Matn tilga kirganda…

0
572
marta koʻrilgan.

Jahon adabiyotshunosligida strukturalizm gʻoyasi va usulini XX asrning 60-yillarida Bart, Todorov, Jenett, Lakan, Liotar, Fuko, Derrida, Greymas kabi olimlar koʻtarib chiqqan. Strukturalizmga asoslangan adabiyotshunoslik dastlab fransuz ilmiy maktablarida uzoq yillar qoʻllanib, tarixiy va biografik adabiyotshunoslikka qarshi aks taʼsir oʻlaroq maydonga kelgan. XX asrning 50-yillarida AQSH va Angliya adabiyotshunosligida yuzaga kelgan “yangi tanqid” kabi strukturalizm ham, birinchi navbatda, matnga “qaytish”, unga jiddiy eʼtibor qaratishga harakat qiladi. Shu bilan birga, matnni, uning tarkibiy qismlarini muayyan nazariy metodologik uslubsiz aniqlashning imkoni yoʻq deguvchi fikrga ham tayandi. Ayni paytda, “yangi tanqidchilik”da har qanday adabiy asar oʻzigagina xos boʻlgan qoidalarga mos ravishda, hech qanday “dastlabki anglash usuli”siz oʻqilishi talab qilinardi. Strukturalizm tarafdorlari esa badiiy diskurs[1] va talqinda joriy etilgan tamoyillarga nisbatan tasnifiy yondashish gʻoyasini koʻtarib chiqadilar.

Adabiyotni strukturalizm nuqtai nazaridan oʻrganishning toʻrtta jihatini alohida koʻrsatish mumkin: 1) Yakobson, Greymas kabi olimlar tomonidan adabiyotni, aniqrogʻi, badiiy asar matnini tilshunoslik nuqtai nazaridan tavsifu taʼriflashga boʻlgan harakat; 2) narratologiya yoki matnning asosiy tarkibiy qism (struktura)larini, ularning joy egallashi va almashishi, oʻzaro uygʻun birikma hosil qilishi, “qurama shakl”ga kirish qoidalarini tavsiflovchi hamda badiiy matn negizini tashkil qiluvchi turli bayon uslublarini oʻzida saqlagan “hikoya qilish” ilmini rivojlantirish; 3) oldingi adabiyotga xos boʻlgan turli konsepsiya hamda mumtoz asarlar orqali yaratilgan turli kodlarni tadqiq qilish; 4) badiiy asar oʻz maʼno-mazmuniga ega boʻlishiga oʻquvchining munosabati, shuningdek, oʻquvchi kutayotgan natijaga, uning ijobiy yoki salbiy taxminlariga qarshi chiqqani, binobarin, oʻquvchi talabini qondirganini tadqiq qilish.

Struktur adabiyotshunoslikning ijobiy jihati shundaki, strukturalizm gʻoyalari adabiy tanqidchilikda zamonaviy adabiyotga nisbatan oʻziga xos aks taʼsir sifatida namoyon boʻlarkan, taʼsir koʻlamini, badiiy asar yaratish jarayonida oʻz ahamiyatini aniqlashga, shu bilan birga, badiiy asar tilidan amalda foydalanish, badiiy obrazni qurish amaliyotidagi qoida buzilishlarni namoyon qilishga harakat qiladi. Salbiy jihati esa – strukturalizm oʻzining asosiy diqqat-eʼtiborini tarkibiy qismlar va kodlarga qaratganligi bilan “adabiyot – dunyoga taqlid” degan tushunchani rad etadi hamda uni til va madaniy kodlar bilan tajriba oʻtkazishdek koʻrib chiqadi. Strukturalizm tamoyillariga asoslangan gʻoya va qarashlar negizida adabiyot muhim bir jihati uchun qadrlanadiki, unga koʻra, biz dunyoni anglashga va muayyan tartibga solishga yordam beruvchi tarkibiy qism (struktura)lar, asosiy tashkiliy material va jarayonlar aynan adabiyotda jiddiy sinovdan oʻtkaziladi. Aniqroq qilib aytganda, obʼyektiv voqelik, aynan, adabiyotda oʻz aksini topadi, demak, bizning ijtimoiy dunyomiz muayyan konsepsiya zamirida rivojlanishi muqarrardir.

Tarixga nazar tashlaylik. Sobiq ittifoq davrida struktur adabiyotshunoslik oʻtgan asrning 20-yillarida shakllana boshlaydi. Unda ikki oqim bir-biriga qarama-qarshi chiqadi. Masalan, formalizm oqimi, yaʼni nazariyani amaliyotdan, shaklni mazmundan ajratishga intiluvchi idealistik yoʻnalish tarafdorlari badiiy matnni narsa (artefakt)ga tenglashtirib, dastlabki nazariy atama sifatida “material” va “usul” tushunchalarini ilgari surgan boʻlsalar, adabiyotshunoslik sohasida strukturalizm tamoyillarini joriy qilishga intilgan olimlar matn va uning tuzilishini bir-biridan farqlashga harakat qiladilar. Ularning fikricha, aynan matnda syujetning namoyon boʻlishi, syujet negizini tashkil qiluvchi qismlar oʻrtasidagi munosabatlarning matn orqali ifodalanishi “oʻzgarmas qolip”ga oʻxshaydi. “Struktur adabiyotshunoslik” atamasini Yu. N. Tinyanov (1894–1943) ilk bor isteʼmolga kiritarkan, badiiy yaxlitlikka bogʻliq holda badiiy asarning (xoh u sheʼriy, xoh nasriy boʻlsin – M. X.) “konstruktiv belgi”larini tadqiq qilishni taqozo etuvchi dasturni taqdim etadi.[2]

