Muallif oʻlimi

0
169
marta koʻrilgan.

Rolan BART

 

Balzak oʻzining “Sarrazin” novellasida ayol kiyimini kiyib olgan artist haqida shunday deb yozadi: “Bu – ayolning oʻzginasi edi, uning nogahoniy qoʻrqishlari, anglab boʻlmas injiqliklari, gʻayriixtiyoriy tashvishlari, besabab toʻrsliklari, shoʻx qiliqlari va maftunkor nozik tuygʻulari haqiqiy ayollarga xos edi”. Kim shunday deyapti? Balki ayol qiyofasi ostida bichilgan yigitni payqamaslikka urinayotgan novella qahramonidir? Yoki oʻzining shaxsiy tajribasiga tayanib ayol haqida fikr yuritayotgan Balzak shaxsimi? Yoki ayol xulq-atvori haqidagi “adabiy” tasavvurlarini ochiq aytayotgan yozuvchi Balzakmi? Yoki bu umuman insonga xos boʻlgan hikmatmi? Balki bu romantik psixologiyadir? Biz buni hech qachon bilolmaymiz, chunki yozuvda ovoz, manbaga oid har qanday tushuncha yoʻq boʻlib ketadi. Yozuv – mavhumlik, har turlilik va mujmallikning shunday bir jihatiki, bunda bizning oʻziga xosligimiz yoʻqola boradi, yozuv oq-qora labirint boʻlib, bu yerda har qanday ayniyat, birinchi galda, yozayotgan kishining jismoniy ayniyati yoʻqoladi.

 

* * *

Ehtimol, hamisha shunday boʻlib kelgan: agar biron narsa haqida voqelikka bevosita taʼsir koʻrsatish uchun emas, hikoyaning oʻzi uchun, yaʼni shu kabi ramziy faoliyatdan tashqari biron-bir vazifa uchun hikoya qilinsa, oxir-oqibatda, ovoz oʻz manbaidan uzilib qoladi, muallif uchun oʻlim yaqin keladi va aynan shu yerda yozuv paydo boʻladi. Lekin turli vaqtda bu hodisa turlicha boshdan kechirilgan. Masalan, ibtidoiy jamiyatda hikoya aytish bilan oddiy odam emas, balki maxsus odam – shomon yoki oqin shugʻullangan. Aytish mumkinki, hikoya aytilayotgan paytda uning “dahosi” bilan emas, shunchaki “performatsiya”si (yaʼni hikoya kodi bilan muomala qilish mahorati)ga qoyil qolish mumkin. Muallif shaxsi yangi davrga tegishli, aftidan, u bizning jamiyatimiz tomonidan, Oʻrta asrlar tugashi bilan, mazkur jamiyatning oʻzi uchun shaxs qadri va qimmati ochila borgani sayin (ingliz empirizmi, fransuz ratsionalizmi va Reformatsiya tomonidan tasdiqlangan shaxsiy ishonch prinsipi sharofati bilan), yanada dabdabali uslub bilan aytganda, “inson shaxsi” kashf qilinishiga qarab shakllantirilgan. Shu bois adabiyotda muallif “shaxsi” kapitalizm mafkurasini xulosalab, oxiriga yetkazuvchi pozitivizmda[1] koʻproq eʼtirof topgani mantiqan toʻgʻridir. Muallif hozir ham adabiyot tarixi darsliklarida, yozuvchilarning tarjimai holida, jurnal intervyularida va oʻz shaxsi hamda ijodini maxfiy kundalik shaklida birlashtirishga urinuvchi adabiyot ahlining ongida hukmron. Muallif, uning shaxsi, hayoti tarixi, didi va ehtiroslari madaniyatimizda yashayotgan adabiyot qiyofasiga gʻov boʻlib, yakka hukmron boʻlib turibdi. Tanqid odatda (hozirgacha ham) Bodlerning butun ijodi uning hayotiy noqobilligida, Van Gogning butun ijodi esa uning ruhiy xastaligida, Chaykovskiyning bor ijodi uning illatlarida deb tushunadi, asarning mohiyati har safar uni yaratgan kishi shaxsidan qidiriladi. Goʻyo, oxir-oqibatda, bizga har safar oʻsha-oʻsha odam – muallifning ovozi nozik majoziylik oralab “istigʻfor aytadi”.

