Mohiyatga eltuvchi yo‘l. Bugungi adabiyotshunoslikka bir nazar

0
23
marta ko‘rilgan.

Dunyo adabiyotshunosligida badiiy asarni tadqiq qilishning turli metodlari bor. Ilmiy fikr bayonida ba’zan juda ko‘p ishlatiluvchi “metod”, “metodologiya”, “metodika” istilohlarining aralashib ketgan hollari ham kuzatiladi. Holbuki, “metod” so‘zi yunoncha bo‘lib, lug‘aviy ma’nosi “biron narsaga borish yo‘li”, istilohiy jihatdan esa “maqsadga erishish usuli, muayyan tarzda tartibga solingan faoliyat” ma’nosini anglatadi. Rus olimi Yu.Borev “metod”ni fikrlash usuli, “metodologiya”ni metod nazariyasi, “metodika”ni metodning xususiy usullar sistemasi tarzida tushuntiradi. Uning fikricha, qo‘llanilayotgan nazariya bilan kuzatilayotgan ob’yekt orasida uyg‘un  holat bo‘lishi kerak. Metod shu holat-asosni tashkil etadi. Bunda metod fan va voqelik, tahlil va fakt, nazariya va amaliyot, konsepsiya va eksperimental ma’lumotlar oralig‘ini egallaydi. Metod — bilish vositasi. Shu vosita bilan o‘rganilayotgan ob’yekt tafakkurda qayta jonlanadi.

Adabiyotshunoslik tarixida badiiy asarga filologik, estetik, formal, biografik, tarixiy-madaniy, qiyosiy-tarixiy, sotsiologik, tarixiy-genetik, tarixiy-tipologik va boshqa yondashuv usullari keng qo‘llanilgan. Hozirgi davrda dunyo adabiyotshunosligida metodlar ko‘p; ularning salmog‘i ortib, soni yuzga yaqinlashib ham qoldi. Ularning o‘zaro yaqinlarini umumlashtirib muallifga, adabiy matnga, kitobxonga tegishli metodlar sifatida tasniflash mumkin. Adabiyotshunoslik metodlaridan birontasiga ortiqcha qimmat berish yoki yaqin o‘tmishda bo‘lganidek, “burjua adabiyotshunoslarining metodlari” sifatida o‘rinsiz kamsitish to‘g‘ri emas. Har bir metodning o‘z nazariyotchisi, o‘z tarixi, o‘z tadqiqot usuli, o‘z  muxlislari va, ayniqsa, barchaga baravar ob’yekti bor. Bu fakt aslo e’tibordan chetda turmasligi kerak. 

Bugungi o‘zbek adabiyotshunosligida talqin va tahlillar tarixida uch holat kuzatiladi:

1.Adabiy-ilmiy metodlardan birini dunyo adabiyotshunosligidan olib, o‘zbek dabiyoti namunalarini o‘sha qolipga joylashtirish.

2.O‘zbekona adabiy-nazariy qarashlar bilan dunyo adabiyotshunosligidagi talqin prinsiplarini uyg‘unlashtirish.

3.Sharq mumtoz poetikasi mezonlariga tayanish.

Gap bulardan qaysi biri to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, qay biri mahsuldor yoki kammahsulligi haqida emas. Xo‘sh, qaysi bir metod badiiy asar mazmun-mohiyatini deyarli tugal ochib bera oladi? Nega “deyarli”?  Chunki hech bir olim ham, hech qanday metod ham umrboqiy san’at asarini yuz foiz tugal va bekamu ko‘st talqin etish salohiyatiga ega emas. Hatto bebaho san’at asarini bunyod qilgan muallifning o‘zi ham yozgan asari tahlilida ba’zan ojiz qoladi. Chunki ijod psixologiyasiga ko‘ra, muallif o‘z asarini yozgan ruhiy holatdan uzoqlashgani sari  gohida undan begonalashib borishi hamda o‘sha asar adibning ijodiy biografiyasida muayyan tarixga aylanishi ham mumkin.

Bugungi kundagi ayrim tadqiqotlarning “Kirish”ida unda qo‘llanilgan metodlar eslab o‘tilsa-da, tahlilda ularning samarasi sezilmaydi. Buning sababi faqat an’anaviy qoliplarda fikrlash emas, balki yalqovlik ortidan keladigan ilmiy kitoblardan xabarsizlik hamdir. Metodlar mohiyati, tasnifi, talqin prinsiplari, ilmiy-nazariy asoslaridan bexabarlik oqibatida adabiy maqolalarda, ilmiy tadqiqotlarda bir xillik, bir-birlariga o‘xshash va egizak ishlar maydonga keladi. Holbuki, adabiyotshunoslik metodlarini maxsus o‘rganish, shu soha yangiliklarini bilish va ularni tahlil jarayonida qo‘llash har qanday adabiyotshunos uchun juda muhim. Chunki boshqa barcha fan sohalari kabi filologiya ilmi ham aslo yangiliklardan xoli emas. Hozirda struktural analiz, psixoanalitik usul, immanent analiz, sistem tahlil, kontekstual  talqin, ekzistensial yondashuv, lingvopoetika, “yangi tanqid”, germenevtik metod, intertekstuallik, intuitiv metod, mifopoetika, sotsio-genetik metod  va boshqa nazariy  tushunchalarni amaliyotda qo‘llashda dunyo adabiyotshunosligi katta tajribaga ega.  Albatta, o‘z mustaqil dunyoqarashiga,   o‘z aytar so‘ziga ega adabiyotshunos  bunday an’anaviy va yangi metodlarni puxta o‘rganishi, milliy tafakkuri chig‘irig‘idan o‘tkazishi hamda sintezlab o‘zlashtirishi shart.

