Milliy nasrdagi oʻziga xos voqea

0
229
marta koʻrilgan.

Koʻp asrlik badiiy tajriba deyarli koʻpchilik oʻqirmanlarni (oʻquvchilarni) adabiyotga yerdan uzilganroq, bir qadar xayoliy, bir muncha kitobiy, biroz sirli, gʻayrioddiy, kundalik tashvishlardan balandroq hodisa sifatida qarashga odatlantirgan. Badiiy adabiyotda tasvirlangan obrazlarning yonimizda yashayotgan hamma qatori odamlardan boshqacharoq, kuchaytirilganroq: yovuzi yovuz, yaxshisi oʻta yaxshi kishilar, shunchaki odam emas, balki aynan, adabiy qahramonlar tarzida qabul qilinishiga koʻnikilgan. Natijada, tuganmas tashvishlar girdobida umr kechirayotgan oddiy insonning oʻz holicha badiiy tasvirga obʼyekt boʻlishi mumkinligi, balki shunday boʻlishi kerakligi yoddan chiqqanday. Tajribali yozuvchi Muhammad Salomning “Katta xonadon: iztirob va sevinchlar” roman-dilogiyasi milliy adabiyotimizda odamning yerdan uzilmagan oddiy hayotini tasvirlab, oʻqirmanlarning tuygʻularini zabt etish, toʻlqinlantirish, va badiiy yuksakka koʻtarilish mumkinligining ilk jonli misoli boʻldi. Zero, Lev Tolstoy: “Sanʼatkor uchun qahramonlar emas, odamlar kerak”, – deb bejiz yozmagandi. Toʻgʻri, badiiy asarda oddiy odamlar hayotini tasvirlash tamomila yangilik emas. Tilga olingan romandagi asosiy yangilik, oddiy odamlarning joʻngina tirikchilik tarzini hech qanday umumlashtirishu tipiklashtirishlarsiz, boricha tasvirlash orqali ularning ruhiy olamiga chuqur kira bilishda koʻzga tashlanadi.

“Katta xonadon…” romanida keksa ota-ona, oʻn toʻrtta farzand, oʻn bittasi voyaga yetgan, shunga yarasha kelinlaru kuyovlar hamda bir dunyo nevaralardan iborat katta oʻzbek xonadonining adoqsiz tashvishlari aks etgan. Asarda ijtimoiy toʻntarishlar, hayotiy prinsiplarning oshkora toʻqnashuvlari tasviri yoʻq hisobi. Unda koʻpchilik oʻzbek oʻtboshisiga (oilasiga) xos sirtdan bir maromdagi, ammo ichiga kirgan sari dolgʻali ekani bilinadigan zerikarli va sertashvish turmushi mayda tafsilotlarigacha tasvirlangan. Bu hol oʻqirmanga xonadon ichkarisidagi asl manzarani yaqindan koʻrish va chetdan qaraganda hosil boʻladigan yuzaki taassurot bilan solishtirish imkonini beradi. Shu asnoda oʻtboshi aʼzolarining har biriga xos betakror insoniy qirralar yaqqol namoyon etiladi. Ayni shu jihatni asarning bosh yutugʻi deyish mumkin. Zotan, har bir oʻzbek oilasida sirti bilan asl holati orasida keskin farq boʻladi va ushbu farq oʻtboshining maʼnaviy, axloqiy tamkiniga xizmat qiladi.

Oʻzbek oilasida oʻzgalar koʻziga toʻkis va nuqsonsiz koʻrinish, boshqalarga noqulaylik tugʻdirmaslikka intilib yashaladi. Shu sabab aytar soʻzi, kiyar kiyimidan tortib, oila qurishday muhim hayotiy masalalarda ham atrofdagilar bilan hisoblashishga uriniladi. “Odamlar nima derkin?” – degan savolga javob berish masʼuliyati millatni maʼnaviy aynib, oʻz etnik qiyofasini yoʻqotib qoʻyishdan saqlab kelayotganligi roman personajlari taqdiri misolida juda ishonarli koʻrsatib berilgan.