 

* * *

Muallif hukmronligi hozircha juda kuchli (yangi tanqid aksariyat bu hukmronlikni mustahkamlayapti), ammo baʼzi yozuvchilar muallif hukmronligiga putur yetkazishga uringanlari ham shubhasizdir. Fransiyada Mallarme birinchilardan boʻlib, tilni til egasi deb hisoblangan kishining oʻrniga qoʻyish zaruriyati tugʻilganini oldindan koʻra oldi. Mallarme soʻzlayotgan muallif emas, tilning oʻzi, deb faraz qiladi (uning bu farazi bizning hozirgi tasavvurlarimizga mos keladi), yozuv azaldan xususiyatlarga ega boʻlmagan faoliyatdir (mazkur qiyofasizlikni realist yozuvchining bemaʼnilashtiruvchi xolisligi bilan adashtirmaslik kerak). Bu faoliyat “men” emas, balki tilning oʻzi harakat qilishiga, “performatsiya” qilishiga imkon beradi, Mallarme poetikasining bor mohiyati muallifni yoʻq qilish, uni yozuvga almashtirishdan iborat. Bu esa biz amin boʻlganimizdek, oʻquvchining huquqlarini tiklash demakdir. “Men” ruhiy nazariyasi bilan qoʻl-oyogʻi bogʻlangan Valeri Mallarme gʻoyalarini ancha yumshatdi, lekin u oʻzining klassik didi sababli ritorika saboqlariga murojaat qildi, shu bois tinimsiz ravishda muallifni shubha va kulgiga duchor qildi, Mallarme faoliyatining sof tilga oid va goʻyo “bexoslik”, “tasodifiy” tabiatini taʼkid qilib, oʻzining barcha nasriy kitoblarida adabiyotning mohiyati soʻzda ekanligini, yozuvchining ruhiy hayotiga ishoralar bidʼatdan oʻzga narsa emasligini tan olishni talab qildi. Hatto Prust, oʻzining qalb tahlili deb ataluvchi psixologizmida tafsilotlarni – yozuvchi va uning personajlari oʻrtasidagi munosabatlarni imkon boricha murakkablashtirishni oʻziga vazifa etib qoʻydi. Murakkablashtirish esa ruhiyatga behad chuqur kirish hisobiga amalga oshadi. Prust biron voqeani koʻrgan va boshidan kechirgan, hatto yozayotgan kishini emas, yozmoqchi boʻlgan kishini hikoya qiluvchi etib tanladi va shu bilan zamonaviy matn epopeyasini yaratdi. Uning romanidagi yosh yigit yozishni istaydi, lekin bu ishni boshlay olmaydi, roman, nihoyat, yozish imkoni tugʻilgan pallada tugaydi. Bu yigitning necha yoshdaligi, kim ekanligi ahamiyatsiz. Prust tub burilish yasadi: romanida oʻz hayotini tasvirlash oʻrniga u oʻz hayotini oʻzining kitobidan andoza olgan adabiy asarga aylantirdi. Endi bizga shunisi ayonki, Sharlyu Monteskyudan koʻchirib olingan emas, aksincha, Monteskyu oʻzining real-tarixiy harakatlarida faqat Sharlyudan hosil qilingan parcha, qism yoki boʻlakni ifodalaydi. Bizning oʻtmishdoshlarimiz qatorida syurrealizm oxirgi boʻlib turibdi; albatta, u tilning hukmronligini tan olmasligi mumkin emas, chunki til butun bir tizimdir, shu asno bu harakatning maqsadi romantizm ruhida boʻlgani singari har qanday kodlarni bevosita vayron qilish edi. Maqsad amalga oshirib boʻlmaydigan darajada xayoliy, chunki kodni buzib boʻlmaydi, undan faqat oʻz manfaati yoʻlida foydalanish mumkin. Biroq syurrealizm hamisha kutilgan mazmunni keskin ravishda buzishga chaqiradi (bu oʻsha koʻklarga koʻtarib maqtalgan “mazmunga yangi libos kiygazish” usuli). Syurrealizm qoʻl imkon boricha tezroq, hatto aql oʻylashga ham ulgurmagan narsalarni yozishini talab qiladi (bu gʻayriixtiyoriy matndir), u, asosan, guruh tomonidan yozilgan matnni qabul qildi, shunday matnni amalda qoʻlladi va shu bilan muallif obrazini anʼanaviylikdan yiroqlashtirish ishiga oʻz hissasini qoʻshdi. Nihoyat, zamonaviy lingvistika muallif shaxsini hozirgi adabiyot (hozir bu kabi ajratishlarning umri tugab bormoqda) doirasidan tashqarida tahlil etish va vayron qilish uchun qimmatli qurol berdi. Zamonaviy lingvistika shu kabi mulohazalar puch jarayon ekanini, oʻz-oʻzidan sodir boʻlishini, shunday ekan, uni soʻzlovchining shaxsiga doir mazmun bilan toʻldirishning hojati yoʻqligini koʻrsatib berdi. Lingvistika nuqtai nazariga koʻra, muallif faqat yozayotgan kishi, xolos. Xuddi shuningdek, “men” – “men” degan odamdir; til “shaxs”ni emas, “subʼyekt”ni biladi. Tilning bor imkoniyatlarini tugatish uchun nutq aktining ichida ifoda etilmaydigan va nutq aktidan tashqarida hech qanday mazmunga ega boʻlmaydigan bu subʼyektning butun tilni oʻz ichiga “sigʻdirish”i yetarli.

