼati paydo boʻlgandan beri kuylanib kelgan mavzulardan biri bu – ishq. Miskin sheʼriyatida ham ishq-muhabbat yetakchi oʻrin tutadi. Shoir bu mavzuda qalam tebratar ekan, oʻzigacha yaratilgan nazm namunalaridan bahramand boʻlgani holda, ularda qoʻllangan badiiy tasvir vositalardan taʼsirlanib, muhabbatni zavq-shavqqa toʻlib kuylaydi:

 

Koʻrdim xatingiz, zebo sanamlar,

Qatlimga erkan yozgan raqamlar,

Berahm aylab bizga sitamlar,

Rahm aylamaysiz, qoshi qalamlar,

singari oʻynoqi uslubda yaratilgan misralar qoʻshiq sifatida xalq qalbidan joy oldi.

Darhaqiqat, muhabbat har qanday shoir ijodining asosini tashkil etadi. Ishqni oʻziga xos uslubda madh qiladi va qalb kechinmalarini sheʼrga soladi. Miskin ham insoniy muhabbatni oʻz sheʼrlarida maromiga yetkazib kuylaydi. Zamon va makon bilmaydigan muqaddas tuygʻu – ishqiy poetik talqini uchun takrorlanmas ifoda usullariyu ohorli badiiy tasvirlar kashf qiladi, tasvirlamoqchi boʻlgan kechinmalariga mos qofiya va radiflar izlaydi. Shu oʻrinda, bu izlanishlarning ayrimlari xususida toʻxtalish joiz, deb oʻylaymiz:

 

Husnu qaddu chashmingni koʻrsatib chaman ichra,

Gulu sarvu nargisni rashk oʻtigʻa soʻzon qil.

 

Shoirning poetik mahorati shundaki, u birinchi misrada maʼshuqaga xos malohat belgilarini sanab, ikkinchi misrada ulardan har biri haqidagi fikrlarini bayon qiladi: husnni gulga, qadni sarvga, chashmni nargisga qiyoslaydi. Bu badiiyat ilmidagi “laff va nashr” sanʼatining goʻzal namunasi. Baytga eʼtibor qilinsa, maʼno jihatidan bir-biriga yaqin tushunchalarni anglatuvchi tanosub sanʼati ham koʻzga tashlanadi: husn, qad, chashm, gul, sarv, nargis, chaman, oʻt, soʻzon. Bundan tashqari, insonga xos xususiyat – rashkning gulga koʻchirilishi tashxis (shaxslantirish) boʻlsa, gulning rashk oʻtida kuyib-yonishi (soʻzon boʻlishi) mubolagʻadir. Oʻz-oʻzidan maʼlum boʻladiki, shoir ikki misra zamirida toʻrt badiiy sanʼatni qoʻllash bilan birga, mazmunan butun, quyma bayt yarata olgan.

Haqiqiy sanʼatkorlar badiiylikni obraz va obrazlilik zaminida tasvirlashga alohida ahamiyat berganlar. Shunday obrazlardan biri zulfdir. Zulf sheʼriyatda kufr, ikki hindu, ikki shoʻx, oshiqning gʻamiga oʻxshatiladi. Miskin uni oshiqning jon qushi uchun qoʻyilgan tuzoqqa qiyoslaydi:

 

Dom etib qaro zulfing, yuzgʻa dona xol aylab,

Jon qushin ilinturding, kelgʻil emdi, qurbon qil.

 

Maʼshuqaning yuzdagi dona xoli mumtoz sheʼriyatimizda koʻproq mushk, hindu, qalamdan sachragan tomchi, nuqtai anbarga oʻxshatilgan. Miskin uni oshiqning jon qushini ovlash uchun tuzoqqa qoʻyilgan donga oʻxshatish orqali ajoyib tashbeh yarata olgan. Baytda shoirning oshiq qalb kechinmalarini tasvirlash bilan birga, uning muhabbatini qozongan maʼshuqa siymosini chizish mahorati ham koʻrinadi.

