Magʻzi toʻq sheʼrlar

0
2798
marta koʻrilgan.

Hozir bolalar orasida Anvar Obidjonning nomini eshitmagan kitobxon kam boʻlsa kerak. Eslab koʻring-a, uning mana bu jajji sheʼrini siz ham oʻqigandirsiz:

 

Kalamushvoy,

Kalamush,

Savoding sal

Chalamish.

 

Yoz desalar

“Temir” deb,

Sen yozibsan

“Kemir” deb.

 

Qisqa, ammo mazmundor bu sheʼrdan bolalar ham, kattalar ham tegishli maʼno chiqarib oladilar. Shoir kalamush ustidan (aniqrogʻi, kalamushsifat kishilar ustidan) samimiy kulayotgandek koʻrinadi. Shoir chalasavod oʻquvchilarni qoralayotgani sezilib turibdi. Maʼlumki, kalamushning kemirishdan boshqa dardi yoʻq, oʻzgacha yashay olmaydi ham. Sheʼrga jiddiyroq yondashsak, muallif kalamushday oʻjar, har qanday ishni oʻz foydasi yoʻliga burib yuboradigan kishilarni qattiq tanqid qilayotganini anglab yetamiz. Anvar Obidjon oddiy bir jonivor tabiatidan inson faoliyatiga saboq boʻladigan belgi topgan va undan yoshlardagi ayrim illatlarni tanqid qilish uchun ustalik bilan foydalangan.

Shoirning “Ketmagil” deb nomlangan yangi toʻplamida ana shunday magʻzi toʻq sheʼrlar koʻp.

Bolalar shoirining masʼuliyati boshqa ijodkorlarnikidan katta. U borliqni ham bolalar, ham kattalar nigohi bilan kuzatadi. Shu jihatdan “bolagina” sheʼrini koʻzdan kechiraylik. Unda bolaligini aslo tark etolmagan komil inson kechinmalari kuylanadi. Maʼlumki, ulgʻayganimiz sari turmush toʻgʻrisidagi tushunchalarimiz oʻzgarib, hayot aynan kitobdagiday emasligini payqab boramiz. Goho, beixtiyor, bolalikdagi tasavvurlarimizga xiyonat qilamiz, yolgʻon gapirishga majbur boʻlamiz, nafratimizni yashirib, boʻgʻilib yashaymiz, kimningdir basharasiga haqiqatni dangal ayta olmaymiz… Shu abgor ahvolimizga bolalik nazari bilan qarasak, uyatdan terga gʻarq boʻlamiz:

 

Oʻzligimdan pastdaligimda

Goh kimgadir soʻylayman yolgʻon.

Yashamoqqa ustaligimdan

Bolaligim hayron va hayron.

 

Hayotda baʼzan pastkashlik, beorlik, bevafolikni koʻraverib, diydamiz qotib ketadi. Ularga parvo ham qilmay qoʻyamiz. Bolaligimiz esa faryod chekadi – vafo-sadoqat, olijanoblik haqidagi ilk tushunchalar chil-chil boʻladi:

 

Bu kech menga jilmaygan barno

Erta oʻzga yorga tutsa lab,

Men ehtimol kuyinmam,

Ammo –

Bolaligim yigʻlaydi hoʻngrab.

 

Sheʼrning lirik qahramoni – diyonatli zamondoshimiz. Bolaligi u bilan hamisha hamroh: xatti-harakatlarini muttasil kuzatadi, baholaydi, tergaydi, toʻgʻri yoʻlga chorlaydi. Bu obraz – vijdon timsoli. Vijdonli odamlarda pokiza, samimiy tuygʻu va tushunchalar umrbod saqlanib qoladi. Mazkur sheʼr kitobxon maʼnaviyatini yuksaltiradi. Oʻsmirlarni esa hayot ziddiyatlaridan ogohlantiradi. Turmush haqidagi ilk begʻubor tasavvurlardan kechmaslikka, toʻgʻri yoʻldan toymaslikka chaqiradi.

