Miraziz Aʼzam

0
950
marta koʻrilgan.

Hozirgi zamon oʻzbek bolalar sheʼriyatida shoir Miraziz Aʼzamning oʻz oʻrni bor. Bu, albatta, uning izlanishi, mehnatkashligi, bolalarni va ularning adabiyotini qattiq sevishidan. Ijodkor bolalar oʻrtasidagi doʻstlik, hamjihatlik, ona-Vatanga cheksiz muhabbat, odobli boʻlish, yaxshi oʻqish uchun harakat qilish, kurashish kabi masalalarni koʻproq ochib berishga harakat qiladi.

Miraziz Aʼzam 1936-yilda Toshkent shahrida tugʻildi. Maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq sheʼriyatga qiziqdi. Sheʼriy mashqlarini Quddus Muhammadiy va keyinchalik Qudrat Hikmat boshchilik qilgan adabiy toʻgarakda sinovdan oʻtkazar, ijodiy izlanish, oʻqish va oʻrganishni qizgʻin davom ettirar edi. Adabiyot va sheʼriyatga boʻlgan chanqoqlik uni ToshDUga yetakladi. Adabiy mashqlari bolalar va oʻquvchilar gazetalarida, “Gulxan”, “Gʻuncha” jurnallarida bosila boshladi.

Universitetni muvaffaqiyatli tamomlagan Miraziz Aʼzam bir qator gazeta va jurnallarda ishladi. Shoirning “Metallurg”, “Aqlli bolalar”, “Senga nima boʻldi?”, “Gʻalati tush”, “Yer aylanadi”, “Yerga dovruq solamiz”, “Haqiqatning soʻzlari”, “Sabot”, “Tuygʻular”, “Bir choʻntak yongʻoq” kabi toʻplamlari bolalar kitob javonlaridan mustahkam oʻrin olgan.

Miraziz Aʼzamning juda koʻp sheʼr, qoʻshiq va ertak-dostonlari katta-kichik bolalarga bagʻishlangan. U har bir asarida bolajonlar uchun, albatta, bir yangilik, yaxshi gap aytish ishtiyoqi bilan qaynab-toshadi va buning uddasidan chiqadi. Masalan, “Yer aylanadi” sheʼrini olib koʻraylik. Bunday olib qarasangiz, bu bir oddiy gap. Axir necha ming asrdan beri u aylanadi, yana aylanaveradi, bu haqda jozibali sheʼr boʻlishi mumkin emas, degan tushuncha xayolingizdan oʻtadi. Lekin sheʼrni oʻqiydigan boʻlsangiz, sizning tasavvuringiz butunlay oʻzgaradi. Murgʻak qalb u yoqda tursin biz kattalar ham yerning aylanishi, onlarning oʻtishi, shamolning esib turishi bilan oʻsib-ulgʻayishimiz, kamol topishimiz, bunyodkorlik ishlarimiz koʻz oʻngimizdan oʻtadi. Qilgan yaxshi-yomon ishlarimizni oʻylaymiz. “Yer aylanadi” sheʼrida xuddi shu haqda bahs yuritiladi:

Asta-asta shamol esadi,

Asta-asta yer aylanadi.

Asta-asta odam oʻsadi,

Asta-asta yer aylanadi.

Asta-asta ulgʻayar aql,

Asta-asta yer aylanadi.

Asta-asta yetilar naql,

Asta-asta yer aylanadi…

Kichkintoylar koʻpincha hayot murakkabligidan bexabar boʻladilar. Ular kattalarning koʻmagida, oʻzlari tinglagan badiiy asarlari yordamida olam moʻjizalari, turmush bilan tanishib boradilar. Miraziz Aʼzamning “Bedananing buvisi” sheʼri kichik yoshdagi bolalarga juda qoʻl keladi. Bu sheʼr xalq ogʻzaki ijodi anʼanalari taʼsirida yaratilgan.

Yosh kitobxon sheʼrda bedanalarning turmush tarzi bilan yaqindan tanishib oladi. Xuddi insonlar kabi ularning ham qavmqarindoshlari, keksa-yoshlari boʻlishini, kasal-sogʻ yurishlarini buvi-bedana kechmishlari orqali tushunib yetadilar. Buvi dardga chalinib, ogʻir kasal boʻlib qoladi, tomogʻidan ovqat oʻtmaydi. Hammaning tinchligi, oromi buziladi, har kim qoʻlidan kelganicha unga madadkor boʻlishga intiladi. Bu lavha chiroyli va taʼsirli chizilgan:

Bedananing otasi bor ekan, nor ekan,

Onasiga oriyat yor ekan, yor ekan.

Dori-darmon, oʻt-oʻlan keltirib, keltirib,

Qari qushga tutishib, ichirib, yedirib,

Aylanishib boshida turdilar.

Sogʻayishning chorasini koʻrdilar, koʻrdilar…

Va-vaq, va-vaq Bit-bil-diq.

Va-vaq, va-vaq,

Bit-bil-diq.

Biz har doim bolalar adabiyotida oʻy oʻylash, xayol surish, oʻzining uchqur xayollari bilan yashash haqida yozilgan asarlarni qizgʻin qoʻllab-quvvatlaymiz. Miraziz Aʼzamning ham “Xayol surish” sheʼrining qahramoni har bir narsani tezroq bilib olgisi, uning poyoniga yetgisi keladi. Lekin u qancha oʻylamasin, xayol surmasin, aqliy tafakkuri hali toʻla rivojlanmaganligi sababli koʻp narsalarni tushunmaydi, ojizlik qiladi. Ota oʻgʻilni unchalik oʻylamaslikka chaqiradi. Otaning nasihati bilan bola oʻzini tinchita olmaydi:

Kun qisqa,

qanday qilib kun chiqadi,

deb oʻylayman,

Tun choʻzilsa,

nega tun

choʻzildi,

deb oʻylayman.

