Muhammad Ali

0
1714
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali (Ahmedov Muhammad Ali) serqirra qalam sohiblaridan biri hisoblanadi. Adib sheʼriyat va nasr, publitsistika va tarjima janrlarida koʻp asarlar yaratgan. Uning katta-katta asarlar yaratish barobarida kichkintoylarni ham unutmay sheʼr va afsonalar yozayotganligi quvonchli hodisadir.

Bolalar mavzusini yoritish, bolalar uchun ijod qilish ijodkordan katta masʼuliyat talab qiladi. Adib oʻzining tarixiy mavzuga bagʻishlangan “Boqiy dunyo” (sheʼriy roman), “Ulugʻ saltanat”, “Sarbadorlar”, “Abadiy sogʻinchlar” nomli romanlarida bolalarning yorqin akslarini chizib berdi. Ayniqsa, bu “Ulugʻ saltanat” tarixiy dilogiyasida yaqqol koʻzga tashlanadi. Biz unda Muhammad Sulton, Xalil Sulton, Mirzo Ulugʻbek singari shahzodalarning bolalik davrlari tasvirlangan sahifalarni koʻramiz. “Boqiy dunyo” sheʼriy romanida esa asar qahramonlaridan biri Farhodning bolaligi tasvirlari, ayniqsa, uning ismi maʼnosining yangicha talqinda berilishi juda qiziqarli va ibratlidir.

Shoirning bolalarga bagʻishlangan sheʼr va afsonalari ham mavzular rang-barangligi bilan ajralib turadi. Adib bolalar uchun asar yozganda bolalar tabiatining oʻziga xosligini unutmaydi. Bolalar har narsaga hayrat bilan boqadilar, hamma narsa ularga qiziq tuyuladi. Ular har bir narsaga qarab dunyoni oʻzicha kashf etadilar, bundan beqiyos quvonadilar. Shoir ana shu kashfiyotni tasvirlashga harakat qiladi.

“Boʻtaloq” sheʼrida boʻtalogʻiga boqib quvongan, atrofida parvona boʻlgan bolakay obrazi chiziladi. Bolaga, ayniqsa, boʻtaloqning loʻk-loʻk etib chopishi, unga “choʻk-choʻk!” deyish juda yoqadi, uning oʻzi ham birga chopishga tayyor:

Boʻtalogʻim yayraydi,

Yantoq bersam chaynaydi.

Yam-yashil oʻtloqlarda,

Loʻk-loʻk chopib oʻynaydi.

Boʻtalogʻim loʻk-loʻk,

Loʻkillama, choʻk-choʻk!

Boʻtalogʻim toʻysin deb,

Barra oʻtlar tutaman.

Agarda qasd qilsam-chi,

Undan oʻzib ketaman!

Boʻtalogʻim loʻk-loʻk,

Loʻkillama, choʻk-choʻk!

Shoir oʻz sheʼrlariga tabiat manzaralarini, hayvonot olamini, oʻt-oʻlanlarni mavzu qilib oladi. Bu esa shoir sheʼrlariga tabiiylik baxsh etadi.

Tabiatda juda koʻp maysalar, oʻt-oʻlanlar, gullar quyoshga boqib, undan nur olib, yorugʻlikka, issiqlikka talpinib umr kechiradi. Quyoshning yoʻnalishi boʻyicha u qaysi tomonga qarab yursa, unga qarab intilib, undan kuch-quvvat olib nish uradigan, oʻsib, toblanib pishadigan oʻsimliklardan biri kungaboqardir. Shu maʼnoda shoirning “Kungaboqar” sheʼri alohida ajralib turadi.

Quyosh – oftob bor joyda mehnat-u odob, ahillig-u doʻstlik, vatanparvarlig-u muhabbat, sadoqat boʻladi. Kungaboqarning yashnashiga, yashashiga havasi kelmaydigan bolaning oʻzi yoʻq. Bolaning quvonchiga quvonch qoʻshgan kungaboqar uni eng avvalo, mehnatkash, odobli boʻlishidan tashqari, nafsini tiyishga, xiyonat qilmaslikka oʻrgatadi:

…Bahor kelib ilisa kun,

Boʻylarini choʻzib mamnun,

Yuz-boshini oʻrab butun,

Gulchalardan tanga taqar.

