Matnshunosligimiz yutuqlari

0
2451
marta koʻrilgan.

Bugungi kunda matnshunoslik, ayniqsa, Oʻzbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega. Chunki oʻlkamiz tarixi va madaniyatiga oid yuzlab bebaho asarlar hali nashr etilmasdan qoʻlyozma holida saqlanmoqda. Shularni hisobga olib, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida matnshunoslik yetakchi ilmiy yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Qoʻlyozmalar xazinasida saqlanayotgan qimmatli asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlarini nashrga tayyorlashga jiddiy eʼtibor qaratildi. Sir emas, bir necha nusxada yetib kelgan asar qoʻlyozmalari orasida ancha-muncha tafovutlar boʻlishi tabiiydir. Asarning turli nusxalari muqoyasa qilinib yaratilgan ilmiy matnigina tarjima va tadqiqotlar uchun ancha ishonchli boʻladi. Qolaversa, turli mavzuda izlanishlar olib borayotgan mutaxassislar tarjima emas, balki asl matnga tayanishsa, ularning tadqiqotlari koʻproq tosh bosadigan boʻladi. Asl matnda muhim atama va unvonlar asar yozilgan davrda qanday ishlatilgan boʻlsa, shunday yoziladi. Tarjimada ular oʻzgarishga uchrashi va boshqa baʼzi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishi mumkin.

Milliy fanimizning xalqaro obroʻsi bilan bogʻliq yana bir jihat borki, bizning tariximiz va madaniyatimizga oid asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlari Arab mamlakatlari (movarounnahrlik ulamolar kitoblari), Eron (fors tilidagi bir qancha tarixiy va adabiy manbalar), Amerika (Munis va Ogahiyning “Firdavs ul-iqbol” asarining Yuriy Bregel tarafidan tayyorlangan ilmiy-tanqidiy matni), Yaponiya (Muhammad Hakimxonning “Muntaxab ut-tavorix” asarining Yayoi Kavaxara, “Boburnoma”ning Eyji Mano tarafidan nashr etilgan ilmiy-tanqidiy matnlari) va boshqa mamlakatlar olimlari tomonidan nashr etilayotganida oʻzbek manbashunos-matnshunoslari bu ishda nainki ishtirok etish, balki faol kirishib, bu sohada yetakchilikni oʻz qoʻllariga olishga burchlidirlar.

Turkiy tildagi asarlarni kirill yoki lotin alifbosiga tabdil qilishdan oldin ham ularning muallif tomonidan ilk bor yaratilgan yozuvdagi ilmiy-tanqidiy matnlarini hozirlash katta ahamiyatga ega. Quyida biz Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ilmiy-tanqidiy matnlari tayyorlangach, Oʻzbekiston va boshqa mamlakatlarda chop etilib, Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati bilan shugʻullanuvchi jahondagi koʻplab ilmiy markazlar mutaxassislari tomonidan iliq kutib olingan bir necha moʻtabar manbalar nashriga toʻxtalib oʻtamiz.

 

* * *

Maʼlumki, “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyimil futuvvat” (“Ulugʻlik xushboʻyliklarini taratuvchi sevikli shabadalar”) Alisher Navoiyning nasrdagi eng yirik asaridir. Undan 770 dan ortiq tasavvuf shayxlari haqida maʼlumotlar oʻrin olgan boʻlib, muallifning diniy-falsafiy qarashlari hamda Navoiygacha bunchalik keng koʻlamda tasvirlanmagan turk mashoyixlari faoliyatiga oid behad qimmatli manbadir. Shuningdek, Navoiyning otasiga oid baʼzi biografik qaydlar ham asarning qimmatini yanada oshiradi.

OʻzR FA Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi Hamidxon Islomiy “Nasoyim ul-muhabbat”ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash ustida uzoq yillar izlanishlar olib bordi. Domla “Nasoyim”ning Turkiya, Rossiya, Fransiya va Oʻzbekistondagi eng qadimgi, baʼzilari Alisher Navoiy hayotligi davrida koʻchirilgan moʻtabar nusxalar asosidagi matnini tiklab, nusxalar orasidagi muhim tafovutlarni satrosti izohlarida qayd etdi. Matn uchun zarur koʻrsatkichlar ham tuzilganki, bu tadqiqotchi va oʻquvchilarga asardan oʻzlari izlayotgan maʼlumotlarni tezda topib olish imkonini yaratadi.