Bitikdagi barcha timsollar biror favqulodda fazilatga ega boʻlmagan oddiy odamlardir. Bu odamlarga xos jihatlarning faqat maishiy planda aks ettirilgani asar saviyasini tushirmagan. Aytilganidek, badiiy adabiyotning hamisha alohida hodisalar va yuksak tuygʻular tasvirlanadigan, hayotni bir qadar ideallashtirib, boʻrttiribroq koʻrsatadigan sanʼat ekaniga koʻnikilgan. Bu roman-dilogiyada esa shakllangan tasavvurlarning teskarisi koʻzga tashlanadi. Unda aks etgan voqealar nihoyatda oddiy, mayda ikir-chikirlardan iboratday tuyuladi. Ayni shu mayda ikir-chikirlarning mahorat bilan amalga oshirilgan tasviri va undan keltirib chiqarilgan yirik badiiy maʼno asarning yutugʻini taʼminlagan. Negaki, har qanday shaxsga xos jihatlar uning oʻzga odamlar bilan odatiy kundalik munosabatlarida yorqin namoyon boʻladi. Odam tabiatiga xos asl qirralar kutilmagan ekstremal holatlardan koʻra oddiy va odatiy vaziyatlarda yaqqolroq koʻrinadi. Favqulodda holatlar odamdan kutilmagan reaksiyani taqozo etadi. Baʼzan bu reaksiya shu odamning asl tabiatiga butunlay yot boʻlishi ham mumkin. Odatiy kundalik yumushlar fonida har bir kishining asl tabiatiga xos qirralar yuz koʻrsatadi. “Katta xonadon…” asari ayni shu jihat namoyon boʻlganligi bilan qimmatlidir. Odam favqulodda vaziyatdagina qahramonlik qiladi. Bunday vaziyatda qahramon boʻlish nisbatan oson ham. Aslida, favqulodda vaziyatga tushmagani holda, har kungi zerikarli va sertashvish umrni munosib kechira bilish ham chinakam qahramonlik. Har kungi oddiy, zerikarli hayotda yashash qiyinligi uchun ham irodasiz, qoʻrqoq kimsalar undan oʻziga joy topolmaydi.

Romandagi Hilola koʻpchilik qatori oddiy odam. Oʻzgalarga yoʻl koʻrsatish u yoqda tursin, oʻz yoʻlini ming mashaqqat bilan topib yuradi. Muhabbati yoʻlida ham kurasholmaydi. Shunga qaramay, butun roman yoʻnalishini belgilaydigan obrazdir. Odatda, badiiy asarga qahramon boʻlgan shaxslar oʻqish, ish, turmush va ijtimoiy hayotda faol kishilar tarzida tasvirlangan. Bu romandagi Hilola xuddi shu xususiyatlarga ega emasligi bilan qahramondir. Yaʼni, u asarda badiiy asar qahramoni emas, balki tirik odam sifatida gavdalanadi.

Juda aqlli, isteʼdodli, pokiza va halol, biroz erka, oʻziga yarasha qaysar, yaqinlariga gapini oʻtkaza oladigan kenja qiz Hilolaning turmushga chiqishday muhim hayotiy masalaga loqayd va tushunarsiz yondashgani, anglovsiz oʻjarlik va achchiq-zarda bilan oʻz taqdirini zalolat tomon burib yuborgani romanda tabiiy koʻrsatiladi. Undan hech narsani ayamaydigan, ogʻzidan chiqqanini qilishga urinadigan, baxti uchun hamma narsaga tayyor ota va akalaridan iymanishi, mana bu yigitni sevaman, shunga turmushga chiqmoqchiman deyishdan, hatto oʻz maylini bildirishdan ham uyalib, baxtini boy berishi asosli tasvirlangan. Romanda oʻzbek qizi minglab yillar mobaynida momolaridan oʻtib kelayotgan tortinchoqlik hissini yigirma birinchi yuzyillikda ham yoʻqotmagani taʼsirli koʻrsatilgan. Sodda va ishonuvchan boʻlsa-da, Hilola – yer qizi. U havoyi osmoniy tuygʻulardan yiroq. Chunki oʻn bir bolaning bittasi sifatida qattiqchilik ichida ulgʻaygan. Oʻtboshidagi bunday muhit uni hamisha meʼyorga, haddini bilishga odatlantirgan. Qiz, hatto, sevgiday had bilmas tuygʻuda ham chegaradan chiqmaslikni istaydi: “Yoʻ-oʻq, birovga sigʻinadigan, erkimni boy beradigan, oʻtida kuydiradigan layliyona sevgi menga kerak emas. Otajonimni tashlab ketish darajasiga yetadigan tuygʻular mendan nariroq oʻtaversin. Unaqasidan qoʻrqaman, juda qoʻrqaman”, – deydi qiz. Koʻrinadiki, qiz chegarasiz mehrning hosilasi boʻlmish sevgini otaga muhabbatdan ustun qoʻyishni istamaydi. Holbuki, qiz bola baribir bir kuni otani tashlab ketishga mahkum ekanini juda yaxshi biladi.

