Mahkam Mahmud

0
229
marta koʻrilgan.

“Togʻlar oraligʻida, bogʻlar va yam-yashil oʻtloqlarda ulkan odamlar baxtiyor hayot kechiradilar. Bogʻlarida anor, anjir, olma, oʻrik, bodom va yongʻoqlar gʻarq pishganida Ulkanlar vodiysida bolalarning kulgisi jaranglaydi. Ulkan odamlar bolalarga turli oʻyinlar bilan jasurlikni, bahodirlikni oʻrgatadilar.

Ulkanlar vodiysining shimolida, togʻlar ortida mitti odamlar sovuq oʻrmonlarda ayiq, boʻrilar qurshovida yashaydilar. Bu yerda toʻqqiz oy qish boʻlib, yerlar muzlab qolgani uchun, ekinzorlar ham yoʻq. Mittilar, asosan, daryodagi baliqlarni va oʻrmondagi hayvonlarni ovlab tirikchilik qiladilar.

Ulkan odamlar baʼzi vaqtlarda Mittilar oʻlkasiga meva-cheva, oziq-ovqatdan qarashib yuboradilar. Mittilar bundan xursand. Lekin ularning boshligʻi, yovuz dohiy jodugar – Shomon yordamida Iblis bilan shartnoma tuzib, Ulkan odamlar vodiysiga qirq kun davomida zaharli yomgʻir yogʻdiradilar. Zaharli yomgʻir taʼsirida ulkan odamlarning boshi shamollab, ongi pasayib, oʻzlarini mitti odamlar deb, oʻz soyalaridan ham qoʻrqadigan, begonalarning buyrugʻini bajaradigan mute, yolgʻonchi odamlarga aylanadi. Ulkan odamlarning koʻzlariga mittilar, aksincha, bahaybat, ulkan boʻlib koʻrinadi. Zaharli yomgʻirdan foydalangan mittilar zoʻr tayyorgarlik koʻrib, Ulkanlar vodiysini bosib oladilar, ularga may ichishni, baxillik va xudbinlikni oʻrgatadilar. Soʻng ularni qul qilib ishlata boshlaydilar.

Gʻorga yashirinib, zaharli yomgʻir ofatidan qutulib qolgan, oʻzligini, aql-hushini yoʻqotmagan bir guruh yoshlar Mittilar hukmronligiga qarshi kurash boshlaydilar. Tabiatdagi shifobaxsh giyohlardan dorilar tayyorlab, ulkan odamlarning ongini ochishga, oʻzlarining ulkanligini tushuntirishga urinadilar. Ammo bu kurash fojialarga boy…”

Adabiyotshunos, tarixshunos, sanʼatshunos olim, bolalar va oʻsmirlarga bagʻishlangan badiiy fantastik, sarguzasht asarlar muallifi Mahkam Mahmud “Teskari koʻzlar sayyorasi” asarida mittilar qabilasi yovuz dohiysining qilmishlarini fosh etib, Ulkanlar vodiysi odamlarining zaharli yomgʻir illatidan sogʻayishi jarayonini tasvirlaydi. Mahkam Mahmud zamondoshlari va doʻstlari Tohir Malik, Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Hojiakbar Shayxov, Murod Xidir, Anvar Obidjon, Rustam Obidlar bilan birga oʻzbek bolalar va oʻsmirlar adabiyotida badiiy fantastika yoʻnalishining rivojiga munosib hissa qoʻshdilar.

Mahkam Mahmud ustozlari Mirkarim Osim, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov ijodlaridan oʻrganib, jahon badiiy fantastik adabiyotining atoqli vakillari Fransua Rable, Jonatan Svift, Xerbert Uells, Jyul Vern, Rey Bredberi, Robert Shekli, Aleksandr Belyaev, Kir Bulichev asarlarini oʻqib, ilhomlanib, ziddiyatli toʻqnashuvlarga boy fantastik hikoya va qissalar yozishga intildi. U “Men – men emasman”, “Teskari koʻzlar sayyorasi”, “Asrlar devori”, “Mushkul muammo”, “Mangu kuy izlab”, “Biz bilmagan dunyo” asarlari bilan oʻzbek badiiy fantastikasi rivoji, yosh avlodlarning axloqiy, maʼnaviy tarbiyasi yoʻlida xizmat qildi.