Struktur adabiyotshunoslikka oid gʻoya va qarashlarning keyingi rivoji Praga tilshunoslik maktabi vakillari faoliyati bilan bogʻliq. Ular badiiy ijodni oʻziga xos fikr almashuv jarayoni sifatida koʻrib chiqarkanlar, “badiiy belgi” muammosini koʻndalang qoʻyishadi. Bu yerda matnga nisbatan faol yondashish gʻoyasi koʻlam jihatidan ancha kengroq boʻlgan belgilar tizimida (semiotik) yondashish gʻoyasiga mos keladi. Taʼkidlash joizki, belgilar tizimi keyinchalik struktur adabiyotshunoslikka sezilarli darajada taʼsir koʻrsatdi. Bu borada matnni strukturaviy tahlildan oʻtkazish jarayoni, shuningdek, adabiy asarni tashkil qilishda “qatnashuvchi” tarkibiy qismlarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlashga imkon beruvchi “binar oppozitsiya” (ikki narsani qarama-qarshi qoʻyish) nazariyasi muhim ahamiyat kasb etdi.

Struktur adabiyotshunoslik tamoyillarining keng maydon boʻylab rivojlanishida bir-biri bilan raqobat olib borgan tendensiyalar oʻrtasida chegara oʻrnatishning hozircha imkoni yoʻq. Lekin bugungi kunda strukturaviy metodning xilma-xilligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu metod turlicha talqin qilinmoqda. Ular orasida psixoanaliz (J. Lakan) va sotsiologiya (L. Goldmann) gʻoyalariga asoslagan talqinlar endilikda yetakchi oʻringa koʻtarildi.

Keng maʼnoda – adabiy hodisa, tor maʼnoda – adabiy asarni faqat tilga oid strukturaga olib borib taqashga boʻlgan harakatlar bilan bir qatorda, strukturalizm XX asr oxirida semiotik (yoxud semiologik) yondashuvga qarama-qarshi qoʻyildi. Aniqroq qilib aytganda, miloddan avval, miloddan keyin mavjud boʻlgan mafkuralar tarixini tadqiq qilishda semiotik tahlildan (Yu. Kristeva) keng foydalanila boshlandi.

Adabiyotshunoslik ilmiga strukturalizm tamoyillarining kirib kelishi masalasi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda. Bu masala atrofida qizgʻin bahs-munozaralar boʻlib oʻtmoqda. Tanqidiy fikrlar, asosan, “formal uslub”larga qaytish, aksariyat hollarda matnlarning oʻziga xos jihatlarini aniqlash oʻrniga badiiy asar elementlari orasidagi mavhum aloqalarga eʼtibor qaratish, asarning qadr-qimmatini tarixiy-madaniy jihatdan baholashda asosiy mezonlarning yoʻqligi masalasi atrofida bahs olib borilmoqda. Ushbu tanqidiy fikrlarga javoban strukturalizm tarafdorlari matnning mazmun-maʼnosini aniqlashda semiotik tahlil vositalarining mavjudligi, badiiy asarni chuqur va keng koʻlamda oʻrganish muammosini hal etishda strukturaviy tahlil samarasi, umuman olganda, struktur adabiyotshunoslik adabiyotdagi klassik metod va metodologiyani inkor etmaydi, balki toʻldiradi degan fikrni ilgari surmoqdalar.

Shu bilan birga, ilmiy tavsif va taʼriflashning statik (sinxron) modellarining tarixiy (diaxron) modellardan ustunligi struktur adabiyotshunoslikning zaif tomoni boʻlib qolmoqda. Folklor, mediyevistika, sintaktika kabi turgʻun, kam oʻzgaruvchan badiiy sistemalarni oʻrganishda oʻzining samaradorligini oqlagan sinxron yondashuv semantika va pragmatika, ayniqsa, ularning hozirgi adabiyotga tegishli jihatlarini tadqiq etishda yetarli emasligini koʻrsatdi. Bugungi kunda struktur adabiyotshunoslik oʻzining tadqiqot doirasiga diaxron muammoni koʻshganligiga qaramasdan, uzluksiz kechayotgan tarixiy-adabiy jarayon koʻp hollarda “uzuq-yuluq parchalar ketma-ketligida” namoyon boʻlmoqda. Modomiki, badiiy sistemalarning statik holati ularning tadrijiy rivojlanish surʼatini koʻrsatsa, badiiy sistemalarning maxsus diaxron konsepsiyalarini yaratish hozirgi adabiyotshunoslik talablariga toʻliq javob beradi, deb aytish mumkin.

AQSHda yashagan rus tilshunosi Yakobson (Roman Jakobson, 1896–1982) yangi gʻoyalari bilan gumanitar fanlar taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. Olim qalamiga mansub rus tili grammatikasi, rus adabiyoti, poetika, psixolingvistika, semiotika, tilning umumiy nazariyasiga oid kitoblari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmay, filologik tadqiqotlarning metodologik asosini tashkil etib kelmoqda.

Bundan kelib chiqadiki, struktur tilshunoslik nutq jarayonini emas, balki “strukturaviy yaxlitlik”ni oʻrganadi. Yakobson ishlari tilga oid belgilar faqat ular bajarayotgan vazifa jihatidan oʻrganilishi mumkin degan gʻoyaga asoslanadi.

