Mahmud shoir soʻzining jarangi

0
146
marta koʻrilgan.

Badiiy asarni tushunish, anglash, his etish, uning goʻzalligini sezish, taʼsirini tuyish, boshqalarga yuqtirish, yolgʻizlikda eslash – har bir insonda kechadigan individual ruhiy holat, albatta. Biroq anglangan, tushunilgan, xayol ufqida aks etgan goʻzallikni tushuntirish, uning begʻuborligi va taʼsir quvvatini anglatish, zavq-shavq ildizini muhokama qilish oson emas. Har qanday goʻzal badiiy hodisaning qaysidir qirrasi sirliligicha, qaysidir jihati ochiqligicha qolib ketadi. Badiiy soʻzning sehri, poeziyaning quvvati, sheʼr hikmati ham mana shunda…

Bugungi adabiy, ijtimoiy, maʼnaviy-madaniy hayotda Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir juda faol, oʻz ovoziga ega zabardast, qalami oʻtkir va hozirjavob shoirlardan biridir. Mahmud Toir sheʼriyatining umumkonseptual pafosini ezgulik tarannumi tashkil qiladi. Shoirning hozirgacha bosilgan sheʼriy toʻplamlari va dostonlari adabiyot ixlosmandlarining maʼnaviy mulkiga aylandi. Mahmud Toir sheʼriyatining mavzu koʻlami keng va anʼanaviy. Zotan, badiiy ijodda abadiyatga oid mavzular barmoq bilan sanarlidir. Barcha shoirlar uchun muhabbat, Vatan, ota-ona, doʻsti sodiq mavzulari birdek tabarruk. Ammo Mahmud Toir ijodida bu mavzular muallif biografiyasiga mos sifatlar bilan orzu-istaklari, dardu armonlari erkin va xalqona yoʻsinda talqin etiladi. “Yashash yaxshi, bir gʻunchaning Gul boʻlganini koʻrib tursang” – choʻng orzu. Boshqa sahifada oʻqiymiz:

 

Bulut koʻkda, suv soydadur,

Qaro tunda koʻz oydadur,

Jonim onam, jon qaydadur,

Yashadingmi oʻzing uchun?

 

Yoʻl-yoʻriqsiz, boshqalardan ajralib turadigan oʻziga xos uslubsiz ijodkor adabiy qiyofaga ega boʻlmaydi. Mahmud Toirning samimiy, sodda, jarangli, shiddatli, eng muhimi, dilining rangiga mos uslubi – soʻzi, sozi va ovozi bor. Uning sheʼriy ovozidan oʻktamlik, joʻshqinlik, oʻz soʻziga ishonch tuygʻusi sezilib turadi. Shoir dilining rangin holatlari va manzaralarini oʻz muxlislariga taqdim etadi. Shuning uchun koʻrkam dilini avaylab qoʻrchilaydi. Shoir “har dilda bir yangi kalom bor”ligini biladi.

 

Maysalarga inimsan, degin,

Binafshaga shirinsan, degin,

Lolazorlar qoshiga kelgin,

Bahor berar biz kutgan baxtni.

 

Ha, Mahmud Toir tabiatga yaqin shoir. Shunga monand uning sheʼrlarida shiddatli shamollar guvullab togʻ daralari aro kezib yuradi. Uning sheʼrlarida daryo toʻlqinlari samanga aylanadi. Atirgul ildizi oshiq yuragidan suv ichadi. Rayhon ifori chor atrofga taraladi.

Shoirlarning durdona sheʼrlari – isteʼdodining totli mevalari. Sheʼrni qoyilmaqom qilib oʻqish, yaʼni ijro ham oʻziga xos sanʼat sanaladi. Ayniqsa, Mahmud Toir nutq soʻzlasa, xalq baxshi-oqinlari uslubiga xos ravishda nasr bilan nazmni aralash qoʻllaydi; tinglovchi auditoriyasini zabt etadi va bir lahza ham ular diqqati chalgʻimaydi. Shoir qatnashgan adabiy uchrashuv va anjumanlar oʻzgacha joʻshqinlik, fayzu tarovat kasb etadi. Toʻgʻrisi, sheʼriyat shaydolarining butun vujudi bilan Mahmud shoirni tinglagan vaziyatlarga koʻp guvoh boʻlganman.

Har narsani bilib turgan shoir baʼzan goʻyo hech narsani bilmagandek sheʼr oʻqiydi:

 

Men toshlarning tiliman,

Men koʻngilning guliman,

Bu dunyoning giliman,

Mendan meni soʻrama.