Miskin salohiyatli shoir sifatida oʻz davrining adabiy anʼanalarini davom ettirdi. Shulardan biri – muvashshah yozish. Muvashshah mumtoz adabiyotimizning qadimiy anʼanalaridan boʻlib, ayniqsa, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida adabiyotimizda keng rivojlandi. Miskin ijodidagi muvashshahlarda “Muhammadjon”, “Ziyovuddinxon”, “Xolmuhammadxon”, “Alixon”, “Yusufxon”, “Omilxon”, “Ismoil maxzum” kabi ismlarni uchratish mumkin. Muvashshahlarning shoir hayotida, ijodiy faoliyatida muayyan taʼsiri boʻlgan shaxslarga, ijodkorning doʻstu qadrdonlari nomiga bitilishi bu davrda yashagan boshqa shoirlar, jumladan, Muqimiy, Furqat, Haziniy, Kamiy, Hamza, Sidqiy Xondayliqiylar ijodida ham uchraydi. Bu esa, Miskinning oʻz davri anʼanalarini munosib davom ettirganini koʻrsatadi.

Har bir ijodkor ijodiga davr voqeligi oʻz muhrini bosishi tabiiy. Shoir dunyoqarashining, u mansub boʻlgan milliy uygʻonish harakatining inʼikosi oʻlaroq, maʼrifatparvarlik ruhida yaratgan sheʼrlari “Sadoi Turkiston”, “Turkiston viloyatining gazeti”, “Shuhrat”, “Oyina” singari gazeta va jurnallarda chop etildi. Buning asosiy sabablaridan biri – matbuotning maʼrifatparvarlik gʻoyalarini keng xalqqa yetkazishda oʻziga xos minbar ekanligi edi. 1907 yildan boshlab taniqli maʼrifatparvar Abdulla Avloniy tomonidan “Shuhrat” gazetasi nashr etila boshlangan. Bu gazeta, muharrir toʻgʻri taʼkidlaganidek: “bir yoqdan, ilmiy islohot uchun mafkura hozirlagan boʻlsa, ikkinchi yoqdan, el orasiga oʻzgarish tuxmini sochdi”. Xalqimizning milliy-ijtimoiy uygʻonishida katta xizmat qilgan mazkur gazetaning chiqishi munosabati bilan tabrik sifatida yozilgan “Rajoi ojizona” sheʼri Miskin oʻz davrining zakiy maʼrifatparvari boʻlganligini koʻrsatadi. Sheʼriy tabrikda shoir xalqparvarlikni Vatan taraqqiysi va millat kamoli uchun jonbozlikda, deb biladi va gazeta faoliyatiga yuksak baho beradi:

 

Millat ishigʻa doim ul turfa mehriboni,

Millat yoʻlida parvo qilmas toʻkilsa qoni,

Millat soʻzini soʻzlar shakkarfishon zaboni,

Millatni oshkor aylar, boʻlsa agar nihoni,

Yoron, oʻqunglar olib, rohat bu jona”Shuhrat”.

 

Maʼlumki, milliy uygʻonish harakatining asosiy gʻoyasi maʼrifatchilik edi. Shu bois, maʼrifat xizmatida boʻlish davr talabiga aylangan XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ijod qilgan koʻpchilik ijodkorlar sheʼriyatida bu mavzu yetakchi oʻrin tutgan.

Bu Miskin ijodida ham oʻziga xos mavqega ega. Matbuot bilan yaqindan tanish boʻlgan shoir oʻzining maʼrifatparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan sheʼrlarini yaratishda undan unumli foydalanganligi aniq. Shoir ijodida “Oʻz holimizga bir nazar”, “Kimga dey?”, “Biz qanday holdamiz?”, “Istariz”, “Maktab haqida” kabi sheʼrlar uchraydiki, ular toʻlaligicha maʼrifat targʻibiga bagʻishlangan.

Miskin ijodiga ehtirom bilan qarab Oybek oʻzining “Oʻzbek poeziyasining tarixiy taraqqiyoti toʻgʻrisida” nomli maqolasida: “Shoir Avloniy, Zavqiy, Kamiy, Miskin sheʼrlari hurriyatparvarlik hissi bilan sugʻorilgan. Ular xalqni taraqqiyotga daʼvat qildilar, nodonlikni, jaholatni qoraladilar, hayotni isloh etishga chaqirdilar. Miskin “Biz qanday holdamiz?” degan sheʼrida xalqni oʻqishga targʻib qildi”, degan edi. Darhaqiqat, maʼrifatparvarlik ruhidagi bir qator sheʼrlarida shoir ilmni millatning kamol topishi, taraqqiy etishi uchun yagona vosita, deb biladi, ularda ilmga daʼvat ruhi boʻrtib turadi.

Millat dardining malhami, ikki dunyo saodati ilmda, deydi shoir.

Professor Begali Qosimov shoir sheʼriyatiga baho berar ekan: “… keng xalq ommasini asriy jaholatdan uygʻotishga chaqirdi. Xalqimizga erk va ozodlik ruhini singdirish, ularni haq-huquq uchun kurashga uygʻotishga oʻz hissasini qoʻshdi”, deb yozgan edi.

