Modernizm: ildiz, mohiyat va belgilar

0
2710
marta koʻrilgan.

Kunbotish oʻlkalaridagi nazariy tipologiyaga koʻra badiiy adabiyot taraqqiyotining tarixi shartli ravishda a) klassik adabiyotgacha boʻlgan bosqich; b) klassik adabiyot bosqichi; v) noklassik adabiyot bosqichi; g) postklassik adabiyot bosqichi singari bosqichlardan iborat ekani qayd etiladi. Agar estetika tarixi va nazariyasida aristotelcha-gegelcha-kantcha yondashuv klassik yoʻnalish deyiladigan boʻlsa, ungacha, yaʼni antik davrgacha boʻlgan bosqichning klassik adabiyotgacha deyilishida mantiq borligi koʻrinadi. Modernizm esa aynan ana shu klassik qarashlardan yuz oʻgirish, uni inkor etish natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan ilmiy-estetik qarashlar tizimi boʻlgan edi. Dastlab modernizm oʻzini eng soʻnggi badiiy-estetik yoʻnalish tarzida taqdim etdi, ammo vaqt bu daʼvo toʻgʻri emasligini, adabiyot va sanʼat hodisalariga yondashish hamda izohlashning shu vaqtgacha boʻlgan barcha yoʻnalishlaridan tamomila farq qiluvchi postklassik bosqichi ham borligini koʻrsatdi.

Juda uzoq yillar mobaynida amalda boʻlib kelgan klassik yoʻnalishning oʻrnini egallagan noklassik falsafiy va badiiy tafakkur tarzining ifodasi boʻlmish modernizm yoʻnalishiga xos yetakchi belgilar nimalardan iborat ekanini aniqlash gʻoyat muhim ilmiy-nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi. Modernizmning nazariy qarashlar tizimi va badiiy amaliyotida aristotelcha-gegelcha-kantcha klassik qarashlarga zid ravishda faqat borliq hodisalari hamda odamning muayyan maqsadga yoʻnaltirilgan faoliyatigina emas, balki insondagi zerikish, siqilish, tushkunlik, qoʻrquv singari anʼanaviy klassik sanʼat eʼtiboridan chetda boʻlgan ruhiy tushuncha va holatlar ham badiiy tasvir obʼyekti maqomiga koʻtarildi; sinkretizm kuchaygani sabab falsafa badiiylashdi, musiqada ohang uygʻunligidan yuz oʻgirildi, tasviriy sanʼatda tashqi oʻxshashlik va shakliy garmoniyadan voz kechildi, adabiyot, teatr va kinoda hayotiy haqqoniylik oʻrniga absurd, noshayin, erotik hamda jirkanch holatlar tasviriga ustuvor maqom berildi. Ayni vaqtda, modernistik sanʼatning yuksak namunalari yaratilib, ular XX asr estetik tafakkurining oʻziga xos klassikasi boʻlib qoldi. Negaki, har bir modern asar oldindan puxta oʻylab olingan qonun-qoidalar, talabu tartiblar asosida yaratildi. Hatto, har qanday azaliy qolipu tartiblarning inkori oʻlaroq dunyoga kelgan asarlarda ham muayyan ichki badiiy-estetik intizom mavjud edi.

Modernizm – falsafa, sanʼat va adabiyot sohasidagi noklassik qarashlar tizimini umumlashtiruvchi atama. Kunbotish mamlakatlarida 19 asrning soʻnggi choragida yuzaga kelgan va fransuzcha “eng yangi”, “zamonaviy” maʼnolarini anglatuvchi modernizm oʻzini oʻsha zamon hamda kelajakdagi yagona haqiqiy estetik va falsafiy yoʻnalish hisoblab, olamni falsafiy hamda badiiy idrok etish, izohlash va tasvirlash borasida mavjud boʻlgan anʼanaviy yondashuvlarni inkor qilishi bilan ajralib turadi. Modernizm olam hodisalari va odamga munosabat, ulardagi turli-tuman holatlarni izohlash hamda tasvirlashda oʻziga xoslikka intilib, klassik yondashuv yoʻsinini inkor etish yoʻlidan borgan gʻoyat koʻp tarmoqli falsafiy-estetik hodisadir.

Modernizm klassik falsafadagi sanʼatga real voqelikning inʼikosi tarzida qarashdan voz kechib, borliqqa qatʼiy bogʻlanib qolish sanʼatkorni cheklab qoʻyadi, u oʻz oʻyu xayollari bilan voqelikdan tashqarida turganida koʻproq ijodiy imkoniyatga ega boʻladi deb qaraydi. Realistik nazariya sanʼatning yagona obʼyekti borliq deb bilgani sababli ham undan yuz oʻgirish kerak deb hisoblaydi. Sanʼat borliqning nusxasi emas, balki uning oʻzi alohida mustaqil borliq deb biladi. Modernistik adabiyot va sanʼatning barcha yoʻnalishlarda yaratilgan asarlarda unga qadar qoʻllanib kelingan anʼanaviy badiiy vosita va usullar yo butunlay inkor qilinadi, yoxud ulardan tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgartirilgan holda foydalaniladi.

Maʼlumki, sanʼat va adabiyotdagi klassik qarashlar tizimi sharoitida badiiy yaratiqning aqlga muvofiqligi (ratsionallik), ijodiy tajriba davomida shakllangan badiiy qoliplarga rioya qilishi (normativlik), tasvir vosita va unsurlari orasida uygʻunlikning mavjudligi (garmoniya), badiiy ifodaning aniq, oson va bir xil tushuniladigan boʻlishi, kompozitsiyaning formal insoniy mantiqqa muvofiq qurilishi, har qanday badiiy asarning real hayotga muvofiq keladigan yoʻsindagi muayyan taxminiy sxematik modelga egaligi, idealni tasvirlash kerakligi, tilning oddiy soʻzlashuv nutqidan farq qiladigan tarzda silliqlangan boʻlishi lozimligi singari talablar qoʻyilar edi. Badiiy ijodni muayyan talablarga boʻysundiradigan bunday klassik yondashuvlarga isyon oʻlaroq yuzaga kelgan modernizm turli-tuman koʻrinishlarga ega serqatlam falsafiy-estetik qarashlar tizimidan iborat boʻlib, bu yoʻnalishdagi izlanishlar jamiyat hayotida keskin toʻntarishlar hamda qaltis kataklizmlar yuz bergan sharoitda, ayniqsa, kuchayadi. Negaki, inson ijtimoiy turmushidagi keskin chayqalishlar uning tuygʻularini muvozanatdan chiqarib, taʼsirlanish va bu taʼsirni ifodalash yoʻsinlariga tahrir kiritadi, qarashlar tizimini oʻzgartirib yuboradi. Bu oʻzgarishlar esa odamning badiiy didini yangilaydi.