 

* * *

Muallifni yoʻq qilish bu – shunchaki tarixiy fakt yoki yozuvning kuchi emas: bu bilan butun bir zamonaviy matn tubdan oʻzgarib ketadi. Hozir matn shu tarzda tuziladi va oʻqiladiki, muallif matnning barcha bosqichlarida yoʻq qilib yuboriladi (bu yerda Bartold Brextga ergashib, haqiqiy “begonalashuv” haqida gapirish mumkin – muallif adabiy “sahna”ning eng ichkarisidagi jimit odamcha kabi jisman kichiklashib ketadi). Avvalo, vaqt bilan bogʻliq istiqbol oʻzgacha boʻlib qoldi. Muallifga ishonuvchilar uchun muallif hamisha oʻzining kitobiga nisbatan oʻtmishda, oʻtgan zamonda fikrlaydi, kitob va muallif avval va keyin oʻrtasini moʻljal qilib olgan umumiy oʻqda joylashadi. Muallif kitobni xayolida koʻtarib yuradi, yaʼni fikrlaydi, iztirob chekadi, kitobi uchun yashaydi, goʻyo ota oʻz farzandidan avval dunyoga kelib, keyin uni yaratgandek, oʻz asarini dunyoga keltiradi. Zamonaviy skriptorga[2] kelsak, u yozuv bilan bir vaqtda tugʻiladi, u yozuvdan tashqarida mavjud emas, yozuvdan avval ham mavjud emas edi, u kitobi oʻziga nisbatan predikat[3] boʻladigan subʼyekt emas, u faqat birgina vaqtda – nutqiy akt vaqtida qoladi, har qanday matn hamisha shu yerda va hozir yoziladi. Buning oqibati (yoki sababi) sifatida yozmoq feʼlining mazmuni endilikda biron-bir narsani yoki voqelikni qayd etish, tasvirlash, “chizish” (xuddi mumtoz adabiyot vakillari aytgandek)dan emas, balki lingvistlar Oksford maktabi faylasuflariga ergashib aytgandek, performativdan iborat. Tilda shunday bir noyob feʼl shakli borki, u faqat hozirgi zamon birinchi shaxsida qoʻllaniladi, bunda soʻzlash akti oʻz ichiga ushbu aktning oʻzidan tashqari, boshqacha mazmun yoki boshqacha fikrni oladi. Masalan, shu bilan shoh nomidan eʼlon qilaman yoki qadimiy shoir tilidan kuylayman kabi. Binobarin, zamonaviy skriptor muallifni oʻldirgach, bundan buyon oʻzidan oldin oʻtganlar, yaʼni oʻtmishdoshlarining hayajonli qarashlariga binoan, qoʻli fikr yoki ehtirosning ortidan ulgurolmayapti, deb oʻylolmaydi. Agar shunday boʻlsa, u mazkur qismatni qabul qilayotib, bu ortda qolishni oʻzi taʼkidlashi va asarining shaklini toʻxtovsiz ravishda “pardozlashi” zarur. Agar aksincha boʻlsa, uning qoʻli ovoz bilan har qanday aloqani yoʻqotib, bor-yoʻgʻi, chizma (tasviriy emas) harakatlarini bajaradi va dastlabki, boshlangʻich nuqtasi boʻlmagan belgili qandaydir maydonni chizadi. Har holda, bu maydon faqat shunday tildan boshlanadi, u esa boshlangʻich nuqta haqidagi har qanday tasavvurni tinmay shubha ostiga qoʻymoqda.

