Manba mantiqiy mushohadani talab qiladi

0
1353
marta koʻrilgan.

“Haqiqat – nisbiy” degan ulugʻ hikmat bor. Tasavvufda mutlaq haqiqat faqat bitta – yagona parvardigor borligi va borligʻidir, deyiladi. Uni anglash va idrok etish haqiqatga erishuvdir. Buni aksioma deb qabul qilsak, unda biz bilgan-bilmagan barcha mutafakkirlarning haqiqatning nisbiyligi haqidagi qarashlari asos-eʼtibori bilan izlanish bosqichlaridagi kayfiyatlariga taalluqliligi ayon boʻladi. Ilm – inson miyasiga joylangan “irfon maxzani”. Uning tilsimlari ilmiy izlanishlar, bahslar, oʻqib-oʻrganish sirasida ochiladi. Shunday ekan, “haqiqat – bahslarda tugʻiladi”, degan hikmat ham bejiz dunyoga kelmagan.

Kamina ikki yil muqaddam “Tafakkur” jurnalida bir maqola eʼlon qilgan edim. Unda soʻfiylarning paydo boʻlishi va tabaqalanishi haqida manbalarda berilgan maʼlumotlar keltirilgan edi. Undan ilgariroq 2003 va 2005 yillar naqshbandiya tariqati rivojlanish bosqichlaridagi turli jarayonlar mohiyati haqida maqolalar tayyorlaganman. Ular Toshkent islom universiteti byulleteni va “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida chop etilgan. Shu bois, ushbu maqolalarda tilga olingan muhim masalalar keng jamoatchilik nazaridan chetga qolganga oʻxshaydi. Buni matbuotda koʻrinayotgan ayrim chiqishlardagi nomukammalliklardan sezsa boʻladi. Soʻfiy va mutasavvuf kabi atamalar atrofidagi bahslar ham shu jumladandir. Demak, ayrim maʼlumotlarni takrorlashga bugun ham zarurat bor.

Chahoryor xalifalarning davri tugab, Suriya, Iroq va Misr hududlaridagi amirliklarda dunyoviy hayot ustuvorlashgandan soʻng, amir al-moʻmininlar shariatni oʻz manfaatlari yoʻlida xizmat qildirishga oʻtgan, hashamatli hayot va aysh-ishrat ijtimoiy idealga aylana boshlagan edi. Taqvodorlar davlatning dunyoviylashuvi, jamiyatning tabaqalanishi, din peshvolarining dunyoviy hoyu havaslarga berilishi, islom ummati orasida tafriqaning paydo boʻlishi, mazhablar va turli oqimlarning shakllanishiga isyon tarzida togʻ-toshlarni makon qilish, gʻorlarda yashashni oʻzlariga afzal bildilar. Ular zohidlar deb ataldi. Soʻfiylik asli ana shu zohidlikdan boshlangan. Ular paygʻambarimiz Hiro togʻida xilvatda oʻtirganidek, kechayu kunduz allohni zikr qilish bilan shugʻullandilar. Izolyasiyadagi zikr (biz uni chilla deb ataymiz) hind yoga tizimida boʻlgani kabi meditatsiya usuli natijasida erishiladigan gʻayritabiiy qobiliyatni tugʻdirgan. Zohidlar trans holatida gʻayb olami sir-sinoatlaridan xabardor boʻla boshlaganlar, karomat sohibiga aylanganlar. Ilmiy adabiyotlarda bunday toifa mistiklar deb ataladi.

VIII asrning oxirlariga kelib Iroqdagi barcha mistik guruhlar “soʻfiylar”, ularning yoʻllari “tasavvuf” deb atala boshladi.