Oʻtgan asrning 60–70-yillarida strukturalizm Fransiyada yetakchi ilmiy yoʻnalishga aylandi. Aynan shu davrda tabiiy va aniq fanlar sohasida atomning parchalanishi, elementar zarralar nazariyasi, kibernetika, strukturaviy tahlil kabi qator muhim kashfiyotlar ilm-fan xususidagi tasavvurlarimizni tubdan oʻzgartirdi. Struktura tushunchasi umumilmiy ahamiyat kasb eta boshladi.

Darhaqiqat, strukturalizmning gumanitar fanlar sohasiga kirib kelishiga fransuz etnografi va madaniyatshunosi Klod Levi-Stross (Claude Lévi-Strauss, 1908–2009)ning hissasi beqiyos. U madaniyat, mifologiya, tillarning qardoshlik tizimi kabi hodisalarni oʻrganishda De Sossyurning lisoniy qolipini tatbiq etib, katta natijalarga erishdi. Levi-Stross olib borgan tadqiqotlar ilmning turli sohalarida lisoniy nazariyadan foydalanish oʻz samarasini berajagini koʻrsatdi. Levi-Stross strukturalizmning asosiy gʻoyasiga eʼtibor qaratib: “belgilar tizimi, qaysi madaniyatga tegishli boʻlganligidan qatʼi nazar, yagona tamoyillarga boʻysunadi”, degan tezisni ilgari surdi.

Strukturalizm mustaqil yoʻnalish sifatida oʻtgan asrning 70-yillarida oʻz taraqqiyotining choʻqqisiga koʻtarildi, ilm-fanning koʻpgina sohalariga taʼsirini oʻtkazdi. Biroq strukturalizm metodologiyasi Gʻarbiy Yevropa, Rossiya, qisman AQSHda keng tatbiq etildi, xolos. Strukturalizmning fanlararo egallagan mavqei, hayotning turli sohalarida izlanishlar olib borgan olimlarning qiziqish doirasiga strukturalizmga oid gʻoya va tamoyillarning joriy etilishi struktur tadqiqotlar uchun umumiy hisoblanmish yagona lisoniy (semiotik) metodologiya mavjudligi bilan izohlandi.

Muhimi shundaki, strukturalizm mustaqil yoʻnalish sifatida tilshunoslik nazariyasi va semiotika asosida rivojlandi. Adabiyotshunoslikda esa strukturalizm dastavval badiiy matnni ikkilamchi yoʻsindagi tizim sifatida koʻrib chiqdi, shunga mos ravishda, adabiyot tildan, yaʼni birlamchi yoʻsindagi tizimdan foydalanadi. Shunday ekan, badiiy matnni struktur adabiyotshunoslik keng va chuqur tadqiqotga boʻysunuvchi qurilma tarzida taqdim etadi.

Darhaqiqat, yashirin kodlarni aniqlab, adabiyot qoliplari iskanjasidan qutulib chiqqan tuygʻun oʻquvchi qay tarzda matnni anglashini tushuntirib berish strukturalizmga asoslanib izlanishlar olib borayogan mutaxassisning birdan-bir maqsadiga aylandi. Strukturalizm gʻoyasiga asoslanish, bu – ongsiz ravishda qilayotgan harakatimiz ustidan ongli ravishda teran fikr-mulohaza yuritish sanaladi.

Struktur adabiyotshunoslikning asosiy maqsadi – tilshunoslik fani negizi hisoblanmish semiotika nazariyasiga asoslanib, qatʼiy qoida va yashirin kodlar sistemasini ikki xil tushunishga yoʻl qoʻymaydigan ifodani misollar asosida tushunarli qilib izohlab berishdan iborat. Strukturalizm nazariyotchilaridan Jonatan Kaller: “Til tilshunoslik negizini qanday tashkil qilgan boʻlsa, xuddi shunday adabiyot negizini tashkil etuvchi badiiylikni qurib chiqish asosiy vazifamizdir”,[3] desa, Todorov: “… har bir muayyan matn badiiylikni, adabiy til meʼyorlariga mosligini taʼriflab berishga imkon yaratuvchi misolga aylanadi”,[4] degan fikrni oldinga suradi.

Yuqorida keltirilgan fikr va mulohazalarga tayangan holda strukturalizm metodologiyasini tilni sinxronik tarzda “modellashtiruvchi” deyish ham mumkin.

Strukturalizmning dasturulamali hisoblangan muhim tamoyillar xususida fikr yuritadigan boʻlsak, ularni quyidagicha taqsim etish mumkin: 1) inson dunyoni til orqali idrok qiladi, yaʼni dunyo uning ongi va tafakkurida til tarafidan muayyan strukturaga solinadi; 2) inson ongi avval boshdan strukturaga solingan, yaʼni inson ongi til vositasida vujudga keladi; 3) “dunyo har doim allaqachon yozilib boʻlgan shaklda koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi” (Rolan Bart).