Modernizmning akmeizm, simvolizm, dadaizm, futurizm, imajinizm, syurrealizm, ekspressionizm, fovizm, shoizm, suprematizm, absurd kabi oqimlari turli ijtimoiy-maʼnaviy qalqishlar davrida yuzaga kelib, badiiy adabiyotda yorqin namoyon boʻlgan yoʻnalishlardir. Taʼkidlash kerakki, agar oldinlari bu xildagi ijtimoiy-axloqiy silkinishlar bashariyat uchun har zamonda yuz beradigan tasodifiy holat hisoblangan boʻlsa, endilikda tobora doimiylik kasb etib bormoqda.

Modernistik hissiy-intellektual yondashuvga koʻra hayot hamisha tartibsiz va beboshvoq; inson tirikligining tiyiqsiz va tayinsizligi odamning hayotdan oʻz oʻrnini topolmay yolgʻizlanib qolishiga olib keladi; insonning hayoti yechimi hech qachon topilmaydigan ziddiyatlardan iboratdir. Bunday kayfiyat modernchi ijodkorlarda sanʼat hayotga ijobiy taʼsir koʻrsatib, unga tartib va maʼno baxsh eta olmaydi degan umidsiz toʻxtam shakllanishiga sabab boʻladi. “Sanʼat sanʼat uchun” chaqirigʻi modernistik yoʻnalishdagi barcha adabiy oqimlarning asosiy shiori ekanining boisi shunda. Hamonki, sanʼat asari ijtimoiy borliqni oʻzgartirish va unga muayyan tartib berishga qodir emas ekan, hayot va uning muammolarini aks ettirishdan maʼno yoʻq deb qaraldi. Shuning uchun modernizmda koʻproq badiiy yaratiqning ifodaviy jihatlariga eʼtibor qaratilib, obʼyektiv olam hodisalari va unda qatnashadigan timsollarni tasvirlashdan koʻra obʼyektiv dunyo toʻgʻrisidagi subʼyektiv taassurotlarni, ongosti impulslarning oʻyinlarini aks ettirish muhimroq sanaladi. Bu xil yondashuv sanʼat va adabiyotga hech kim va hech narsa oldida burchli boʻlmagan idtimoiy-estetik fenomen tarzida qarash imkonini beradi.

Modernizm oʻzining ilmiy-nazariy asosi sifatida F. Nitsshening menchilik (individualistik) falsafasiga tayangan boʻlsa, badiiy ijod mohiyatini tushunish va izohlashda Z. Freydning psixoanalitik qarashlariga suyanadi.

F. Nitsshening menchilik falsafasiga koʻra jamiyat hamisha shaxsga qarshi turadi, individ va uning manfaatlari jamiyat tomonidan doim kamsitiladi, axloq va qonun koʻpchilik tomonidan alohida shaxsning erkini zanjirband qilish uchun oʻylab topilgan ijtimoiy-etik boʻgʻovlardir. Demak, jamiyat mavjudligining oʻzi bilan alohida shaxsning erkiga daxl qiladi, uning oʻylari, tuygʻulari va amallarini cheklashga urinadi. Holbuki, odam hech qanday sababga koʻra oʻz istaklarini jilovlamasligi kerak. Insonni suyish, yaʼni gumanizm shuni taqozo etadi. Insonparvarlik darajasi shaxsga berilgan erk miqyosi bilan oʻlchanadi.

Odam ruhiyatidagi turli-tuman ogʻishlar jarayonini sinchiklab oʻrgangan Freyd insonda sodir boʻladigan juda koʻpchilik intellektual-ruhiy munosabat (reaksiya)lar uning ongiga bogʻliq emas, odamning “men”i tabiiy ravishda hamisha koʻngilsizliklardan nariroq boʻlib, imkon boricha koʻproq lazzat olib qolishga moyil degan xulosaga keladi. U inson xatti-harakatlarining koʻpchiligi ongosti mayllari tufayli yuzaga keladi va ularning mohiyatida asosan qoʻrquv, ochlik hamda hirsiy xohishlarni qondirish istagi yotadi deb hisoblaydi. Shu tariqa Freyd ijtimoiy hayot hodisalari yuzaga kelishini ham ongosti mayllari bilan tushuntirib, inson xulqi va ruhiyati shakllanishida ijtimoiy omillarning oʻrni kattaligini inkor etadi.

Minglab yillar mobaynida maʼrifat va ilmu fan taraqqiyotiga koʻz tikib, ilmiy-texnik rivojlanish insoniyat hayotini farovonlashtirib, odamlararo munosabatlarning ezgulashuviga xizmat qilishidan umidlanib yurgan ijodkorlar XIX asr oxiri va XX yuz yillik boshlarida fanning shiddat bilan oʻsishi ular kutganidan butunlay teskari natijalar berganini koʻrib, tamomila hafsalalari pir boʻldi. Birinchi jahon urushi keltirgan vayrongarchiliklar falsafa va sanʼatda modernistik kayfiyatlar avjlanib, mustaqil yoʻnalish darajasiga koʻtarilishiga sabab boʻldi. Ochun miqyosidagi urush tufayli odatiy hayot normalarining buzilishi yangicha qarash va munosabatlar tizimining yuzaga kelishi tafakkur va ijod odamlarining koʻpchiligida falsafa va sanʼatni ham yangilash maylini yuzaga keltirdi. Zero, falsafa va sanʼat borasida shakllangan aqidalar bashariyatning ayni zamondagi fikriy va ruhiy holatlariga mos kelmay qolgandi.

Modernistik sanʼat jahon urushi sababli ijodkorlarning odatiy oʻzanidan chiqarib yuborilgan kayfiyati hamda umumiy ijtimoiy negizlarning tushunarsizligi aralashuvidan yuzaga keldi. Chunki kechagina ijodkorlar uchun gʻoyat tushunarli va toʻliq izohlash mumkin boʻlgan dunyo bu davrga kelib butunlay chigal va tushunarsiz boʻlib qolgan edi. Qandaydir nomaʼlum kuch ijodkorni qonga botgan odamlar toʻdasi va maʼnili yoʻsinda izohlab boʻlmaydigan tizginsiz hodisalar oʻpqoniga uloqtirib yuborganday edi.