 

* * *

Endi biz bilamizki, matn yagona, goʻyoki ilohiy (teologik) mazmunni ifodalaydigan soʻzlar zanjiri (Xudo-muallifning “xabari”) emas, koʻp oʻlchamli hududdan iborat. Bu hududda yozuvning turli shakl va koʻrinishlari uygʻunlashadi va bir-biri bilan bahsga kirishadi, ularning hech biri boshlangʻich yozuv boʻlmaydi, matn minglab madaniy manbalarga ishora qiluvchi iqtiboslardan toʻqiladi. Yozuvchi ham buyuk, ham kulgili boʻlgan oʻsha abadiy nusxa koʻchiruvchilar – Buvar va Pekyushega oʻxshaydi. Bu ikkovining kulgililigi ayni yozuv haqiqatidan darak beradi; u avval yozilganlarga va koʻp martalab yozilganlarga taqlid qila oladi, uning ixtiyorida faqat yozuvlarning birontasiga ham tayanmay turib bir-biriga qorishtirish bor, xolos. Agar u oʻzini ifodalab bermoqchi boʻlsa, oʻzi “etkazmoqchi” boʻlgan ichki “mohiyati” tayyor lugʻatdan boshqa narsa emasligini bilib qoʻyishi lozim. Bu lugʻatda soʻzlar boshqa bir soʻzlar yordamida tushuntiriladi va bu abadiy davom etaveradi. Agar yaqqol misol kerak boʻlsa, yosh Tomas de Kvinsini keltirish mumkin. Bodlerning soʻzlariga koʻra, u yunon tilini oʻrganishda shu qadar muvaffaqiyatga erishdiki, ushbu oʻlik tilda zamonaviy fikrlar va obrazlarni yetkazib berish uchun “oʻziga shaxsiy lugʻat yaratib oldi, bu lugʻat sof adabiy tarjimalar uchun oʻrtamiyona hafsala asos boʻlib xizmat qiladigan lugʻatlardan kattaroq va murakkabroq edi” (“Sunʼiy jannat”). Muallifning oʻrniga kelgan skriptor oʻzida ehtiros, kayfiyat, hissiyot yoki taassurotlar emas, faqatgina ulkan lugʻatni eltadi, bu lugʻatdan toʻxtash nimaligini bilmaydigan yozuvni hosil qiladi. Hayot – kitobga taqlid, xolos, kitob esa belgilardan toʻqilgan, uning oʻzi unutilgan nimagadir taqlid qiladi va bu cheksiz davom etaveradi.

 

* * *

Muallif yoʻq qilingan ekan, demak, matnning “maʼnosini anglash” (“rasshifrovka” qilish) uchun qilingan har qanday urinishlar tamomila behudadir. Matnga Mualliflikni berish bu matnni toʻxtatish, unga yakuniy mazmun berish, yozuvni boʻgʻish demakdir. Bunday qarash asarda Muallifni topishni oʻzining eng muhim vazifasi deb hisoblaydigan tanqidni (yoki uning jamiyat, tarix, qalb, erkinlik kabi turli koʻrinishlarini) toʻla qoniqtiradi. Agar Muallif topilsa, demak, matn “tushuntirilgan” boʻladi va tanqidchi gʻalaba qozonadi. Shuning uchun muallifning hukmronligi tarixan Tanqidchining ham hukmronligi boʻlganligi, shuningdek, hozirda Muallif bilan bir vaqtda tanqidga ham (hatto yangisiga ham) putur yetgani maʼlum boʻlib qoldi. Darhaqiqat, koʻp oʻlchamli yozuvda hamma narsani oydinlashtirishga toʻgʻri keladi, lekin maʼnosini anglashning hojati yoʻq, tuzilmaning barcha darajalarida va qaytariqlarida uni tuzatish, “tortish” (xuddi uzun paypoqning soʻtilib ketgan iplarini tortib tuzatgandek) mumkin, lekin uning tubiga yetib boʻlmaydi. Yozuv hududi bizga yorib oʻtish uchun emas, yurib, bosib oʻtish uchun berilgan, yozuv hamisha mazmunni tugʻdiradi, lekin oʻzi shu zahoti gʻoyib boʻlib ketadi, mazmun esa muttasil ravishda erkinlashib boradi. Shu bilan adabiyot (bundan buyon yozuv deyish toʻgʻriroq boʻlardi), matnda biron-bir “sir”, yaʼni tugal mazmun borligini eʼtirof etishni rad qilarkan, oʻz faoliyatining mohiyatiga koʻra aksililohiy (kontrteologik), inqilobiy erkinlikni kashf etadi. Chunki mazmun oqimini toʻxtatmaslik – oxir-oqibatda, Xudoning borligini va jamiyatdagi oqilona tartib, fan, qonunning mavjudligini inkor etish demakdir.