Bu tamoyillarga batafsil toʻxtalaylik: birinchidan, strukturalizm va semiotik tahlil negizida yotgan muhim tamoyil shundaki, tilsiz anglanishi mumkin boʻlgan “reallik” mavjud emas. Shubhasiz, mavhum tushunchalar ham, konkret narsalar ham hissiy va moddiy jihatdan anglanishi mumkin. Biroq ular, birinchi navbatda, til orqali ifoda etilganidagina oʻz maʼno va mazmuniga ega boʻladi. Mazkur fikr tilni anʼanaviy tarzda tushunilishini oʻzgartirib yuboradi, vaholanki, til  – bu “reallik”ni aks ettirishning “shaffof oyna”dek vositasidir. Strukturalizm nuqtai nazaridan olib qaraganda, aksincha, til “xira oyna” kabi tushunarsiz, noaniqdir. Biz soddalarcha “tilni nazorat qilayapmiz”, deb oʻylashimiz mumkin, aslida esa, til bizni nazorat qiladi. Shunday ekan, “struktura” tushunchasi badiiy matnda asosiy oʻrinni egallaydi. Bu jihatdan strukturaning ham funksional, ham gʻayrishuuriy xususiyati muhim ahamiyatga ega.

Gʻayrishuuriy (anglanmaydigan) struktura – bu oʻziga xos “shakl tuzuvchi” mexanizm, u insonning ijtimoiy (nutq, feʼl-atvor, xatti-harakat, qarindoshlik munosabatlari, urf-odat va rasm-rusum), iqtisodiy, maʼnaviy-axloqiy, ijodiy va hokazo faoliyatlarining hosilasini vujudga keltiradi. Xullas, bu har qanday mazmun-mohiyatni tartibga soluvchi mezonlardan “toʻqilgan” mato. Shu tariqa, tilga oid strukturalar – tafakkur strukturalari, qolaversa, inson ongidagi dunyoni tuzish tamoyillariga aynan oʻxshatiladi.

Yuqorida aytib oʻtilgan binar oppozitsiyalar (ikki element qarama-qarshiligi)xususida fikr yuritganimizda taʼkidlash lozimki, bu strukturalizm uchun fundamental ahamiyatga ega boʻlgan tushunchadir. Binar oppozitsiyalar deyilganda, avvalo, obʼyektiv voqelikdagi hodisalarni gʻayrishuuriy ravishda muayyan strukturaga solishni tushunish lozim. Ular haqida ilk bor rus tilshunosi N. S. Trubetskoyning fonologiya masalalariga bagʻishlangan tadqiqotlarida soʻz yuritiladi. Fonologik oppozitsiya hodisasi N. S. Trubetskoy tadqiqotlarida atroflicha koʻrib chiqilib, amalda oʻzining asosliligini namoyish qila oldi. Bu tamoyil keyinchalik gumanitar fanlarning deyarli barcha sohalariga yoyilib ketdi desak yanglishmagan boʻlamiz. Masalan, K. Levi-Stross ibtidoiy jamiyatlar tomonidan hayot-oʻlim; tinchlik-urush; xom ovqat-pishgan ovqat; oq-qora; hoʻl-quruq kabi ongsiz ravishda oʻzlashtirib olingan binar oppozitsiyalarni shu asnoda aniqlaydi. R. Bart oʻzining “Mifologiya” (Mythologies, 1957) risolasida kundalik hayotimizda koʻp uchraydigan koʻpirib yuvuvchi vositalar reklamasi taʼsiri, samaradorligi xususida soʻz yuritarkan, uningcha, reklamada chuqurlik-yuza qism; kukun-gel oppozitsiyasi keltirilishi xaridor ongida “bunday “ajoyib vosita” albatta kir yoki dogʻ tushgan joyning ich-ichiga kirib, toza qilib yuvib tashlaydi” deguvchi tushunchani hosil qilishi muqarrar. Bart mantigʻiga qaraganda, xaridor ongsiz, oʻzi bilmagan tarzda “chuqurlik”ni “tanlab” oladi.[5] Shuningdek, R. O. Yakobson va Yu. M. Lotman ishlarida ham binar oppozitsiyalardan foydalanishning yorqin misollarini uchratishimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, adabiyotshunosning: “Nahotki muallif bunday murakkab yoʻl tutgan boʻlsa?” degan savoliga, tilshunos ikkilanmasdan: “Ha” degan javobni beradi. Va oxirida: “Albatta, anglamagan holda, muallif oʻrniga til gapiradi”, deb qoʻshib qoʻyadi. Ikkovi ham strukturalizm tarafadorlari ekanligini unutmaylik.

Ikkinchidan, har qanday tarixiy-madaniy hodisani muayyan belgilar sistemasi vositasida anglash mumkin. Belgilar sistemasi esa – til.

Adabiyot ham kommunikatsiyaning boshqa koʻrinishlari kabi belgilar sistemasidir. Maʼno va mazmun, oʻz oʻrnida, relyasiya (tarkibiy qismlarning oʻzaro harakati), yaʼni mazkur sistemaning belgilari oʻrtasidagi munosabat natijasida namoyon boʻladi. Tadqiqot metodining toʻliqligicha strukturaviy tahlilga asoslanganligi oʻrganilayotgan obʼyektdagi maʼno va mazmun tarkibiy qismlarining joylashuviga bogʻliq ekanligini anglatadi. Bu yerda R. Yakobson, R. Bart, M. Serr kabi olimlar ilgari surgan “model – namuna – taqdimot” tamoyiliga eʼtibor qaratish lozim. Masalan, R. Yakobson: “… asosiy vazifa sistemaning ichki qonuniyatlarini aniqlashda yotibdi”,[6] deb taʼkidlaydi.