“Nasoyim ul-muhabbat”ning shu paytgacha Turkiya va Oʻzbekistonda amalga oshirilgan nashrlari puxta ilmiy-tanqidiy matnga asoslanmagani uchun koʻplab xatolarga yoʻl qoʻyilgan edi. Misol keltiradigan boʻlsak, 2001 yilda “Fan” nashriyotida Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami”ning 17-jildi sifatida “Nasoyim ul-muhabbat” asari nashrdan chiqdi. Buyuk adibning eng yirik nasriy asari Oʻzbekistonda ilk bor toʻliq holida nashr etilishi quvonchli hodisa, albatta. Biroq bu nashrdagi matniy xatolar oddiy oʻquvchi tugul, mutaxassislar uchun ham qator jumboqlar paydo qiladi. Boz ustiga, Navoiy matnidagi yuzlab soʻz va jumlalar yo atayin, yo eʼtiborsizlik natijasida tushirib qoldirilgan. Baʼzi soʻzlarning toʻgʻrisini va nashrdagi xato shakllarini quyida keltiramiz: “barxabarlar” – “bexabarlar”, “ul kitobdagʻi” – “ul kitobda dagʻi”, “siroti mustaqim” – “siyrati mustaqim”, “aning manʼin” – “ani mutaayyin”, “anga rom” – “orom”, “komlarim” – “gʻamlarim”, “suvab” – “savob”, “muvofaqatingizdin” – “muvaffaqiyatingizdin”, “taxalluf” – “takalluf”, “mahshur” (qoʻshilgan maʼnosida) – “mashhur”, “iflos” – “ixlos”, “adab” – “abad”, “afzun” – “afsun” va hokazo. Ular kitobxonga matn maʼnosini qiyinlashtirib, baʼzan mutlaqo tushunarsiz qilib qoʻyadi. Masalan: “Ul it boshin ul harfqa solib, ul sutdin ichti” jumlasidan soʻng, “it boshini qanaqa harfga tiqdi ekan?” deb bosh qotirish mumkin. Holbuki, bu soʻz asliyatda “zarf”, yaʼni idishdir. Xatolar tufayli baʼzi hollarda Navoiy koʻzda tutganiga zid maʼnolar chiqarish mumkin. Masalan, “tushunarli, ayon” maʼnosidagi “mafhum” soʻzi barcha hollarda teskari maʼnodagi “mavhum” shaklida yozilgan.

Afsuski, “Nasoyim ul-muhabbat”ning Alisher Navoiy asarlarining soʻnggi yillarda chop etilgan oʻn jildlik asarlar toʻplamidan oʻrin olgan nashrlari ham xatolardan xoli emas. Institutimizda tayyorlanib chop etilgan ilmiy-tanqidiy matn, nihoyat, bu ulugʻ asarning kirill va lotin alifbolaridagi qoniqarli nashrini amalga oshirishga yordam bersa, ajab emas.

 

* * *

Quvonarli jihati shundaki, istiqlol bergan imkoniyat tufayli, ayrim tadqiqotlar va ilmiy tanqidiy matnlar chet el olimlari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, bu oʻzaro tajriba almashish hamda oʻzbek olimlarining ilmiy yutuqlari xorijiy mamlakatlarda ham kengroq tanilishi va eʼtirof etilishi uchun katta imkoniyatlar yaratadi.

Shunday hamkorlik ishlari natijalaridan biri Sadriddin Ayniyning (1878–1954) oʻzbek tilida yozilgan “Buxoro inqilobi tarixi” asari ilmiy-tanqidiy matnining Yaponiyada nashr etilishi boʻlib, u OʻzR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Sharifa Tosheva va Tokio universiteti tadqiqotchisi Shizuo Shimada tarafidan amalga oshirilgan.

Sadriddin Ayniy koʻplab tarixiy, badiiy va ilmiy asarlar yaratgan. Ayniyning tarixiy asarlarida Buxoro tarixining eng murakkab davri – mamlakatda islohotchilik gʻoyalari va jadidchilik harakatlarining keng yoyilishi, koʻp asrlar davomida amalda boʻlgan davlat tuzumining tubdan oʻzgarishi voqealari uning oʻz koʻrgan kechirganlari asosida qalamga olinganki, bu asarlarni chetlab oʻtib, oʻsha davr tarixini yoritish mushkul.