“… Qalin oʻrmonda, chakalakzorda mangu va oqilona tabiat qonunlari asosida yashar edilar. Lekin bir kuni tong payti oʻrmon hayvonlari – ayiqlar, fillar, maymunlar, sirtlonlar changalzor podshohi Arslon huzurida toʻplanib, kutilmaganda sodir boʻlgan gʻalati voqeani hayajon va tashvish bilan muhokama qila boshladilar. Bular yashayotgan oʻrmon sarhadiga olis yurtdan paxtazorga sepilayotgan zaharli dorilardan qochib kelgan bir toʻda eshaklar oʻrmonda yashashga ruxsat soʻrayotgan ekanlar. Oʻrmon aholisi bu masalani muhokama qilib, birovlarning yukini koʻtaradigan, oʻz taqdirini oʻylamaydigan eshaklar bilan oʻrmondagi erkin hayvonlar birgalikda yasholmaydi, degan xulosaga keldilar.

Ammo yosh va shoʻx bir maymun eshaklar oʻtlab yurgan dalada bir xoʻtikcha bilan doʻstlashib qolibdi. Bular ikkalasi kattalardan ruxsatsiz oʻrmonda shoʻxlik qilib oʻynab yurgan ekan.

Oʻrmon ahli favqulodda kengash chaqirib, eshak bilan doʻstlashgan maymun bolasiga qanday jazo berishni muhokama qila boshladilar. Bir donishmand maymun aybdorni sehrli duo bilan boʻriga aylantirib qoʻyish zarur, dedi. Boshqalar aybdorni quyonga yoki itga aylantirib qoʻyish zarurligini aytdilar.

Majlis oxirida barcha hayvonlar va qushlar bir xulosaga keldilar. Aybdor maymun uchun eng ogʻir jazo berish – uni odamga aylantirib qoʻyish kerak, degan qaror chiqardilar”.

Soʻng asarda maymunning odamlar orasida boshidan kechirgan ajoyib va gʻaroyib voqealari hikoya qilinadi. Yengil yumor va satira bilan yoʻgʻrilgan “Eng ogʻir jazo” hikoyasini oʻqigan bolalar tabiat qonunlarini buzmaslik, nodon va oʻjarlar bilan doʻstlashmaslik, oʻz qabilasi, xalqining urf-odatlarini hurmatlash zarurligini tushunadilar.

Badiiy fantastika, falsafa, pedagogika va tarix sohasida ijod qilayotgan Mahkam Mahmud 1940 yilning 5dekabrida Andijon viloyatining Asaka tumani Qadim qishlogʻida tugʻilgan. Boʻlgʻusi adib tabiat goʻzalliklaridan, odamlar qalbidagi mehr-oqibatdan zavqlanib, tengqurlari orasida quvnoq va chidamli, ertaklar olamiga shaydo boʻlib oʻsdi. “Bolalik ajoyibotlari” avtobiografik qissasida adib bunday deb yozgan edi:

“… Baxtimizga biz uchinchi sinfda oʻqiyotgan Muqimiy nomli 29maktabda tarix muallimi Habibullo Tillayev, oʻzbek tili va adabiyoti muallimasi Nafisa opa Qosimova, rus tili va adabiyoti oʻqituvchisi Olga Nikitichna oʻz fanlarining fidoyilari boʻlib, bizni adabiyotning sehrli olamiga olib kirdilar. Bu olamda adolat, vatan, vijdon, burch, mardlik, oliyjanoblik, haq ish uchun fidokorlik, goʻzallik, pok sevgi borligini bildik. Bu kabi oliy insoniy ideallar – unumli yerga sepilgan ezgulik urugʻlari kelgusidagi barakali maʼnaviy neʼmatlarga zamin yaratdi. Qalbimizni behad boyitdi. Hatto algebra va geometriya oʻqituvchimiz Omonullo Valixonov ajoyib Navoiyshunos olim va shoir ekanligi bizga ham hayotbaxsh taʼsir koʻrsatdi…”

