“Mufradot”ning fransuzcha talqini

0
15
marta ko‘rilgan.

Fransiyalik olim va noshirlar yirik qomuslarda Alisher Navoiyni targ‘ib qilishga keng o‘rin bermoqdalar. Lui Bazen, Jan-Pol Ru, Bakye-Grammon singari turkiy tillar bo‘yicha yirik tadqiqotlar yaratgan olimlar qatorida Remi Dorning ham bu boradagi xizmatini alohida ta’kidlab o‘tmoq lozim. Uning Vatanimizda yashab, o‘zbek tili va madaniyati tarixiga bag‘ishlab tadqiqotlar yaratayotgani diqqatga sazovor. Olim rahbarligida fransuzcha-o‘zbekcha va o‘zbekcha-fransuzcha lug‘atlar nashr qilindi. U hazrat Navoiy merosini, jumladan, “Mufradot” risolasini tahlil qilib, muammo janriga doir “Alisher Navoiy muammolari” (Parij, 2006) tadqiqotini nashr ettirdi.

“L’enigme du nom propre” (“Ism yashiringan muammo”) deb nomlangan tarjima to‘plami esa 151 betdan iborat bo‘lib, 99 ta o‘zbekcha ismga yozilgan muammo tarjimasini o‘z ichiga oladi. To‘plam muqaddimasida muammo janrining Sharq va G‘arb adabiyotida tutgan o‘rni, rivojlanish tarixi, Navoiy hayoti va ijodi, uning mazkur janrga oid asarlariga to‘xtalib o‘tilgan. Muallif o‘zbek she’riyatini puxta tushunish uchun zarur adabiyotlar va ularning mualliflari ro‘yxati, muammo yozish qonun-qoidalari, bu janrga xos badiiy san’at turlari, muammoni yechish kaliti – arab alifbosiga asoslangan eski o‘zbek yozuvi, abjad hisobiga doir ma’lumotlarga ham to‘xtalib, fransuz kitobxoniga bu janr mohiyatini ochib beradi.

Muammo janri dunyo adabiyotida turli nom va turli shakllarda rivojlangan. Fransiyada bunday harfiy o‘yinlar XV asrgacha qo‘llanilgan. Ularda shoir ismidagi harflar she’r misralariga yashirilgani bois “yashiringan imzo” deb nomlangan. XV asrda yashagan Fransua Viyonning deyarli barcha asarlari anagramma nomi ostida ushbu janrda yozilgan. XVII–XVIII asrga kelib mazkur san’at Fransiyada biroz unutilgan bo‘lsa-da, biroq Rossiya va Italiyada anagramma, akrostix va boshqa harfiy o‘yinlar shaklida rivojlandi. Hozirda ham bu mamlakatlarda ayni ilmni o‘rganuvchi ko‘plab uyushma va jamiyatlar bor.

Tarjimon muammoning dunyo adabiyotida ikki toifaga bo‘linishi va ular alohida o‘rganilishini ta’kidlaydi. Topishmoqlar birinchi toifaga mansub bo‘lib, ularda biror so‘z yashiringan bo‘lsa, ikkinchi toifadagi asarlarda harflar yashiriladi va ular o‘zbek adabiyotidagi muammo san’atiga mos keladi. Fransuz olimi M. Bernassoni yashiringan so‘zni topishga asoslangan yetti janr borligini aytadi (M. Bernasconi, “Histoire des enigmes”, Paris: PUF, 1964). Ular bir so‘zning boshqasi bilan aloqasi, ohangdoshligi, etimologiyasi, harflar va tovushlar soni bilan bog‘liq. Bu so‘z o‘yini fransuz tilida “griphos” – harf so‘zidan olingan logogrif (le logogriphe) deb nomlanadi. Logogrif qadimdan ma’lum adabiy o‘yin bo‘lib, bir so‘zga harf qo‘shish yoki undan harf ayirish orqali yangi so‘z yasaladi.

Tarjimon italiyalik bir kishining do‘stiga yozgan xatidagi logogrifni keltiradi: “mitto tibi navem prora puppique carentem” – “men senga tumshuqsiz va quyruqsiz kema yuboryapman”. Lotin tilida kema “navem” deyiladi. Uning tumshug‘i – p harfini va quyrug‘i – t harfini olib tashlasak, ave – salom so‘zi hosil bo‘ladi.

Muammolarni fransuz tiliga o‘girish jarayonida Remi Dor uchun L. Zohidovning “Alisher Navoiy ijodida muammo janri” nomli qo‘llanmasi asosiy manba bo‘lgan. Muammmolar esa Navoiyning “Devoni Foniy”, “Risola-i Mufradot”, “Navodir ush-shabob” asarlaridan olingan. Bu uch asarda muammolar soni 500dan ziyod bo‘lib, 121tasi “Risola-i Mufradot”da qayd qilingan.

Fransuz mutarjimi Navoiyning forsiy muammolarida L. Zohidovning o‘zbek tiliga tarjimalaridan foydalangan bo‘lsa ham, ko‘proq asliyatga tayanib ish ko‘rgan. “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”, “O‘zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug‘at”, E. Fozilovning “Starouzbekskiy yazi’k”, “Xorezmskiye pamyatniki XIV veka”, fransuz tilshunosi Jilber Lazarning forscha-fransuzcha lug‘ati (“Dictionnaire persan-franzais”, Teheran, 1996) muammolarni fransuzchaga o‘girishda yordamchi manba bo‘lib xizmat qilgan. Muallif XV asr o‘zbek she’riyatiga xos muhim xususiyatlarni tushunish uchun E. Rustamovning “O‘zbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka” nomli asariga murojaat qilishni tavsiya etadi.