Uni xayol qilaman,

Buni xayol qilaman.

Oʻylayman,

baribir

oʻylayman.

Miraziz Aʼzamning “Biz yengamiz boʻronlarni” sheʼri bugungi mustaqillikka juda qiyinchilik bilan, kurashlar bilan yetib kelganligimizni jarangdor misralar bilan chiroyli ifodalab beradi:

Bizni bosdi dovullar, sellar –

Omon chiqdik boʻronlardan,

Omon yashar botir ellar –

Qoʻrqmas vahshiy hayvonlardan,

Qorli, muzli choʻqqilar ham

Qolib ketar poyimizda.

Jasur qoʻshiq bizga hamdam

Har bir qoʻngan joyimizda.

Shoir bu bilan chegaralanib qolmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlarimiz, ulugʻ maqsadlarimiz borligini taʼkidlaydi, bolalarni yuksak axloq-odobli boʻlishga, kattalarning ishlarini davom ettirishga chorlaydi: Maqsadimiz togʻday ulugʻ –

Chambarchasdir tutash qoʻllar.

Ozodlikning yoʻli qutlugʻ –

Olgʻa, doʻstlar, ogʻaynilar!

Miraziz Aʼzamning “Qirq bolaga qirq savol”, “Gʻalati tush”, “Nurhon bilan Burhon”, “Ota bilan bola”, “Bir choʻntak yongʻoq” (turkum), “Alla”, “Bola va ona”, “Yoʻtal bobo” kabi sheʼr va qoʻshiqlari, “Asror”, “Erk qushi”, “Ona yurt osmonida”, “Antiqa” kabi doston, ertak-dostonlari bolalarda katta qiziqish uygʻotib kelmoqda.

Miraziz Aʼzamning “Asror” dostonidagi Asror obrazida bolalarga xos joʻshqinlik, shijoat, mehnatsevarlik gʻoyalari, haqiqiy oʻquvchiga xos fazilatlar yorqin tasvirlanadi. Shoir bu gʻoyani ochishda kichkintoylar ongi va dunyoqarashidagi holatlarni toʻqnashtirish, ularning narsa va voqealarga boʻlgan munosabatlarini solishtirishdan samarali foydalanadi.

Pilla qurti boqish dostonga asosiy mavzu qilib olinadi-da, oʻquvchi-yoshlarning bu sohaga qiziqishlari, bilimdonliklari mehnat jarayonida ochib beriladi.

Asarda Asrorning oliyjanob fazilatlari – oqkoʻngil, sofdil, qoʻli ochiqligi ishonarli tasvirlanadi: tut daraxtini sevishi, tabiatga gʻamxoʻrligi yosh kitobxonlar uchun didaktik qimmatga ega.

Gʻayrat, Nor, Rahim, Raʼno obrazlari orqali qalbi qaynoq, bir-biriga mehribon, jamoa ishi uchun fidoyi yoshlar gavdalantiriladi.

Bolalarning maktabda pilla qurti boqishlari – qoʻshimcha soha – qishloq xoʻjaligi ishlariga jon-dildan yordam berishlari, fikr-mulohaza yuritishlari, biror ishga qoʻl urishsa, dadil harakat qilishlari yosh kitobxonni xursand etadi. Chunonchi, asarning “Pilla qurtlarining lohas boʻlishi” boʻlimi oʻquvchida katta qiziqish uygʻotadi:

Pilla qurti boqilayotgan xona haddan ziyod isib ketgach, qurtlar barg yemay qoʻyadi. Shu daqiqa bolalarda yuz bergan holat: tushkunlik, xijolatpazlik, qurtlarga achinish hissi tasviri kichik kitobxonni cheksiz hayajonga soladi:

Pillachilar xonasin

Bosgan edi sukunat.

Oʻquvchilar churq etmas,

Qotib turishar faqat.

Shoir hayotiy lavhalar chizishda davom etadi. Soʻkichak yengillatilib, xona maʼlum darajada sovitilgach, qurtlar yana asliga qaytadi, bir meʼyorda barg yeyishga kirishadi. Bolalar olam-olam quvonchga toʻladilar, shodlanadilar:

Bir-biriga qarashib.

Bolalar jilmaydilar.

Xatar oʻtgan boʻlsa ham

Xonadan jilmadilar.

Shoirning “Oʻlmas qush” ertak-dostonida tasvirlanishicha, Chingizxonning jodugarlik bilan bahodirlarining yostigʻini quritgan goʻzal kanizagi Sayxun boʻyida yashayotgan Nahang qassobning ham oromini buzadi. Jang maydonida kanizakni koʻrgan Nahangning qilichi qoʻlidan tushadi. Qizning makriga uchib, uni sevib qoladi. Uning xotini qazo qilib, Oʻlmas va Olmos ismli farzandlari qolgan edi. Dostonda epchil qiz Olmosning akasi Oʻlmas uchun otasi va oʻgay onasidan oʻch olishi ancha qiziqarli va ishonarli tasvirlanadi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.