Mahkam Mahmud “Men – men emasman” fantastik hikoyasida ham oʻzining bolalik chogʻlariga doir taassurotlaridan foydalanib, adabiy qahramon ruhiy olamini ochishga intiladi: “Yozning farahbaxsh kechalari mahalla chetidagi katta maysazorda yosh-yalanglar tonggacha gurunglashib, choʻpchak aytishib oʻtirardik. Maysazor yaqinidagi daraxtlarning chakalak boʻlib ketgan shoxlari, beriroqdagi joʻxorizor va loviyazorlar toʻlin oy nurida gʻalati oqarib-boʻzarib, sirli koʻrinar, allaqayoqdan eshitilayotgan haqqushning ovozi yuragimga vahima solardi. Onam aytib bergan parilar haqidagi afsonalarni eslab, oʻyga choʻmib, osmonda charaqlagan yulduzlarning jimir-jimirini tomosha qilardim. Tongning qayoqdan kelishini bilishga urinib, xoʻrozlar qichqirayotgan, yulduzlar “soʻnayotgan” mahalda ham osmondan koʻzimni uzmas edim. Shu zayl onamning “uxla” deb koyishiga qaramay bolalarning shoʻx kulgisi, qiyqiriqlariga koʻmilib, har kuni tongni kutardik…”

“Men – men emasman” hikoyasining qahramoni tabiatan isteʼdodli. Xayolotga, romantik orzularga boy nafosat, goʻzallikni nozik his etadi. Lekin u yashayotgan muhitga bunday isteʼdodlar begona. Hatto dushman deb hisoblanadi. U oʻqiyotgan oliy sanʼat ilmgohida tabiatning rang-barang goʻzalliklarini tasvirlash taqiqlanadi, negaki bu “ustozlar” nazarida goʻzallikdan foyda yoʻq. “Foydasiz” narsalarni esa yoʻqotish kerak. Tabiatdagi barcha ajoyib, nafis ranglarni yoʻqotishga bosh direktorning qudrati yetmaydi. Va u ranglarni kamaytirish va hatto oq-qoradan boshqa barcha ranglarni yoʻqotishning oson yoʻlini topadi. U ajoyib “ilmiy” kashfiyot qiladi. Barcha isteʼdodli rassomlarning koʻzlarini olib tashlab, oʻrniga faqat bir xil rangni sezuvchi sunʼiy koʻz oʻrnatish haqida farmon chiqaradi. Bosh direktorga yoqish uchun koʻpchilik rassomlar bu fikrni qarsak chalib kutib oladilar. Hikoya qahramoni Behzod esa tabiiy koʻzlaridan ayrilishni istamaydi. U oliy badiiy ilmgohni tark etadi. Yozuvchi isteʼdodli musavvirning ruhidagi tugʻyonni, kechinmalarni qahramon tilidan bunday tasvirlaydi:

“Men asablarim qaqshab, qayoqqa yurishni ham bilmay, tentiraganimcha institutdan uzoqlashdim. Shahar chetidagi tashlandiq bir bogʻga kirdim.

Quyosh hali botmasa-da, bogʻga qorongʻilik choʻkkan, kuchli shamoldan daraxtlar egilib, shovullar, uv tortar, marmar qirgʻoqlari yemirilib, koʻchgan katta hovuzning qoramtir safsar tusdagi suvi notinch jimirlar edi. Dumaloq granit (metin) poydevorda salobat bilan turgan Beruniy haykalining “sochini” daraxt shoxlari yulqilamoqchi boʻlib tebranardi. Nazarimda haykal agʻdarilayotgandek edi. Hovuz tepasidagi maysazordan biroz oʻtganda daraxtzorga burkangan koʻhna qasr koʻrinardi. Uning hashamatli derazalaridagi shoyi pardalar ham shamolda yulqinib botayotgan quyosh shafagʻida qizil qonga boʻyalganday yal-yal yonardi.

Shamol koʻp oʻtmay dovulga aylandi. Endi hamma yoq larzaga keldi. Bogʻning tepasida koʻhna oʻrmondagi bahaybat chinorlar ham faryod solib uvlay boshladilar. Osmon yorishib, momaqaldiroq gumburladi. Chaqmoq chaqib, olov qilichi yarq etib boshimga tushdi. Hushimdan ketdim.