Odatda mantiqdan kelib chiqib emas, koʻngil royishiga koʻra ish tutadigan Hilolaning shu oʻrindagi toʻxtami va bu asnodagi ruhiyati tasvirida muallif oʻz imkoniyati darajasidan oʻza bilgan deyish mumkin. Oʻqirman Hilolaning yoʻli oydin, hayoti chiroyli, taqdiri bekam boʻlishiga ishonadi va tasvirning shu yoʻnalishdan borishini kutadi. Zotan, unga koʻngil qoʻygan yigit – Hilolani sevibgina qolmay, uni tushunadigan, ayaydigan, qadriga yetadigan odam. Qiz ham aqlli, suluv, isteʼdodli, tinib-tinchimas, saranjom-sarishta, bir soʻz bilan aytganda, epli kelinchakda boʻladigan barcha fazilatlarga ega. Shunday boʻlgach, oʻqirmanlarning Hilola hayotining baxtli yakuniga ishonishlari tabiiy. Ammo taqdirning oʻz tadbirlari borki, uning oldida inson gʻoyat ojiz va ixtiyorsiz. Ayni vaqtda shu ojiz va ixtiyorsizlik insonni toblab, unga qudrat va ixtiyor baxsh etadigan vosita ham. Muallif Hilola hayotidagi chigalliklarning sababini ishtiboh qolmaydigan yoʻsinda shu qadar mahorat bilan tasvirlaydiki, natijada personaj tutgan yoʻlning toʻgʻriligiga ishonasiz.

Yozuvchining mahorati Hilolaning ikir-chikir turmush tashvishlarini bartaraf etolmay, shaxsiy turmushida yorugʻ kunlar kelishiga ishonmay, oʻz joniga qasd qilishga urinishida yaqqol namoyon boʻladi. Yozuvchi oʻzini suvga choʻktirmoqqa qasd etgan Hilola holatini quyidagicha tasvirlaydi: “Hilola shoshgancha, qulay yoʻl izlamay chopa ketdi. Bir necha bor munkib yiqilib, yana hovliqib turgancha ilgarilab, kanal yaqiniga asfalti koʻpchigan, oʻydim-chuqur ensiz yoʻl qarshisiga chiqdi. Oyoq panjalari, tizza hamda sonlari achishib, unga azob berardi. Shu qisqa masofani xayolida biror soat orasida bosib oʻtganday boʻldi. Tepaga qaradi. Ajab, oy oʻrnidan siljimabdi – Gʻarb tomonga ogʻgancha, unga masxaraomuz irshayib turibdi. Xuddi qizning oʻlimini tomosha qilish uchun ataylab, ammo omonatday tek qotgan”. Bu tasvir hayotiy ekanidan tashqari, ekstremal holatga tushgan odam ruhiyatiga xos jihatlarni gʻoyat ingichka koʻrsata bilishi jihatidan ham diqqatga loyiqdir.