Bu davrlarda soʻfiylarni tabaqalashtirish biz oʻylagancha, sifat darajasiga koʻra emas, maktab va avlodga mansublik alomatiga qarab ajratilgan. Tasavvuf oʻz tarixida bir necha fundamental maktablarga ega boʻlganligi maʼlum. Ilk soʻfiylar, asosan, din olimlari va mulkdorlar tabaqasi vakillari edi. Ularning gʻoyalari tasavvuf nazariyasining asosiy tamoyillarini belgilab berdi. Soʻfiylar his, ilhom, qalb bilan bilish gʻoyasini birinchi oʻringa qoʻydilar. Shariat bilan zohirni poklashni (diniy ilmlar, hadis va fiqh olimi boʻlish) soʻfiylikning birinchi sharti, deb eʼlon qilgan Hasan Basriy hisoblanadi. U Hazrat Alining talabasi boʻlib, shariat ilmlarini chuqur egallagan olim edi. U oʻtkinchi dunyo hayotidan yuz oʻgirib, faqatgina yolgʻiz allohga yoʻnalib, unga tavakkul qilish, suyanish va har lahzada undan qoʻrqmoq lozimligini targʻib qildi. U qoʻrquvning ezgu amallar qilishdagi katta ahamiyati borligini uqtirdi. Hasan Basriy inson oʻz nafsini idora etish va oʻz faoliyatini tafakkur qilishga chaqirdi. Uningcha, tafakkur insonga yaxshi-yomonni koʻrsatuvchi bir oyna boʻlib, yomonlikdan saqlovchi vositadir. Shu davrda mashhur zohidlardan yana biri Robiya Adaviya (vafoti 752 yil) allohga muhabbat gʻoyasini ilgari surdi. Uningcha, jannat orzusi va doʻzax azobidan qoʻrquv najot vositasi boʻla olmaydi. Inson allohni shunday sevishi kerakki, uning ishqi bu dunyo hoyu havaslarini kuydirib yuborishi kerak. U allohni faqat alloh boʻlgani uchun sevish, oʻz borligʻini allohning borligʻida singdirish va alloh jamoliga erishish gʻoyalarini ilgari surdi. Robiya Adaviya tasavvuf tarixiga “ilohiy ishq” tushunchasini olib kirgan birinchi zohid deyiladi. Abdulloh Horis Muhosibiy Basriy yetakchiligida maktab namoyandalari alloh maʼrifatiga erishishni birinchi oʻringa qoʻydilar. Ular maʼrifat amaldan ustun, allohni amallar bilan emas, maʼrifat bilan bilish muhim degan gʻoyalar bilan chiqdilar. Ushbu maktab Muhosibiya maktabi sifatida mashhur boʻldi. Sarri Saqatiy maqomot va hol tizimini tartibga soldi. Quyidagi gap shu olimga tegishlidir: “Ilm allohning sifati va amal bandaning sifatidir. Bir soatlik tafakkur ikki olam ibodatidan yaxshidir”. Zunnun Misriy (859) tasavvuf haqida ilk asar yozib, tasavvufning hol va maqomlarini tasniflab bergan olimdir. Uning tafakkuri Robiya Adaviya gʻoyalari taʼsirida shakllangan. Uning fikricha, allohni sevish mezoni – Muhammad alayhissalomning sunnatiga astoydil amal qilish orqali axloqni yuksaltirishdir. Alloh va inson oʻrtasida ikki tomonlama ilohiy muhabbat yotadi. Bu ishq vositasida inson allohga erisha oladi. Unga erishgan inson oʻzining ilohiy zotda gʻarq boʻlganini, sodda qilib aytganda, oʻzining ilohiylashganini his etadi.

Oʻsha davr mashhur soʻfiy mutafakkirlaridan yana biri Boyazid Bistomiydir (vafoti 874 yil). U fiqh olimi edi. Robiya Adaviya va uning izdoshlari gʻoyalari taʼsirida tasavvufga qattiq berilib, bu sohada ulkan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritadi. Jumladan, “ishq” va “vahdat” tushunchalarini mistik platformada sharhlab, sukr (mastlik) konsepsiyasini ishlab chiqdi. Tasavvufda “tavhid daraxtini Boyazid ekkan”, degan gap shundan qolgan. Uning maktabi tayfuriya deb ataldi. Junayd Bagʻdodiy maktabi esa sukr yoʻnalishiga qarama-qarshi oʻlaroq, sahv, yaʼni, hushyorlik konsepsiyasini ilgari surdi. U tasavvuf ilmini tartibga solishga intilgan, shariat va tasavvufiy ilmlarni bir-biriga muvofiqlashtirishga harakat qilgan ilk mutafakkirdir. Uning asosiy gʻoyasi shundan iboratki, inson ruhiy hol-maqomlardan yuksalib, alloh vasliga erishganda sahv, yaʼni, hushyorlik yoʻlini tanlashi kerak. Junaydiya maktabi nazdida, eng buyuk maqom Muhammad rasulullohnikidir. Bu maktabga xos boʻlgan asosiy xususiyat muroqaba usulining ustuvorligidadir. Junayd Bagʻdodiyning fikr-qarashlari koʻplab soʻfiylar uchun dasturulamalga aylangan. Imom Qushayriy va Imom Gʻazzoliy kabi buyuk mutafakkirlarning dunyoqarashlariga katta taʼsir koʻrsatgan.

