“Meni men istagan…”

0
1435
marta koʻrilgan.

Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand[1] etmas,

Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,

Chu ulkim, bahrayi andin tilarmen, bahramand etmas.

Netay hur-u pari bazminki, qatlim yo hayotimgʻa

Ayon ul zahr chashm[2] aylab, nihon bu noʻshxand[3] etmas.

Kerakmas oy ila kun shaklikim, husn-u malohatdin

Ichim ul chok-chok etmas, tanim bu band-band etmas.

Kerak oʻz chobuki qotilvashi Majnunshiorimkim,

Buzugʻ koʻnglumdin oʻzga yerda javloni samand[4] etmas.

Koʻngul uz charx zolidin, firibin yemakim, oxir

Ajal sarishtasidin oʻzga boʻynungʻa kamand etmas.

Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy, tegmasin deb koʻz,

Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand[5] etmas.

 

V–– – / V–– – / V–– – / V–– –

mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun

Hazaji musammani solim

 

Ushbu gʻazal “Badoyeʼ ul-vasat” devoniga kiritilgan boʻlib, Navoiyning falsafiy-didaktik qarashlarini ancha yorqin ifodalashi bilan ajralib turadi. Olam turfa hodisotlarga boy. Shulardan biri kishi koʻnglining nozikligi bilan bogʻliq. Jumladan, hammaga hamma har doim yoqavermaydi, maʼqul kelavermaydi.

Meni men istagan oʻz suhbatigʻa arjumand etmas,

Meni istar kishining suhbatin koʻnglum pisand etmas.

Navoiy nihoyatda hayotiy muammoni, yechimi ogʻir, qiyin masalalarni kun tartibiga qoʻyar ekan, ularning poyetik ifodasini juda sodda va yengil tarzda hal qiladi. Mazkur baytda biz soʻzlar takrori zimmasidagi vazifalarni koʻrib turibmiz. Baytda “men” olmoshi uch marta, “istamoq” feʼli ikki marta, ot soʻz turkumidagi “suhbat” ikki marta, “etmas” yordamchi feʼli ikki marta qoʻllangan. Ammo bu yerda soʻzlar takrori emas, balki maʼnolarning ajoyib tovlanishi kishini mahliyo etadi. Soʻzlar takrori maʼnolar jilvasinig yuzaga chiqishi uchun imkon hozirlab beradi. A hamda i unlilarining faolligi, radifning ishtiroki bayt ohangdorligiga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshib turibdi.

Nega kishi oʻziga maʼqul kishilar bilan hamsuhbat boʻlish uchun ham koʻp qiyinchiliklarga duch kelishi kerak? Buning sabablari koʻp. Shulardan biri, inson oʻziga maʼnaviy oziq berishi mumkin boʻlganlarga intiladi. Ammo intiltiruvchining imkoniyatlari intiluvchi istagan darajada boʻlmasligi mumkin:

Ne bahra topqamen andinki, mendin istagay bahra,

Chu ulkim, bahrayi andin tilarmen, bahramand etmas.

Boshqalarga bahra yetkazish imkoniga ega boʻlmagan kishiga koʻz tutish oʻrinli boʻlmaydi, imkoni borning esa menga nisbatan ragʻbati mavjud emas, demoqda shoir. Soʻzlar takrori bu yerda ham asosiy mavqeni egallab turibdi.

Shunga koʻra, lirik qahramonni hur-u parilarning bazmlari ham oʻziga tortmaydi, qiziqtirmaydi.

Netay hur-u pari bazminki, qatlim yo hayotimgʻa

Ayon ul zahr chashm aylab, nihon bu noʻshxand etmas.

Bu yerda jamʼu taqsim degan sheʼriy sanʼatning sanʼatkorona tatbiqi koʻzga tashlanadi. U “hur-u pari” soʻzlari hamda “ul” va “bu” olmoshlari ishtirokida sodir boʻlmoqda. Olmoshlar ularning barchasiga ham daxldor. Buni shunday ifodalashimiz ham mumkin:

Ayon ul (hur) zahr chashm aylab,

nihon bu (pari) noʻshxand etmas.

Yoki:

Ayon ul (pari) zahr chashm aylab,

nihon bu (hur) noʻshxand etmas.

Ayni paytda “qatlim yo hayotimgʻa”ning hurga ham, pariga ham bir xil darajada aloqadorligini eʼtirof etish joiz.

Jamʼu taqsim sanʼati navbatdagi bayt uchun ham xosdir.

Kerakmas oy ila kun shaklikim, husn-u malohatdin

Ichim ul chok-chok etmas, tanim bu band-band etmas.

Bu yerda istiora, jamʼu taqsim, taʼdid va takroriy soʻzlar shoir koʻzda tutgan maʼnolarning yuzaga chiqishida asosiy vosita vazifasini ado etmoqda.

Demak, hozirgacha mavjud sharoit va shaxslar orasida munosib doʻst topilmadi. Yoki bunday doʻstning oʻzi yoʻqmi? Bunday emas, bunday shaxs bor. U – yordir. Ammo u ham ancha-muncha “xislatlarga” ega. Xususan, u qotilvash, majnunshior, shuning uchun ham uning joyi lirik qahramonning “buzugʻ koʻngli”dir:

Kerak oʻz chobuki qotilvashi majnunshiorimkim,

Buzugʻ koʻnglumdin oʻzga yerda javloni samand etmas.

Bularning barchasi koʻngil tufayli sodir boʻladi.

Koʻngul uz charx zolidin, firibin yema kim, oxir

Ajal sarishtasidin oʻzga boʻynungʻa kamand etmas.

Kunlardan bir kun yorning iliq mehr koʻrsatib qolishi ehtimoli (“Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa”) ham yoʻq emas. Ana shunda koʻz tegmasligi uchun lirik qaramon isiriq solishga tayyor. Ammo bu isiriq donachalari muhabbat urugʻlari boʻlishi shart:

Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy, tegmasin deb koʻz,

Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand etmas.

Ushbu gʻazal faqat mazmuni bilangina emas, balki shu mazmunga xos va muvofiq boʻlgan shakliy jihatlari, tasvir vositalari bilan ham eʼtiborga molik. Xuddi shuning uchun ham mazkur gʻazal hozir ham barchamizning eʼtiborimizni tortadi, koʻngillarga zavq-u huzur beraveradi.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

 


[1] A r j u m a n d – aziz, izzatli, qadrli.

[2] Ch a sh m – koʻz.

[3] N oʻ sh x a n d – shirin va chiroyli kulgi.

[4] S a m a n d – saman ot, tezyurar va chiroyli ot.

[5] S i p a n d – isiriq, isiriq urugʻi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.