Yozuvchi asardagi har bir obrazga xolis munosabatda boʻladi personajlarni oʻzining badiiy niyatiga moslab tarashlab koʻrsatmaydi. Shu bois romandagi obrazlar tasviri jonli, suyumli va ishonarli chiqqan. Ayni shu xususiyatlar sabab oʻqirman mehnatkash, tadbirli, ammo manfaatparast Zahriddinning tutumlaridan unchalik gʻashlanmaydi, oʻzi singari qattiq ayoli Parvardadan nafratlanmaydi. Bu eru xotinning ayrim xatti-harakatlarini qoralagani holda ularni yomon koʻrib qololmaydi. Chunki tasvir juda hayotiy va ishonarli chiqqanidan har bir oʻqirman bu personajlar tushgan vaziyatda oʻzim ham shunday yoʻl tutishim mumkin edi, degan oʻyga keladi. Zahriddinning hovlidagi qovunlarni otasiga ilinmasligi, puli, oʻtini boʻla turib, uka-singillariga bermasligi, ayni chogʻda jigarlarini ayricha mehr bilan va astoydil yaxshi koʻrishi tabiiy tasvirlangan. Bu manzaralar oʻqirmanni timsolning oʻta murakkab va chigal ichki olamiga olib kirib, ruhiy dunyosiga yaqinlashtirib, odam tabiati toʻgʻrisidagi tasavvurlarini teranlashtiradi.

Muallif romanda odamlarning ijtimoiy hayotga munosabatini real tasvirlagan. Unda oʻzbeklar ulkan ijtimoiy hadaflarga intilishdan koʻra, oʻz maishiy muammolarini hal etishga moyil etnos ekani ishonarli koʻrsatilgan. Maishiy turmush doirasida fikrlagani uchun ham oʻzbek jamiyatdan marhamat kutib oʻtirmay, yashashga yoʻl topishga intiladigan urunchoq millatligi obrazlar misolida jonli aks ettirilgan. Ayni vaqtda romanda hech bir odam oʻzi yashayotgan jamiyatdan chetda turolmasligi ham mahorat bilan chizilgan. Nuriddinning hayotidagi qiyinchiliklar ifodasidan jamiyatdagi ziyoli qatlamga munosabat, ularning moddiy hayoti va maʼnaviy rutbasi oʻzgargani ayon boʻladi. Hilolaning repetitorlik qilishi, talabgorlarni pora bilan oʻqishga kiritishday noqonuniy ishlarga aralashishi esa jamiyat hayotidagi toyilishlar va hayot kechirishning ogʻirlashganini anglatadi. Zahriddining tadbirkorlik harakatlari faollashuvi, boyishi va martabasi oshgani manzaralaridan ijtimoiy hayotda oʻzgarish boʻlgani, tadbirkorlik shabadalari esa boshlagani bilinadi.

Romanda Hiloladay prinsipial, toʻgʻrisoʻz, halollikni har narsadan ustun qoʻyguvchi qizning maʼnaviy qarashlaridagi oʻzgarishlar, aqidasidan ogʻishgan holatlar tashqi dramatizmsiz, shiddatli toʻqnashuvlarsiz ochiladi. Deyarli barcha asarlarda bunday holat keskin olishuvlar, ruhiy iztiroblar, majburlashu zoʻrlovlar asnosida tasvirlab kelingan. Bu hol kitobxonda ham inson aqidasi faqat shu yoʻsinda oʻzgarishi mumkin, degan qarashni shakllantirgan. Ammo bu romanda Hilolaning oʻqishga kiritish borasidagi firibga aralashgani, uni shu ishga undagan sabablar bilan tanishish koʻpchilikni bu timsolda oʻzini tanib, qachondir, qayerdadir qilgan shu singari gunohlarini yodga tushirishga majbur qiladi. Chindan ham har bir odam deyarli har kuni tinimsiz maʼnaviy evrilishlar ogʻushida yashaydi. Odam toʻxtovsiz ravishda maʼnaviy toʻxtamlarini oʻzgartirib boradi, ayrimlaridan voz kechadi. Faqat bu hol favqulodda oqibatlarga olib kelmagani bois unga jiddiy eʼtibor berilmaydi. “Katta xonadon…”da aks etgan taqdirlar inson tugʻilganidan to oʻlimiga qadar tinimsiz maʼnaviy-eʼtiqodiy oʻzgarishlar qurshovida yashashga mahkum ekanini koʻrsatishi jihatidan diqqatga loyiq.