Qora-qura tishlari bor,

Choʻng boshiga kiyib dastor,

Shoʻxlik qilmay, jim, beozor,

Qarashlari menga yoqar.

Dalalarda yurar boʻlsang,

Bogʻ-rogʻlarga borar boʻlsang,

Turishadi, qarar boʻlsang,

Marzalarda turna qator.

Boʻyim kichik – yetay desam,

Qoʻlim kalta – tutay desam,

Pistasidan totay desam,

Hamma kulib menga boqar.

Bolalarning odobiga odob, mehnatsevarliklariga mehnatsevarlik, ona-tabiatga nisbatan mehrlariga mehr qoʻshadigan asarlaridan biri “Shudring”dir.

Kichkintoylar ona tabiat qoʻynida yayrab-yashnab, erkin kamol topadilar. Ona tabiatdagi har bir holat ular uchun bir yangilik, kashfiyot boʻlib tuyuladi. Bolalardagi bunday holatni yaxshi bilgan Muhammad Ali oʻzining “Shudring” sheʼrida shu hagida soʻz yuritadi.

Shudring kuz faslining boshlanishi bilan bogʻliq. Yerga shudring tushishi bilan meva-chevalar, poliz ekinlari pishadi. Yurtda toʻkin-sochinlik boshlanadi. Shu maʼnoda sheʼr qahramonining zoʻr quvonch-u qoʻli ochiqlik bilan aytgan gaplari juda hayotiy chiqqan:

Bogʻimizga bir qarang,

Gul ochildi rang-barang.

Tongda shudring tushibdi,

Gulga chiroy qoʻshibdi.

Bogʻdan nari poliz bor,

Unda qovun-tarvuz bor.

Qovunlar katta-katta,

Mehmon boʻling, albatta!

Onalarni ulugʻlovchi “Onamlarning bayrami” sheʼri bayram munosabati bilan xonadonda yuz bergan quvonchli kayfiyatni nurlantirib turadi. Bolaning nazarida butun tabiat aziz onajonini qutlugʻ ayyom bilan qutlashga shaylangan. Qushlar hovlini toʻldirib uchib yurishibdi, ariqlarning labida ham oʻt-oʻlanlar koʻkarib chiqibdi, oppoq bodom esa, gullarga koʻmilgan shoxini koʻz-koʻzlab, darchadan onajonisining xonasiga “qoʻl” choʻzib turibdi… Bayramga bolaning ham sovgʻasi bor: u oʻnta “5” olib qoʻygan!

Muhammad Alining xalq afsonalari asosida “Ninachi haqida ertak”, “Uch oltin gʻisht”, “Sirli qushlar” nomli asarlar yaratganligi ham diqqatga sazovordir. “Ninachi haqida ertak” (1977) xalqimiz orasida qadimdan mashhur boʻlgan “Kim zoʻr?” degan afsonaga asoslangan. Asar qahramoni Ninachi qish kirib qolganini sezmagan, yozni taralabedod qilib, oʻyin-kulgi bilan oʻtkazgan, uy-joysiz qayga borishini bilmay, “xazon choʻpni hassa qilgancha” yoʻlga chiqadi. Muz ustidan oʻtayotib oyogʻi toyib ketadi va quyrugʻini sindirib qoʻyadi. U bu falokatdan qattiq ozor chekadi va Muzga, sen zoʻr ekansan, deydi. Muz esa, men zoʻr emasman, agar zoʻr boʻlsam, quyosh eritib yuborarmidi, Quyosh zoʻr, deydi. Ninachi soʻng Quyoshga, uni berkitib olgan Bulutga, uni bagʻrini teshib oʻtgan Yomgʻirga, keyin yomgʻir ipiga osilib yerga tushib, uni shimib olgan Yerga, yerdan unib chiqqan Maysaga, uni bosib oʻtgan Otga va nihoyat, uni minib olgan Odamga keladi…

Shoir adolat qidirib yurgan Ninachi sarguzashtini juda jonli va qiziqarli tasvirlaydi, oʻqiganda tabiat manzaralari oʻquvchi koʻz oʻngidan bir-bir oʻtadi.