 

Lirik “men” oʻzini turli narsalarga qiyoslaydi. Sheʼrning har bir bandida oʻzidan oldin keladigan uch qatordagi tezisni “mendan meni soʻrama” degan toʻrtinchi misra antitezisi tajohili orifona yoʻsinida tasdiqlaydi.

Har qanday ijodkorning maʼnaviy, adabiy, ijtimoiy qiyofasini soʻzining fasohati, balogʻati, asarlarining umrboqiyligi belgilaydi. Shu eʼtibordan Mahmud Toir sheʼrlarining koʻpchiligi sheʼriyat muhiblari qalbida yashayotgani sir emas. Shoir koʻngil yoʻrigʻiga yuradigan inson. Odamlar yuragiga quloq tutib, sadoning aks-sadosini qogʻozga tushiradi. Chin shoir va chin insonning yurak devorini Yer yuzi xaritasi, el-yurt dardi, baland togʻlar mahobati bezaydi. Haq soʻzni jonining jarangi, sheʼrni dilining rangi oʻlaroq tavsiflagan Mahmud Toir sheʼrlarida “Elning eʼzozidan balandroq togʻ yoʻq”, “Quvonch – yurak chertgan baxt qoʻngʻirogʻi”, “Dilpora dillarga dildoshsan, lola” kabi juda nafis shoirona topildiqlar koʻp uchraydi. Boshqa oʻrinda “Bir maysaga ildiz boʻlib koʻr” misrasi diqqatimni tortdi. Xoʻsh, buni qanday izohlash mumkin? Maysa – juda mayda, ingichka, uning ildizi undan nozik – qilday. Odam oʻzini shu mitti oʻsimlik ildiz oʻrniga qoʻysin va uning vazifasini oʻylasin. Yo boʻlmasa, maysaning yonida tiz choʻkkan, chumolidan uzr soʻrayotgan inson holini tasavvur qiling.

 

Maysalaring shivirlashdi, tizlar choʻkib, quloq berdim,

Bilmay bosib chumolini gunohimga soʻroq berdim,

Vatan ne deb soʻrganlarga bir kaftgina tuproq berdim,

Menga Vatan siyratini, Momo yerim, oʻzing berding.

 

Shoir tasavvuri va tasviri eng mitti maysa bilan chumoliyu bir kaft tuproqdan tortib bepoyon Vatan va Momo yer manzaralarigacha bir lahzada qamrab oladi. Oraliqda esa inson vosita boʻlib turibdi. Shoir lozim topsa, “qizgʻalodoqning armonini qoʻshiq” qiladi, kulib turgan boychechak tabassumiga bogʻlanadi. U borliq ovozini tinglaydi; soʻzini togʻu toshlarga tinglatadi. Mahmud shoir turfa gullar – lola, yalpiz, rayhonu boychechaklar, yuqorida taʼkidlanganidek, hatto maysalarning ildizlari bilan tillashadi. Shoir shamollar, daraxtlar, yaproqlar kuyiga joʻr boʻlib qoʻshiladi. Goho  – soʻz ortiqcha boʻlgan fursatda – yashil barglar oʻzaro shitirlab soʻylashganida shoir “dilini xushlab”, “tilini tishlab” ham turadi. Tabiatdagi goʻzallikdan lol qolgan mahallarda, tabiiyki, soʻz ortiqchalik, qalam ojizlik qiladi.

 

Kapalakka uzatgandim qoʻl,

Qanotlarin yozdi duoga.

 

Kapalakning qoʻshqanoti duoga ochilgan qoʻlni eslatadi. Poetik detallararo bunday metaforik yaqinlik-qarinani faqatgina shoirning tafakkur koʻzi koʻra oladi. Umumiy bir kuzatishimcha, oftob, oy, shamol, bulut, yomgʻir; maysa, yalpiz, boychechak, rayhon, kurtak, kapalak, qaldirgʻoch – bularning barchasi shoir sheʼrlarining obrazlilik pallasiga yuk bosadigan tabiat unsurlaridir. “Qaldirgʻoch” sheʼrida shu begʻubor qushga qarab yozadi:

 

Koʻklam koʻrki qaldirgʻoch,

Ayvonimga xush kelding.

Qaydan kelding, diling och,

Osmonimga xush kelding.

Kel, kurtaklar koʻzidan

Kulgu terib olamiz

Sabolarning soʻzidan

Tuygʻu terib olamiz.