Soʻfiylar orasida zohidlikni qoralaganlar ham boʻlgan. Shulardan biri Abu Hasan ibn Muhammad Nuriydir. U Zunnun Misriyning shogirdi boʻlib, saxovatpeshalikni targʻib etdi. Uning aqidasi boʻyicha, inson oʻzining eng sevimli narsasini alloh yoʻlida sarf qilmas ekan, baxt-saodatga erisha olmaydi. U Junayd Bagʻdodiy bilan birga bozorlarga borib, qoʻlidagi bor narsalarini xalqqa ulashib yurar ekan. Uning maktabi “nuriya” deb ataldi.

Suhayl ibn Abdulloh Tustariy (vafoti 896 yil) tasavvufda nafs mavzusini bosh mavzuga aylantirdi. Uning maktabi tanlagan yoʻnalish “mujohada yoʻli” deyiladi. “Kim alloh yoʻlida riyozat chekmoqchi boʻlsa, biz ularni hidoyatga eltamiz”, shiori ularga tegishlidir. Ular Muhammad paygʻambarimizning: “Biz kichik jihoddan katta jihodga oʻtamiz”, degan daʼvatlarini asos qilib, katta jihod – nafs bilan kurashga chaqirdilar. Suhayl mujohadani mushohadaga olib boruvchi yagona yoʻl deb hisobladi. Uningcha, bu shariat yoʻlidir. Nafs, aslida, zarurdir. U xudo tomonidan yaratilgan. U allohni bilishga vosita. Rasuli akram aytgan: “Kim nafsini tanisa, allohni taniydi”. Suhayl nafsni oʻldirish tarafdori emas, balki uni tarbiyalash tarafdoridir. Yomondan yaxshi fazilatlar kasb etishga oʻtish suhayliylar gʻoyasining magʻzidir. Soʻfiylik harakatining dastlabki bosqichlarida ular oʻz maslaklarini diniy asosga qoʻyish yoʻllarini izlay boshladilar. Buning yoʻllaridan biri soʻfiylik mohiyati va tarixini paygʻambarimiz hayoti, islomning ilk davri bilan bogʻlash edi.

Xuroson va Movarounnahrdagi mistiklar X asrning oxirgi davrlarigacha soʻfiy deb atalmagan. Hakim Termiziyning asarlarida, garchi chuqur mistik mazmunda boʻlsa-da, soʻfiy istilohi ishlatilmagan. Buning oʻz sababi bor edi. Soʻfiy deganda, faqat Iroqda shakllangan (Basra, Kufa, Bagʻdod) mistik guruhlar tushunilgan. Tasavvuf taʼlimotiga bagʻishlangan dastlabki ikki asar-Kalobodiyning (vafoti 990 yil) “Kitob at-taarruf” va Sarrojning (vafoti 988 yil) “Kitob al-luma” asarlarida, asosan, Bagʻdod maktabi vakillari haqida maʼlumot berilganligi ham shundan dalolat beradi. Bu asarlarda malomatiylik harakatining asoschisi nishopurlik Hamdun al-Qassor yoki, deylik, vatandoshimiz, buyuk mistik olim Hakim Termiziy haqida gapirilmagan. Nishopurlik olim Abu Abdurahmon Sulamiy (vafoti 1021yil) birinchilardan boʻlib, Xuroson mistiklarini soʻfiylar qatoriga qoʻshishga urindi. Eron va Markaziy Osiyodagi ulugʻ taqvo sohiblari, valiylar turli nomlarda, jumladan, ahli maʼrifat, ahli haqiqat, oriflar, soliklar, zohidlar, faqirlar, hakimlar, malomatiylar, deb atalgan. Bularning orasida soʻfiylarga oʻxshab uyushgan jamoa faqat malomatiylar edi. Malomatiylik harakati Xurosondagi Nishopur shahrida IX asrda vujudga kelgan. Sulamiy “Tabaqot us-sufiya” tazkirasida Nishopurda mavjud boʻlgan uch malomatiy maktabining birini boshqargan Abu Usmon Hiriyning (vafoti 910 yil) Bagʻdodda taʼlim olganligiga urgʻu berib, malomatiylarni soʻfiylarning bir toifasi qilib koʻrsatdi.