Rolan Bart fikricha, “… adabiyotshunoslik badiiy asarda aynan qaysi maʼnoni axtarishni koʻrsatishga moʻljallangan deguvchi fikr bilan xayrlashish lozim: u badiiy asarga hech qanday maʼno “bagʻishlamaydi”, unda maʼno aniqlashgacha bormaydi ham. Aksincha, u har qanday maʼnolarni vujudga keltirish mantigʻini taʼriflaydi. Oʻz oʻrnida, taʼriflangan mantiq, xuddi fransuzcha ibora va soʻzlar fransuzlarning tiliga qanday muvofiq kelsa, insonning ramziy mantigʻiga ham xuddi shunday toʻgʻri keladi”.[7]

Fransuz faylasufi va yozuvchisi M. Serr (Michel Serres, 1930–2004) strukturalizm xususida oʻz fikrini bildirarkan, shunday yozadi: “Muayyan tarixiy-madaniy mazmunga nisbatan, xoh u shaxs, xoh narsa boʻlsin, oʻtkazilayotgan tahlil ushbu mazmunni namuna sifatida yuzaga chiqarsa, demak, u strukturaviy tahlil boʻladi”.[8]

Va, nihoyat, uchinchidan, struktur adabiyotshunoslikning yana bir muhim jihati matn konsepsiyasidir. Anʼanaga koʻra, asar deb nomlanuvchi hodisa tasvirlanadigan reallik (mimesis) va muallifning yashirin va oshkora intensiya (ijodiy konsepsiya, ijodiy individuallik, psixologizm va hokazo)lari bilan oʻzaro munosabatda boʻladi. Intensiya (lot. intentio – “intilish”, “niyat”) – inson ongi, tafakkurining muayyan predmetga qaratilganligini anglatarkan, aslida uning zamirida xohish, oldindan oʻylab qoʻyilgan reja yotadi.

Strukturalizm tarafdorlarining fikricha, “asar” atamasi MATNga, aniqroq qilib aytganda, adabiy shart va kodlarga muvofiq muayyan strukturaning tarkibiy eelementlar oʻrtasidagi aloqalarga asoslangan yozuv usuliga almashtiriladi. Ushbu elementlari tasvirlanayotgan narsa yoki hodisaning haqqoniy chiqishiga daʼvo qilmasdan, faqat reallik (yaʼni, real voqelik asosida yaratilgan har bir oʻquvchi idrokidagi oʻzga voqelik illyuziyasini hosil qiladi. Bundan immanentlik (biror predmet, hodisa yoki jarayonning ichki xususiyatiga xos boʻlgan, uning tabiatidan kelib chiqadigan qonuniyat) va funksionallik (muayyan munosabatlar sistemasida obʼyekt xususiyatlarining tashqi namoyon boʻlishi, bajarayotgan vazifasi) tamoyillari kelib chiqadi. Tushuncha, tasavvur idrokimiz tadqiqot obʼyekti (badiiy asar  – M. X.) xususiyatlarini notoʻgʻri talqin qilmaydi, buzib koʻrsatmaydi, balki matnga xos boʻlgan kategoriya, uning ichki tuzilishi bilan aynan toʻgʻri keladi, unga mos tushadi. Muhimi shundaki, matn tahlili uning genezisi (kelib chiqishi) va retsepsiya (lot.receptio – tor maʼnoda: qabul qilish, tushunish; keng maʼnoda – idrok qilish)sini hisobga olmagan holda amalga oshiriladi.

Rolan Bart fikricha, “Immanent, doxiliy tadqiqotning maqsadi – muayyan obʼyektda tuzilish, aloqa va oʻzaro munosabat strukturasini qay tarzda tashkil topishini oʻrganishdan iboratdir. Buning natijasida asar bir butun yaxlit holda, oʻziga xos sistema, tuzilma sifatida namoyon boʻladi”.[9] Shu tariqa, ilmiy metod vositasida asarning yaxlitligi va oʻziga xos sistema sifatida namoyon boʻlishini aniqlash pirovardida uning nisbatan toʻgʻri ekanligini namoyon qiladi.

Strukturalizm tarafdorlari matnni oʻziga xos “yopiq sistema” sifatida koʻrib chiqarkanlar, unda asosiy oʻrinni tashqi dunyoni aks ettirish emas, balki struktura, yaʼni tarkibiy qismlarning oʻzaro harakati, mazkur sistemaning belgilari oʻrtasidagi munosabatlar, ularning bir-birini taqozo etishlari egallaydi. Shunday ekan, tadqiqotchilar asosli ravishda barcha tilshunos va adabiyotshunoslar qoʻllagan “ichida / tashqarida”; “bor boʻlmoq / yoʻq boʻlmoq”; “ijobiy qahramon / salbiy qahramon”; “erkaklarga xos / ayollarga xos”; “ustki qism / pastki qism”; “muttasil / muvaqqat”; “oq / qora”; “yorugʻlik / qorongʻilik” kabi “binar oppozitsiya” yoki, boshqacha qilib aytganda, qarama-qarshi juftliklarga murojaat qiladilar.