Modernchilar oʻzgargan davrda yashayotgan kishilarning yangilangan estetik taʼbiga muvofiq keladigan tamomila yangi sanʼat, adabiyot yaratish niyatida ratsionalizm, normativlik va garmoniyaga tayangan va borliqqa bogʻlanib qolgan mumtoz badiiy-estetik anʼanalardan voz kechdilar. Anʼanaviy sanʼat va adabiyotda qaror topgan qarashlardan keskin farq qilaroq, badiiy tasvirda hayotga muvofiqlik emas, balki har bir sanʼatkorning olamni boshqalarga oʻxshamagan tarzda individual koʻra bilishi bosh estetik qadriyat sanaladigan boʻldi. Chunki modernchi ijodkorlarning koʻpchiligi shaxsdan tashqarida va hammaga tegishli haqiqat boʻlishi mumkin emas deb hisoblardilar. Boshqacha aytganda, ular haqiqatning obʼyektivligini inkor etishardi. Modernchilar har bir shaxsning haqiqati alohida boʻladi deb hisoblardilar. Shuning uchun ham ong bilan ongsizlik hamda ularning oʻzaro munosabatlari tasviri modernchilar uchun eng sevimli va doimiy mavzuga aylandi. Modernchilar adabiyot taraqqiyotining oldingi davrlarida ijodkorlar nazaridan butunlay chetda qolgan, boshqalardan ajralib turmaydigan gʻoyat oddiy, elqatori (srednestatistik) odamlarning hayoti va ichki dunyosini koʻrsatishga ayricha eʼtibor qaratdilar: modern asarlarda bunday shaxslarning ruhiyatidagi gʻoyat ichkin tuygʻular, oʻta nozik sezimlar mayda ikir-chikirlariga qadar batafsil qalamga olina boshladi. Personajlar hayoti va ruhiyatining oldinlari tasvirlash ayb sanaladigan xunuk va uyatli jihatlariga qadar avra-astari agʻdarib koʻrsatiladigan boʻldi.

Modernchi yozuvchilar badiiy tasvirga yangicha koʻrinish berish, bir-biriga oʻxshamaydigan odamlar ruhiyatining qaytarilmas manzarasini chizish uchun shakl, vosita, usul, uslub ustida adoqsiz ijodiy tajribalar oʻtkazishdan erinmadilar. Ammo ular bosh qahramonni jamiyat qarshisida gangib qolgan yoxud unga qarshi botiniy yoxud zohiriy noroziligi bor shaxs sifatida tasvirlash borasida bir-biriga yaqin pozitsiyalarda edilar. Shafqatsiz borliq qarshisida yolgʻiz va himoyasiz qolgan bu kimsaning tuygʻular olami uni oʻrab turgan voqelik qarqini (surʼati) bosimiga dosh berolmasligi oqibatida jamiyatdan begonalashib abgor boʻlishini tasvirlash gʻoyat keng yoyildi.

Oʻzigacha boʻlgan barcha adabiy yoʻnalishlardan farqli ravishda aynan modernizm oʻz eʼtiborini oddiy odamning ichki olamini tasvirlashga qaratdi. Modernchi ijodkorlar insonni oʻrab turgan voqelik va ijtimoiy muhitni yo tasvirlamasdilar, yoxud uni oʻzlarining badiiy niyatlariga mos keladigan tarzda istagancha oʻzgartirib koʻrsatish yoʻlidan borishardi. Bunda hayotiy aniqlikka amal qilmaslik, anaxronizm oddiy hol sanalardi.

Koʻpchilik adabiyottanuvchilar modern adabiyotni kishida qaygʻu, chorasizlik va zulmat tuygʻularini uygʻotadigan badiiy hodisa hisoblaydilar. Aslida bunday tasavvur uygʻotadigan bitiklar koʻpincha tiriklik mohiyatini toʻla anglab yetmoqchi boʻlgan va bunga erisholmagani uchun dunyoi dun tartibotlaridan norozi holatda yuradigan mualliflarning kayfiyatlari natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan boʻladi.

Modern adabiyotning oʻziga xosligi, birinchi navbatda, oldin shakllangan adabiy anʼanalarda talab qilingani kabi badiiy tasvirda muallif va oʻqirman qarashlarida uygʻunlik boʻlishiga urinishdan voz kechishda namoyon boʻladi. Agar klassik adabiyot bosqichidagi badiiy tasvirning hayotga oʻxshashligi, voqelik va odamlararo munosabatlarni sabab-oqibat bogʻlanishlari ogʻushida koʻrsatish modernchi nosirlar tarafidan rad etilgan boʻlsa, modern sheʼriyatda qatʼiy poetik tizim va mavjud ifodaviy arsenallar erkin sheʼriy shakl hamda ifoda xilma-xilligi tomonidan inkor qilindi. Modernchi yozuvchilar oldingi badiiy qadriyatlarni uloqtirib tashlab, oʻquvchilarni ham chuqur oʻylanishga, ham qaysidir darajada muallifga sherik boʻlishga majbur etadigan murakkab va yangi adabiy shakl hamda usullar qoʻllashga urindilar. Modernchi adiblar badiiy asarlardagi voqealar rivoji tasvirining xronologik tartibdagi ifoda yoʻsinini ham buzib yubordilar. Koʻpchilik modernistik asarlarda tartib bilan kechadigan voqealar emas, balki odamning boshi-keti yoʻq oʻy-xayollari va chigal kechinmalari oqimi aks ettirilardi. Tuygʻular va oʻy-xayollar kechimi tasviri ham oldingi kabi ichki intizom bilan emas, balki betartib yoʻsinda yopirilib keladigan ong oqimi tarzida beriladigan boʻldi.

Klassik adabiyot namunalarida olam va unda sodir boʻlgan hodisotlarning muayyan darajada tugallangan universal obrazi yaratilgani sababli ularni borliqning oʻziga xos badiiy maketi oʻrnida qabul qilish mumkin edi. Chindan ham har qanday odam uchun xaos (tartibsizlik) boʻlib koʻrinadigan borliq klassik badiiy asarlarda muayyan boshlanish va tugallanishga ega kosmos (tartib) holatida tasvirlanardi. Modernizm esa ochun va unda umr kechirayotgan odam hayoti anglab yetilishi hech qachon mumkin boʻlmaydigan tartibsizlikdan iboratdir va ijodkorning vazifasi real xaosdan sunʼiy ravishda estetik kosmos yaratish emas, balki xaos holatining oʻzini mavjudlikning universal va doimiy shakli sifatida badiiy tasvirlab bera olishdan iborat deb hisobladi.

