Muhabbat tarannumi

0
1538
marta koʻrilgan.

Adabiyotda ijodkor oʻz oʻy-fikrlari, orzu va intilishlari, his-tuygʻulari, insoniy va ilohiy muhabbati-yu eʼtiqodini badiiy tasvir orqali soʻz vositasida ifodalaydi. XV asr birinchi yarmida yashab oʻtgan shoirlar ijodida oshiqona, orifona, rindona va axloqiy-taʼlimiy gʻazallar yetakchilik qildi. Bu davrda yashab ijod etgan Hofiz Xorazmiy, Sakkokiy, Lutfiy, Atoyi, Gadoiy, Yusuf Amiriy gʻazallarida ilohiy va insoniy ishq tarannumi, ruhiy holat, kechinma va shoirning his tuygʻulari tasavvufiy istilohlar, timsollar vositasida ifodalanishi yaqqol koʻzga tashlanadi.

Bizga bu davr shoirlari haqida maʼlumot beruvchi asosiy manba Alisher Navoiyning “Majolisun-nafois” asari va bir qator shoirlarning devonlaridir. Lirikaning eng asosiy janrlaridan biri gʻazal – bu davrda alohida mavqega ega boʻldi. Gʻazal insonga xos boʻlgan hamma his-tuygʻular doirasini qamrab oladi.

 

Pistadek ogʻzinga shakar dedilar,

Gʻayb sirin ne muxtasar dedilar.

 

Vahdat ahli safou ruhingda tushmadilar,

Partavi mabdaus-suvar dedilar.

 

Mavlono Lutfiy poetik obrazlar vositasida vahdat ul-vujudni tasvirlayotganda koʻpincha tashbeh, litota, husni taʼlil sanʼatlarini ham qoʻllaydi. Shoir bir gʻazalida “Ey soqiyi majlis, sol iliktin qadahu jom” desa, boshqasida “Laʼliga boqsam bilurkim, koʻnglum ul yon tortadur”, yana bir sheʼrida “Lutfiyni mayxonada oshufta koʻrsang qilma ayb” desa, keyingi misrasida “Koʻrar Haq nurini yuzungda Lutfiy” deya haqiqiy ishq – ilohiy muhabbatni tarannum etadi. Tasavvufiy mazmunni ifoda etuvchi “soqiy” – Haq ramzi, “qadah” tasavvufda vaqt va koʻngil ramzi, “jom” maʼrifat bodasidan toʻla orifning dil va ahvoli, “mayxona” ilohiy ishq beriladigan joy, pir huzuri. Shoir oʻz ruhiy holatini tasavvufiy timsollar orqali badiiy tasvir sifatida mahorat bilan qoʻllab, misralarga zeb bermoqda.

Gadoiyning ayrim gʻazallariga ahamiyat beraylik:

 

Mening bu oʻtluq ohimdin falakning bagʻri suv boʻldi,

Demassen borikim, bu ne faryodu figʻon aylar.

 

Magar topqay nishoni nogahon laʼlingning ollinda,

Koʻzum yosh elchisini har damda yuz sori ravon aylar.

 

Shoir tasavvur qilish qiyin boʻlgan, amalda boʻlishi sira mumkin boʻlmagan mubolagʻa hamda metafora-oʻxshatish sanʼatlari orqali oʻz ruhiy holatini badiiy ifoda etgan. Adabiyotda badiiylik uning obrazliligidan kelib chiqadi. Badiiylik asarda hayotning jonli koʻrinishda namoyon boʻlishi, oʻquvchida estetik zavq oʻygʻota olishidir. Bu lirikada badiiy tasvirning vujudga kelishida asosiy omil sanaladi. Demak, badiiy tasvir, obraz va timsollar orqali biz lirik qahramon ruhiy olamini tushunamiz va shoirning asosiy gʻoyasini anglaymiz.

XV asr birinchi yarmi oʻzbek shoirlari sheʼriyatida ilohiy ishq talqini tarannum etilgan gʻazallar qatori insoniy ishq-muhabbat kuylangan gʻazallar ham alohida badiiylik kasb etgan. Atoiyning shunday bir gʻazali bor:

 

Boqar ohudayin har yon oʻshal ikki qaro koʻzlar,

Xadangi gʻamzasin otmoq uchun goʻyo qaro koʻzlar.

 

Dilu jon saydi qilmoqta kishi koʻrmayturur hargiz,

Munungdek nozanin qoshlar, aningdek dilrabo koʻzlar.

 

Birinchi baytda radif, yaʼni “qaro koʻzlar” ga har bir misrada alohida vazifa yuklatilgan. Shoir gʻazal orqali maʼshuqasining chiroyli koʻzlarini badiiy mahorat bilan tasvirlamoqda.

XV asrning oʻrtalarigacha yashab ijod etgan Hofiz Xorazmiy va unga yaqin davrda yashagan oʻzbek shoirlari Haydar Xorazmiy, Sayid Ahmad, Sakkokiy, Lutfiy, Atoyi, Gadoiy, Yaqiniy, Amiriy, Xoʻjandiylar adabiy merosi oʻquvchining tasavvur dunyosi, estetikasini boyitish bilan bir qatorda ularni komil inson, axloqan yetuk qilib tarbiyalashda ham ahamiyatlidir.

 

Nargiza BOYMURATOVA

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.