 

Bahorda yashnagan borliq inson qalbini naqadar yashnatadigan boʻlsa, koʻklamoyning elchilari boʻlgan qaldirgʻochlar shoirlarga shu qadar ilhom beradi. Metaforik tarafdan qaldirgʻochning qoʻshqanoti yor qoshiga koʻchadi. Qanot qoqib shamoldek yelayotgan qushga qoʻshilib shoir xayoli uchadi. Shunda shamollar soʻzlaydi. Sabolar tilidan his-tuygʻular terib olish va ularni sheʼrga solish faqat shoirlargina uddalaydigan ish.

 

Koʻngil-la gurunglashib,

Yurgan bitta shoirman.

 

Shoir uchun xayol muhim; shoir uchun dil obodligiyu koʻngil pokligi, koʻngil ranglari va gurunglari aziz; shoir bir lahza ichida olamning olti tarafida, koʻngil mulkining beshta faslida istiqomat qiladi.

“Jonimda bir chashma bor, Unga qancha tashna bor. Bu dunyo bozorida Men vafoga xaridor”, “Irmoqlarning tushiga, Daryo kirsa ne ajab”, “Tavba – yaratgandan soʻrar gunohim” – Mahmud Toir sheʼrlariga ana shunday quyma, ohangli, hikmatli, dono va hayotiy falsafa xos. “Seni siylaganni senlama axir” kabi misrasini ochqilash – tahlil etish uchun hurmat, ehtirom, izzat-ikrom, sharqona odob-axloq va yana bir qancha fayzli tushunchalarni qoʻllash mumkin.

Shoir bahorning kelishini oʻz ifoda uslubiga moslab obrazli qilib yozadi:

 

Suvlar sepgin hovlingga,

Eshigingni katta och.

Uyingga sovchilikka

Ketayapti qaldirgʻoch.

Bir eʼtibor bering: “Savob asli samodan tushmas”, “Mahmud, savob bilan izlaring toʻlsin” kabi boshqa koʻplab misralarida Mahmud Toir savob va gunoh, rost va yolgʻon, halol va harom, hurlik va qullik kabi axloqiy-didaktik tushunchalarni muhokama qiladi. Uning lirik qahramoni oʻz nafsiga hisob beradi. Qilgan gunohi uchun tavba etadi, savob ishidan ortiqcha kerilib manmansiramaydi, maqtanmaydi, ezgu ishi uchun ichdan shukrona aytadi. Ammo Mahmud akaning “Bilsangiz ishq ahlining gul unmish gunohidan” misrasida mantiq buzilgandek koʻrindi.

Maʼlumki, mumtoz sharq adabiyoti, xususan, gʻazal janri maqtaʼsiga shoirlar oʻz taxallusi – imzosini muhrlaydi. Shu anʼanadan ulgu olgan Mahmud Toir zamonaviy sheʼriyatning barmoq vaznida yozgan sheʼrlari tuganch bandining biror misrasiga “Qoshingda Mahmudning xush dami bu kun”, “Mahmudga siz jonsiz, jononsiz”, “Sizga, ey doʻst, Mahmud kabi dildosh bor”, “Agarchi hasaddan yiroq boʻlmaysan, Mahmud, hech bir dilga chiroq boʻlmaysan”, “Ayo Mahmud, maysalarning tili borga oʻxshaydi”, “Mahmudga shu tuproq quchogʻi Vatan”, “Shu koʻhna haqiqatni Mahmud takrorlar mudom” tarzida oʻz ismini qoʻshib qoʻyadi. Zamonamizning boshqa shoirlaridan farqli oʻlaroq bunday tutum ham Mahmud Toir sheʼrlariga xos muhim bir xususiyat, oʻziga yarashib tushgan uslubiy yangilik sanaladi.

Mahmud Toirning oshiqona sheʼrlari toshlarni eritadigan darajada samimiy, chin. Chunki dili kuyib, maʼshuqa visoli uchun “har tong gul” dastalaydigan chin oshiq, kuyib-kuyib dili ming pora boʻlgan oshiq “kuygan dil qoʻridan kuy bastalaydi”. Bunday kuy ohanglari dilni oʻrtaydi.

 

Oshiq dilda armon koʻp,

Ishqsiz dilda yolgʻon koʻp.

 

Oshiqlikda devonaligu sultonlik, bedorligu bemorlik bor. Shoir shu dardga malham izlaydi va: “Bir malham bormikin suyub qolganga” deya boʻzlaydi. Bu savolning javobi esa, mumtoz shoirlarimiz eʼtiroficha, “Tabib ayturki: ey nodon bu dardni bedavo derlar” (Mashrab), azizlar.