Menchi (individualist) yakka shaxs ongi hamda ruhiyatining cheksiz olam va tartibsiz (xaotik) hayotdagi oʻrni, qimmati nimadan iborat ekanini tushunish hamda tasvirlashga modern adabiyot va sanʼatning bosh masalasi deb qaraldi. Modernchi sanʼatkorlar olam va odamning mavjudlik tabiati ushbu masalaning mantiqiy ratsional yechimi boʻlishi mumkin emasligini taqozo etgani sabab uni hal qilishning irratsional yoʻli samaraliroq boʻladi deb qaraydilar. Boshqacha aytganda, modernchilar olam va odamga doir holatlarni tushunish hamda tasvirlashda ratsional tafakkurning ijtimoiy qolipga solingan sovuq, hissiz va zerikarli fikrlash yoʻsiniga individual shaxsning ongosti va xayoliy boʻlgani bois gʻayriixtiyoriy, irratsional oʻylash tarzini qarshi qoʻyadilar.

Ayni shu sabab modernchi ijodkorlar oʻz badiiy yaratiqlarida turli moʻjiza, rivoyat, sirli mifologik hodisalar tasviridan moʻl-koʻl foydalanishadi. Taʼkidlash kerakki, shu kabi moderncha yondashuvlarning islomiy Kunchiqish adabiy tajribalariga yaqinlashuvi koʻzga tashlanadi. Negaki, islomiy-turkiy adabiyotda azal-azaldan insoniy aql bilan izohlash va anglash mumkin boʻlavermaydigan ilohiy holatlar tasviri oʻta muhim oʻrin tutib kelgan. Faqat birgina va asosiy farq shundaki, turkiy-islomiy mumtoz adabiyot namunalarida aql bilan izohlash mushkul boʻlgan gʻaybga doir tasvirlar mushkulotlarning yechilishi va qahramonlar ishining oʻnglanishiga xizmat qilsa, modern asarlarda personajlar qismatini yanada ogʻirlashtirish, ular urinib-surinib topayotgan yoʻlni yoʻq qilishga qaratilgan boʻladi. Masalan, “Malika ayyor” dostonida Shozargar mahbubasini olmaga aylantirib yonida, mahbubasi esa oʻynashini ignaga aylantirib, yoqasida olib yursa, Nazar Eshonqulning “Bahovuddinning iti” hikoyasida maʼnaviyatsiz odamlar bilan yashashdan qiynalgan ovoz rejissyori itga aylanib, ular orasida umr kechira boshlaydi. “Alpomish” dostonida toshga chandib bogʻlab tashlangan Qorajon Alpomishning piri Rajabxoʻjaning ruhunati yordamida tutqunlikdan xalos boʻlsa, “Jarayon” romanidagi Yozef K. gʻayriixtiyoriy tarzda ishga ketayotib, suddan, sudga ketayotib, ibodatxonadan chiqib qolaveradi. Yaʼnikim, folklor yoxud mumtoz adabiyot namunalarida mistik tasvirlar qahramonning holatini yengillatishga xizmat qilsa, modern asarlarda ularning qismatini ogʻirlashtiradi. Ayni shu mistik holatlar tasviri aks etgan oʻrinlarda hamisha Yaratganga ishonib, unga tavakkal qilgan va butun ixtiyorini bergan moʻmin bilan Kunbotishning har bir qadamini oʻz tafakkuriga tayanib bosadigan va shunga yarasha natijaga erishishni kutadigan odami ruhiyati va qismati oʻrtasidagi keskin ayirma namoyon boʻladi.

Botish adabiyotida, ayniqsa, maʼrifatchilik davridan eʼtiboran, olam va odamga doir barcha holatu hodisalarni inson aqli bilan izohlash mumkin va lozim, odamning tafakkuri har qanday mushkulotni yechishga qodir degan qarash qaror topgan edi. D. Defoning “Robinzon Kruzo”, J. Sviftning “Gulliverning sayohatlari”, J. Russoning “Emil yoki tarbiya”, “Yangi Eloiza” singari koʻp asarlarda fikr odami oʻz yoʻlida duch keladigan barcha mushkulotlarni bartaraf qila olishi aks ettirilardi. Adabiyot rivojining romantizm, tanqidiy realizm va realizm singari bosqichlarida ham insoniyat taqdirida tafakkur beqiyos katta oʻrin tutishi tasviriga alohida eʼtibor berildi. Juda koʻpchilik ijodkorlar har qanday jamiyatni razolatu yovuzliklardan aynan aql qutqarishiga ishonar edilar va bu inonchlarini badiiy yaratiqlarida aks ettirardilar. Shuningdek, adabiyot ahlida hayotning badiiy tasvirga tortilgan qismi shartli boʻlsa-da, butunlik xususiyatiga ega holda aks ettirilishi kerak degan qarash hokim edi. Modernistik adabiyot badiiy tasvirning makoniy va zamoniy doirasini cheklaydigan ana shu qarashlarni inkor etish orqali badiiy adabiyotning imkoniyatini yanada kengaytirmoqchi boʻldi. Yaʼni, modern adabiyot insoniyat tafakkurining yuksalishi unga baxtu saodat emas, balki azobu uqubat olib kelishi ham mumkinligini konkret insoniy taqdirlar misolida koʻrsatib berdi. Shuningdek, modernizm borliq va hayotga hech qanday tugallikka ega boʻlmagan, son-sanoqsiz umr va taqdirlarni oʻz gumiga tortib ketaveradigan uzluksiz oqim tarzida yondashish tajribasini boshlab berdi.