Koʻzimni ochganimda maysazorda yotardim. Dovul tingan. Zim-ziyo koʻkda menga notanish yulduzlar charaqlardi. Negadir oʻzimni qushday yengil sezardim, yuragimdagi toshdan qutulganday edim. Tong yorishdi. Tizzalab oʻrnimdan turdim va yonimga qarab qoʻrquvdan titrab ketdim. Maysazorda, yonginamda notanish bir yigit hushsiz yotardi. Unga sinchiklab qaraganim sayin hayratim orta boshladi. U menga, xuddi oʻzimga oʻxshardi…”

Shu zaylda hikoya qahramoni – musavvir ikkita odam boʻlib qoladi. Biri yurakli, biri yuraksiz. Ikkalasi bahsga kirishadilar. Zehni oʻtkir oʻquvchi bu isteʼdod va zamon oʻrtasidagi bahs ekanligini tushunadi. Nosogʻlom muhitda isteʼdod quvgʻinga uchraydi… Ammo isteʼdod mashaqqatli zamonda ham oʻzini, oʻzligini saqlab qoladi…

M. Mahmudning doʻsti va ijodda safdoshi, fantast adib Tohir Malikning puxta kompozitsiyali “Falak” qissasida tarixiylik va zamonaviylikning, tarixiy shaxs taqdiri bilan voqea-hodisalarning oʻzaro chambarchas bogʻlangan mustahkam aloqasini koʻrish mumkin. Muallif tarixiylik vositasida zamonimizning eng dolzarb muammosi: maʼnaviy kamolot va maʼnaviy qashshoqlik oʻrtasidagi keskin kurashni katta ixtilof asosida badiiy mahorat bilan ifodalab bera olgan. Yozuvchi M. Mahmudning “Mangu kuy izlab” kitobiga kirgan tarixiy va fantastik hikoyalari ham shu jihatdan oʻziga xosdir. Ushbu kitobga kirgan “Mushkul muammo” tarixiy-fantastik hikoyasida gap olimlar faoliyati haqida boradi. Unda hikoya qilinishicha, Tarozi yulduzlar turkumida Koinot olimlarining Oliy kengashi chaqiriladi. Kengashda kelajak, yaʼni XXV asr (2501-yil) olimlari bilan XX asr olimlari ham ishtirok etishadi. Asarning tarixiy fonida, fantastik usul vositasida, tarixda oʻtgan Yer kurrasining mashhur olimlari, maxsus ilmiy qurilma yordamida, xuddi Tohir Malik qissasidagi singari “ruhi chaqirib olinib” jonlantiriladi va majlisga chaqiriladi. Ular safida qadim yunon faylasuflari Suqrot va Aflotun, mashhur olmon olimi Albert Eynshteyn, oʻrta asrning qomusiy olimi Abu Rayhon Beruniy va Abu Aʼlo al-Maarriy kabi atoqli zotlar bor. Bu olimlarning koʻp yillik tajribasidan, ilmiy kuzatishlaridan kelib chiqqan mantiqiy xulosa shu: ilm-fan dunyosida yolgʻon, haromxarishlik, soxtalik boʻlmasligi kerak! Olim hamma zamonlarda haqiqatni ochiq-oydin, roʻy-rost gapirishi lozim! Aks holda ilmga, fanga xalq ishonmay qoʻyishi mumkin. Asarda tasvirlanishicha, afsuski, olimlarning koʻpchiligi, hatto Oliy kengashda ishtirok etayotgan tirik va marhum mashhur olimlarning oʻzlari ham zamon va hukmronlar taqozosi bilan bu gunohni chetlab oʻtolmaganlar. M. Mahmud bu fikrni oʻquvchiga tez yetadigan darajada yengil badiiy ifodalaydi.

M. Mahmudning “Saklar malikasi” nomli tarixiy hikoyasida qadim sugʻdlarning podshosi Omir va uning xotini malika Isfaraning murakkab hayot yoʻlidan bir qiziqarli lavha keltiradi. Makkor Eron shohi Kayxusrav hiyla bilan Omirni asir oladi. Eron shohi: “Butun Sugʻd boʻysunganidan keyin shoh Omirning jonini omon qoldiraman” degan talabni qoʻyadi. Isfara sevikli erining saklar dushmaniga doʻst, demak, oʻz xalqiga dushman boʻlib qolganiga chiday olmaydi. Ular jangda toʻqnashadilar. Shoh Omir boshiga tushgan qilich zarbidan soʻzini tugatolmaydi. Bu Isfaraning xiyonatga javobi edi.