Ayniy tomonidan yaratilgan ilk yirik tarixiy asar – “Tarixi inqilobi fikri dar Buxoro” (“Buxoroda fikriy inqilob tarixi”) 1918 yilda tojik tilida yozilgan. Keyinchalik Ayniy bu asarning oʻzbek tilidagi qayta ishlangan variantini yaratib, yangi boblar qoʻshib, unga “Buxoro inqilobining tarixi” degan nom berdi. Asarning nomidan u 1920 yil kuzida amirlikning agʻdarib tashlanishiga bagʻishlangan, deb tushunmaslik kerak. Ayniy inqilob deganda asosan Buxoroning ilgʻor kishilari ongidagi oʻzgarishlar, ularning islohotlar vositasida oʻz yurtlarini taraqqiy qildirishga intilganliklarini koʻzda tutadi.

Maktab va madrasalarni isloh qilish masalasi Buxoro inqilobiga sabab boʻlganiga ishonchi komil boʻlgan Ayniy, 3-4 asr oldingi va oʻziga zamondosh boʻlgan Buxoro madrasalari, mudarrislarning bilim darajasini hamda ularning hukumat bilan munosabatlarini tekshirish muhimligi haqida gapiradi. Birinchi boʻlimning “Ulamoning buzulishi va bulardan xonlarning istifoda qilishi” deb nomlangan birinchi va undan keyingi boblarida Ayniy soʻzboshi va muqaddimada bildirgan fikrlarini kengaytiradi hamda dalillar va tarixiy maʼlumotlar bilan toʻldiradi. Shu boʻlimda Ayniy Yosh buxoroliklar va jadidlar harakatining vujudga kelishiga zamin tayyorlagan ichki va tashqi omillar xususida ham fikr yuritadi. U Buxorodagi inqilobni dastlab maʼlum bir guruh kishilarining ongida paydo boʻlgan inqilob, deb hisoblaydi. Jumladan, muallif birinchi boʻlimning “Ilmiy va ijtimoiy inqilobga hozirlanish” bobida Amir Abdulahad (1885–1910) davrining boshlarida amirlik tuzumiga tanqidiy koʻz bilan qaragan kishilardan biri – buxorolik maʼrifatparvar Ahmad Donish va uning izdoshlari haqida keng maʼlumot beradi.

Asarning salmoqli qismini tashkil etuvchi ikkinchi boʻlimda 1908–1917 yillarda Buxoro jamiyati hayotida roʻy bergan maʼrifiy va ijtimoiy-siyosiy voqealar qalamga olingan. Jumladan, Buxoroda ochilgan yangi usuldagi maktablar va bu maktablar atrofida mutaassib ulamo bilan taraqqiyparvarlar orasida yuzaga kelgan bahs-munozaralar, 1910 yil yanvardagi sunniy, shia nizolari, 1910 yilda tashkil etilgan Yosh buxoroliklarning yashirin jamiyati, bu jamiyatning maʼrifat va islohot yoʻlida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida mufassal maʼlumot beriladi.

Uchinchi va toʻrtinchi boʻlimlarda asosan siyosiy voqealar – 1917 yil Rossiyadagi fevral inqilobidan soʻng Buxoro yoshlarining islohot uchun kurashlari, amir tomonidan 1917 yil 7 aprelda eʼlon qilingan islohot farmoni, 8 aprelda taraqqiyparvar kuchlar tashkil etgan tinch namoyishning hukumat tomonidan bostirilishi, 1918 yilgi Kolesov voqealari va Buxoroda jadidlarga nisbatan koʻrilgan jazo choralari tafsilotlari bayon qilingan.

Maʼlumki, Oʻzbekiston tarixining eng murakkab davrlaridan biri boʻlmish 20-asr birinchi choragiga oid noyob manba boʻlgan “Buxoro inqilobi tarixi” ilgari ham oʻzbek tilida va boshqa tillarga tarjima qilinib, bir necha marta nashr qilingan. Biroq bu nashrlarning asosiy nuqsoni shundaki, ularning birontasi ham muallif matnini toʻliq holida aks ettirmagan.