Modernchilar klassik sanʼat asarlaridagi barcha tarkibiy tuzilmalarni isloh qildilar. Bu hol har qanday badiiy asarda muhim oʻrin tutadigan obrazlarga xarakteristika berishning oʻrni va usullariday masalada, ayniqsa, yaqqol namoyon boʻladi. Modernistik adabiyotga personajlar ruhiyatining universal tasvirini berib oʻtirmaslik yoki antipsixologizm xosdir. Yaʼni, klassik adabiyotda odamga uning ruhiyatidagi muayyan belgilarga tayanib, keyingi xatti-harakatlarini bashorat qilish mumkin boʻlgan yaratiq sifatida yondashish xos edi. Modern adabiyotda esa, odamni har bir konkret holatda oʻzgacha ruhiy jarayonlar ogʻushida boʻladigan yaratiq sifatida tasvirlash qaror topdi. Negaki, modernizmda odam programmalashtirib qoʻyilgan mexanizm emas, balki ongosti yoxud ongdan tashqaridagi impulslar taʼsirida ham ish koʻrishi mumkin boʻlgan yaratiq ekani koʻzda tutilardi. Modernchilar odamning holatiga doir barcha oʻrinlarda sabab-oqibat munosabatlariga rioya etuvchi deterministik yondashuvga qarama-qarshi oʻlaroq, adabiy timsollarga ijtimoiy tavsif berish yoki ularning ruhiy holatlari sabablarini ularning oʻzidan tashqaridagi omillar bilan izohlash adabiyotning ratsional fanlar bilan kelishuvi oqibatidir va ayni shu bois gʻayriinsoniydir deb hisoblaydilar.

Modernchilar tomonidan sevib tasvirlanadigan timsollar: Kafkaning “Evrilish”idagi xizmatchi Gregor Zamza, Joysning “Uliss”idagi Makler Blum, Kamyuning “Begona”sidagi Klerk Merso singari favqulodda yorqin xislatlarga ega boʻlmagan “kichik odam”lardir. Ular – intellekt yo eʼtiqod kuchi, yoki xarakter xususiyati bilan tashqaridan boʻladigan zugʻumlarga yetarlicha qarshilik koʻrsata olmaydigan kimsalar. Bu obrazlar adabiyottanuvchilar aytadigan “qahramonlar” emas, balki aynan qahramon boʻlmagan va boʻlolmaydigan koʻpqatori oddiy odamlardan chiqqan adabiy personajlardir, xolos. Oila, davlat, jamiyat, ishxona ular uchun hech qachon anglab boʻlmaydigan begona, hatto, dushmanlik qiladigan ijtimoiy institutlardir.

Adabiy personajga modernistik yondashuv bayon yoʻsinining makon va zamon jihatdan izchilligi va voqealarning xronikal ketma-ketlikda tasvirlanishi shartligi talabiga ham barham berdi. Modern ijodkorlar bayonning ichki va tashqi ritmini bir-biridan ajratib, badiiy hamda birlamchi real zamon oʻrtasidagi farqni oʻzaro yaqinlashtirib boʻlmaydigan darajada chuqurlashtirib yubordilar. Birlamchi real vaqt bu tarixiy zamondir. Tarix anglamsiz va odamlarga oʻz mavjudlik sirini ochmagani uchun modernchilarning qahramonlari tarixiy zamonda yashamaydilar yoki yashay olmaydilar. Ular koʻproq oʻtmish va hozir yonma-yon boʻlgan hamda kelajakdan ajratish mumkin boʻlmagan oʻziga xos shartli xayoliy zamonda hayot kechiradilar. Modernistik asarlarda nimaiki tasvirlangan boʻlsa, u hamisha sodir boʻlgan va hech qachon sodir boʻlmagan; hamma yerda yuz bergan va hech qayerda yuz bermagan hodisalardir deyish mumkin.

Modernizm badiiy adabiyot ixtiyoridagi tasviriy vositalar tizimini ham tubdan yangilashga urindi. Adabiyotning ifodaviy ufqini kengaytirgan, odamni idrok etish va tasvirlash maromini tamomila yangilagan “ong oqimi” uning asosiy kashfiyotidir. Modernizm badiiy asarning makoniy va zamoniy chegaralarini xayol yetmas darajada kengaytirdi. Agar oldinlari badiiy asarlarda bir-ikki, oshib borsa, uch-toʻrt syujet chizigʻi tasvirlangan boʻlsa, modern yaratiqlarda koʻplab syujet chiziqlarining oʻzaro birlashuvi, kesishuvi, qorishib-chatishuvi, ayriluvi tasvirlanaveradigan boʻldi.

Modernistik asarlarda qahramonning ichki monologi, uning oʻylari, iztiroblari tasvirining mavqei misli koʻrilmagan darajada oʻsganligi badiiy yaratiqlarda muallif nuqtai nazari va uning nutqi ahamiyatining pasayishiga olib keldi. Modernistik adabiyot uchun hayot haqiqati va anʼanalarga muvofiq amalga oshirilgan tasvirga nisbatan olam hamda odamni oʻz xohishiga muvofiq tarzda tasvirlay oladigan sanʼatkorning erkin nazari ustuvor hisoblanadi. Muallifning nimani nazarda tutgani emas, bitganida nimalar tasvirlangani muhim sanaladi.

Sanʼatning ijtimoiy, siyosiy, diniy, mafkuraviy kabi turli nobadiiy boʻgʻovlardan ustun turadigan erkin va ozod hodisa ekaniga ustuvorlik beradigan estetik strategiya modernistik yoʻnalishning asosiy belgisi sanaladi. Modernizmda klassik sanʼatdagi mimetik (taqlid) prinsipidan butunlay voz kechilib, badiiy mazmundan koʻra shaklga birlamchi ahamiyat qaratildi, shaklning oʻziga mazmundan aslo kam boʻlmagan mohiyat tarzida yondashiladigan boʻldi. Natijada, badiiy yaratiqning koʻriladigan (vizual) hamda eshitiladigan (audial) jihatlari mutlaqlashtirilib, u boshqa estetik hodisalar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishga ehtiyoj sezmaydigan, oʻzi oʻz borligini oqlaydigan tamomila oʻziga xos badiiy-estetik borliq tarzida taqdim etiladigan boʻldi.