Shu tariqa, XI asrdan boshlab Bagʻdod va Xuroson mistik maktablari oʻrtasiga vorisiylik chizigʻini tortish boshlandi. Bu jarayon Qushayriyning “Risola fi ilm al-tasavvuf”, Hujviriyning “Kashf al-mahjub” asarlarida izchil davom ettirildi. Keyingi davrlarda barcha mistik maktab va yoʻnalishlar tasavvuf nomi ostida umumlashtirildi. Tasavvuf taʼlimoti diniy-irfoniy bilishning yetakchi taʼlimotiga aylangandan soʻng, nafaqat Bagʻdod va Xurosondagi mistik jamoalar, balki soʻfiy boʻlmagan taqvodor va bilimdon olimlar ham soʻfiylar deb atala boshladi.

Tasavvuf tariqatlarini yuzaga keltirgan asosiy sabab ana shu IX-X asrlarda keng mintaqalarga yoyilgan tasavvuf maktablarining bir-birlaridan farqlanib borishi bilan bogʻliq hodisadir. Bu davrlarda “pir-murid” – tarbiya shakli boʻlmagan, asosan, yunon va hinddan oʻzlashtirilgan metafizik gʻoyalar ustozlar tomonidan islomlashtirilib, shogirdlarga suhbatlarda singdirilgan. Zikr va muroqaba texnikasi ham hind anʼanalaridan oʻzlashtirilgan. Asta-sekin tariqat qonun-qoidalari qatʼiylashib, maktablar atrofida temir intizom va mustahkam iyerarxiyaga buysundirilgan tashkilotlar (dargohlar) shakllandi. Ushbu tashkilotlarda, asosan, zikr bilan shugʻullanganlar va pirning muntazam nazorati ostida kun kechirganlar. Fanda amaliy tasavvuf deganda ana shu tashkilotlar (tariqatlar) faoliyati tushuniladi. Tariqat tizimi zohidlikni qoralagan. Faqat tariqat ichida maxsus tarbiya koʻrish soʻfiylikka munosib degan qarash rasm boʻlgan. Jumladan, Abduxoliq Gʻijduvoniyning tariqat ahliga qoldirgan quyidagi nasihatlarida shunday deyiladi:

“Ilm oʻrganmasdan turib ishga (riyozatga) kirishmagil. Din yoʻl-yoʻriqlarini puxta bilishing uchun mudom fiqh va hadis oʻrgangil…” (Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy. Vasiyatnoma, Toshkent, 1993,14-bet).

Naqshbandiya tarixiga nazar tashlasak, XV asrdan eʼtiboran, hukmdorlar va mol-davlatga munosabat bilan bogʻliq jihatlar erkinlashtirilib, baʼzi ruxsatlar berilganligini koʻramiz. Bu, asosan, Xoja Ahror faoliyatining siyosiylashuvi bilan bogʻliqdir.

Xoja Ahror xalq taqdiri va davlat manfaatlarini oʻylab, buyuk madaniyat va bebaho maʼnaviy qadriyatlarni saqlab qolish yoʻlida podshohlar va shahzodalar orasiga tushishga, oʻzaro nizolarni tinchlik yoʻli bilan hal qilishga harakat qildi. Xoja Ahror xalq taqdiri uchun qaygʻurish, sultonlarni adolatga chaqirish masalasini soʻfiylarning burchi darajasiga koʻtardi. Hukmdorlar tomonidan minnatdorchilik ramzi sifatida hadya qilingan yer-suvlar Xoja Ahrordek soʻfiyning qoʻlida tariqat tamoyillariga zid ravishda ortiqcha mol-mulkning toʻplanib qolishiga sabab boʻldi. Aytishlaricha, u oʻziga tegishli mol-mulkka mutlaqo daʼvo qilmagan va umumjamoa mulki sifatida qaragan. Uning yaqin shogirdi va xalifasi Muhammad Qozi yozadi: “Hazrat mol-mulklarining barchasi fuqaro uchun sarflanardi. Baʼzan esa xarajat daromaddan koʻp boʻlar va yilning oxirida qarzdor boʻlib qolardilar”.