Shoir oʻziga darddosh, maslakdosh, fikrdosh oshiqlarga qarab:

 

Bir ohida ming bir alam,

Bir rozida yuz ming malham,

Tili koʻrkam, dili koʻrkam

Ahli muhabbat, qaydasiz,

 

tarzida murojaat etadi. Shoir yaxshi bir kitobini “Ahli muhabbat, qaydasiz” deb nomlagan. Yuqoridagi sheʼriy misollarni asosan shu toʻplamdan oldim. Undagi sheʼrlarni oʻqiganimda bir taklif paydo boʻldi. Kitobdagi birorta sheʼr oxiriga sana, joy nomi qoʻyilmabdi. Ehtimol, atay shunday tutum tutilgandir. Ammo sheʼrning tugʻilgan kuni va joyi, sheʼrning tarjimai holi baʼzan adabiyotshunoslar talqini uchun zarur boʻladi. Choʻlpon sheʼrlaridagi shunday qaydlar vositasida adabiyotchi olimlar shoir yurgan yoʻllarning adabiy-jugʻrofiy xaritasini chizgani maʼlum. Bu kabi arzimas koʻringan unsurlardan Sharl Sent-Byov, Andre Moruadek dunyo adabiyotshunosligining taniqli namoyandalari oʻzlarining adabiy-biografik talqin usullarida juda unumli foydalanishgan.

Mahmud Toir sharq donishmandlarga xos ixcham hikmatlarni sheʼrlarida, tarkibida ham, alohida toʻrtlik yo ikkiliklarida ham koʻp yozadi.

 

Dilingni oʻrtasa gunohing har on,

Demak, vujudingda uygʻoqdir iymon.

Bu yerdagi hikmat tavba toʻgʻrisida. Inson qalbini nimadir oʻrtashi, yaralashi, oʻz ishlaridan qoniqmasligi, kimgadir zarracha yetkazib qoʻygan ozoridan oʻksinishi mumkin. Dili uygʻoq, vijdoni salomat, yuragi pokiza odam shunday holga tushadi. Bunday ruhiy-psixologik holatdagi kishining tiynatida iymondan nishon boʻladi. Eʼtibor berilsa, butun sheʼr shu ikki qatordan iborat. Baʼzan uzundan-uzoq shaklan sheʼrdek tizilgan tizmalardan maʼni uqilmaganda, koʻngil zavq topmagan bir pallada Mahmud Toir yozgan ikkiliklarni oʻqib, oʻquvchi sergak tortadi. Shoirning chinakam hikmat egasi ekanining isboti shudir.

 

Olam goʻzalligi gulning rangida,

Tilning goʻzalligi dilning rangida.

 

Yoki:

 

Demang, qaydan Mahmudning bayti,

Sheʼr – koʻnglimning gullagan payti.

 

Men Mahmud Toir shu ikkiliklarini bir necha bandlar mazmuniga joylab kattagina sheʼr yozishi mumkin edi, shu ish qoʻlidan keladigan shoir, deb oʻyladim. Aslida, uzun sheʼrlar baʼzan bitta soʻz uchun, bir soʻz birikmasi yoki bir misra uchun yoziladi. Bitta shoyista soʻz potensialidan sheʼr bunyod boʻladi. Birgina misra assotsiatsiyasidan matn kengayadi, bandlar bandga ulanadi; baʼzan muqaddima va tuganch hisobiga koʻlamdorlik kasb etadi. Toʻgʻrisi, men kam soʻz bilan koʻp maʼno ifodasini qadrlayman; uzun maʼruzalarda, koʻp gapda maʼno oz boʻlishi fasohatsizlik sanaladi. Menga fikr, oʻy, his-tuygʻu, ijtimoiy va individual-ruhiy hodisalarning hayotiy xulosasi sifatida tugʻilgan Mahmud Toirning “Ikkilik”lari rostdanam maʼqul keldi.

Shu bilan gapni tugatishni oʻyladim. Ammo Mahmud Toirning “Armon tuni” degan kichkina bir kitobi taqdimotida qatnashgan, ammo koʻngildagi ayrim gaplarni aytish imkonini topa olmagan edim. Shu oʻrinda baʼzi fikrlar bildirsam.

Mahmud Toirning “Armon tuni”da armonli nola, alamli bir nido bor. Chunki unda onaning bu yorugʻ olamni tark etgani, boqiy yoʻlga ketgani bilan bogʻliq bir dunyo tuygʻular ifodalandi.

Dostonni oʻqigan har kim undan oʻzi uchun saboq oladi. “Oʻylab koʻrsam, odamzod niyatidagi yorugʻlikni, goʻzallikni, mehru oqibatni ona tabiatidan olar ekan”. Haq gap ham shudir.