Ingliz faylasufi F.Bekon fikricha, umumiy metodlar ilmiy-falsafiy bilishga tatbiqan uch qismga bo‘linadi:

1.O‘rgimchak yo‘li — usuli. Faqat aqliy tafakkurga tayanadiganlar, o‘rgimchakka o‘xshab, “o‘z aqllaridan fikr tolalarini to‘qib chiqaradi”. Oqillik yetakchilik qiladigan bu usulda olimlar o‘zi uchun o‘zi qoidalar yasab oladilar.

2.Chumoli yo‘li — usuli. Tajribani xush ko‘radigan tafakkur egalari chumoliga o‘xshab faktlar jamlaydi va shu bilan qanoatlanadi. Ko‘pincha tashqi omillarga e’tibor beradi; topganini aralashtirib “qozon”ga tashlaydi.

3.Asalari yo‘li — usuli. Go‘yo “bog‘ va dala gullaridan manbalar saralab oladigan”, o‘z qobiliyati asosida o‘sha manbalarni tafakkurida qayta ishlab o‘zlashtiradigan “asalari” usuli    tarafdorlari tajriba bilan   aql-idrokni uyg‘unlashtiradilar. 

Shu jihatdan bugungi adabiy-ilmiy hayotga nazar solinsa, “asalari usuli”ga zarurat kuchli ekani, “chumoli”ning ko‘proq ommaga xosligi va “o‘rgimchak” yo‘li tanqidga uchrashi ham mumkinligi ma’lum bo‘ladi.

Bugun o‘zbek adabiyotshunosligida dunyo tajribasidan o‘rganilayotgan bir necha metodlar ibtidosi kuzatiladi. Ularga nisbiylik xos; birortasiga o‘zgarmas va haqqoniy metod sifatida qarab bo‘lmaydi. Har birida yutuq, badiiy asarning qaysidir jihatini ochib beradigan kalit bor. Ayni damda istagan kishi ulardan nuqson va kamchiliklar topa oladi.

Zahmatkash olim dunyo adabiyotshunosligida mavjud barcha metodlarni o‘rganishi lozim. Zaruratga ko‘ra, yangi metodlarning talqin prinsiplari sistemasi ishlab chiqilishi va ularga mos nom qo‘yilishi shart. Jahon adabiyotshunosligida ko‘rilmagan, Sharq adabiyotshunosligida qo‘llangan, ehtimol, o‘arb adabiyotshunoslarida zarurati bo‘lmagan badiiy asarga o‘ziga xos yondashuv usullarini ham dadil ilmga olib kirish — sahnaga olib chiqish, hodisaga mos ilmiy termin hamda tushunchalarni o‘rtaga tashlash lozim.

To‘g‘risi, mustabid tuzum zamonida o‘zbek adabiyoti ba’zan o‘z mazmuniga mos tadqiq usullari asosida o‘rganilmadi. Bu imkonsiz ham edi. Vaholanki, o‘zbek adabiyoti, umuman, Sharq adabiyoti tarixida shunday adabiy durdonalar borki, tasavvuf falsafasisiz, ayni damda, Qur’oni karim oyatlari va hadisi sharif hikmatlarini talqin jarayoniga tatbiq qilmasdan ulardagi poetik obrazlar hamda asl mohiyatni tugal ochib berib bo‘lmaydi.

Mumtoz she’riyatdagi “yor”, “oshiq”, “may”, “sharob”, “soqiy”, “jom” kabi o‘nlab obrazlar tasavvufiy istilohlar bilan izohlanadi. Zotan, mumtoz adabiyotga bunday yondashuvlar istiqlol yillaridagi adabiy-nazariy maqola, ayrim risola va monogra­fiya­larda yangi adabiy-tadqiqiy hodisa, aynan adabiyotshunoslik metodining bir turi sifatida kuzatiladi. Shu e’tibordan “o‘oyiblar xaylidan yongan chiroqlar”(mualliflar jamoasi), “Hazrat-i Navoiyning ma’naviy olami”(A.Rustamiy), “Tafakkur karvonlari”(N.Komilov), “Tasavvuf va she’riyat”(I. Haqqul), “Mumtoz adabiyotda diniy-ma’rifiy mavzular”, (B.Jalilov), “Qur’on baxsh etgan ilhom” (D.Qambarova), “Qur’oni karim va o‘zbek adabiyoti”(H.Karomatov), “Ishq, oshiq, ma’shuqa”(S.Olim), “Jozib   izhor izlab”(T.Shermurodov), “Alisher Navoiy “Xamsa”sida xronotop poetikasi”(U.Jo‘raqulov), “Majoziy muhabbat haqiqatlari” (B.Eraliyev) va boshqa ko‘plab kitoblar maydonga keldi. Meningcha, mumtoz asarlarni bunday yangicha usulda o‘rganish hodisasini maxsus istiloh bilan atash, unga aniq nom qo‘yish davri yetildi. Deylik, ularni umumiy nom ostida “diniy-tasavvufiy tahlil metodi”  istilohi bilan atash o‘rinlidir.