Romandagi obrazlarning barchasi yuksak ijtimoiy ideallardan uzoq joʻn va mayda roʻzgʻoriy tashvishlar qurshovidagi kishilar sifatida tasvirlangan. Ayni vaqtda shu timsollarning har biri oila hayotidan tashqarida butkul boshqacha qiyofada namoyon boʻlib, atrofidagilarda oʻzgacha tasavvur uygʻotishi mumkinligi ham koʻrsatilgan. Yozuvchi bu holatni obrazlarning ikki qiyofaliligi bilan emas, balki odamning tabiati, ruhiy dunyosi mardlik, ehtiros, qoʻrquv, manfaat, yuksaklik, tubanlik, sevgi, nafrat, hurmat, oqibat, qasos, olijanoblik kabi sanoqsiz ruhiy qismlardan iborat yaxlit maʼnaviy qurilma ekani bilan izohlaydi. Asardagi biror timsol boshdan-oyoq oq yoxud qora rangda emas. Hatto, romanda ishning koʻzini biladigan, mulohazali, diyonatli, birovga yomonlik qilmaydigan, katta hayotiy tajriba va ulkan insoniy mehrga ega topqir Nuriddin ham insoniy qusurlari bor shaxs tarzida kelgan. Chunonchi, onasi oʻlgandagi holati tasvirida uning shaxsiyatidagi ojizliklar juda ishonarli chiqqan: “Nuriddin ularni yigʻlamaslikka undardi-yu oʻzi ham betinim, sassiz koʻzyosh oqizardi. Oxiri u chidolmay, tashqariga yoʻnaldi. U oʻzini batamom yoʻqotib, gangib qolgan ediki, bu yogʻiga nima qilishni, kimga nima deyishni bilmas, supada u yoqdan bu yoqqa sarsari tentirardi. Dod solib yigʻlashni butun vujudi talab qilayotganga oʻxshardi”. Bu tasvirda kattagina yoshdagi oʻqimishli, ilohiy ilmdan ham xabardor oʻgʻilning onasidan ayrilgandagi holati haqqoniy aks ettirilgan.

Ezgu obʼyektda yomonlik, yomon obʼyektda ezgulik unsurlari boʻlishini yaxshi bilgan va bu holatni ishonarli aks ettira oladigan yozuvchi timsollarni oʻzaro diametral qarama-qarshi qutblarda tasvirlamaydi. Odam qiyofasini ezguligu yomonlik uygʻunligida chizishga urinadi. Shuning uchun ham asarda oʻtboshidagilarning yoppa mehrini qozongan Nuriddin bilan faqat oʻziga tortgani bois yaqinlar unchalik xushlamaydigan Zahriddinning tabiati bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilmaydi, balki qaysi oʻrinda tabiatidagi qaysi jihat yetakchilik qilganiga koʻra oʻzaro farqlanishi aks etadi. Bu holat Hilola Qozogʻistonda nomusidan ayrilib qolishi mumkin boʻlganini Zahriddinga aytib, agar shunday ish yuz bersa nima qilardingiz deb bergan savoliga aka bergan javobda, ayniqsa, yaqqol namoyon koʻrinadi:

Unda oʻlarding, Hilola! – dedi. – Oʻzim oʻldirardim.

– Yoʻgʻ-e, nima men oʻzim mustaqil odam emasmanmi?

– Ham mustaqilsan, ham mustaqil emassan. Tomirlaring bizni tomirlar bilan tutash: xoh yaxshi, xoh yomon, birontasini ajratib olib tashlab boʻlmaydi. Bitta tomir zaharlansa, butun tanaga zahar yoyiladi – hammamizni xarob qiladi. Buni zabtim koʻtarmaydi. Shuni hech unutma! Ayni shu tasvirda oʻzbek yigitining tabiati yorqin koʻrinadi. Ogʻa uchun opa yoki singilning nomusi uning jonidan azizroq sanaladi. Shunday tuygʻularga ega shaxsiyatni, kamchiliklariga qarab, bir yoqlama baholash insofdan emas.