 

* * *

Balzak yozgan satrlarga qaytamiz. Soʻzlarni hech kim (yaʼni hech bir “shaxs”) aytayotgani yoʻq: agar uning manbai va ovozi boʻlsa, bu manba va ovoz yozuvda emas, balki oʻqish jarayonida mavjuddir. Buni anglashga gʻoyat oddiy bir oʻxshashlik yordam beradi. Soʻnggi paytlardagi tadqiqotlarda (J. P. Vernan) yunon tragediyalarida asosiy deb hisoblangan ikki maʼnolilik koʻrinmoqda. Yunon tragediyalarida matn ikki xil mazmunga ega boʻlgan soʻzlardan toʻqiladi, ishtirok etuvchilarning har biri soʻzlarni bir tomonlama tushunadi (“fojiaviylik” aynan shu doimiy anglashilmovchilikdan iborat); biroq shunday bir kimsa borki, u har bir soʻzni ikki xil maʼnosi bilan birgalikda eshitadi, u hatto asar ishtirokchilarining oʻzlariga qarab soʻzlayotgan qahramonning ogʻzidan chiqayotgan, lekin u eshitmayotgan va tushunmayotgan gaplarni ham eshitadi. Bu “kimsa” – oʻquvchi (yoki tinglovchi). Yozuvning tugal mohiyati mana shunday namoyon boʻladi: matn turli madaniyatlardan kelib chiquvchi va bir-biri bilan dialog, parodiya, bahs munosabatlariga kirishuvchi har xil yozuvlardan tuziladi. Ammo bu koʻp sonlilik maʼlum bir nuqtada jamlanadi. Bu nuqta shu paytgacha taʼkidlab kelishganidek, muallif emas, balki oʻquvchidir. Oʻquvchi – bu tarixsiz, tarjimai holsiz, ruhiyatsiz odamdir, u yozma matn hosil qiluvchi barcha chizgilarni bir butun qilib jamlaydigan kimsa, xolos. Shuning uchun eng yangi matn yozuvlarini oʻzini riyokorona tarzda inson huquqlari uchun kurashchi qilib koʻrsatuvchi qandaydir gumanizm yoʻlida ayblashga urinish kulgilidir. Klassik mulohazaga asoslangan tanqidning hech qachon oʻquvchi bilan ishi boʻlmagan, uning uchun adabiyotda faqat yozadigan shaxs bor edi, xolos. Endi bizni bu kabi antifrazis[4] bilan alday olmaydilar. Muhtaram jamiyat oʻzi siqib tashlayotgan, inkor qilayotgan, yanchib tashlayotgan va yoʻq qilayotgan narsani oliyjanob gʻazab bilan, istehzoli soʻzlar vositasida himoya qilmoqda. Endi biz bilamizki, yozuvning kelajagini taʼminlash uchun yozuv haqidagi afsonalarni itqitib tashlash kerak – oʻquvchining tugʻilishi uchun muallif oʻlimi bilan haq toʻlashga toʻgʻri keladi.

 

Rus tilidan Risolat HAYDAROVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

 


[1]Pozitivizm – hamma haqiqiy, pozitiv bilimlar aniq bir fanlarning mahsulidir, falsafa bunday bilimlarni bera olmaydi, degan qarashga asoslanadi.

[2] Skriptor – (ingl.) yozayotgan, yozadigan kishi maʼnosida.

[3] Predikat – mantiqda muhokama predmetini, yaʼni subʼyektini aniqlovchi tushuncha.

[4] Antifrazis  – qarama-qarshi, istehzoli maʼnolarda ishlatilgan soʻz.       

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.