Afsuski, Xoja Ahrorning faoliyati ibrat namunasiga aylanib, baʼzi shayxlar pirlikka daromad manbai sifatida qaray boshladilar. Ahvol shu darajaga yetdiki, tariqat mol-mulk va obroʻ orttirishga qulay imkoniyat yaratadigan “imtiyozli” tashkilotga aylandi.

Riyokor shayxlar koʻpaydi. Maʼrifatli zotlarda ularga nisbatan murosasiz munosabat shakllandi. Oʻz davrida Navoiy bunday riyokor shayxlarni keskin tanqid qilgani maʼlum. Ayni shu davrda, tasavvuf tarixida birinchi boʻlib Jomiy asl soʻfiylarni soxta soʻfiylardan ajratish maqsadida, ularning sifat darajalarini batafsil tasnif etib berdi.

Jomiy “Nafahot al-uns” tazkirasi muqaddimasida tasavvuf ahli darajalarini uch tabaqaga boʻlib koʻrsatadi. U soʻfiy deb atalishga faqat oliy tabaqaga koʻtarilgan taqvodorlar, yaʼni, valiy darajasiga yetgan insonlar loyiq, deb hisoblaydi. Valiylik ikki turga – “valoyati avom”, yaʼni, barcha moʻminlarga xos valiylik va “valoyati xosa”, yaʼni, xos kishilarga mansub valiylikka boʻlinadi.

Jomiy “valoyati avom” haqida ortiqcha toʻxtalmagan. Bu oʻrinda, alloma tariqatlarda, xususan, naqshbandiy pirlarning qudsiy kalimalaridan xalqqa yaxshi maʼlum, “har bir kishida valiylik xislati mujassam”, degan aqidadan kelib chiqib, sharhga hojat sezmagan boʻlishi ham mumkin. Uning asosiy diqqati “xoslar valoyati”ni tushuntirishga qaratilgan. Aytiladiki, xoslarga mansub valiylik tasavvuf ahli tabaqalarining eng yuqori, oliy pogʻonasida turuvchi arboblarda zohir boʻladi. Jomiy ularni “vosillar”, yaʼni, alloh vasliga vosil boʻlganlar va “komillar”, yaʼni, kamolotga erishganlar, deb ataydi.

Oliy tabaqa vosillar va komillar martabasiga erishgan muqarriblar, yaʼni, allohga yaqinlik hosil qilganlar tabaqasidir. Jomiy bu tabaqa vakillari paygʻambarimizdan keyin turuvchi zotlar ekanligini taʼkidlarkan, ularni ikki toifaga ajratadi: “Birinchisini, mashoyix derlar”, – deydi alloma. Mashoyixlar rasullullohga ergashishda kamolot darajasiga yetib, vusul martabasini qoʻlga kiritganlar. Ushbu maqomda ularning zimmasiga xalqni Rasululloh sunnati asosida tarbiyalash yuklatilgan. Ular “komili mukammal” insonlardir. Ular “ayni jamʼ”da gʻarq qilinib tavhid sharafiga musharraf qilingandan soʻng, xalqni najot sari yetaklash va kamolot darajalarini oʻstirish uchun orqaga, yaʼni, jamiyatga qaytarilgandirlar.

Ikkinchi toifa majzublar toifasi boʻlib, Jomiy: “Kamol darajasiga erishgandan soʻng, ular fano bagʻrida shunday nochor qoldilar va halokatga uchradilarki, ulardan na xabar, na iz qoldi. Ularga xalq orasiga qaytish nasib qilmadi. Vaslga erishgan bu toifaga xalqni tarbiya qilish vazifasi topshirilmadi”, – deb qayd etadi.

Oʻrta tabaqa. Bundagilar oliy tabaqaga nomzod boʻlgan suluk ahli tabaqasidir. Jomiy unga olti toifani kiritadi. Bular mutasavvuflar, malomatiylar, zohidlar, faqirlar, xodimlar va obidlar toifasidir. Jomiy mutasavvuflar va malomatiylarni boshqalardan afzal koʻradi va ularni oliy maqsadga intiluvchilar (toliboni maqsadi oliy), deb ataydi. Ular ilohiy haqiqatni izlovchilardir. Qolgan toʻrt toifa alloh yuzini koʻrishni istovchilardir (muridoni vajhulloh). Ularning oliy maqsadi jannat daʼvosi va oxirat savobidan umidvorlikdir.