Shoirning faqatgina ishqiy sheʼrlari emas, balki diniy-maʼrifiy mavzudagi nazmiy asarlari ham oʻzining yuksak badiiyati, poetik tasvir vositalariga boyligi bilan ajralib turadi. Bu xildagi sheʼrlarda mahorat bilan qoʻllangan sanʼatlardan biri – iqtibosdir. Maʼnaviy sanʼatlar sirasiga kiruvchi bu sanʼat ishtirok etgan sheʼrlarda, oʻziga xos poetik joziba bilan birga falsafiy mushohada ham chuqur aks etadi. Iqtibos sanʼati yuksak saviya va mahoratni talab qiladi. Iqtibos – Qurʼoni karim oyatlari yoxud Hadisi sharifdan toʻliq yoki qisman istifoda etish. Atoulloh Husayniy bu sanʼatga quyidagicha tarif beradi: “Iqtibos mashhur qavlgʻa koʻra Qurʼon yo Hadisdin bir nimani aning Qurʼon yoki Hadisdin olingʻanigʻa ishora boʻlmagʻan tarzda kalomgʻa kiritmaktin iborattur”. Demak, iqtibos, asosan, Qurʼon va Hadis gʻoyalarini sheʼr mazmuniga singdirish bilan bogʻliq boʻlib, unda ijodkor oʻz fikrini yuqoridagi moʻtabar ikki manba bilan asoslaydi.

 

“Rahmatan lil olamin”, deb, haq oʻzi berdi xabar,

Hech paygʻambarda yoʻq mundogʻ saodat, ofarin.

 

Muhammad alayhissalomni sifatlab yozilgan bu gʻazal u zot vasfidagi koʻplab sifatlar eʼtirof etilganligi bilan ahamiyatli. Tirikligida alloh vasliga yetishish – meʼroj voqeasi paygʻambarlar orasida Muhammad alayhissalomga nasib etgan moʻjiza. Yeru osmonning yaratilishiga sabab boʻlgan (boisi arzu samovot) oliy maqomli (ulviy maqomot) zot madhiga bagʻishlangan ushbu gʻazalning keyingi misralarida Qurʼoni karimning bir qator suralaridan iqtibos keltiriladi.

 

“Surai vash-shams”din ruxsoringa ziynat berib,

Qildi sadringga “Alam nashroh”ni isbot, ofarin.

 

Qurʼoni karimning 91-surasiga ishoratan alloh “Vash-shams” surasi nuridan yuzingga ziynat berdi, deydi shoir. Suraning 1-oyati (Vash-shamsi va zuhahaa) “Quyosh va uning yogʻdusiga qasam” degan maʼnoni bildiradi. Asosan, naʼt gʻazallarda Muhammad alayhissalomga, baʼzan ishqiy sheʼrlarda maʼshuqa jamoliga nisbatan mazkur surani iqtibos sifatida keltiriladi.

Baytning ikkinchi misrasi:

 

Qildi sadringga “Alam nashroh”ni isbot, ofarin.

 

“Alam nashrah” Qurʼoni karimning 94-surasi 1-oyatidan olingan boʻlib: “(Ey Muhammad), biz sizning qalbingizni (iymon va Qurʼon nuri bilan) keng – munavvar qilib qoʻymadikmi?” degan maʼnoni beradi. Yaʼni, alloh oʻzining inoyati bilan Muhammad alayhissalomning koʻksilarini keng qildiki, u zot koʻksilarida paygʻambarlik, hidoyat, iymon nurlari zuhur etdi.

Miskin sheʼriyatida bu kabi, aynan, olingan iqtiboslar koʻplab uchraydiki, shoir ulardan ifodalanayotgan mazmunni kuchaytirishda, poetik fikrni boyitishda oʻrinli va unumli foydalanadi.

Xulosa tarzida shuni aytish mumkinki, Miskin sheʼriyatining boy mundarijasi uning ishqiy mavzuda ehtirosli gʻazallar yaratgan hassos shoir, maʼrifatparvarlik ruhida ijod qilib, Vatan va millat taqdiri uchun qaygʻurgan yetuk maʼrifatparvar, diniy-falsafiy qarashlari bilan oʻz davri adabiyotining peshqadam vakili boʻlganidan darak beradi.

 

Shahobiddin NURIDDINOV,

Qarshi DU tadqiqotchisi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.