“Katta xonadon” romanida oʻtboshidagi koʻplab kelishmovchiliklar sababchisi uquvsiz, besarishta, beoʻxshov, farishtasiz, xullas, biror maqtagulik yeri yoʻq Karamgul obraziga boshqalarga nisbatan koʻproq oʻrin ajratilgan. Zero, hayotning achchiq haqiqati shundaki, baʼzan arzimasday koʻringan odam koʻplarning taqdirini ostin-ustun qilib yuborishi mumkin. Karamgul obrazida ayni shu holat aks etgan. Aynan shu hardamxayol Karamgulning bir ogʻiz soʻzi Hilolaning taqdirini fojiaga aylantiradi. Agar Karamgul aralashmaganda Hilola giyohvand Bositga emas, sevgan yigiti Doniyorga turmushga chiqqan, demakki, hayoti tamomila boshqa izdan borib, bir tekis va fojiasiz kechgan boʻlishi mumkin edi. Shuningdek, asarda oila boshligʻi Odil boboning besarishta va uquvsiz shu kelinni hamisha yoqlab, kampiri va deyarli barcha bolalariga qarshi borishining mantiqiy asosiga ham ishora qilingan. Yuzaki qaraganda, uquvsiz va noshud Karamgulning noziktaʼb, toʻgʻrisoʻz, keskir, uncha-muncha odamni tan olmaydigan Odil boboga suyumli ekani mutlaqo tushunarsiz. Ammo oʻzbek oʻtboshisida qaynota hamisha kelinga panoh ekani hamda, agar nomus aralashmasa, oila butunligi va nevaralarning yetim boʻlmasligi otalar uchun hamma narsadan ustun sanalishi hisobga olinsa, boboning bunday tutumi sababi oydinlashadi. Shuningdek, Odil bobo kelinining qachondir insofga kelib, oʻzgarishiga ishonadi va roman adogʻida oqsoqolning haq ekani ayon boʻladi.

Asarda Karamgul tabiatining oʻzgarganligi, undagi evrilishlarga kattalardan koʻra oʻz qizi Shamsiya koʻproq taʼsir koʻrsatgani oʻqirmanni ishontiradigan yoʻsinda tasvirlangan. Qizaloq Shamsiya timsoli romandagi eng totli va begʻubor obrazdir. Uning dunyoga kelishi va goʻdakligi bilan bogʻliq voqealar tasvirida bu qizning aslan boshqacha taqdir egasi boʻlishiga ishora bor. Demak, buvi Shamsiya nevara Shamsiyaga faqat ismini emas, balki oʻzidagi birlashtiruvchilik va boshqaruvchilik qobiliyatini ham meros qoldiradi. Ona Shamsiyadan keyin Hilola, undan soʻng nevara Shamsiyadagi urinchoqlik, uddalilik, topqirlik, birlashtirish uquvi singari sifatlar oʻzbek maʼnaviyati timsoli boʻlmish katta xonadonning kelajakda ham tarqalib ketmasligiga boʻlgan ishonchning badiiy modelidir. Qizaloq ilk tarbiyani onasi Karamguldan emas, aynan buvisidan olgani bois oʻtboshidagilar koʻrishni istagan barcha ezgu fazilatlarga ega boʻlib oʻsadi. Ayni yondashuv Karamgulday onadan shunday yetuk qizning dunyoga kelishi sababini ham izohlaydi. Shamsiyadagi goʻzal fazilatlar Odil boboning kelinida koʻzga tashlanmaydigan boshqa ichki qirralar ham borligini koʻrsatadi.

Maʼlumki, har qanday ijodkor asariga xomashyoni hayotdan olib, badiiy toʻqima yordamida sanʼat asariga aylantiradi. Lekin “Katta xonadon…” asarida toʻqima boʻrtib turmaydi, hatto, oʻqirman roman bilan tanishish kechimida uning badiiy yaratiq ekanini unutib, goʻyo oʻzi yoxud jigarlarining hayoti kitobi bilan tanishayotganday boʻladi. Chunki asarda har bir timsolning u yoki bu ishiga sabab boʻlgan omillarning ildizlari hamda bular taʼsirida obrazlarda yuzaga kelgan tuygʻularning paydo boʻlish jarayoni gʻoyat hayotiy koʻrsatilgan.

Ushbu roman-dilogiyaning har bir qahramoni devorga ishlangan freska yoki mozaika yangligʻ alohida parchalardan tarkib topgani bilan eʼtibor tortadi. Freska va mozaika uzoqdan yarqirab, yaxlit koʻzga tashlanib, kishi havasini keltiradi va oʻziga tortadi. Ammo ularga yaqinlashilgan sari yarqiroq narsalarning shunchaki shisha siniqlari, qabariqlarning oddiy tosh parchalari, yolqinlanib turgan ranglarning turfa ranglar qorishigʻi ekani ayon boʻladi. Aslida hayot ham mozaikaga oʻxshaydi: u uzoqdangina silliq va yaxlit. Har bitta odam singari har bir oʻtboshi ham faqat oʻziga xos hayot qozonida qaynaydi. Jamiyatning hayoti undagi har bitta odamning kundalik tashvishlari yigʻindisidan iborat. Ayni tashvishlarning koʻzga tashlanadigan qirralari freska va mozaikani yaraqlatadigan ranglarni tashkil etadi.

