Mohiyati oʻzgargan tanqid

0
1201
marta koʻrilgan.

Yil mobaynida adabiyotning mohiyati, rivojlanish omillari, asar tabiati, til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi masalalarga bagʻishlangan qator asarlar nashr qilindi. Bir yilda chop etilgan kitoblar koʻpligi bois ularning barchasiga toʻxtalishning imkoni yoʻq. Shu sabab ulardagi yetakchi tamoyillarni tasniflashga va mazkur tasnif asosida ish koʻrishga intilamiz.

  1. Adabiyotning nazariy masalalari muhokama etilgan asarlar. Bular Nurboy Jabborovning “Zamon. Mezon. Sheʼriyat”, Uzoq Joʻraqulovning “Nazariy poetika masalalari”, Mashhura Sheraliyevaning “Boburning andishasi”, “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” kitoblaridir.

2013–2014 yillarda “Sharq yulduzi” jurnalida uyushtirilgan davra suhbati bir yerga jamlangan “Istiqlol. Adabiyot. Tanqid” toʻplami ikki yirik boʻlimdan iborat. “Yangi avlod ovozi” nomli ilk qismda turli avlodga mansub adabiyotshunos munaqqidlarning Istiqlol davri oʻzbek adabiyotining qiyofasi, suv ichayotgan ildizi, mazmuni, koʻzlayotgan maqsadiyu oldiga qoʻygan vazifalari haqidagi fikrlar oʻrin olgan. Adabiyotni harakatlantirgan prinsiplar, ijod erkinligi, adabiy oqimlar, postmodernizm, ijodkor burchi borasidagi savollarga Ibrohim Gʻafurov, Umarali Normatov, Hamidulla Boltaboyev, Qozoqboy Yoʻldoshev, Shuhrat Rizayev, Dilmurod Quronov, Islom Yoqubov kabi qator munaqqid, ijodkorlar javob berishgan. Berilgan javoblar istiqlol davri oʻzbek adabiyotining yaxlit suratini chizadi. Bu suratda yorqin, yoqimli ranglar bilan bir qatorda noxush, tussiz ranglar ham borligini aniq misollar yordamida dalillashadi. Suhbatda ishtirok etgan oʻn sakkiz ijodkorning aksariyati adabiy tanqidchilikning hozirgi holatidan qoniqmagan. Aytish mumkinki, bunga eng munosib, asosli va haqqoniy javobni Ibrohim Gʻafurov bergan. Munaqqid adabiy tanqid ahvolidan norozilarga qarata shunday deydi:

“Badiiy adabiyot nuqsonlarini nega tanqidchilar tuzatmaydilar, deb mudom yozgʻirishadi? Oʻz aybini boshqalardan koʻrish va agʻdarish azaldan davom etib keladi. Bu – maʼnaviy ojizlik”. Aslida ham munaqqidning vazifasi muallifning poʻstagini qoqib, asarni tuproqqa qorishtirish emas, balki badiiy asar nafosatini, estetik goʻzalligini anglash va tushuntirishdan iboratdir. “Adabiy tanqid – adabiy ijoding bir turi”. Ijod esa, yaxshi bilamizki, mohiyatan, yaratuvchilikka moyil, buzishga emas. Hamidulla Boltaboyev fikriga koʻra, “Munaqqidning vazifasi oqni oq, qorani qora deyish emas. Qozilik qilish tanqidchiga yarashmaydi”. Koʻplab mulohazalar asosida Behbudiyning “Tanqid saralamoqdir” degan qarashi yotgani esga olinsa, Hamidulla Boltaboyevning fikri qanchalar haqqoniy ekani ayonlashadi. Chindan ham, tanqid aynan saralash, demakdir. Ammo koʻpchilik undan hamon yaralashni kutmoqda. Hamidulla Boltaboyev buning notoʻgʻri ekani, munaqqid adabiy jamoatchilik oldida emas, katta adabiyot, sanʼat asarining azaliy talablari oldidagina masʼuliyatli ekanini taʼkidlaydi. Ibrohim Gʻafurov tanqidchilikning nisbatan sokinligi sababini eski tanqid tugagani, yangisi boshlanmagani va bunday mutaxassislarni hech bir oliy oʻquv yurtlari tayyorlamayotganida koʻradi. Adabiyotshunos olim yangi zamonda tanqid oʻrnini tadqiqotchi egallaydi va bu tabiiy, har bir tadqiqot ichida va zamirida tanqid boʻladi, deb hisoblaydi. Munaqqid Qozoqboy Yoʻldoshev bu haqda: “Endi tanqidchilik tomonidan saviyasi oʻta past bitikni doʻpposlashga sarflanadigan ilmiy kuch boshqa bir tuzuk asarning sharhiga sarflangani maʼqulligi anglab yetildi”, deydi. Umuman, mazkur toʻplam adabiyot va adabiyotshunoslikning qatʼiy yoʻnalishi, talablari hali oxiriga yetmagan hozirgi davrning dolzarb adabiy muammolarini oʻrganishi bilan alohida qiymat kasb etadi.