Jomiy har bir toifaga xos belgilarni aniq va ravshan tushuntirib oʻtadi. Masalan, mutasavvuflar shunday jamoaki, nafsning baʼzi sifatlaridan qutulganlar, soʻfiylarga xos baʼzi hol va vasflarga ega boʻlib, ruhoniy yoʻlning nihoyati koʻrinay deb qolgan. Ammo hanuz nafsning baʼzi jihatlaridan qutulmaganlar. Shuning uchun ahli qurb boʻlgan soʻfiylarning vusuli darajasiga yeta olmaganlar. Soʻfiylar va mutasavvuflar shu jihatlar bilan bir-birlaridan farqlanadilar.

Malomatiylar allohga ixlos va sadoqat qoidasiga qattiq rioya qiladilar va toat-ibodatlarini xalqdan yashirishga urinadilar. Solih amallarni qilishni shart deb biladilar. Ular uchun toat-ibodat va solih amallarni xalqqa koʻrsatish riyodir. Ular oʻz aʼmol va ahvolini qanchalik yashirsalar ham ammo vujudiy va nafsiy istaklardan qutulmaganlar. Ana shu narsa tavhid jamolini mushohada qilishga monelik qiladi. Zohidlar shunday toifaki, iymon nuri bilan oxirat jamolini mushohada qiladilar. Dunyoni qabih deb biladilar va uning ziynatidan voz kechadilar. Tarkidunyo qiladilar. Ularning soʻfiylardan farqi shuki, zohidning jamiyatdan yuz burishi nafsining istagi bilan boʻladi. Zotan, jannat talabi – nafs istagidir. Soʻfiy esa alloh jamoli istagida ikki olamdan voz kechgan. Demak, zuhdda ham yuksak martabaga erishgandir.

Faqirlar shunday toifaki, mol-dunyo masalasida hech vaqosi yoʻq.

Jomiy faqirlar toifasining suluk ahli ichidagi oʻziga xos farqlarini koʻrsatadi. Malomatiy va mutasavvuf jannat emas, alloh talabgori boʻlib, unga yaqinlashish istagida boʻlsa, faqirlar jannat talabgorlaridir va shu jihatdan oʻz nafslariga yon bosuvchilardir. “Soʻfiylarning faqirlardan farqi shundaki, – deydi Jomiy – soʻfiy maqomiga erishganlar uchun faqr va gʻino (boylik) masalasi haq irodatida yoʻq boʻlib ketgan (mahv boʻlgan)”.

Faqir ikki xil boʻladi: rasmiy va haqiqiy. Rasmiysi, mulki boʻlmay, rostdan ham faqirlikda yashaydi. Har qancha davlati boʻlsa ham, har qanday sharoitda ham mol-dunyoga berilmasdan yashagan odam haqiqiy faqirdir. Haq taolo baʼzi avliyolarning zohirini boylik libosi bilan kiyintiradi, shu sababdan baʼzi zohir ahli ularni dunyoga koʻngil qoʻyganlardan, deb hisoblaydi. Vaholanki, ular haqiqiy faqirdirlar va oʻz botinlarini, botiniy hollarini ularni tushunmaydiganlardan yashirgandirlar.

Ammo baʼzi mashoyixlar rasmiy faqirni ixtiyor etadilar. Sababi, xalqni anbiyolar yoʻliga ergashtirishda xalqni faqir suratida targʻib va daʼvat etish samaralidir. Ular xalqni uxroviy lazzatlarga emas, balki haq dargohiga daʼvat etadilar.

Xodimlar shunday jamoaki, ulugʻ taqvo sohiblariga xizmat qilishdan zavq oladilar. Ular farz ibodatlaridan ortgan barcha vaqtlarini shayxlariga bagʻishlaydilar va barcha ishlarida yordam beradilar. Buni oʻzlarining nafl ibodatlari, deb biladilar va shu xizmatlari evaziga oxirat savobidan umid qiladilar.