Muallif asardagi timsollar tasvirida alohida lavha va tafsillardan mohirona foydalangan. Romandagi bunday badiiy-ruhiy freska shaklidagi kichik lavha va tafsillar har bir insonning nimadan tarkib topganini koʻrsatishi jihatidan qimmatlidir. Yozuvchi asarning biror oʻrnida taxmin yo tavakkalga yoʻl qoʻymaydi, har bir personaj faqat oʻz tabiatidan kelib chiqqan holda qaror qabul qiladi. Katta xonadonga Karamgulning kelin boʻlib tushishi va Hilolaning giyohvandga turmushga chiqishi kabi mutlaqo kutilmagan tasvirlarda ham atayinlik, yasamalik yoʻq. Asarda har bir timsol joriy vaziyatning oʻz tabiatidagi aksiga, jilvasiga qarab ish tutishi ishonarli aks etgan. Shu bois har bir personajning oʻxshash vaziyatlarda nooʻxshash yoʻllardan yurishi koʻrsatiladi.

Muhammad Salom romanning koʻp oʻrinlarida insonning tinimsiz oʻzgarib turadigan tabiatini juda ishonarli ochib bera olgan. Yozuvchi odamning to bevosita oʻz hayotiga tegib ketmagunicha jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarga uncha qiziqmasligini haqqoniy aks ettiradi. Chindan ham odam oʻziga daxldor boʻlmaguncha faollashmaydi. Aynan faollashmagan odam oʻziga munosib ijtimoiy vaziyatni yaratib olmagani uchun deyarli hamisha uning qurboni boʻladi. “Katta xonadon…” romani va undagi timsollar oʻqirmanda inson nafaqat atrofidagilar, balki oʻzigada turli rakurslardan qaray bilishi kerak degan fikrni uygʻotadi. Bu hol odam deb atalmish yaratiqning ruhiy-hissiy olami naqadar serqirra va omonatligini, uni qatʼiy sabab-oqibat tizimi nuqtai nazaridan izohlash oʻta mushkul ekanini anglatishi bilan ham ahamiyatlidir.

Oddiy odamlarning joʻngina turmush yoʻsini toʻgʻrisidagi soddavor asarning koʻp oʻrinlarida yozuvchining tasvir mahorati boʻy koʻrsatgan. Chunonchi, romanda tabiatning goʻzal manzaralari sanʼatkorlik bilan chiziladi: “Ana, osmon naʼra tortdi, zaminu samo larzaga keldi. Oʻtakasi yorilgan bulutlar duv-duv yosh toʻkdilar, zir titragan yerning ham lablariga uchuqlar toshdi…”. Muhimi shundaki, oʻz holicha ham juda dilbar bu tasvir shunchaki tabiatdagi oʻzgarishlar manzarasi emas, balki qahramon ruhiyatidagi tovlanishlarning vositali ifodasidir. Muallif hamisha tabiat va narsa-hodisalar tasviriga qoʻshimcha maʼno yuklab, ularni personajlar ruhiyatidagi jilvalarni boʻrttirib koʻrsatish quroliga aylantirishga urinadi. Jumladan, “Avtobus hamon shoshib olgʻa intilar, goʻyo ichidagi odamlarning tashvishu oʻylarini ham ortmoqlab olganday zoʻriqib, zirillardi” tasviri avtobusning holatidan koʻra koʻproq uzoq Buxoroning bir qishlogʻida qattiq ogʻrib qolgan onasi diydoriga shoshilayotgan farzand ruhiyatini bildiradi.