Nurboy Jabborovning “Zamon. Mezon. Sheʼriyat” toʻplami bir jihati bilan eʼtiborni tortadi. Muallif Abdulla Oripov, Erkin Vohidov kabi azim chinorlardan tortib endi oyoqqa turayotgan Yulduz Zoirova, Dilrabo Norqulova, Mehrinoz Abbosova kabi yosh isteʼdodlar ijodini ham nazardan chetda qoldirmaydi. Bu milliy sheʼriyatimizning taraqqiyot tamoyillarini belgilab olishning eng ishonchli va samarali yoʻli ekanini taʼkidlaydi. Shu bilan birga barcha asarlarni nazmbozlikni poeziyadan ajratib turuvchi bosh mezon – isteʼdod qarichida oʻlchaydi. Adabiyot millatning orzu-ideallarini ifodalaydi, deb hisoblagan muallif, xususan, sheʼriyat millatning maʼnaviy qiyofasini koʻrsatishiga urgʻu beradi. Sheʼrlarning poetik til meʼyorlari, yuksak tuygʻular, teran mohiyat va bularni ifodalovchi betakror shaklini tahlil vositasida koʻrsatadi. Muallif chinakam munaqqid sifatida asarlarga saralab murojaat qiladi, tanqiddan tubanlariga eʼtibor qaratmaydi. Toʻplamning “Yangi zamon ruhi”, “Ustozlar maktabi – kamolot manbai”, “Sheʼr – koʻngil oynasi”, “Nazm yoʻli ibtidosida”, “Til – milliy, adabiyot – umrbashariy”, “Istiqlol, maʼnaviyat va sheʼriyat haqida suhbatlar” boʻlimlarida milliy sheʼriyatning sirli dunyosi tahlilga tortilgan, poetik manzaralardan nazariy xulosalar chiqarilgan, zamonaviy namunalar mumtoz gʻazallar fonida tekshirilgan. Muallifning barcha bitiklari munaqqidga xos qizgʻin ehtiros, samimiy muhabbat bilan oziqlangan.

