Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarga oʻqib, hikoya qilib beriladigan ertaklar

0
3060
marta koʻrilgan.

Bu yoshdagi bolalarga tavsiya etiladigan ertaklarning hajmi qisqa, mazmuni sodda boʻladi. Avval eslatib oʻtganimizdek, bu yoshdagi bolalar hali olam nima ekanligini bilmaydilar. Shuning uchun ularga tavsiya etiladigan ertaklar tabiat, hayvonot olami, doʻstlik, mehnat ahli, jamoa, odob-axloq toʻgʻrisida boʻlishi foydadan xoli boʻlmaydi.

Bu davr bolalariga “Chivinboy”, “Qizgʻanchiq it”, “Tuyaqush bilan qoplon”, “Maqtanchoq quyon”, “Rostgoʻy bola”, “Arilarning gʻazabi”, “Tulki bilan turna”, “Sholgʻom”, “Qumursqa”, “Kaptar sovgʻasi” kabi ertaklarni oʻqib berish foydalidir.

Bogʻcha tarbiyachilari va ota-onalar oldidagi vazifalardan eng muhimi kichkintoylarni mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalashdir. Bolani yoshligidan boshlab bir ishga oʻrgatish, kichkinalik vaqtidanoq unga bir yumush berib, ish qilishga odatlantirish lozim. Unga beriladigan ish ahamiyatsiz, hatto “ish” nomi berishga loyiq boʻlmasa ham undan keladigan foyda juda katta. Chunki bunday ishlar mehnatni sevishga oʻrgatadi.

Bola bogʻchadaligidayoq oʻsib, ulgʻayib yashashning asosi ish, mehnat deb kamol topmogʻi zarur. Bogʻchada qilinishi kerak boʻlgan yumushlarni bolaning oʻzi erkin bajarsin, xatolari uchun oʻzini javobgar sezsin. Ishlaganda ham uning natijasini oʻylab, fikr yuritib, toʻgʻri ishlash uchun gʻayrat qilishga koʻniksin.

Ammo bu borada shu narsani ham taʼkidlab oʻtish kerakki, bu malakalar birdan hosil boʻlmaydi, balki asta-sekin yuzaga keladi. Lekin zaminni erta, bogʻchadan boshlab qoʻyish kerak. Bolada mehnat qilish malakasi vujudga kelsa, u ota-onasi, kattalarning koʻrsatib turishini kutib oʻtirmay, mehnatni oʻzi eplab ketaveradi.

Ishga oʻrganish va oʻrgatishda diqqat qilinadigan yana bir narsa har ishni oʻz vaqtida bajarishdir. Ishga odatlanish qancha muhim boʻlsa, ishni oʻz vaqtida bajarish shu darajada muhim, balki undan ham muhimroqdir. Har ishni oʻz vaqtida bajarmay, keyinga qoldirish koʻp ishlarning yigʻilib qolishiga, koʻpining yuzaki, sifatsiz ishlanishiga yoki butunlay qolib ketishiga sabab boʻladi. Shuning uchun har ishni oʻz vaqtida gʻayrat va matonat bilan bajarish lozimdir. Chunki dunyodagi barcha tirik narsalar harakatda boʻladi, intiladi va shu tufayli hayot uchun zarur boʻlgan narsalarga yetishadi. Hatto eng zaif hisoblangan arilar, chumolilar va qushlar ham intilishda boʻlib, yozda qish gʻamini yeydilar.

Bu yoshdagi bolalar hayvonlar oʻrtasidagi oʻzaro ahillik va doʻstlik kabi xislatlarni bilishni istaydilar. Hayvonot olamida doʻstga mehribonlik koʻrsatish, bir-biriga gʻamxoʻr boʻlish, yordam qoʻlini choʻzish bor ekanligi “Arslon bilan it”, “Tuyaqush bilan qoplon”, “Echki, qoʻy va boʻrilar” kabi ertaklarda beriladi. “Tuyaqush bilan qoplon” ertagiga nazar tashlaydigan boʻlsak, unda xuddi odamlar orasida boʻlganidek, hayvonlar oʻrtasida ham bir-birlariga yordam berish, ayniqsa, boshlariga kulfat tushganda yurakdan, samimiy koʻmaklashish gʻoyasi yotadi:

Qoplonning boshiga musibat tushibdi. Tomogʻiga katta bir suyak qadalib qolibdi. Dod-faryod qilibdi. Tuyaqush yordamga kelib:

– Osmonga qarab ogʻzingni ochib tur, men suyakni olib qoʻyay, – debdi qoplonga.

Qoplon osmonga qarab ogʻzini ochib turibdi. Tuyaqush uzun tumshugʻini qoplonning ogʻziga solib, tiqilib turgan suyakni sugʻurib tashlabdi.

Qoplonning koʻzlari ravshan boʻlib, oʻlimdan qutulibdi.