“Uch oltin gʻisht” afsonasini shoir oʻz otasidan eshitgan. Voqea juda qiziq va ibratli. Uch aka-uka – Toʻngʻich, Oʻrtancha, Kenja – uzoq safarga chiqishib, uchta oltin gʻisht topib oladilar. Har biriga bittadan oltin gʻisht toʻgʻri keladi. Biroq nafs tuzogʻiga tushgan Toʻngʻich bilan Oʻrtancha oʻgʻil fitna uyushtirishib, Kenjani oʻldirmoqchi boʻladilar va uni ovqat olib kelishga yuboradilar. Kenja ovqat olib kelib dasturxonga qoʻyayotganda uning boshiga gʻisht bilan urib oʻldiradilar. Keyin xursand boʻlishib, ovqat yeyishga tutinadilar. Va shu zahotiyoq oʻzlari til tortmay oʻladilar. Chunki Kenja ham uchta oltin gʻishtni oʻziga olmoqchi boʻlib, akalarining ovqatiga pinhona zahar qoʻshgan edi… Shoir bu afsonasida inoqlik, hamjihatlikni ulugʻlaydi, ochkoʻzlik, nafsga berilishni qoralaydi. Asarni oʻqigan oʻquvchi sadoqat-u ixlos yoʻlini tutish, halol boʻlish kerakligini, ezgu ishlarda birlashish lozimligini, yomonlik qilish asli insonning ishi emasligini anglaydi, yaxshilikning umri uzun, yomonlikning esa davri qisqa, degan haqiqatning boqiyligini tushunib yetadi.

“Sirli qushlar” shoirning hind xalq afsonalaridan ilhomlanib yozgan asaridir. Unda halollik, fidoyilik, chin insoniylik mavzulari ulugʻlanadi.

Muhammad Ali ijodida Amir Temur mavzusi alohida oʻrinni egallaydi. U 1967-yildayoq jasorat koʻrsatib, Sohibqironning bunyodkorligini ulugʻlagan va Mustaqillik yillarida maktab darsliklariga kiritilgan “Gumbazdagi nur” dostonini yozgan edi. “Sarbadorlar” tarixiy dilogiyasida (1989) oʻzbek prozasida birinchi marta 24–30 yoshli Amir Temurning siymosi chizib berildi.

2007-yilda Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan “Ulugʻ saltanat” tarixiy roman-dilogiyasi (“Jahongir Mirzo” – 1999, “Umarshayx Mirzo” – 2004)da adib Amir Temur hayoti va uning suronli davri, oʻzbek xalqining milodiy XIV asrdagi turmush tarzi, ijtimoiy hayotda va tafakkurlarda roʻy bergan oʻzgarishlar haqida qiziqarli va ishonarli hikoya qiladi.

2008-yilda yozuvchi “Ulugʻ saltanat” trilogiyasini yaratish ustida izlanishlarini davom ettirib, uchinchi kitob “Mironshoh Mirzo” romanini yozib tugatdi.

Romandagi voqealar milodiy 1392–1399-yillarda Turon, Xuroson, Fors mamlakatlarida yuz beradi. Chingizxon imperiyasini tiklashga katta umidlar bogʻlagan, aslida Amir Temur qoʻllovi bilan Oltin Oʻrdani egallagan “tutingan oʻgʻil” Toʻxtamishxon goh-goh Turon yurtiga bosqinlar uyushtiradi, Xulaguxon mulkiga koʻz tikib, Shirvon, Sultoniya, Tabriz va boshqa shaharlarni qoʻlga kiritish niyatida qilich yalangʻochlaydi. Uning maqsadi Oltin Oʻrda davlatini kuchaytirish, Buyuk ipak yoʻlini qoʻlga kiritish edi. Amir Temurday qudratli hukmdorga qarshi kurashishga yuraklari dov bermay, Misr sultoni, Iroq hukmdori, Oltin Oʻrda xoni barchasi birlashib, katta kuchga aylanishni dilga tugadilar.