Bu yerda strukturalizmning poydevorini tashkil qiluvchi “Muallif oʻlimi” konsepsiyasi xususida toʻxtalib oʻtish joizdir. Aslida, “Muallif oʻlimi” (La mort de l’auteur) R. Bartning 1967 yilda nashr qilingan essesining nomidir.[10] Unda muallif anʼanaviy tanqidchilikka qarshi fikr bildiradi. Aniqroq qilib aytganda, anʼanaviy tanqidchilikda muallifning ijodiy niyati va biografiyasi matn talqiniga qoʻshilishini tanqid ostiga olib, Bart yozilgan narsa va yozuvchi oʻrtasida hech qanday aloqa mavjud emas, ularning oʻrtasida munosabat yoʻq, degan fikrni ilgari suradi. 1968 yil “Manteia” jurnalining 5-sonida qayta eʼlon qilingan ushbu esse adabiyotshunoslik va tanqidchilikda katta shov-shuv koʻtarilishiga sabab boʻldi.[11] R. Bart ushbu essesida taniqli adabiyotshunoslar, badiiy asarni tahlil qilishda asosiy diqqat-eʼtiborni muallif shaxsiyatiga qaratishgan Gyustav Lanson (Gustave Lansone, 1857–1934) va Sharl Ogyusten de Sent-Byov (Charles Augustin de Sainte-Beuve, 1804–1869)larning nazariy qarashlariga qarshi chiqib, ular bilan bahsga kirishadi.

Rolan Bart badiiy asarning mazmun-mohiyatini ochib berishda muallifning siyosiy qarashlari, diniy eʼtiqodi, etnik mansubligi, psixologiyasi, tarjimai holi va shaxsiy xislatlari kabi jihatlarga tayangan tanqidiy metodni qoralarkan, asosiy eʼtiborni matnni “tushuntirib berish”da muallifning tajribasi va qiziqishlari hal etuvchi ahamiyatga ega ekanligini yoqlab chiqadi. Bart fikricha, ushbu metod aniq va qoʻlay, biroq amalda ishonchsiz va talay kamchiliklarga ega: “Matnni muallif yozdi” deb uni shunga mos ravishda talqin qilish “matnga cheklov qoʻyish” demakdir. Matnni toʻgʻri talqin qilish maqsadida oʻquvchilar badiiy asarni muallifga eʼtibor bermagan holda oʻqib chiqishlari lozim”.[12]

Shubhasiz, har bir matn bir nechta qatlam va maʼnolardan iborat. “Matn – shaxsiy tajribadan emas, balki behad koʻp madaniyatlardan olingan soʻzlardan toʻqilgan mato”, deb Bart matn va mato oʻrtasida oʻxshashlik jihatlarni aniqlaydi.[13] Matnning asosiy maʼno-mazmuni yozuvchining “ishtiyoq”i yoki “taʼb”iga emas, oʻquvchilar taassurotiga bogʻliqdir.

Asosiy ijodiy taʼsir oʻtkazmaydigan muallif, Bart talqinida, shunchaki yozuvchidir. Aniqroq qilib aytganda, “muallif” va “mualliflik” atamalari oʻrtasida anʼanaviy izchillikni yoʻqotish uchun Bart scriptor soʻzidan foydalanadi. Uning fikricha, “yozuvchining vazifasi ishni “izohlash”dan emas, “bajarish”dan iborat. Yozuvchi matn bilan bir vaqtda “tugʻiladi”; u yozish chogʻida ham, undan keyin ham hech narsaga egalik qilmaydi; ayni zamonda, predikat (kesim) sifatida subʼyekt (ega) ham emasdir. Har bir kitob “shu yerda va hozir yozilgan”, har bir yangi oʻqilishda yangitdan yaratiladi, chunki maʼno manbai faqat tilning oʻzida va oʻquvchining taassurotida yotibdi”.[14]

Bart oʻz fikrini davom ettirarkan, adabiyotga nisbatan anʼanaviy tanqidiy yondashuv murakkab bir muammoni koʻtarganligini taʼkidlaydi: yozuvchi matnga bagʻishlagan, unga singdirgan maʼnoni biz anglay olarmikanmiz? Bart yoʻq deb javob beradi. Yozish, qayd qilish, “har qanday tovushning parchalanib ketishi” yagona talqin qilish yoki taxmin qilishga yoʻl qoʻymaydi.

Bu muammo XIX asr oxiri – XX asr boshida adabiyotshunos va munaqqidlar ishlarida u yoki bu darajada oʻrganilganligini tan olib, Bart oʻz essesida fransuz shoiri, simvolizm sheʼriyati dargʻasi Stefan Mallarme (1842–1898)ning: “Tilning oʻzi gapiradi”, degan mashhur iborasini keltiradi. Bart, shuningdek, XX asrning mashhur yozuvchilaridan biri, “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” nomli romanlar turkumi muallifi, fransuz adibi Marsel Prust (1871–1922) ijodi haqida ham toʻxtalib oʻtadi. Uning nazarida, “Prust doimo yozuvchi va u yaratgan ramziy maʼnolar oʻrtasidagi aloqaning muqarrar ravishda “emirilishi”dan tashvishlanardi”.[15]

Xullas, “muallif” va “mualliflik” atamalari oʻrtasidagi tafovutni aniqlash – “Muallif oʻlimi” essesining asosiy gʻoyasini tashkil qilgandi. Bart bu gʻoyani ilgari surib: “Matn maʼnosini kashf etish oʻrniga oʻquvchilar yozilgan narsani “koʻp oʻlchovli makon”dek qabul qiladi, uni “oʻqib” boʻlmaydi, u faqat “oydinlashtirilishi” mumkin xolos”, degan xulosaga keladi.