“Buxoro inqilobi tarixi” 1926 yili Moskvada arab imlosida nashr qilindi. Maʼlum mafkuraviy sabablarga koʻra, asar katta qisqartirishlar bilan bosilgan. Qisqartirilgan joylar asarning barcha qismlariga tegishli boʻlib, taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, jami 140 varaqqa yaqin. Boshqacha aytganda, qoʻlyozmada hammasi 584 varaqni tashkil etuvchi asarning 25 foizidan koʻprogʻi qisqartirilgan. Baʼzi boblarning katta qismi qisqartirilib, ayrim boblar esa toʻlaligicha tushirib qoldirilgan.

1960 yillarda Ayniyning sakkiz jildlik tanlangan asarlari oʻzbek tilida, kirill yozuvida nashr etilib, uning birinchi jildiga “Buxoro inqilobining tarixi” ham kiritildi. Ushbu nashr asarning qoʻlyozmasi emas, balki 1926 yilgi Moskva nashri asosida amalga oshirilgan boʻlib, unda mafkuraviy yondashuv oqibati oʻlaroq, matn navbatdagi qisqartirishlarga duchor qilingan. Unda Moskva nashriga kiritilgan baʼzi boblar toʻlaligicha tushirib qoldirilgan. Ayniqsa, jadidlarga salbiy munosabat orqasida Abdurauf Fitrat, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev kabi bu oqim namoyandalarining ismlari tashlab ketilgan. Shuningdek, Fitratning asarlariga oid katta parcha tushirib qoldirilgan.

Bevosita asarning Toshkentda saqlanadigan qoʻlyozmalaridan foydalanish imkoniyati biroz cheklanganligi bois, tadqiqotchilar koʻpincha uning nuqsonli Moskva va Toshkent nashrlariga murojaat qilishga majbur edilar. Masalan, amerikalik tadqiqotchi Edvard Olvors asarning Toshkent nashrida tushirib qoldirilgan “Jadid yoki Yosh buxorolilar firqasining tuzilishi va yozilmagan programma” bobini Moskva nashri asosida inglizchaga agʻdargan. Aslida Moskva nashrida bu bobdan ham bir necha satr qisqartirilgan.

“Buxoro inqilobi tarixi” qoʻlyozmalari bizgacha ikki nusxada yetib kelgan boʻlib, ularning har ikkalasi ham Sharqshunoslik institutining Asosiy fondida saqlanadi.

Nashrga tayyorlovchilar matnni kompyuterga kiritishdan tashqari sahifa osti izohlarida ikkala qoʻlyozma orasidagi muhim tafovutlarni koʻrsatib oʻtishgan. Nashrga mufassal soʻzboshi yozilib, u bir yoʻla uchta – oʻzbek, yapon va rus tillarida berilgan. Kitob oxiriga shaxsiy va jugʻrofiy nomlar, xalqlar va qabilalar, kitob, davriy nashr va jamiyatlar koʻrsatkichlari ilova qilingani, shubhasiz, nashrning ilmiy qimmatini oshiradi.

 

* * *

Muhammadrizo Ogahiy (1809–1874) qalamiga mansub “Jome ul voqeoti sultoniy” asari 1856 yili yozib tugallangan boʻlib, unda uch nafar Xiva xoni – Muhammadaminxon (1846–1855), Sayid Abdullaxon (1855) va Qutluqmurodxon (1855 1856) davri tarixi hikoya qilinadi. Mavjud tarixnavislik anʼanasiga muvofiq, asarda xonlarning harbiy yurishlariga keng oʻrin ajratilgan. Ayni paytda, biz bu yerda qoʻshni davlatlar bilan elchilik almashish, turli shaxslarning mansablarga tayinlanishi, tavallud va vafot sanalari, xonlikda amalda oshirilgan bunyodkorlik ishlari (madrasalar qurilishi, kanallar chiqarish va hokazo) va boshqa qator mavzularga doir maʼlumotlarni topishimiz mumkin.