Aytish kerakki, muallif romanda sheva unsurlaridan moʻl-koʻl foydalangan boʻlsa-da, asardagi obrazlar tili yetarlicha individuallashtirilgan deb boʻlmaydi. Ammo bu asar badiiyatiga unchalik zarar yetkazmagan. Negaki, tasvirda har bir timsolning ruhiy holati va faqat ungagina xos qandaydir ichki ohang hamisha bilinib turishiga erishilgan. Obrazlarning oʻz ohangi, demakki, alohida audial qiyofaga egaligi asarning oʻqishliligini taʼminlagan.

Muallif asarda personajlarning har bir holat, harakat yoki yuz ifodasini butun tafsiloti, eng mayda ikir-chikirigacha tasvirlaydi. Maʼlumki, bir vaqtning oʻzida bitta narsa haqida bir necha xil xayolga borish – deyarli barcha odamga xos universal xususiyat. Lekin bu holatni adabiyotga olib kirib, undan badiiy maʼno chiqara bilish hammaning ham qoʻlidan keladigan ish emas. Bu usuldan oʻrinli foydalangani uchun ham Muhammad Salom asarida har bir obrazni oʻz tabiiy holatida koʻrsatishga erishgan.

Romanning syujet chizigʻi qahramonlar tutumi, tabiatiga uygʻun holda qurilgan. Asardagi timsollar qandaydir voqealar asnosida oʻzini tanitmaydi, balki oʻqirman biror voqeaga ular bilan birga guvoh boʻladi, xuddi hayotning oʻzidagi kabi uning girdobiga tushadi. Muallif voqealar jarayoni tasvirida hech narsani koʻzdan qochirmaydi: har bir qahramonning gapirish ohangi, xatti-harakati, hatto, boshini qashish, sochini silashu piyolani qoʻlida aylantirishi, koʻnglidan oʻtkazgan oʻylari kabi mayda-chuydalargacha batafsil va betakror chizadi. Bu hol oʻqirmanga obrazlarni teranroq tuyish, ularning ruhiy holatini toʻla ilgʻash imkonini beradi.

Yozuvchi asarda oʻqirmanni ipsiz bogʻlab turadigan joʻshqin voqealar shiddatidan koʻra timsollarning tuygʻulari tovlanishlari xilma-xilligini koʻrsatishga koʻproq eʼtibor qaratadi. Romanda voqealar tasviri emas, balki odam ruhiyati tasviri, uning dardlari, iztirobu umidlari ifodasi ustuvorlik qiladi. Zero, “individning eposi” (V. Belinskiy) sanalmish roman janri uchun shaxs ruhiyati puchmoqlaridagi turfa holatlarni badiiy tadqiq etish muhim sanaladi. Shuning uchun ham asosini qiziqarli voqealar emas, ularning taʼsirida personajlar ruhiyatida paydo boʻladigan oniy tuygʻu, lahzalik holat, muvaqqat kechinmalar tashkil etgan “Katta xonadon: iztirob va sevinchlar” asarini bugungi oʻzbek romanchiligida oʻz oʻrniga ega asar deyish mumkin.

Har toʻkisda bir ayb deganlaridek, katta hajmli bu asarda bir qator tahrirtalab oʻrinlar ham mavjud. Chunonchi, Hilola bilan Karamgul oʻrtasidagi ziddiyat tasviri baʼzan gʻashga tegar darajada choʻzilib ketadi. Shuningdek, Hilolaning mustaqillikka intilishi, akalaridan ham qarzdor boʻlishni istamasligi turli joylarda oʻqirmanga malol keladigan yoʻsinda qayta-qayta aytilaveradi. Asardagi hal qiluvchi obrazlardan biri Karamgul tasvirida toʻla dalilanmagan oʻrinlar bor. Chunonchi, Karamgulning ikkinchi farzandiga yukli boʻlganidan to uni dunyoga keltirguniga qadar oradan salkam uch yil vaqt kechadi. Bulardan tashqari, asardagi baʼzi gʻaliz jumlalar, qoʻshimchalarning notoʻgʻri qoʻllanilishi, shevaga xos soʻzlarning izohsiz ishlatilishi kabi holatlar ham roman saviyasiga bir qadar salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shunga qaramay, asardagi yutuqlar oʻziga xos yoʻsinda bitilgan romanni hozirgi oʻzbek nasridagi oʻziga xos voqea boʻldi deyishga asos beradi.

 

Qozoqboy YOʻLDOSH,

Muhayyo YOʻLDOSH

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.