M. Mahmud tarixiy manbalarni chuqur oʻrganadi. Qiziqarli detallar topadi. Masalan, malikaning mehri tushgan qahramon qiz Oqqiz, qadimiy saklarning odatiga koʻra, Vatanning bir necha yovini oʻldirgandan keyin sevgilisi Idanfarsga turmushga chiqish huquqiga erishadi va u bilan kuch sinashadi. Toʻy marosimida shoh Omir taxti atrofidagi kichik taxtlarga joylashgan jangchi ayollarning boshliqlari malikaning birinchi boʻlib olovga meva tashlab berishini kutishadi. Chunki qadimda sugʻdlar va xorazmiylar sharob ichish oʻrniga meva yoqib, uning hidiga mast boʻlishgan. Asarda qadimiy Xorazm qalʼalari ravshan tasvirlangan.

Odat va anʼanalardan tashqari, oʻsha davrning tarixiy tasviri, qiyofasi ham M. Mahmud qalamida jonli, tiniq boʻyoqlarda aks etadi. Eng muhimi, tarixiy hikoyaning mantiqiy xulosasi boʻlmish kuchli vatanparvarlik tuygʻusi yosh kitobxon qalbini hayajonga keltiradi.

Yozuvchi Mahkam Mahmud “Rayhondagi zarpechak”, “Bibixonim”, “Kleopatra”, “Shajarat ad-Dur”, “Rasululloh oilasidagi ayollar”, “Sulton Mahmud Gʻaznaviy”, “Boysungʻur ibn Shohrux”, “Ulugʻbek davridagi mutasavviflar”, “Orifi Maoniy”, “Bahouddin Naqshband va Soʻfiy Olloyor”, “Xusrav Dehlaviyga javob”, “Zayniddin Gʻazzoliy”, “Farididdin Attor va Navoiy”, “Zangi ota”, “Bobo Tohir”, “Ibn Sino va Ibn Tufayl” kabi badiiy, ilmiy-fantastik, tarixiy, falsafiy asarlari bilan elga tanilgan.

Mahkam Mahmudning “Abadiyat lahzalari”, “Isteʼdod va ijod falsafasi”, “Hayrat va tafakkur”, “Ahli dil” kitoblarini xalqimiz sevib oʻqiydi. U Arastu hakimning “Poetika”, “Katta axloq kitobi”

(“Axloqi Kabir”) asarlarini toʻliq tarjima qilgan, “Xitoba” asari tarjimasidan parchalar nashr etgan. V. G. Belinskiy asarlari, N. G. Chernishevskiyning “Sanʼatning voqelikka estetik munosabatlari”, “Tanlangan pedagogik asarlari”, jahon mumtoz adabiyoti vakillaridan: V. Shekspir, O. Balzak, H. K. Andersen, Edgar Po, Oskar Uayld, Stefan Sveyg, Vashington Irving, Luis Borxes, Jubron Halil, Amin ar-Rayhoniy, I. Krachkovskiy, V. Bartold asarlari Mahkam Mahmud va uning shogirdlari tarjimasida nashr etilgan.

Mahkam Mahmud “Abdulxoliq Gʻijduvoniyning maʼrifat maktabi” ilmiy-badiiy risolasida ustoz Yusuf Hamadoniy va uning isteʼdodli shogirdlari Ahmad Yassaviy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy siymolari, ular yashagan davrning ilmiy, ijodiy, siyosiy-ijtimoiy muhiti ravshan yoritilganki, bu risolaning muhim fazilatlaridan biridir. Mualliflar aziz-avliyolar, tariqat pirlarining oltin halqalari (Hazrat Jomiy buni “Silsilatuz-zahab” – “Oltin shoda” deb ataydi) kimlar, qaysi zotlar ekanligini, ularning ruhiyati, maʼnaviy goʻzalligi va maʼrifat fidoyilari ekanligini yaxshi dalillab, tasvir qilgan.

Eng muhimi, risola mualliflari bunday yuksak va murakkab mavzuga doir axloqiy, tarbiyaviy, maʼnaviy muammolarni jonli, ravon, shirali tilda, erkin ohangda, ustoz Jomiy, Navoiy, Sulton Husaynlarning mehrli munosabatlari zamirida, qiziqarli, ibratli voqealar misolida yoritganlar.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.