Demak, strukturalizm nuqtai nazaridan olib qaralganda, asar muallifi, xoh u nasrnavis, xoh shoir boʻlsin, oʻzining ijodiy dasturi, ijodiy individualligi, psixologiyasi, qolaversa, dunyoqarashi, imon-eʼtiqodi, feʼl-atvori kabi xislatlar jihatidan nom-nishonsiz “oʻchiriladi”. Maydonga til, matn, kod, struktura chiqadi. Yaʼni “sunʼiy qolipga solish”, tayyor qoliplar asosida tasviriy-ifodaviy vositalarni yaratish va ularni amalda qoʻllash, invariant (oʻzgarmaydigan) strukturalarni axtarish, “butun borliqni qamrab oluvchi obʼyektivlik” kabi tushunchalar bilan bogʻliq boʻlgan til, matn, kod, struktura – bularning hammasi strukturalizm tamoyillariga asoslangan tadqiqotning diqqat markazida turadi.

Bundan tashqari, matn shaxsga bogʻliq boʻlmagan oʻziga xos konstruksiya, tilga oid sistema faoliyatining mahsuli sifatida namoyon boʻladi. Muallifning irodasi, ijodiy niyati va boshqa “insonparvalik” ruhidagi intensiyalar oʻrniga matn makonida “lisoniy gʻayrishuuriylik” harakat qiladi. Aniqroq qilib aytganda, muallif oʻrniga matn gapiradi, biroq til muallifning tili emas, balki kodlar tiliga aylanadi. Shu nuqtai nazardan, “muallif oʻlgan”, chunki uning ongi, tafakkuri, qolaversa, “Men” – insonning oʻz-oʻzini anglashi, uning ruhiy markazi ikkilamchi darajaga tushib ketadi.

Taʼkidlash joizki, strukturalizmning bir qator muhim gʻoyalarini oʻzida mujassam etgan “Muallif oʻlimi” essesi Jenett, Todorov, Kristeva, Bodriyyar, Kompanon, Derrida, Fuko kabi strukturalizm va poststrukturalizm tarafdorlariga taʼsir koʻrsatdi.

Shunga qaramasdan, strukturalizmning ashaddiy raqiblari ham boʻlgan. Ular faoliyatiga batafsil toʻxtalib oʻtirmaymiz, ammo strukturalizm gʻoyalarini tanqid qilgan baʼzi bir qarashlariga eʼtibor qaratish lozim: birinchidan, strukturalizm tarafdorlari dunyoni anglash va idrok qilishda tilning muhim ahamiyati xususidagi asosiy konsepsiyasi badiiy matnga mimesis (taqlid) nuqtai nazaridan yondashuvlarga qarama-qarshi qoʻyiladi; ikkinchidan, adabiy hodisalarga qatʼiy ravishda sinxron yondashish tufayli, strukturalistlar tadqiqot doirasidan adabiyot tarixi, adabiyot sotsiologiyasi, madaniy-tarixiy sharoit, mualliflik intensiyasi, matnni yaratish tarixi kabi muhim jihatlarni chiqarib tashlaydi. Bu esa tadqiqotning bir yoqlama olib borilishiga olib keladi; uchinchidan, shaxs biografiyasi, psixologiyasi, psixoanaliz, fenomenologiya, ekzistensializm nuqtai nazaridan badiiy asarni muallif bilan bogʻlashga harakat qiluvchi adabiyotshunoslar “muallif oʻlimi” konsepsiyasini ilgari surgan strukturalistlarning “gʻoyaviy raqib”lariga aylanishdi; toʻrtinchidan, erkin idrok qilish, bevosita anglashga barham beriladi, chunki strukturalistlarning tadqiqot doirasini asoslab beruvchi nazariy qarashlari retsepsiya “model”ini ham tayyor holda taqdim etadi. Masalan, amerikalik adabiyotshunos Kaller “Strukturalizm ruhidagi poetika” asarida, Chomskiy va Greymasdan keyin “adabiy kompetensiya” (badiiy asardan yaxshi xabardor boʻlish) uslubini ishlab chiqdi. Unga koʻra, oʻquvchining adabiy til qonunlarini yaxshi bilishi goʻyoki oldindan “matnga yozilgan” boʻladi. Bu nuqtai nazardan, strukturalizm badiiy estetika va oʻquvchilarning badiiy asar yuzasidan bildirgan tanqidiga qarshi turadi; beshinchidan, strukturalizmning keng maʼnoda estetikaga qarshi qoʻyilganligidir. Strukturalizm nuqtai nazaridan olib qaralganda, badiiy asar maʼlum kodlardan tashkil topgan. Agarda kod mohiyatan va mazmunan boshqa kodga oʻtkazilishi, koʻchirilishi mumkin boʻlsa, badiiy asarni osonlik bilan matematika formulalari koʻrinishida tasavvur qilish mumkin. Bu yerda badiiy asarning estetika jihatdan noyobligi oʻz ahamiyatini yoʻqotadi.

