Maxtumquli

0
1530
marta koʻrilgan.

Turkman klassik adabiyotining otasi, zabardast lirik shoir va mutafakkir Maxtumquli Firogʻiy Turkmanistonning Qoraqala degan joyida Shoir Davlatmamed Ozodiy oilasida oilasida tugʻildi. Avval qishloq maktabida, keyinchalik Xiva madrasalarida tahsil oldi. Shu yillarda u turkman, oʻzbek va fors-tojik klassiklarga ergashib, lirik sheʼrlar yozishdan boshlandi. Sharq klassik poeziyasini, ayniqsa Alisher Navoiy ijodini yaxshi oʻrgangan shoir sekin-asta oʻzi ham oʻynoqi, ravon gʻazallar ijod qilishga kirishdi.

Maxtumquli oʻzining eng yaxshi sheʼriy asarlarida xalq hayotining realistik lavhalarini chizdi. U ezilgan mehnatkash ommaning zulm va zoʻravonlikka qarshi noroziligini ifodalovchi “Zamonlar”, “Axtaradi”, “Koʻpning hayoti” singari sheʼrlarini yozdi. Maxtumquli tarqoq turkman qabilalarining birlashuvini, mustahkamlashuvini, mustahkam adolatli davlat tuzilishini orzu qildi. Maxtumquli poeziyasida vatanparvarlik gʻoyalari kuchlidir. U koʻp asrlar davomida Eron shohlari, Buxoro amirlari va Xiva xonlari zulmi ostida qolib kelgan oʻz vatanini chet el bosqinchilaridan ozod qilish haqida oʻylaydi. Shuning uchun oʻzining “Chaqiriq”, “Baxt qushi” singari sheʼrlarida ommani dushmandan oʻch olishga ragʻbatlantirdi.

Maxtumquli poeziyasida didaktika kuchli. Uning sheʼrlarida ahloq va odob toʻgʻrisida bayon etilgan fikrlar, shubhasiz, oʻz zamonasi uchun progressiv ahamiyatga ega edi.

Maxtumquli gʻazallari oʻzbek xalqi orasida koʻpdan beri keng tarqalgan xalq uning qoʻshiqlarini havas bilan sevib aytadi.

Maxtumqulining sheʼrlar toʻplami oʻzbek tilida bir necha marta nashr ettirildi.

 

Maxtumquli ijodidan:

 

Boʻlmas

 

Har ahmoqqa aytma dardu soʻzingni,

Hasrat oʻti jisming yoqqancha boʻlmas:

Gʻussa bilan dona-dona koʻzingdan

Achchiq yoshlaringni toʻkkancha boʻlmas.

 

Qanoatda, izzatda tut oʻzingni,

Tamaʼ qilib, sargʻaytirma yuzingni.

Har nomardga hayf aylama soʻzingni,

Soʻzingning binosin yiqqancha boʻlmas.

 

Magʻrur boʻlib kezma umring guliga,

Duch boʻlarsan bir kun xazon yeliga,

Yuz yil yashab tushsang ajal qoʻliga,

Chapingdan oʻngingni boqqancha boʻlmas.

 

Koʻngli qora bilan boʻlmanglar ulfat,

Yuqar undan turli-tuman kasofat,

Koʻmirga har necha aylasang izzat,

Manglayga qorasi yuqqancha boʻlmas.

 

Maxtumquli hargiz topmadi omon,

Yomon tilning zahri tigʻlardan yomon,

Yomon til yonida zahri koʻp ilon, –

Chaqsa-da bir chiqin chaqqancha boʻlmas.

 

Akram UZOQOV

 

“Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi xalqlari adabiyoti” (Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent, 2007) oʻquv qoʻllanmasidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.