Modernizmda yuzaga keltirilgan badiiy yaratiqlarning adabiy tur va janrlar borasidagi odatiy qoliplariga muvofiq kelishiga koʻpda eʼtibor qilinmaydi. Bunda sanʼat bilan borliq oʻrtasidagi chegara buzilib, oʻqirmanni estetik isteʼmolchidan ijodiy kechimning ishtirokchisiga aylantirishga uriniladi. Modernizmda adabiyot va sanʼat zimmasiga ortiqcha noestetik yuk ortish koʻzda tutilmaydi. Bu qarashga koʻra yozuvchi va badiiy asar hech kimning oldida burchli ham, hech kimga xizmat qilishga majbur ham emas. Bu xil yondashuv modern va postmodern yoʻnalishlaridagi asarlari bilan nom qozongan hamda modernizmning nazariy asosini yaratgan italiyalik adib Umberto Eko 1980 yilda bildirgan fikrda yaqqol koʻzga tashlanadi:”… faqat zamonni hisobga olib va dunyoni oʻzgartirish moʻljali bilangina yozish mumkin degan qarash mavjud edi. Oʻn yildirki, yozuvchi shaxsining erki borligi hamda azbaroyi yaratish kechimiga muhabbat tufayli ham asar yozsa boʻlishiga koʻpchilik koʻnikib qoldi”. Shu vaqtga qadar badiiy adabiyot jamiyatni oʻzgartirish, davrni yaxshilash, odamlarning hayotini toʻgʻri yoʻlga solish singari buyuk niyatlarga xizmat qilishi lozim boʻlgan hodisa tarzida qarab kelinardi. Ayniqsa, bizda adabiyot “adab”dan olingan va u, albatta, oʻqirmanga odob oʻrgatishi kerak degan yondashuv hukmron edi (bu qarash hozirda ham oʻz mavqeini yoʻqotgani yoʻq). Modernistlar yozuvchi ham koʻp qatori xom sut emgan banda va u oʻz bitiklarini yuqoridagiday olamshumul maqsadlarni koʻzda tutib oʻtirmay, shunchaki oʻzining yozishga boʻlgan ichki ehtiyojini qondirish uchun ham yaratishi mumkin degan qarashga tayanadilar.

Modernizmda badiiy ijod turli darajadagi ijtimoiy muammolarni koʻtarish va hal etish uchun emas, balki, avvalo, sanʼatkorning yozish kechimining oʻzidan bahra olib, ichki bezovtalikdan xalos boʻlishi, ikkinchidan, dunyoga kelgan asarning retsepiyent (oʻqirman, istemolchi)ga zavq beradigan gedonistik funksiyani bajara olishi ijodkorning asosiy vazifasi hisoblanadi. “Sanʼat sanʼat uchun” degan qarash ham aynan shu yondashuvdan suvlanadi. Modernizmda sanʼat asari yaratilishining oʻzi muhimdir, undan muayyan maʼno keltirib chiqarish yoki chiqarmaslik oʻqirmanning taʼbi va intellektual darajasiga bogʻliqdir deb qaraladi.

Modernizmning, birinchi navbatda, ilmiy nuqtai nazar, falsafa va psixologiya ekani, sanʼatdagi turli koʻrinishlar modernistik qarashlar tizimining amalda namoyon boʻlishi ekanini koʻzda tutish uni tushunish sari yoʻl ochadi. Koʻpchilik oʻzbek olimlari va ijodkorlarida shakliy-mundarijaviy jabhadagi har qanday yangilikni modernizm hisoblashga moyil yondashuv qaror topganki, buni aslo toʻgʻri deb boʻlmaydi. Modernizm uzoq vaqt davomida maʼrifat yuksalishi, ilm-fan va texnika taraqqiyoti insonning hayotini farovonlashtirib, odamning tabiatiga ezgulik bagʻishlashiga ishongan Kunbotish oydinlarining fan-texnika rivojining insoniyat boshiga solgan dahshatli fojialaridan voqif boʻlgandan keyin pir boʻlgan hafsalasi, singan koʻngli va umidsiz tafakkuri mahsulidir.

Ezgulik, olijanoblikning yomonlik va yovuzlik tomonidan jahoniy miqyosda mahv etilishi ijodkor kishilarda qadriyatlarga munosabatni oʻzgartirish zarur degan fikrni keltirib chiqardi. Bunda insonning oʻzi bosh qadriyat ekani, u hech kim va hech narsa oldida burchli boʻlmasligi, oʻz koʻngil mayli va xohish-istaklarigagina boʻysunib yashashi maqsadga muvofiq degan toʻxtam ustuvor boʻladi. Modernizmda har bir odamga alohida yaratiq sifatida qaraladi, har qanday odam ham odamdir va uning atrofidagi tabiiy hamda ijtimoiy borliq uning istagu manfaatlariga muvofiq boʻlishi kerak degan qarashga asoslangan menchilik falsafasiga tayaniladi. Olami sagʻir boʻlmish inson aqlining olami kabir sanalmish oʻn sakkiz ming olamdagi xaotik hodisalarni toʻliq idrok qilish, bexato izohlash va bashorat qila olmasligi modernizmda tartibsiz dunyoni tushunish mumkin emas, binobarin, olam va odamga tegishli hodisayu holatlarni boshu oxiri bor mavjudlik sifatida koʻrsatish sunʼiylikdir degan toʻxtamni yuzaga keltirdi.

Freyd tomonidan ilgari surilgan ong oqimi tushunchasi insonning nafaqat ijtimoiy turmushi, balki aqliy faoliyati ham xaosdan iboratdir degan qarashning qaror topishiga xizmat qildi. Bu taʼlimot taʼsirida insonni harakatlantiradigan yolgʻizgina omil libido, yaʼni hirsiy mayldir, odam umri davomida nimalarni oʻylar, soʻylar yoki qilar ekan, aslida, ehtimol, oʻzi ham bilmagan holda hirsiy mayllar yetovida yurgan, oʻsha mayllar istagini bajarayotgan boʻladi degan toʻxtam shakllandi. Oʻz navbatida bu qarash insonga ijtimoiy-biologik jihatdan maʼqul boʻlgan barcha narsa toʻgʻridir va odam oʻziga maqbul boʻlgan biror narsadan uyalmasligi, xijolat chekmasligi kerak tarzidagi yondashuvni yuzaga keltirdi. Modernizmda yalangʻoch tasvirlar koʻpayishi, erotik sahnalar badiiy tasvir obʼyektiga aylanishining sababi shunda. Bu mayl, ayrimlar aytayotganidek, insoniyatning axloqini buzib yuborish niyatida oʻylab topilmadi, balki inson erkini har qanday cheklash zulmdir, insonga maʼqul har qanday tutum esa axloqiydir degan maksimalistik qarash tufayli dunyoga keldi. Bunday yondashuvning yuzaga kelishiga sabab menchilik falsafasiga koʻra individning istaklariga oʻtkazilgan har qanday zugʻum zulmdir, har bir odam betakror boʻlgani uchun ham shaxsning xohishlarini har qanday qolipga solish unga qilingan zoʻrlik boʻladi. Bu falsafa nazarida, hatto, axloq ham, jamiyatda oʻrnatilgan maʼnaviy normalar ham inson shaxsiga qilingan zoʻrlikdan boshqa narsa emas.