Xullas, tanganing ikkinchi tomoni ham bor deyilganidek, anʼanaviy adabiyotshunoslik va struktur adabiyotshunoslik oʻrtasida ham oʻxshash, ham farq qiluvchi jihatlar mavjuddir. Muhimi shundaki, anʼanaviy adabiyotshunoslik doirasiga kiruvchi, uning negizini tashkil qiluvchi metodologiya va tahlil vositalari bugungi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan va keng qoʻllanilmoqda. Struktur adabiyotshunoslik doirasiga kiruvchi metodologiya va tahlil vositalari esa endilikda maxsus tadqiqotlargagina xizmat qiladi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Shunga qaramasdan, strukturalizm metodologiyasidan foydalanish asosan ikki sohada, yaʼni adabiy asarlarni semiotika nuqtai nazaridan tahlil qilishda hamda muayyan janr (roman, tragediya, qissa)larda syujet negizini tashkil qilgan kombinatsiya va variatsiyalardan iborat strukturalarni tahlil qilishda olib borilmoqda. Shu bilan birga, struktur poetikaning narratologiya (hikoya qilish nazariyasi) sohasida tadqiqotlar olib borishda ham ahamiyati kattadir.

Taʼkidlash joizki, strukturalizm koʻp hollarda asosli ravishda tanqidga uchragan. Bu ilmiy metodning tanqidiga kelganda, quyidagi masalalarga eʼtibor qaratiladi:

1) Postmodernizm taraqqiy etishi bilan bogʻliq ravishda strukturalistlarning tahlil koʻlami, qoʻlga kiritgan natijalari, ilmiy-nazariy va amaliy asoslarning bir maʼnoda oʻqilishiga daʼvo qilishi, “yoki / yoki” deguvchi binar oppozitsiyalarning qatʼiy taqdim etilishi ilm ahli tomonidan “intellektual tahdid” deb baholandi;

2) Ayrim adabiyotshunos va tilshunos olimlarning tahsiniga sazovor boʻlgan nazariy ishlar strukturalizm taraqqiyotiga hissa qoʻshganiga qaramasdan, badiiy matnda tahlilning aniq natijalari nuqtai nazaridan, shaklni mazmundan, nazariyani amaliyotdan ajratish, matematik metodlarni tatbiq etish, “chizma adabiyotshunoslik”ka intilish, muallif dunyoqarashini, uning oʻziga xos uslubini formulalarga olib borib taqash, badiiy asarni matritsaga oʻxshatish, “eng oxirgi struktura”ni kashf etishga boʻlgan tendensiyalar yaqqol koʻrina boshladi.

3) Strukturalizm gʻoya va tamoyillariga asoslangan tadqiqotlar estetikaning asosiy, yaʼni asarga nisbatan estetik va badiiy qadriyat nuqtai nazardan yondashish muammosini hal eta olmadi. Asarni bir yoqlama tahlil qilish, yaʼni uning texnologik (struktura, tuzilish) tomonini koʻrib chiqishda, asarning manbasi, yaratilish tarixi, estetik taʼsiri va badiiy ahamiyati, maʼnaviy-axloqiy qadriyati kabi jihatlar inobatga olinmasligi asarni jozibadorlik, tarovat, hissiy taʼsirchanlikdan mahrum etadi.

 

Muhammadjon XOLBEKOV

 

“Sharq yulduzi”, 2017/10

 

 


[1] Diskurs (lotin. discursus – fikr-mulohaza) – “aql-idrokka (fahm-farosat yoki es-hushga) oid, his-tuygʻuga emas, balki mulohazaga asoslangan, koʻngilga emas, aqlga qarab qilinadigan”; “bilvosita ifodalangan”; “mantiqiy” tushunchalarni anglatadi.

[2] Qarang: Tiʼnyanov Yu. N., Yakobson R. O. // Problemiʼ izucheniya literaturiʼ i yaziʼka // Tiʼnyanov Yu. N. Poetika. Istoriya literaturiʼ. Kino. – M., 1977. – S. 282–283.

[3] Culler, J. Structuralist Poetics: Structuralism, Linguistics, and the Study of Literature London. Ithaca: Cornell University Press, 1975. Bundan buyon ingliz, fransuz va ruscha manbalardan keltirilgan iqtiboslar muallif tarjimasida beriladi. – M. X.

[4] Todorov, Tz. Poétique // Qu’est-ce que le structuralisme? Paris: Seuil, 1968.

[5] Barthes, R. Mythologies. Paris: Seuil, 1957.

[6] Yu. N. Tiʼnyanov, R. O. Yakobson. “Problema izucheniya literaturiʼ i yaziʼk”, M., “Noviʼy Lef”, 1928, № 12, s. 36–37.

[7] Bart R. Izbranniʼe rabotiʼ. Semiotika. Poetika / Per. s fr., vstup. st. i komment. G.K. Kosikova. – M.: Progress, 1989. – s. 360.

[8] Serres, M. Hermes. Vol. I. La Communication. Paris: Seuil, 1968.

[9] Bart R. Izbranniʼe rabotiʼ. Semiotika. Poetika. / Per. s fr., vstup. st. i komment. G. K. Kosikova. – M.: Progress, 1989. – s. 360.

[10] Bart R. Smert avtora / Bart R. Izbranniʼe rabotiʼ: Semiotika. Poetika. / Per. s fr., vstup. st. i komment. G. K. Kosikova. – M.: Progress, 1989.  – s. 384–391.

[11] Barthes, R. La mort de l’auteur // Manteia, 1968. № 5.

[12] Bart R. Smert avtora / Bart R. Izbranniʼe rabotiʼ: Semiotika. Poetika. / Per. s fr., vstup. st. i komment. G. K. Kosikova. – M.: Progress, 1989. – s. 386.

[13] Oʻsha manba, 385-bet.

[14] Oʻsha manba, 388–389-betlar.

[15] Oʻsha manba, 389-bet.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.