Mashhur kishilar Bobur haqida

0
1614
marta koʻrilgan.

“Tarixi Rashidiy”dan: “U turli goʻzal fazilatlar, maqtovga loyiq sifatlarga ega podshoh edi. Barcha sifatlari ichida shijoat va muruvvatpeshaligi ustun kelar edi”.

Hasanxoʻja Nisoriy: “Chigʻatoy sultonlarining eng sarasi va zoʻr shijoatlisi edi”.

Javoharlaʼl Neru: “Bobur dilbar shaxs, Uygʻonish davrining tipik hukmdori, mard va tadbirkor odam boʻlgan, u sanʼatni, adabiyotni sevardi, hayotdan huzur olishni yaxshi koʻrardi. Uning nabirasi Akbar yana ham dilbarroq boʻlib, koʻp yaxshi fazilatlarga ega boʻlgan”.

Monstyuart Elfinston: “Uning uslubi oddiy va mardona, jonli va obrazli. U oʻz zamondoshlarining qiyofalari, urf-odatlari va intilishlarini, qiliqlarini oynadek ravshan tasvirlaydi. Shu jihatdan bu asar Osiyoda yagona, chinakam tarixiy tasvir namunasidir”.

Rumer Goden: “Bobur bunyod etgan davlat garchi bobolariniki singari bepoyon mintaqalarga yoyilmagan boʻlsa-da, u oʻz saltanatining sultoni, buyuk imperatori darajasiga koʻtarildi. Oʻz mulkida boshqaruv tizimini mahkam tutib, uni mohirlik bilan idora qildi. Bu oʻlkani 332 yil davomida mahorat bilan boshqargan buyuk sulolaga asos soldi”.

Pirimqul Qodirov: “Bobur Mirzo soʻz bilan jonli tasvir yaratish mahoratini mukammal egallagan adib edi. Buni oʻzi ham sezardi. Shuning uchun umrining oxirida oʻgʻli Humoyunga “Boburnoma”ni tugallab taqdim etganida unga bir ruboiy ilova qiladi:

Bu olam aro ajab alamlar koʻrdum,

Olam elidin turfa sitamlar koʻrdum,

Har kim bu “Vaqoyiʼ”ni oʻqir, bilgaykim,

Ne ranj-u ne mashaqqat-u ne gʻamlar koʻrdum.

“Vaqoyiʼ” – “Boburnoma”ning dastlabki nomi edi. Bobur oʻz zamonasida boshdan kechirgan barcha koʻrguliklarni haqqoniy tasvirlashga intilganining sababi bu ruboiyda aniq koʻrsatiladi. Uning eng zoʻr istagi: “Vaqoyiʼ”ni oʻqiganlar haqiqatni bilsinlar, u qilgan xatolarni takrorlamasinlar.

“Boburnoma” ham “Temur tuzuklari” kabi avlodlarga ulkan hayotiy tajriba, saboq va qisman vasiyat tarzida yozilgan edi”.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.