 

Bismilloh boʻlgay soʻzim avvali,

Onamdir qalbimning toza gavhari.

Oʻzi osmonimdir, oʻzi zaminim,

Jonidan jon bergan, jonim zargari.

 

Yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad kitobchadagi bir jumlaga ishora qildi: “Sogʻinch  – bu aslida koʻnglimiz koʻzidagi yosh”. Shu sahifada “Onani yoʻqotish koʻngilni qon yigʻlatadi” degan gap ham bor. Koʻngli qon yigʻlagan farzand faryodiga oʻxshaydi bu doston.

 

Men onamdan tuproq bilan

Tillashishni oʻrganganman.

Rayhon bilan, yaproq bilan

Sirlashishni oʻrganganman.

 

Sobir muallim va uning urushda vafot etgan oʻgʻli voqeasini shunchaki – befarq oʻqib boʻlmaydi. Afgʻon urushi dilbandidan ajralgan har bir ota-ona qalbidagi nolayu figʻon urushidir. Tinchlik – muhim. “Aslida, tinchlik – dunyo onalarining olam ahliga salomi” – Assalomu alaykum mohiyatida tinchlik mazmuni bor. “Onasiz yashasang koʻngling toʻlmaydi”. Shunday armonli, oʻtkinchi, kelib-ketishli bekat bu dunyo.

Farzand oʻzini har vaqt onasidan qarzdor sezadi:

 

Azal dunyo, goʻzal dunyo,

Qodir Xudo, qodir Xudo,

Gʻoyiblardan ber bir sado,

Men onamdan uzay qarzim!

 

Baʼzi sahifalari avval yozilgan sheʼrlar kompozitsiyasi asosiga qurilgan bu asar mohiyatiga koʻra muloqot dostonidir. Shoir unda oʻz yaqinlari, tabiat, borliq, asosan, ota-onasi bilan muloqotga kirishadi. Otasini erta yoʻqotgan shoir padari buzrukvori ruhidan hamisha madad oladi. “Bolam, otang oʻlgan dema, men oʻzingda yashayman, Diling, tiling bir boʻlsa gar men soʻzingda yashayman”. Shoir otasi bilan bir umr gʻoyibdan suhbatlar quradi:

 

Koʻzlarimning yoshi ne darkor,

Kimga kerak bu koʻz-koʻz nolam.

Goʻyo otam ruhi boʻzlardi,

– Oh, yoʻgʻimni bildirding, bolam!

 

Oxirgi misra har kim yuragini bir titratadi.

Doston hayotning davom etishi, oydin tuygʻular bilan umidli yakunlanadi. Shoir yozadi: “Ona, bu dostonga men koʻzimda yosh bilan nuqta qoʻymoqchi emasman. Siz er kishining noliganini xush koʻrmas edingiz…

Mayli, armon tunining ogʻriqlari – bu mening dilimdagi xun, tilimdagi dod”. Muallif taʼkidlashicha, umr tongining oftobi onadir.

Har tong togʻlar ortidan bosh koʻtarayotgan quyosh hayotni olqishlaydi, odamlar qalbini yoritadi. Sabrga, shukrga, fikru zikrga oʻrgatadi. Mahmud Toir dostoni ham shunday – onani eʼzozlashga, tinch va osuda oydin hayotni qadrlashga chorlovdek taassurot qoldiradi…

Shunday asarlar boʻladiki, jaranglab turadi; yurakni larzaga soladi, dilni yashnatadi, koʻzni yoshlatadi. Adabiyotshunos shu zavqli lahzaning sababini, sheʼrni goʻzallashtirgan badiiyat unsurlarini oʻzicha topib, ularga nom bera boshlaydi. Bu zavqli jarayonda talqinchi-adabiyotshunos sheʼriy asarlar jilovini, parvozini, kengligini ilmiy istilohlar qoʻrgʻoni ichiga olib kiradi. Qolipga sigʻmagan sheʼrlar yangi nazariyalarga asos boʻladi. Bunday talqinlar odamda sheʼr oʻqish istagi paydo qilsa – naqadar xush. Biroq sheʼrlar talqini majburlab yasama qolipga solinsa, ulardan badiiy tarovat ketadi. Ilmiy-nazariy jihatdan bunday bir yoqlama tushuntirishdan koʻra sheʼrlarning oʻzi oʻqilgani maʼqul…

Toʻgʻrisi, davrimizning ajoyib shoiri Mahmud Toir sheʼrlarini tahlil qilish, oʻzim anglagan haqiqatni bayon etish jarayonida shunday andishali mulohazalarga ham bordim.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori

 

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.