Uzoq Joʻraqulovning “Nazariy poetika masalalari” toʻplami ilk satrlaridanoq oʻquvchi aqlini zoʻriqishga majbur qiladi. Olim aytmoqchi boʻlgan fikrini ochiq aytishdan qochish, qatlamlar orasiga yashirish usuliga amal qilgan. Bu usul Alisher Navoiy ijodi tahlilga tortilgan “Xamsa” dostoni haqida gap ketganda oʻzini toʻla oqlagan. “Lison ut-tayr”da xronotop shakllari” – bu mavzu milliy adabiyotshunoslikda ham, jahon adabiyotshunosligida ham oʻrganilmagan. “Badiiy idrok etilgan zamon va makonaro uygʻunlik” nazariyasini dostonga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq etilmagan, zoʻrlab tiqishtirilmagan. Muallifga koʻra, “Lisonut-tayr”da xronotop universal, keng qamrovda namoyon boʻladi. “Lisonut-tayr” xronotopining koʻlami aniq, ammo u oʻzining qamrov doirasi bilan aql chegaralariga sigʻmaydi”, deydi olim. Fikriga dalil sifatida “Aylagach doir toʻquz aflokni, Qosir etti fahmidin idrokni” baytini keltiradi. Tangri bemisl sanʼatining oʻrnagi sifatida toʻqqiz osmonni shu qadar ulugʻ qilib yaratdiki, uning qamrovi oldida inson idroki ojizlik qiladi. Kosmik xronotop haqida esa hatto hozir ham aniq toʻxtamga kelingani yoʻq deydi. Mazkur toʻplam xronotopning nazariy jihatlaridan ham koʻra Navoiy ijodini oʻrganish borasida juda jiddiy, muvaffaqiyatli, akademik mehnat mahsuli boʻlgan. Olim oʻziga qadar qilingan ishlarning birortasini kamsitmagan, har biriga xolis yondashib, tahlil qilgan holda Navoiy ijodini butunlay yangi, kutilmagan tomondan tekshiradi. Hamda yaxlit tizimga solingan, talablari ishlab chiqilgan, baholash mezonlariga ega nazariy tushuncha xronotopning Navoiy ijodini qamrab olabilmasligini zavq aralash hayrat bilan izhor etadi. Baxtin yirik epik asarlarni tekshirishda qoʻllagan nazariy hodisaning Navoiyning birgina bayti doirasida ojiz qolayotganini taʼkidlaydi va xronotopdan toʻla foydalanmay, ayrim qirralaridan foydalanishni maʼqul topadi. “Lisonut-tayr”da xronotop”, “Layli va Majnunda tragik xronotop”, “Xamsa janri muammosiga doir” maqolalari bilan navoiyshunoslikni yana bir rutba koʻtardi. Alisher Navoiy ijodiy dahosi aynan nimada namoyon boʻlishini poetik mezonlar yordamida koʻrsatdi. “Xamsa” dostoniga yaxlit badiiy tizim sifatida qarashni taklif etadi.

Mashhura Sheraliyevaning “Boburning andishasi” nomli kitobi oʻquvchida juda katta taassurot qoldiradi. Kitobdan kinoyaning adabiy-estetik qirralari, A. Aʼzam, I. Sulton, H. Karimlar ijodi, Bobur shaxsi haqidagi maqolalar oʻrin olgan. Toʻplam bilan tanisharkansiz, muallif bir vaqtning oʻzida sovuqqon tadqiqotchi va ehtirosli munaqqid sifatida namoyon boʻladi. Bu jihat uning maqolalariga ilmiy puxtalik, nazariy asoslanganlik, estetik joziba baxsh etgan. Badiiy asarlardagi kinoya tabiatini tadqiq etarkan, hazil singari kulgi uygʻotishga xizmat qilishi, ammo hazilda kulgi barcha uchun, kinoyada esa faqat muallif uchun boʻlishiga eʼtiborni qaratadi. Hamda kinoya obʼyektdagi ziddiyatni muallif munosabati vositasida koʻrsatishini taʼkidlaydi. Toʻplamning ikkinchi boʻlimida muallif butkul boshqa qiyofada namoyon boʻladi. “Quroq” haqida olaquroq qaydlar”, “Boburning andishasi”, “Romanni oʻqib…” bitiklarida hassos qalb qad rostlaydi. Bu lavhalar hech kimni loqayd qoldirmaydi, nekbinlik, biroz tabassum va havas paydo qiladi.

  1. Mumtoz adabiyot muammolariga bagʻishlangan asarlar. Bu asarlar Navoiy ijodi munosib baholanmayotgani, undan tobora uzoqlashib ketilayotganligi haqidagi tashvishlar asossizligini koʻrsatadi. Mumtoz adabiyot muammolari tadqiq etilgan ushbu toʻplamlar Vahob Rahmonning “Mumtoz soʻz sehri”, Bobomurod Eralining “Majoziy muhabbat haqiqatlari” hamda professor Boqijon Toʻxliyev tomonidan tuzib, nashrga tayyorlangan “Navoiy gʻazallari” toʻplamidan iboratdir. Bu uch asarni Navoiy shaxsi, ijodi va faoliyatiga butunlay yangi koʻz bilan qarashga boʻlgan urinish birlashtiradi.