Muallif tarjimaga kirishishdan avval boshqa xalqlar adabiyotidan ham muammoga doir ma’lumotlarni to‘playdi. Fransuz olimi Garsin de Tassining “Sharq musulmonlari tilining prosodiya va ritorikasi” (“Rhetorique et prosodie des langues de l’Orient musulman”, Paris, 1873) asarining 3-bobi logogrif va unga o‘xshash turlarga bag‘ishlanganini aytib o‘tadi. Chunonchi, Garsin de Tassi XVIII asrda ijod qilgan fors shoiri Faqir Dehlaviyning “Hadoyiq ul-balog‘at” asarini fransuz tiliga o‘girish munosabati bilan muammo san’atiga doir quyidagicha ma’lumot beradi: “Hindiston musulmonlari she’riyatida, rosti, muammo san’ati kam rivojlangan. Mazkur janrning murakkabligi bois uni fransuzchaga tarjima qilish imkoniyati bo‘lmadi. Oqibatda misol sifatida keltirilgan muammolarni baholash qiyin kechdi”.

Remi Dor muammoni murakkab, mavhum, noaniq bir olamga qiyos etgan. Uning so‘qmoqlari ko‘p-u, biroq ko‘zga g‘ira-shira ko‘rinadi. Bu janrda shoir o‘z g‘oyalarini shunchalar qisqa, lo‘nda ifodalaydiki, dabdurustdan biror ma’noni anglab bo‘lmaydi. Muallif ko‘proq muammo yechimini ko‘rsatadi-yu, yechish usullarini sir tutadi. Bunda o‘quvchiga ham, tarjimoniga ham puxta bilim va keng dunyoqarash qo‘l keladi. Shuning uchun Navoiy davrida muammo shoirlar mahoratini baholash mezoni sanalgan, jamiyat a’zolari uchun esa aqlni charxlash, fikrni takomillashtirish vositasi bo‘lgan.

Remi Dor fikricha, o‘zbek she’rlari asarlarini fransuz sillabikasida asliyat vazniga bir bo‘g‘in qo‘shish orqali o‘girish mumkin. Bunda ayrim istisno hollar ham bo‘lishi o‘z-o‘zidan ayon, albatta. Tarjimada bayt aniq va chiroyli o‘qilishi uchun, doim urg‘u qator oxiriga tushirilgan. Bunda tarjimonga fransuz tilining hozirgi zamon lug‘ati qo‘l kelgan. Ushbu lug‘atda aksini topmagan so‘zlarga esa izoh berib o‘tilgan.

Remi Dor baytlarda qofiyani saqlashga harakat qilgan, ba’zan esa faqat assonans – hamohanglik bilan kifoyalangan. O‘zbek tilidagi qisqa tovushlarni ifodalashda elliziyadan (oxirgi harfi unli bo‘lgan so‘z birinchi harfi unli bo‘lgan so‘z oldidan kelganda yoki unli tovushlar ketma-ket kelganda bir unlining talaffuzda tushib qolishi) foydalangan. Bu vaznni, o‘lchovni saqlab qolishga yordam beradi.

To‘plam har jihatdan puxta tuzilgan. Dastlab muammoning tarjimasi, so‘ng o‘zbekcha asliyati berilgan. Agar muammo forsiyda bitilgan bo‘lsa, avval o‘zbek tiliga o‘girilgan shakli, keyin esa asliyat keltirilgan.

Muammolar fransuz alifbosiga asosan joylashtirilgan. Yechimga jadval ko‘rinishida ochqich berilgan. Birinchi qatorda muammo yechimiga yo‘naltiruvchi so‘zlar, ikkinchi qatorda muammo turi, uchinchi qatorda esa muammoni yechish usuli ko‘rsatiladi.

Ilova qismida yechimdagi ismlar ma’nosi, ularning etimologiyasiga doir axborot berilgan. Bunda E. Begmatovning “O‘zbek ismlari ma’nosi”, F. Sumerning “Turk devletlari tarihinde shahis adlari” (Istanbul, 1999,2-jild), R. El-Hayatning “Le Livre des prenoms du Maghreb et du Moyen-Orient” (Casablanca, 2004) kabi qo‘llanmalaridan foydalangan.

Navoiy bir ismga bir necha muammo bitgan. Remi Dor misol tariqasida ulardan birini tarjima qiladi. Muammolar manbalarining indeks ko‘rsatkichi majmuaning so‘nggi sahifalarida keltirilgan.

Muallif ushbu to‘plam ilmiy yoki pedagogik ahamiyatga ega emasligini qayd etib, yagona maqsadi Alisher Navoiydek buyuk shoirning nazmiy duru javohirlari bilan fransuz kitobxonini tanishtirishdan iborat ekanini ta’kidlaydi.

 

Yorqinoy NASIRDINOVA,

Andijon davlat universiteti mustaqil tadqiqotchisi

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.