Obidlar shunday toifadirlarki, oxirat savobi uchun ibodat va foydali ilmlar bilan shugʻullanadilar. Bu sifat soʻfiylarga ham xos. Biroq, soʻfiylar tangrini haq boʻlgani uchun sevadilar, oxirat savobi uchun emas.

Obidlar faqirlardan farqli oʻlaroq, oxirat savobi umidida ibodat qilishda boy yoki faqir boʻlishning farqi yoʻq, deb hisoblaydilar. Har qancha boyligi boʻlsa ham inson obid martabasida boʻlishi mumkin.

Jomiy soʻfiy boʻlishga intilganlarning uchinchi tabaqasini taʼriflashga oʻtar ekan, uni nuqsonlilar tabaqasi deb nomlaydi. Bu tabaqa vakillari tasavvuf ahlining har bir toifasi orasida uchraydi. Jomiy zikr etgan suluk ahli “mutashabbihun muhiq”, yaʼni, haqiqatda, sidqidildan soʻfiy boʻlishga intilgan, haqiqatdan soʻfiylarga oʻxshab ketadiganlar boʻlsa, uchinchi tabaqa ularning aksi boʻlgan riyokor soliklar, yaʼni, Jomiy tili bilan aytganda, “mutashabbihun mubattal” lardir.

Jomiy tasavvuf ahlining ikki tabaqasini qanday tartibda tasniflagan boʻlsa, quyi tabaqani ham shu tartibda bayon etadi. Jumladan, komili mukammal soʻfiylikka daʼvo qiluvchi riyokor odamlarga botiniylar va mubohiylar kiradi. Ular oʻzlarini orif va soʻfiy sanaydilar ammo aqoid, aʼmol va ahvollari arzimas va yuzakidir. Shariatga itoat etmaslar va bu ishni avom ishi deb hisoblaydilar.

Majzublarning riyokori shunday toifaki, fano dengizida gʻarq boʻlganlik va tavhid aynida halok boʻlganlik daʼvosini qiladilar. Oʻz harakat va jiddu jahdlarini yanada orttirmaydilar va deydilarki, bizning harakatlarimiz eshiklarning harakatiga oʻxshaydi, harakatlantiruvchi kuchga muhtoj. Jomiy taʼkidicha, bu qiyos toʻgʻri boʻlsa-da, ularning holiga muvofiq emas. Bu toifani zindiqlar deb ataydilar. Sahl b. Abdulloh: “Agar kishi shariat usuliga rioya qilsa va ibodatlar ahkomini muhofaza etsa, ular siddiqlardir, agar kishi shariatni hisobga olmay ish tutsa, ular zindiqlardir”, deb aytgan.

Jomiy malomatiylarning riyokorlari haqida toʻxtalar ekan, qalandarlarning XV asrga kelib riyokor toifaga aylanganini taʼkidlaydi. Asl qalandarlar malomatiylarga oʻxshashni istaydilar. Joriy etilgan rasm-rusumlar, qonun-qoidalar, axloq-odob qoidalarini buzishdan qoʻrqmaydilar. Toat-ibodatlarning koʻpchiligida ular erkin. Faqat farzlarni bajaradilar. Malomatiylar kamolotga yetish va fazilatlarini koʻpaytirish borasida qattiq ishlaydilar. Bu harakatlarini xalqdan pinhon tutadilar. Qalandarlar esa oʻz amallarini xalqdan yashirmaydilar. Jomiy zamona qalandarlari “hashviylar”, yaʼni bangilarga aylanib, islomni unutganliklarini taʼkidlaydi. Ular zindiqlarga oʻxshash, ixlos daʼvosini qiladilar ammo fisqu fujur va gunohga berilganlar. Ularning aytishicha, bunday xatti-harakat xalq malomat qilishi uchun kerak emish. Haq xalqning toatiga zor emas va gunoh ham zararli emas emish.

Zohidlarning riyokori xalqning nazariga tushish uchun dunyo ziynatlaridan voz kechadilar. Jamiyatdan yuz oʻgiradilar. Shu orqali xalq orasida obroʻ-eʼtibor qozonishga intiladilar. Koʻp hollarda xalqni ishontira oladilar ham. Ular mol tarki evaziga obroʻ sotib oluvchilardir.