Biroz joni orom olgandan keyin qoplon tuyaqushga qarab shunday debdi:

– Sen mard ekansan, menga yaxshilik qilding, endi ikkalamiz doʻst boʻlamiz, zarur vaqtda bir-birimizga yordamga kelamiz, – debdi.

Tuyaqushga bu gap maʼqul boʻlibdi. Tuyaqush bilan qoplon ikkalalari doʻst boʻlibdilar.

Xalqda “Oʻzga bilan doʻst boʻldingmi, bir umrga boʻl, uni yaxshi-yomon kunlaringda sinama va unga riyokorlik koʻrsatma,” degan gap bor. Tuyaqush bu yoʻldan bormabdi.

Oradan koʻp vaqt oʻtibdi, kunlardan bir kun u qoplonni sinamoqchi boʻlib, joʻrttaga:

– Voy dod, oʻlyapman, qoplon, meni qutqar! – deya bor ovozi bilan qoplonni yordamga chaqiribdi.

Qoplon chin soʻzli, doʻstga sadoqatli, gʻamxoʻr va mehribon boʻlganligi uchun zudlik bilan tuyaqushning oldiga shox-butoqlar orasidan ustidagi junlari yulinib, harsillab yetib kelibdi. Lekin u tuyaqushning yuzidagi tabassumni koʻrib hayron boʻlibdi. Tuyaqushning surbetlik bilan “Koʻrmaganimga ancha vaqt boʻldi, ahd-paymonimiz esingdan chiqib qolmadimi, deb sinab

koʻrmoqchi edim”, degan gapidan qoplon qattiq ranjibdi, dili ogʻribdi, doʻstidan koʻngli qolibdi.

Doʻstini aldagan oʻzini aldagan boʻladi. Sen birovni bir marta aldadingmi, tamom, u senga ikkinchi marta ishonmaydi. Tuyaqush bilan ham xuddi shunday boʻlibdi. Boshqa kuni boʻri uni ushlab yeb qoʻymoqchi boʻlib turganida, qancha baqiribchaqirmasin, qoplon tuyaqushning ovozini eshitsa ham, “Doʻstim joʻrttaga dodlayapti,” deb oʻylabdi va uning oldiga bormabdi. Tuyaqush boʻriga yem boʻlibdi.

Qoʻli ochiq boʻlish, saxiylik qilish, doʻstga sodiqlik namunasini koʻrsatish bu davrda tinglaydigan ertaklarning katta qismini tashkil etishi kerak. “Tulki bilan Turna” ertagiga nazar tashlaydigan boʻlsak, bu holning butunlay teskarisini koʻramiz. Dunyoda tulki zotidan mugʻambir, pismiq, aldamchi, riyokor boʻlmasa kerak. Koʻp ertaklarda turna insonga yaqin yuradi, unga koʻmaklashadi, yordam beradi, saxiylikda ibrat koʻrsatadi.

Ertakda tulki va turnaning bir-birlarini uylariga chaqirib mehmon qilishlari haqida gap boradi. Maqtanchoq, mugʻambir, ayyor tulki oddiy, sodda turnani uyiga chaqirib:

– Albatta kelgin, jonginam, albatta, azizam, yaxshilab mehmon qilaman! – debdi.

Baʼzan yangi doʻstingni feʼl-atvori qanday ekanligini yaxshi bilmay yurakdagi borini oshkor qiladigan bolalar kabi turna ham tulkiga ishonadi, chinakamiga meni mehmon qilar ekan-da, degan oʻy-xayol bilan uning uyiga keladi. Tulki shirguruch pishirib, uni likopchada turnaning oldiga qoʻyadi. U, uzun tumshugʻi bilan likopchaga taq-taq uradi, ammo hech narsa yeya olmaydi. Ayyor tulki esa bir zumda shirguruchni oʻzi yeb boʻladi.

Ertakda turnaga alam qiladigan joyi shuki, tulki oʻzi pishirgan taomni oʻzi yeb, yana xushomadgoʻylik bilan: – Aybga qoʻshmaysan-da, jon doʻstim! Yaxshilab mehmon qilishga boshqa narsa topa olmadim! – deya surbetlik qilib turishi bolalarning qahr-gʻazabini keltiradi. Ularni hayotda tulki kabi ochkoʻz, aldamchi boʻlmaslikka daʼvat etadi.

Ertakda turnaning ham boʻsh kelmasligi, tulkini uyiga chorlab, moʻndiga oʻzi tayyorlagan ovqatni quyib, uni bir zumdayoq, uzun tumshugʻi bilan oʻzi yeb qoʻyishi kichkintoylarni xursand qiladi. Ularda qilmish-qidirmish, sen birovga nima qilsang, senga ham, albatta, qaytib keladi, degan tushuncha hosil boʻladi.

Xullas, maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalar oʻzlari tinglagan ertaklari yordamida atrof olam bilan tanishib, nima yaxshi-yu, nima yomonligini bilib oʻsaveradilar.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.