Maxtumqulining tayanch tog‘i

0
43
marta ko‘rilgan.

Turkman adabiyoti tarixida Maxtumqulining otasi – Davlatmammat Ozodiy (1700–1760) haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Oraz Yag‘murning “Maxtumqulinoma” kitobida otasining ismi Maxtumquli bo‘lib, bir oz shoirlikdan boxabarligi, qirq yoshida o‘g‘il ko‘rib, unga Davlatmammat deb ism qo‘ygani yozilgan. O‘n ikki yoshida otasidan yetim qolgan Davlatmammat hayot maktabida tahsil oldi, tajriba orttiradi; Xevada o‘qiydi. Keyin dehqonchilik, zargarlik, mudarrislik bilan shug‘ullanadi. Otasining hurmati uchun o‘g‘liga Maxtumquli deb ism qo‘yadi. Davlatmammat Ozodiy o‘z davrining bilimdon olimi, taniqli ziyolisi bo‘lgan. Ikki ming baytdan ko‘proq hajmli masnaviy usulida yozilgan “Va’zi Ozod” asarining mazmuni Ozodiyning Qur’oni karimni, islom dini tarixi, Rasululloh (s.a.v.) hadislari, shariat ahkomlarini juda yaxshi bilganini ko‘rsatadi. Rivoyatlarga ko‘ra, o‘ziga “Ozodiy” deb taxallus tanlashini Davlatmammatning tushi bilan bog‘lashadi. “Tushiga Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) kirib: “Sen do‘zaxdan ozodsan” degan emishlar”[1]. Ozodiy asarlari mustabid sho‘ro zamonida – 80-yillarda turkman o‘quvchilariga taqdim etiladi, ammo nashrdan chiqqan kitob davr mafkurasiga mos kelmagani uchun darhol kutubxona va kitob do‘konlari tokchalaridan yig‘ib olinadi; yo‘q qilinadi.

Davlatmammat Ozodiyning kimligidan darak beradiga eng yaxshi manba – bu shuhbasiz Maxtumqulining she’rlaridir. Shoirning adabiy merosi tarkibida otasiga ehtiromi balqib turgan “Mulla Ozodim”, “Otamning”, “Ozodim qani?” va boshqa bir qancha she’rlari bor.

Otasining ma’rifat bulog‘idan suv ichgan shoir “Kuygan jonima” she’rining tuganchida, otasiga ehtirom ko‘rsatib: “Duo aylab o‘tarman, ul Ozodiy ustozima”, deydi. Eng muhimi, ustoz sifatida otasining nomi va martabasini tarixda yashab o‘tgan, el-yurtga ezgulik ulashgan ulug‘ insonlar qatoriga qo‘yadi. Tirikligida e’zozlaydi, vafot etganida yana yozadi:

 

Oltmish yoshda, Navro‘z kuni, luv yili,

Turdi ajal, yo‘lin to‘sdi otamning.

Bu dunyoning ishi bundayin, belli,

Umrining tanopin kesdi otamning”.

 

“Otamning” she’ri qaysidir ma’noda Ozodiyning oxirat uchun ozuqa to‘plash g‘amida yashab o‘tganidan, o‘zini abdollar qatoriga qo‘shganidan darak beradi. Maxtumquli ota do‘stlarining jannatga doxil bo‘lishidan umid etadi.

Maxtumquli otasi vafot etganida marsiya yozadi. Shoir “ko‘zining nuri” bo‘lmish otasini sog‘inganda yozgan hissiyotli misralari har qanday odam yuragini titroqqa soladi:

 

Imomsiz qolgandir masjid-mehrobim,

Tug‘madi sochib nur ul mohitobim[2],

Yomon qoldimsel olibdir atrofim,

Ko‘nglimning ummoniOzodim qani?!”

 

Boshqa bandlarda shoir otasiga “shahrimning sultoni”, “minbarim azoni”, “elimning zaboni”, “yuragim oromi”, “Go‘klangning polvoni”, “bog‘imning rayhoni”, “nomusim iymoni” kabi sifatlar beradi. Maxtumqulining ushbu she’ridan “Ozodim qani?” degan haybatli nola, ezgin afg‘on, cho‘ng dard eshitiladi. Otasini izlayotgan shoirning alamiga o‘quvchi sherik bo‘ladi; ko‘ngli bo‘shab, ko‘zlariga yosh keladi.

Umuman, Maxtumquli she’rlari ichidan otasi – Damlatmammat Ozodiyga bag‘ishlangan bunday she’rlardan chin musulmon bir insonning, tarbiyachi, olim, abdol, ma’lum bir komillik martabalariga erishgan otaning muhtasham, salobatli siymosini tasavvur qilish mumkin.

Halol luqma, teran ta’lim-tarbiya, haqgo‘y ustozlar, jiddiy mushohada, yuksak odamiylik – bularning barcha-barchasi jamuljam bo‘lgan bir vaziyat Maxtumquli dahosini tarix sahnasiga olib chiqdi. Bu dahoning tayanchi, bu adibning ilhomchisi, bu shoirning tarbiyachisi, albatta, otasi Davlatmammat Ozodiy edi.

 

Bahodir KARIMOV,

adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori

 

 


[1] Oraz Yag‘mur. Maxtumqulinoma (Turkman tilidan Muzaffar Ahmad va Rustam Jabbor tarjimasi). “O‘zbekiston” nashriyoti. 2016 yil, 13-14-bet.

[2] Mohitob – oy, oydin;

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.