Matn asarning Sankt Peterburg va Toshkentda saqlanayotgan ikkita mavjud qoʻlyozmasi asosida tuzilgan. Shuni taʼkidlash joizki, barcha qoʻlyozmalarni sinchiklab tadqiq qilgan N. Toshev Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan Toshkent nusxasi Ogahiyning dastxati ekanligini isbot qildi. Bu hol esa matnning ishonchliligini oshirishi barobarida Ogahiy ijodini yanada chuqurroq tadqiq etish uchun ham juda muhimdir.

Mazkur nashr adabiyotshunoslarga Ogahiyning nazmiy merosini ham yanada toʻliqroq tadqiq qilish uchun imkoniyatlar yaratib berdi. “Jome ul voqeoti sultoniy”da jami 160 ta oʻzbek va fors tillaridagi sheʼriy parchalar keltirilgan boʻlib, bularning aksariyati muallifning oʻz qalamiga mansubdir.

Matnga olti turdagi koʻrsatkichlar (shaxs ismlari, joy nomlari, toifalar, mansablar, Qurʼon oyatlari, hadislar koʻrsatkichlari) tuzilgan boʻlib, ular kitobdan foydalanishni ancha qulaylashtiradi.

 

* * *

“Matlab ut-tolibin” asari 1673 yilda fors tilida yozib tugatilgan. Asar muallifi Abulabbos Muhammad Tolib ibn Tojiddin Hasanxoja al-Husayniy as-Siddiqiy Buxorodagi mashhur Joʻybor shayxlari xonadonida 1609 yilda tugʻilgan. Joʻybor shayxlari xonadonida farzandlar taʼlim-tarbiyasiga katta eʼtibor berilgan. Muhammad Tolib mustaqil ravishda ham kitoblar mutolaasi bilan koʻp shugʻullangan. Uning otasi Tojiddin Hasanxojaning kutubxonasida turli sohalarga oid ming jilddan ortiq kitoblar saqlangan.

Muhammad Tolib yoshligida otasining boshqa viloyatlarga qilgan ayrim safarlarida hamroh boʻlgan. Masalan, uning oʻn yetti yoshida otasi bilan birga Balx viloyatiga safar qilgani maʼlum. Muallifning bu safarlarda oʻz koʻzi bilan koʻrganlari keyinchalik “Matlab ut-tolibin” asarini yozish jarayonida qimmatli material sifatida asqotgan.

“Matlab ut-tolibin” qisqacha muqaddima va sakkiz bobdan iborat. Muqaddimada muallif asarning manbalari va yozilishi haqida umumiy maʼlumot beradi. Uning xabar qilishicha, otasi Joʻybor xojalari nasabnomalarini zamon podshohlari va amirlariga koʻrsatish uchun yigʻdirgan. Shuningdek, bobosi va otasining baʼzi yoronlari ushbu xonadon ahli maqomotlariga bagʻishlab kitob va risolalar bitishgan. Muhammad Tolib ham mavjud kitoblar va oʻz koʻrganlari asosida ayni mavzuda yangi bir kitob tartib berishga qaror qiladi.

Manoqib janridagi boshqa asarlar kabi “Matlab ut-tolibin”dagi shayxlar hayoti, ayniqsa, ularning karomatlari haqidagi naqllarning muayyan qismi rivoyatlarga asoslangan boʻlib, afsonaviy tusdadir. Biroq bir qator naqllar haqiqatda boʻlib oʻtgan voqelikni aks ettiradi va qisman boshqa manbalar maʼlumotlari orqali tasdiqlanadi. “Matlab ut-tolibin” asari Joʻybor xojalar xonadoni qachon kuchayib, mamlakatda yuksak diniy, siyosiy va iqtisodiy mavqeni egallaganini kuzatish imkonini beradi.

Aytish mumkinki, “Matlab ut-tolibin” garchand aftobiografik janrdagi asar boʻlsa-da, unda tasavvufga oid maʼlumotlar bilan birga, xoʻjalik hayoti, iqtisodiyot, elchilik aloqalariga oid xabarlar ham bisyordir. Asarda Joʻybor shayxlarining Movarounnahr va xorijiy oʻlkalardagi shuhrat va obroʻlari yuksakligini koʻrsatishga katta ahamiyat berilgan. Xoja Saʼd haqidagi bobda unga turli oʻlkalar podshoh va hokimlaridan mingga yaqin maktub kelganligi taʼkidlanadi.