Mumtoz adabiyot tadqiqotchisi Vahob Rahmonovning “Mumtoz soʻz sehri” asaridan matnshunoslikka doir sara maqolalari joy olgan. Toʻplam “Navoiy kitobi uzra muk tushib…”, “Boburshunoslik” hamda “Mumtoz soʻz masʼuliyati” nomli boʻlimlardan tarkib topgan. Ilk boʻlimga Navoiy hayoti va ijodiy merosi, bu borada qilingan ishlar, navoiyshunoslikdagi oʻsish-oʻzgarishga bagʻishlab turli yillarda yozilgan yigirma toʻrt maqola jamlangan. Ularning barchasini Alisher Navoiyga boʻlgan buyuk muhabbat umumlashtirib turadi. Olim oʻzbek mumtoz adabiyotiga qoʻshgan hissacini asosli dalillar bilan isbotlaydi.

Ayniqsa, toʻplamdagi “Navoiy dahosi” maqolasida Vahob Rahmon oʻzbek navoiyshunosligiga xos alohida xususiyatlar, shoir merosining ijtimoiy-estetik hamda badiiy-individual jihatlari haqida juda salmoqli qarashlarni bayon etgan. Umuman, ilk boʻlimdagi maqolalar teran tahlili, asosli fikrlari, original yondashuvi, ilmiy qarashlari, mantiqiy umumlashmalari bilan oʻquvchi diqqatini tortadi.

Bobomurod Eralining “Majoziy muhabbat haqiqatlari” toʻplami ham hazrat Navoiyni ulugʻlovchi, milliy tilimiz, adabiyotimiz shaʼnini yuksaltirganini dalillovchi betakror tahlillardan iborat. Bobomurod Erali koʻplab adabiyotshunoslar qoʻl urgan “Xamsa” tarkibiga kiruvchi dostonlarni tekshiradi va oʻzigagina xos poetik talqinni taqdim etadi. Umuman, yuqoridagi asarlar hamda professor Boqijon Toʻxliyev tomonidan tuzib, nashrga tayyorlangan “Navoiy gʻazallari” toʻplami Navoiy ijodini oʻrganish, umuman, navoiyshunos boʻlish mushkulligini yana bir bor dalillaydi. Navoiyning bir asarini, Layli va Majnun yoki Farhod va Shirin dostonlarini alohida toʻliq oʻrganish, shu boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlish mumkin. Ammo Navoiyning butun ijodini qamrab, tushunib, tushuntirib berish ancha jiddiy masala. Fikrimizga bugun tahlilga tortilgan asarlarning deyarli barchasida Navoiy ijodiga toʻxtalgani, hazratdan iqtibos keltirilgani, tekshirish tamoyili sifatida biror bayti belgilab olingani dalil boʻla oladi.

  1. Adabiy shaxslarga bagʻishlangan asarlar. Bu guruhga Naim Karimovning “Oybek gulshanidan shabadalar”, Noʻmonjon Rahimjonovning “Qodiriyshunoslik qirralari” kitoblari kiradi. Naim Karimovning oʻn besh maqoladan iborat toʻplamida nafaqat Oybek ijodi, umuman, oybekshunoslik, balki tarixiy taraqqiyotning ichki tendensiyalari, adabiyotning yuksalishidagi asosiy bosqichlar, zamonaviy adabiyotshunoslikning shakllanishiga qoʻyilgan tamal toshlarga ham urgʻu berilgan. Shu oʻrinda munaqqidning hamisha davr bilan hamnafas yurishi, adabiyotda roʻy bergan hodisalarning ijobiylarini qoʻllab-quvvatlashi, salbiylariga esa ayovsiz munosabatda boʻlishini eʼtirof etish lozim. Ustoz Oybek ijodini batafsil tahlilga tortadi, “Qutlugʻ qon”, “Navoiy”, “Ulugʻ yoʻl” kabi nasriy asarlari, “Naʼmatak” singari goʻzal lirik sheʼrlari yozilish tarixidan xabardor qiladi, Oybek shaxsini imkon qadar toʻliq gavdalantirishga intiladi.