Amir Temur oʻzining idroki, zukko va donishmandligi bilan xalqaro vaziyatni teran kuzatib, bilib turar edi. U saltanatning jahondagi mavqeyini yuksaklarga koʻtaradigan, ayni paytda davlat xazinasini boyitib turadigan Buyuk ipak yoʻlini, albatta, dushmanlarga berib qoʻymas edi. Uning ustiga, XIV asrning oxirgi oʻn yilida Eronda hukm surgan muzaffariylar, Iroqda jaloyiriylar, qoraqoʻyunlilar qabilasi oʻzaro urushlarga tortilgan, hatto Hajga borguvchilar yoʻli tahlikali tus olgan, oʻsha mamlakatlar notinchligidan qaroqchilar tomonidan talanardi. Adolatpesha Sohibqironning raʼyi bularning barini jimgina kuzatib tura olmasdi. Tarixda “Besh yillik yurish” deb nom olgan safar sabablari ana shunday edi. Muallif romanda Amir Temur tilidan: “Turon tursa boʻron boʻladi”, degan muxtasar jumlani oʻrinli ishlatadi. Bu soʻzlar Sohibqironning oʻziga boʻlgan katta ishonchini, bemisl kuch-qudratini yorqin ifodalab turar edi.

Yozuvchi yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarda ham, yangi romanida ham Amir Temur siymosini yaratishga kirishar ekan, Amir Temurni dastavval chin inson sifatida koʻrsatishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.

“Ulugʻ saltanat”da buyuk davlat arbobi, bunyodkor, ilm-fan homiysi va ulugʻ sarkarda, adolatparvar Amir Temur oʻquvchi

koʻz oldida donishmand ota, suyukli yor, mard va sheryurak zot, ahli ayoliga mehribon, kechirimli, oʻz nafsini jilovlay olishga qodir, teran aql sohibi, komil insonlarning komili sifatida namoyon boʻladi. Sohibqironning farzandlariga mehri alohida tahsinlarga sazovor, adib uni buyuk inson sifatida koʻrsatishga erishadi, mehr bilan Sohibqironning insoniy fazilatlarini qalamga oladi.

Suyukli oʻgʻli Umarshayx Mirzoning bevaqt halok boʻlganini eshitganda Sohibqiron koʻzlariga toʻlgan yoshdan bir tomchisini ham yerga tushirmaslikka oʻzida kuch topa oladi: “Qoʻlimdagi qarchigʻayimni ovga solmoqqa shaylangʻon erdim. Qarchigʻayimning oʻzini merganlarning mergani ovlab ketdi, burgutga bergisiz qarchigʻayimni!.. “deydi bosiqlik bilan.

Turon qoʻshini Jazira viloyatining Mordin qalʼasini (hozirgi Turkiya hududida) zabt qilib turganda, Sultoniya shahridan Shohrux Mirzo xonadonida oʻgʻil tugʻilganligi (Ulugʻbek Mirzo edi) xabari yetadi. “Alloh taolo bizga nabira ato etdi! – dedi Sohibqiron Mordin tarafga koʻz qirini tashlab. – Haq oʻz bandalariga ravo koʻrgan yaxshi odatlardan biri shukur aylamakdur. Alhamdulilloh, shukur qilamen, shukronasiga Mordin elining jonimolidan kechamen! Ulugʻbek Mirzo sharofatidan Mordin ahlining gunohlaridan oʻtdum! Barchaga omonlik berilsun!” Bu soʻzlarda Sohibqironning insoniyligi yaqqol koʻrinib turibdi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.