Muhammad Amin Muqimiy

0
681
marta koʻrilgan.

(1850-1903)

Oʻzbek mumtoz adabiyotini oʻzining sermahsul ijodi bilan boyitgan Muhammad Aminxoʻja Muqimiyning adabiyotimiz ravnaqiga qoʻshgan hissasi asarlarining oʻzi yashagan davrdayoq xalq muhabbatiga sazovor boʻlganligi, xalq ichiga singib ketganligi, kuyga solinib, qoʻshiqlarga aylangani, nasldan naslga oʻtib yashab kelayotganligidadir.

Atoqli demokratik shoir Muqimiy XIX asrning 2yarmi Xx asrning boshlarida (1850-1903) yashab ijod etdi. Hunarmand oilasida dunyoga keldi. Uning otasi Mirzaxoʻja asli toshkentlik boʻlib, Qoʻqonga borib turgʻun boʻlib qoladi. Onasi Bibioysha zamonasining ziyrak, quvnoq, badiiy zavqi yuksak ayol edi. Bu maʼnaviy xislat oʻgʻli Muqimiyga ham taʼsir etdi, sheʼriyatga boʻlgan qi-ziqishini orttirdi. Yoshligida oilada onasidan xalq ogʻzaki ijodi namunalarini oʻrganganligi va Sharq nazmining Hofiz, Alisher Navoiy, Fuzuliy kabi mashhur namoyandalari ijodi bilan tanishishi undagi badiiy zavqni rivojlantirdi. Yoshligidan boshlab sheʼrlar mashq qila boshladi. U Qoʻqon, Buxoro madrasalarida tahsil oldi.

Muqimiy mumtoz janrning gʻazal, muxammas, murabbaʼ, masnaviy turlarida ijod qildi. U sheʼrlarida keng maʼnodagi muhabbatni, lirik qahramon kechinmalari, istaklari, armonlari, sevinch va alamlarini gavdalantirdi. Shuningdek, Muqimiy ijodida hayotni sevishga, undan zavqlanishga chaqirish, turmushning ozod va baxtiyor boʻlishini orzu qilish yetakchi oʻrinda turadi. Lekin ikkiyoqlama zulm hukmronlik qilgan adolatsiz jamiyatda shoir niyatlarini amalga oshirish mumkin emas edi. Shu bois uning lirikasida «Tole zabunlik», «Zulm», «Jabr-u sitam», «Charxi kajraftor»dan shikoyat qilib, «bulbullar oʻrnini zogʻlar» olgani, «ahli tamiz» xor boʻlib, «nodonlar»ning izzat-ikromda ekanligi tasvirlanadi. Koʻrinadiki, hayotdagi qarama-qarshi yashash tarzi shoir ijodida oʻz aksini topgan.

Muqimiyning gʻazal, muxammas va murabbaʼlari mazmunning aniqligi, ravshanligi, uslubining ravon va yengilligi vaznining quvnoq va oʻynoqiligi bilan jozibalidir.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.