Anvar Obidjonning kitobida “Uchchanoqlar” deb nomlangan turkum ham bor. Unda ikki yuzga yaqin uch misrali sheʼr oʻrin olgan. Maʼlumki, bir qancha isteʼdodli shoirlar milliy sheʼriyatimiz va qardosh xalqlar poeziyasidagi anʼanalarni rivojlantirish bilan birga, chet el adabiyoti boyliklarini ham oʻzlashtirayotirlar. Uchliklar yapon sheʼriyatiga mansub janr hisoblanadi. Uning xosiyati shundaki, shoir uch satrda yo chiroyli bir manzara yaratishi, yo lahzalik lirik kechinmani tasvirlashi yoki teran falsafiy fikrlarni ifodalashi zarur. Anvar Obidjon uchliklariga hayotiy kuzatishlari, mushohadalarini singdirishga harakat qiladi. U tabiatan moʻjaz sheʼrlar shaydosi boʻlgani uchun doim ixchamlikka intiladi. Bu fazilat uning misralariga aniqlik, tabiiylik, ravonlik bagʻishlaydi. Shoir uch satrdayoq takabbur amaldor qiyofasini yarata oldi:

 

Koʻpdir amalning turi,

Amaldorning eng zoʻri

Faqat alik oladi.

 

Anvar Obidjon isteʼdodiga xos qirralardan biri uning hajviy asarlarida yorqin namoyon boʻladi. “Ketmagil” kitobida tabiiy yumor bilan sugʻorilgan asarlar koʻp. Mana, ulardan biri:

 

Navoiyga oʻxshash-chun

Patdan qalam yoʻndirdim.

Chopon kiydim sal uzun,

Boshga salla qoʻndirdim.

Sotib oldim bir juft sham,

Vazirbop par yostiqcha…

Endi faqat talant kam

Va… xotinim ortiqcha.

 

Bu moʻjaz sheʼrning qudrati shundaki, u kitobxonlarni kuldirishdan tashqari talantsiz qalamkashlarni jinday “kuydiradi” ham… Shoirning “Mushtum kutubxonasi” seriyasida nashr etilgan toʻplami butunlay hajviy asarlardan iborat. Undagi sheʼrlar quvnoq yumor va oʻtkir tanqid ruhi bilan yoʻgʻrilgan. Adabiy jarayondagi har bir yangilik maʼlum sabab bilan yuzaga keladi. Hajviy sheʼrlarning hozirgi shakli jiddiy va bir qadar rasmiy tus olganki, unda turmushdagi katta-kichik kamchiliklarni bor koʻlami bilan ifodalash mushkul. Bundan tashqari, hajviy sheʼrlarda muayyan darajada ommadan uzoqlashish sezila boshladi. Anvar Obidjon adabiy jarayondagi ana shu hodisani tez ilgʻab olib, yumorning kulgisevar oddiy kishilar tabiatiga mos, taʼsirchan shaklni izlab topdi.

Shoir klassik lirikamizdagi gʻazal, ruboiy, muxammas, mustazod, fard kabi janrlarni tanladi. Bir oz qadimiy turkiy tilga monand, jinday toʻpori – xullas har bir nuqtasi kulgi qoʻzgʻaydigan oʻziga xos hajviy til va uslub yaratdi. Shoir oʻz hajviyotiga tabiiylik baxsh etish uchun yangi adabiy qahramon – Usta Gulmat obrazini oʻylab topdi. Ijodkor bu obrazga shu qadar joziba bagʻishlay oldiki, ustoz Said Ahmad aytganidek, “gʻazallarning har bir bandidan, soʻzlaridan, vaznidan, hatto qofiyalaridan ham Usta Gulmatning suvrati koʻrinib turganga oʻxshaydi”. “Bezgakshamol”ni oʻqigan kitobxon oʻziga hamdam, hamqadam, xushchaqchaq doʻst topib oladi. Hayotdagi hodisalarni Usta Gulmatning oʻtkir nigohi bilan kuzatayotganini sezmay qoladi.

Shoir ana shu toʻqima qahramon tili bilan ayrim kishilarda uchrab turadigan molparastlik, ichkilikbozlik, maʼnaviy tubanlik va axloqsizlik kabi illatlarni qattiq qoralaydi. Masalan, muallif rindona hikmatlarni pesh qilib, ichkilikka bino qoʻygan kimsalarning qiyofasini oʻziga xos poetik karikaturaga aylantiradi:

 

Mashoyixlar demishlarki: “Sharob kelsa, ketur qaygʻu…”

Ich-e, Gulmat, ogʻiz karnay, qorin chirmanda boʻlgʻuncho.

 

Baʼzi kishilardagi qitmirlik, ochkoʻzlik kabi qusurlar oʻtkir obrazli misralarda fosh etiladi:

 

Diling tortsa, balodan ham benasib qolmogʻon yaxshi…

Birovdin olgʻoning maqbul, birovgʻa bermogʻon yaxshi.