Noʻmonjon Rahimjonovning “Qodiriyshunoslik qirralari” nomli toʻplami Abdulla Qodiriy ijodini, qodiriyshunoslik tamoyillarini, rivojlanish bosqichlarini, amal qiluvchi estetik qoliplarini oʻzida jam etgani bilan diqqatga sazovor. Kitobxon shu birgina asar orqali salkam bir asrlik tarixga ega qodiriyshunoslikning yaxlit manzarasini koʻz oldiga keltiradi. Toʻplamdagi “Abdulla Qodiriy va Rauf Parfi”, “Kitob taqdiri (Oʻtkan kunlar)” maqolalari, ayniqsa, “Izzat Sulton – qodiriyshunos” nomli olti maqoladan iborat boʻlimi Abdulla Qodiriy shaxsi va ijodi ahamiyatini anglash, asarlari badiiy mohiyatini tushuntirishdagi oʻrni beqiyosdir. Izzat Sulton ijodini tahlilga tortish asnosida Abdulla Qodiriy fenomenini qadamma-qadam ochib boradi. Shaxs, nosir, shoir, publitsist, ilmga chanqoq olim, mohir tarjimon, dunyo adabiyotining yetuk bilimdoni sifatida kitobxonga tanitib boradi. Noʻmonjon Rahimjonov keltirgan chizgilar, ayniqsa Qodiriyning oqlanishi jarayoni haqidagi tarixiy hujjat esa hech kimni loqayd qoldirmaydi. Ammo shunday ilmiy-nazariy, badiiy jihatdan puxta toʻplamning deyarli har bir sahifasida imlo xatolar koʻp uchraydi, “x” va “h” harflarining aralash qoʻllanilishi esa oʻquvchini ranjitadi. Bunday pala-partishlik, hafsalasizlik muallif va nashriyot xodimlarining mehnatiga jiddiy soya soladi.

Jovli Xushboqning “Gʻaroyib taqdirlar” nomli adabiy maqola, hikoyalar va hajviyalardan tarkib topgan toʻplamining “Adabiy oʻylar” boʻlimida Sobir Oʻnar, Xurshid Doʻstmuhammad, Qoʻchqor Norqobil kabi nosirlar, Usmon Azim, Azim Suyun, Saʼdulla Hakim, Oʻtkir Rahmat kabi shoirlar ijodi tahlilga tortilgan. Maqolalar tili gʻashga tegmaydi, obrazli. Aslida ham ijodkorning mehnatini baholash uchun munaqqidda ijodkorning didi, salohiyati boʻlishi lozim. Kitoblar tili raso boʻlishi, ming yillik tilimiz tarovatini aks ettirish uchun mualliflar ham, muharrirlar ham masʼuliyatni hamisha yodda tutishlari lozim. Muallif “Satrlarga qaymoq surkalganmi, uning taʼmi kayfiyatingizni yanayam koʻtarib, beixtiyor labingiz qimtinib qoʻyadi, yuzingizni yoyilgan tabassum nurlari yorita boshlaydi” kabi obrazli til bilan obʼyekt mohiyatini ochib beradi.

Koʻrinadiki, adabiy tanqid va adabiyotshunoslik borasida avvalgidan koʻproq ish olib borilmoqda. Tanqidchilik, koʻpchilik xavotir olganiday, bir joyda depsinib qolgani yoʻq. U oʻz mohiyatini oʻzgartirdi. Asar va uning muallifini kallaklab tashlaydigan tokqaychisini tashladi, badiiy matngagina tayanish, undangina xulosa chiqarishni afzal koʻrdi, bir asarga qarashlarning xilma-xil boʻlishini tabiiy va zarur ekanini qabul qildi.

 

Muhayyo ISMOILOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.