Umuman, bugungi o‘zbek adabiyotshunosligi Sharq adabiyotshunosligi    tarixidagi adabiy mezonlar bilan jahon ilm-fanidagi samarali usullarni uyg‘unlashtirgan — sintez     qilgan holda taraqqiy etishi mumkin.

Bugungi adabiy hayotda badiiy asarlar  talqinida chizma va jadvalchilik usuli ham bor. Shular orasiga qaysi bir o‘rinda o‘zimni ham qo‘shaman (“Koordinatlar tekisligidagi uch hikoya” maqolasi). Biroq bu tajriba va     mashqlar dunyo adabiyotshunosligidagi struktural tahlil metodidan farq qiladi. Chunki Yu.Lotman bilan    R.Bartga tegishli struktural metodga doir tadqiqotlar tajribaviy bosqichdan yuksalib, muayyan maktab holiga kelgan, albatta.

Istisno bir gap shuki, agar chizmalar muallifning o‘ziga tegishli original ijod namunasi bo‘lib, davom ettirilsa yoki boshqalarga saboq bersa va  badiiy asarni tushunishni osonlashtirsa – bunda nur ustiga nur. Aks holda, chizmalar birov pishirib, damlab qo‘ygan tayyor oshni laganga suzgandek gap.

Bugungi olimlar orasida yana bir “usul” ham bor. Tinimsiz ko‘chirma olish va unga alternativ o‘laroq birovning qarashlarini shaklan o‘zgartirib o‘ziniki sifatida bayon etish “metodi” kuzatiladi, afsus. Biroq adabiy-ilmiy hayotdagi bunday halim plagiat yo‘llari bir kun kelib o‘z egasining bor qiyofasini oshkor qiladi…

Ilmiy yangilikning paydo bo‘lishidek murakkab jarayonni shartli ravishda sistemali tasavvur qilish ham mumkin. Ma’naviyat zahmatkashlari uchun  intuitsiya – ilksezim, ruhsezim muhim. To‘g‘ri, intuitsiya abstrakt va ziddiyatli tushuncha. Tasodifiylik,  kutilmaganlik,  to‘satdan paydo bo‘lish, bir lahzada yilt etib yonib-o‘chish, bu — intuitsiyaga xos xususiyat. Intuitsiya nuri hali shakllanmagan yangi bilim uchun o‘ziga xos, favqulodda yo‘lni yoritib beradi. Bu intuitiv-psixologik sezim real bir predmetga, mavjud ilm yoki adabiy manbaga nisbatan paydo bo‘ladi. Ko‘ngildagi irratsional sezim makoni orqali; uning o‘rni avvalgi qarashlar bilan hali nomlanmagan yangi tushuncha-kashfiyotlar    orasidagi maydon. Ilmiy metod va maktablar taxminan ana shunday intuitiv, irratsional jarayonlardan o‘tib reallashadi, mustahkamlanadi, dunyoga tarqaladi; o‘z tatbiqoti va   tarafdorlarini topadi…

Adabiyotshunosning o‘z talqinlarida qaysi usulni qo‘llashi uning dunyoqarashi va nazariy bilimiga bog‘liq. Har bir ishda aql, tafakkur va tadabbur muhim. Adabiyotshunoslik metodlarini badiiy asar talqiniga tatbiq etayotgan olim shu ichki intuitsiya bilan yo‘l tanlaydi. Badiiy asar mutolaasi va uning talqiniga kirishgan olim safarga chiqqan yo‘lovchiga o‘xshaydi. Yo‘lovchi manzilini taxmin qiladi. Ayni damda, o‘zi uchun eng bexatar, o‘zi biladigan va manzilga eson-omon yetkazadigan yo‘ldan yuradi. Qor bosgan maydonda oyoq izi bo‘lmasa, odam taxminlab, chamalab, o‘ylab, o‘lchab, adashib o‘zi o‘ziga yo‘l ochadi. Birovning izidan ergashib yurish, bu — ancha oson mashg‘ulot. Chinakam adabiyotshunoslar avlodining tavallud topishi, dunyo adabiyotchilari uchun namuna bo‘ladigan maxsus o‘zbek adabiyotshunoslik metodlari va maktablarining maydonga kelishi, bu —  ezgu va bebaho orzu, albatta.

 

Bahodir KARIMOV,

filologiya fanlari doktori

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.