 

Bunday satirik sheʼrlar katta tarbiyaviy qimmatga ega. Ular insonni oʻzligini anglashga, hushyorlikka chaqiradi.

Ushbu sheʼr adabiy tanqidchilikning nazmbozlikka, oʻrtamiyonachilikka qarshi boshlagan ayovsiz kurashiga hamohang yangraydi:

 

Bu nechuk shoir demang, asli man nosogʻroq,

Yozgʻonim shaklan gʻazal, lek oʻzi barmogʻroq.

 

Harqalay sheʼrimda bor maʼniyu oz-moz fikr,

Koʻp axir ahli qalam mandinam maymogʻroq…

 

Bu gʻazal isteʼdodsizligini bilaturib, “sabot” bilan qalam tebratayotgan “ashʼornavis”larning ayanch iqrornomasiday tuyuladi. “Bezgakshamol”dagi bunday asarlar shoirning ijodkor sifatidagi estetik prinsiplarini, isteʼdodsizlikka qarshi jangovar pozitsiyasini ifodalaydi.

 

Ayo shoir, yozuvni bas qilmagʻoningga qarsaklar,

Daholardin oʻzingni past bilmagʻoningga qarsaklar…

 

Said Ahmad taʼbiri bilan aytganda, bunday satira qamchisi ostida ozurdajon yashagandan koʻra, “kitobxon yuragiga harorat berolmaydigan ijodkorlar eslari borida etaklarini yigʻishtirib, boshqa tirikchilik payiga tushganlari maʼqul”. Usta Gulmatning “bozordan gʻoz olgʻoni, ajib hangomalar koʻrgʻoni, bir juvon ishqinda gʻozdin ayrilgʻoni” haqidagi sarguzashtlari tasvirlangan muxammasni “Bezgakshamol” devonidagi shoh asar desa boʻladi. Unda shoir Toshkent Eskishahar bozorining mukammal yumoristik manzarasini chizgan. Uni hech bir kitobxon loqaydlik bilan oʻqiy olmasa kerak, chunki kulgi va tanqid salmogʻi satrdan satrga, banddan bandga kuchayib boradi. Vazn ohangi sheʼr ruhiga mos – shoʻx, oʻynoqi, u kitobxon zavqiga zavq qoʻshadi.

Usta Gulmat tilidan aytilgan gʻazallarda oʻtmish manzaralari chizilsa-da, ular shoirning mahorati tufayli chuqur zamonaviy ruh kasb etgan. Bu obrazning qimmati va hayotiyligi ana shu fazilati bilan belgilanadi.

Shoirning har ikki kitobidagi fazilatlarni taʼkidlash barobarida, ularda ayrim sayoz asrlar ham mavjudligini aytib oʻtish kerak. Mana bu sheʼrni oʻqib koʻring:

 

Shamol xomush yelyapti,

La-la-lay…

Qoʻshiq aytgim kelyapti,

La-la-lay…

 

Men kuylayman nechun goh?

La-la-lay…

Yigʻlamaslik uchun… Oh!

La-la-lay.

 

Balki bu satrlar sheʼriyatning shakliy mezonlari talabiga javob berar. Biroq u tom maʼnodagi poeziya namunasi boʻla olmaydi.

 

Shamol guvlayveradi,

qushlar sayrayveradi,

daryolar shovullayveradi.

Baliq esa hech qachon gapirmaydi.

 

Men baliq emasman.

 

Bu sheʼr poetik joziba, teran badiiy mazmun, ifoda aniqligidan mahrum boʻlib qolgan.

Anvar Obidjonning “Ketmagil” kitobida oʻquvchini hayajonga soladigan sheʼrlar talay. “Bezgakshamol” ham sheʼriyat muxlislari koʻnglini xushnud etuvchi, ularda yumorni his qilish tuygʻusini tarbiyalovchi, hushyorlik va faollikka chaqiruvchi foydali kitob. Shoirning hayotdagi negativ hodisalarni tanqid qilishdan muddaosi ezgulikka yoʻl ochishdir. Uning yaxshi odamlarni tangri kabi ulugʻlashi ham shundan. Haqiqatan, ezgulikni koʻzlab, yaxshilarga sigʻinib yashasa arziydi.

 

Nusratulla JUMAYEV,

filologiya fanlari doktori

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.