Shu xildagi qarashlar tizimi modernizm falsafasini yuzaga keltirdi. Koʻrinib turibdiki, u adabiyot va sanʼatdagi shakliy tajribalardangina iborat emas, balki asosan olam mohiyatini anglash yoʻlidagi falsafiy-ruhoniy izlanishlar natijasidir. Shu izlanishlarga muvofiq olam va odamga oʻzgacha koʻz bilan qarash, oʻzgacha koʻrilganlarni oʻzgacha yoʻsinda izohlash va tasvirlash tamoyil hamda tizimlari yuzaga keldi. Umumlashtirib aytganda, modernizmni insonning Alloh va U yaratgan olamni tushunish hamda izohlashdagi qonuniy ojizligidan tabiiy ravishda kelib chiqqan isyon natijasidir deyish mumkin. Ilohiy tartibotga qilingan har qanday isyon kufrdir. Odam tafakkuri kuchiga ortiqcha baho berish insonda kibr paydo qilib, uni kufrga yetaklaydigan asosiy omil oʻlaroq yozgʻirishga loyiqdir. Ayni vaqtda qandayligidan qatʼi nazar modernizm falsafa, sanʼat va adabiyotda ancha chuqur tomir otgan hodisa, binobarin, ilmning vazifasi ana shu hodisa mohiyatini toʻgʻri izohlashdan iborat.

Millat taraqqiyotining muayyan davridan eʼtiboran oʻzbek sanʼat va adabiyotida ham modernistik yondashuvlar boʻy koʻrsata boshladi. Shuni aytish kerakki, oʻzbek modernizmi bir qator oʻziga xosliklarga egadir. Eʼtibor qilingan boʻlsa, ushbu maqolaning boshida “Modernizm oʻzining ilmiy-nazariy asosi sifatida F. Nitsshening menchilik (individualistik) falsafasiga tayangan boʻlsa, badiiy ijod mohiyatini tushunish va izohlashda Z. Freydning psixoanalitik qarashlariga suyanadi”, – deyilgan edi. Oʻzbek modernizmining oʻziga xosligi ayni shu hal qiluvchi ikki jihatga munosabatning boshqacha ekanligida namoyon boʻladi. Yaʼni har qanday oʻzbek sanʼatkori shaxs bilan jamiyatni bir-biriga mutlaq va oʻzgarmas qarama-qarshi boʻlgan hodisalar tarzida qaramaydi. Shuningdek, oʻzbek borliqqa shaxsni mahv etishgagina xizmat qiladigan yaratiq sifatida yondashmaydi. Oʻzbek ijodkori minglab yillik etno-genetik xususiyatlariga koʻra va eʼtiqod jihatidan moʻmin boʻlgani sabab u odam deb atalmish yaratiq aqlan qanchalik yetishmasin, maʼnan nechogʻlik kamolotga erishmasin, olam hodisalari mohiyatini hech qachon toʻliq anglab yetolmasligini biladi. Shuningdek, oʻzbek odam qanchalik urinmasin, u toʻla mukammal boʻlolmasligi va insonlikning eng muhim belgisi uning mavjudligi oʻzga odamning mavjudligiga xalal bermaslikda ekanini tabiiy hisoblaydi.

Koʻpchilik oʻzbeklar Yaratgan amridan tashqari tikan ham kirmasligiga ishonadi va umri davomida shunga koʻnikib boradi. Uning qarashlar tizimi shunga mutanosib tarzda shakllanadi. Xuddi shu jihatlar millat falsafiy qarashlar tizimida modernistik yondashuv yetakchi boʻlolmasligini keltirib chiqaradi. Kunbotishliklar esa olamda tasodif borligiga ishonishadi. Muayyan hozirliklar bilan oʻsha tasodiflarning oldini olish yoki uning taʼsir kuchini kamaytirish mumkin deb hisoblashadi. Ularning, hatto, qiyomat qoimdan chetda qolish mumkin deb oʻylashlari 2012 yil 21 dekabrda yuz berishi kutilgan “apokalipsis”ga munosabatda yaqqol namoyon boʻldi. Ayrimlarning gʻorga, baʼzilarning yertoʻlalarga, kimlarningdir yerosti yoʻlaklariga kirib jon saqlamoqchi boʻlganliklaridan ularning bu boradagi tushunchalari ayonlashdi. Musulmon dunyosida esa, avvalo, bunday “aniq”likka ishonilmadi. Ikkinchidan, kimningdir qiyomatdan chetda qolishi mumkinligini xayolga ham keltirilmadi. Toʻgʻri, oʻzbeklar orasida ham tamomila kunbotishcha oʻylaydigan ijodkor shaxslar boʻlishi mumkin. Ammo ular hech qachon butun bir falsafiy-estetik yoʻnalish mavqeiga erisha olmaydilar.

Aytilgan sabablarga koʻra oʻzbek adabiyoti hamda sanʼatida modernizm olam va odamga tegishli hodisayu holatlarni izohlashda oldin mavjud boʻlgan qarashlarni inkor etish tarzida emas, balki ularni koʻrish va badiiy aks ettirishning bir qadar oʻzgachaligida namoyon boʻladi. Shu tufayli oʻzbek modernizmini Kunbotish modernizmidan farqli oʻlaroq, olam tartiboti va uning Yaratuvchisiga ijodiy isyon natijasi emas, balki ayni shu ijodkor shaxsda kechayotgan inja ruhiy-intellektual holatning ifodasi tarzida yuzaga kelgan holatdir deyish toʻgʻriroq boʻladi. Moderncha yozayotgan oʻzbek sanʼatkorlari mumtoz tajribalarga tayangan holda modernizmning falsafiy postulatlariga emas, balki koʻproq ifoda yoʻsinidagi injalik va kutilmaganlikka eʼtibor qaratishyapti.

Oʻzbek oydinlari orasida modernizmga isteʼdodsizlikni yashirish vositasi deb qarash ancha keng yoyilgan. Holbuki, aynan modernizm badiiy adabiyotni isteʼdodsizlik va qolipdan xalos etish maqsadida yuzaga kelgan hodisadir. Aynan modernizm badiiy yaratiq mavzu dolzarbligi, fikr yangiligi, ifodaning tushunarliligi singari tashqi belgilar sababli emas, balki chindan ham betakror va original bitilgani uchun oʻqilishini istash oqibatida paydo boʻlgan. Shuningdek, ijodkor va sinchi-adabiyottanuvchilar orasida modernizmga ommaviy madaniyatning yoyilishi va milliy didning pasayishiga sabab boʻladigan falsafiy-estetik hodisa tarzida qarash ham bir qadar tarqalgan. Aslida aynan modernizm chinakam badiiy ijod hech qachon ommaviy boʻlmagan va boʻlmasligi ham kerak degan qarash natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan. Modernistik sanʼatning oʻnlab oqimlaridan birortasi badiiy ijod jarayoni va bu kechim mahsulining ommaviy boʻlishini talab qilmaydi. Modernizm uzoq yillar davomida aynan ommaviy boʻlmagani, koʻpchilik tomonidan tushunilmagani uchun tanqid qilib kelindi. Hatto, bugungi kunda ham modern yoʻnalishidagi bitiklarning keng omma orasida yoyilmayotganligi, u hamisha oʻzining xos oʻqirmanlarini koʻzda tutishi maʼlum-ku?!