Faqirning riyokori shundayki, zohirda rasmiy faqirni boʻyniga olgan, botini esa faqirdan yiroq. Uning murodi – faqir boʻlib koʻrinish orqali xalq olqishiga sazovor boʻlishdir.

Xodimlarning riyokori shunday odamlarki, soʻfiylarga xizmat qilishdan murodi oxirat savobi emas, balki xalq xizmatini dunyoviy manfaatlarga erishish yoʻli, deb bilishdir. Maqsadi obroʻ-eʼtibor, shaxsiy manfaat va mol-davlatdir. Ularni “mutaxaddim” deb ataydilar.

Obidlarning riyokorlari oʻzini obid hisoblagani bilan koʻnglida oxirat savobiga beparvolik bor. Ibodatdan maqsadi xalq nazariga tushishdir.

Koʻrib oʻtilganlardan soʻng, ustoz navoiyshunoslarimizning Navoiyni nega mutasavvuf shoir deb ataganliklari sababini izohlamasa ham boʻlar. Uning naqshbandiya tariqatiga haqiqatan ham kirganmi yoki yoʻqmi, degan savolga javobni manbalardan qidirish kerak. Maʼlumki, Navoiy Samarqandda yigitlik chogʻida toʻrt yil yashagan va tahsil olgan. Uning Sayyid Hasan Ardasherga yozgan maktubidan bilamizki, bu davrlarda u oʻziga pir topish va dunyo mashgʻulotlarini tark etishni juda ham xohlagan. Shunday ekan, u Samarqandda Xoja Ahrorga bayʼat qilib, uning qoʻlida tarbiyalanishi mumkin edi. Navoiyga bu masalada hech narsa monelik qilolmasdi. Abdurazzoq Samarqandiy uning Xoja Ahror suhbatlarida boʻlganini qayd etgan. (“Matlaʼ us-saʼdayn”). Ammo negadir, u Xoja Ahrorga murid tushmadi. Bu haqda uning biror-bir asari yoki xotiralarida yozilmagan. Aks holda, u, albatta, Xoja Ahror haqida “Holot” yozgan boʻlar edi. Jilla qursa, Xoja Ahrorga murid tushib, uning yonida ancha muddat yashagan Faxriddin Ali Safiy ulugʻ pir haqida kitob yozar ekan, oʻziga marhamat koʻrsatib turgan Amir Alisherning bayʼati haqida, albatta, toʻxtalgan boʻlar edi. Jomiy Husayn Boyqaro davrida Xurosonning murshidi komili boʻlgan. Navoiy Jomiyga ham bayʼat qilmagan. Aks holda, Jomiy muridlaridan boʻlgan Abulvoseʼ Nizomiy Jomiy haqidagi “Maqomoti mavlaviy Jomiy”da (ushbu kitob Navoiyning shaxsan homiyligi va tavsiyasi bilan yozilgan) bu haqda maʼlumot qoldirgan boʻlar edi. Shuningdek, Abdulgʻafur Loriy “Takmilai nafahot al-uns” asarida oʻz zamondoshi Navoiy va Jomiy haqida ancha maʼlumot keltira turib, bu haqda toʻxtalmaganligini nima bilan izohlash mumkin? Shunisi aniqki, Navoiy Jomiyni oʻziga ustoz, maʼnaviy pir sifatida juda eʼzozlagan. Uning naqshbandiya tariqatiga yuksak ixlosi uning sheʼrlarida aniq koʻrinib turadi. Lekin ularning barchasida umid izhori mavjud, qatʼiy qaror yoʻq. Zero, tariqat yoʻlini tanlash, uning temir qonun-qoidalarini zimmaga olish, davlat yumushlaridan batamom ozod boʻlishni talab etardi. Navoiy, manbalardan maʼlumki, bir-ikki marta isteʼfoga chiqishga erishgan boʻlsa-da, umrining oxirigacha saroy xizmatidan qutula olmagan. Shuning uchun ham u oʻzini “ishq ahli”ning ikkinchi, oʻrta toifasiga qoʻshgan. Buni, u oʻzini mutasavvuf sanaganligiga bir ishora sifatida tushunmoq notoʻgʻri boʻlmasa kerak.

 

Shuhrat SIROJIDDINOV,

filologiya fanlari doktori

 

“Sharq yulduzi”, 2011–2

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.