Shuningdek, asarda bir necha buxorolik shayxlarning Hindistonga sayohatlari hamda ularning Boburiy hukmdorlar saroyida tantana bilan kutib olinishlari batafsil tasvirlangan.

“Matlab ut-tolibin”da oʻsha davrdagi taʼlim-tarbiya ishlari, maktab va madrasalarda qaysi kitoblar oʻqitilgani haqida ham maʼlumotlar mavjud. Maktabdor, mudarris, xattot va hokazolar qatorida baʼzi shoirlar nomlari ham zikr qilinadi. Toʻqson beshta shoir Xoja Saʼdni madh etib, unga bagʻishlab sheʼr, qasida va masnaviylar yozishgani taʼkidlanadi. Ulardan ayrim parchalar namuna sifatida asarda keltirilgan.

Yuqoridagilardan koʻrinadiki, “Matlab ut-tolibin” asari nafaqat tasavvufiy, balki qimmatli tarixiy manba hamdir.

“Matlab ut-tolibin” tasavvuf tarixi hamda XVI–XVII asrlarda Markaziy Osiyodagi ijtimoiy hayot, iqtisodiyot, yirik shayxlar va hukmdorlarning oʻzaro munosabatlari, xorijiy mamlakatlar, ayniqsa, Hindiston bilan diplomatik, savdo va madaniy aloqalarda Joʻybor shayxlarining faol ishtiroklari haqida muhim maʼlumotlar beruvchi noyob manba boʻlgani tufayli XX asrdan boshlab turli mamlakatlar olimlarining ilmiy tadqiqotlariga jalb etila boshladi.

“Matlab ut-tolibin”ning muallif qoʻli bilan koʻchirilgan dastxat nusxasi saqlanib qolmagan. Asarning oʻnta qoʻlyozmasi maʼlum boʻlib, shulardan yettitasi Sharqshunoslik instituti xazinasida, bittasi Rossiyada, bittasi Germaniyada va yana bittasi Tojikistonda saqlanadi.

Jahondagi bir qator ilmiy markazlar olimlarining qiziqishlariga qaramasdan, “Matlab ut-tolibin” asari matni nashri mavjud emasligi ilmiy tadqiqotlar uchun maʼlum qiyinchiliklar tugʻdirar edi. Asarning mavjud nusxalarini qiyosiy oʻrganish natijasida Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan 1721 yilda koʻchirilgan qoʻlyozma tayanch nusxa sifatida tanlandi va boshqa qoʻlyozmalar, jumladan, Sankt-Peterburg shahrida saqlanayotgan qoʻlyozmasining fotonusxasi ishga jalb etildi. “Matlab ut-tolibin”ning mazkur ilmiy-tanqidiy matni asosida Sharqshunoslik institutida uning oʻzbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirishga kirishilgan.

Yuqoridagi asarlardan tashqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida “Markaziy Osiyo tarixi, fani va madaniyatiga oid manbalar tadqiqi” nomli Davlat granti doirasida turkiy tildagi Ogahiyning “Zubdat ut-tavorix”, Abdulloh Nasrullohiyning “Zubdat ul-osor”, fors tilidagi Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Jumaquli Urgutiyning “Tarixi Xumuliy”, Abdurahmon Tolening “Abulfayznoma”, Mir Husaynning “Maxozin at-taqvo”, Said Zinda Ali Qosimiyning “Samarot ul-mashoyix”, arab tilidagi Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviyning “Katoyib aʼlom”, Abu Hafs Nasafiyning “Matla un-nujum” asarlari ilmiy-tanqidiy matnlarini tayyorlashga kirishilgan va ularning ham bir nechasi nashr uchun hozirdir. Xulosa shuki, hozirgacha asosan qoʻlyozma holida saqlanib kelayotgan noyob asarlarning ilmiy-tanqidiy matnlari hozirlanib chop qilinishi Oʻzbekiston tarixi va madaniyati yanada chuqurroq tadqiq qilinishiga yoʻl ochib, mavjud tadqiqotlardagi oq dogʻlarning tobora kamaytirilishiga imkon yaratadi.

 

Surayyo KARIMOVA

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 7–8-sonlar

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.