Modernizm oʻzining barcha turli-tuman koʻrinishlarida real borliqdan yuksak mavjudlik yoki ongosti makoni singari hodisalarni bilib olish va tatbiq etishga intiladi. U asl haqiqat, hayotning mohiyati aynan oʻsha real borliqdan yuksak mavjudlikda yashiringan deb hisoblaydi. Shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, garchi, modernizm badiiy tilga koʻp oʻzgachaliklar kiritgan, tasviriy ifoda borasida jiddiy islohotlar qilgan boʻlsa-da, mavjud badiiy tilni mutlaqo inkor etmaydi. Lekin u badiiy asar tili shaxsning ongli, ong osti va ong oqimi taʼsiridagi ruhiy holatini ifodalaydigan boʻlishi kerak deb hisoblaydi.

Oʻzbek adabiyottanuvchiligida modernizm hodisasi va shu yoʻnalishda bitilgan asarlarga munosabat ham oʻziga xos taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi deyish mumkin. Keyingi yarim asr mobaynida modernizm “Bu adabiy oqim xalqqa yot boʻlgan mazmunsiz sanʼatni targʻib etish, mistikani, fahshni kuylash, adabiy formalarning tashqi bezaklariga berilib ketish kabi burjua adabiyotiga xos xususiyatlar bilan xarakterlanadi” yoʻsinidagi siyosiy ayblovdan”… obʼyektiv voqelikning tasviri oʻrniga uning ijodkor tasavvuridagi badiiy modelini yaratishni maqsad qiladi. Yaʼni… voqelikni aks ettirish emas, ijodkorning oʻz-oʻzini ifodalashi ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ijodda subʼyektivlikning oldingi oʻringa chiqarilishi mantiqiy bilishdan intuitiv bilishning yuqori qoʻyilishi, inson ichki olamida kechuvchi tizginsiz evrilishlarga ayricha eʼtibor berilishi, ijodkor shaxs taxayyuli va u aks ettirgan voqelikning betakror hodisa sifatida tushunilishi, oʻz oʻy-hislarini hech qanday (maʼnaviy, axloqiy, siyosiy va h.) cheklovlarsiz ifodalanishi huquqining eʼtirof etilishi modernizmga xos xususiyatlardandir” tarzidagi ilmiy eʼtirof darajasiga oʻsib yetildi. Garchi, bugungi kunda ham “Modernizm – ashaddiy nigilist, hech qanday qonun-qoidani, aqidani, jamoani va jamiyatni tan olmaydi. Hech narsaga ishonmaydi, buning ustiga behayo, surbet. Diqqatini gʻoyaviy mazmunga emas, asosan shaklga, mavhum shaklbozlikka qaratadi. Simvolizm, impressionizm, syurrealizm, modern, ekspressionizm deganlari ham modernizmning turli tarmoqlaridir. Barchasi realizmga qarshi, barchasiga tushkunlik xos” tarzidagi hamda modernistik yoʻnalish oʻzbek adabiyoti uchun mutlaqo begona, milliy adabiyotimizda bu yoʻlda yaratilgan birorta ham asar yoʻq, u ayrim ijodkorlarning oʻz isteʼdodsizliklarini yashirish vositasidan boshqa narsa emas qabilidagi yondashuvlar mavjud boʻlsa-da, adabiyot jabhasida yuz berayotgan oʻzgarishlarga sogʻlom va xolis nazar bilan qaraydigan koʻpchilik mutaxassislar tomonidan “Modernizm hayotni yuzaki, naturalistik… qolipda tasvirlashdan koʻra voqea-hodisalarning falsafiy mohiyatini ochish, ichki jarayonini yoritishni afzal bilgan adabiy oqim” ekani qayd etilmoqda. Ayni vaqtda, modern yoʻnalishning mohiyatini”… modernizm tanqidiy realizm, xususan, sotsialistik realizm aqidalariga qarshi turgan adabiy oqim boʻlib, asrning oltmishinchi yillarida oʻz umrini yashab boʻldi va oʻrnini postmodernizm deb ataluvchi yangi oqimga boʻshatib berdi” tarzida biroz shoshqaloqlik bilan izohlashga urinishlar ham barham topgani yoʻq.

Milliy adabiyottanuv ilmida modernizmni faqat turli shakliy izlanishlarni amalga oshirishdangina iborat kechim tarzida tushunish ham keng yoyilgan. Bunga koʻra, badiiy ifodada mavjud anʼanalardan har qanday chekinishga modernizmning yuzaga kelishi tarzida qaraladi. Umuman olganda, juda teran yozilgan bir maqoladagi: “Salim Ashur ijodida shakliy, mantiqiy tajribalar, yaʼni modern sheʼrlar salmoqli oʻrin tutadi. Ayni paytda shaklbozlikka, eksperimentlarga mahliyo boʻlib, sheʼrning asosiy sharti – tirik qalbning tirik tuygʻularini chetlab oʻtmaydi”, – shaklidagi qarashlar bitilgani fikrimizning asosidir. Modernizmday serqirra estetik hodisani bu qadar joʻn va yengil izohlashga doir misollarni koʻplab keltirish mumkin.

Yondashuvlar tizimidagi bunday xilma-xillikni tushunish mumkin. Chunki jarayon toʻxtagani yoʻgʻu hamon kechmoqda. Toʻxtamagan kechim borasidagi toʻxtamlar ham xilma-xil boʻlishi tabiiy. Shunga tayangan holda badiiy ijodda paydo boʻlgan biror yoʻnalish, jumladan, modernizm ham izsiz yoʻqolib ketmaydi. Insoniyatning badiiy didi takomillashib borgani sari ijod kechimi ham borgan sari turfalashib boraveradi deb oʻylaymiz.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH

 

“Yoshlik”, 2014 yil 9-son

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.