Lirikada ruhiy ifodaning oʻziga xosligi

0
532
marta koʻrilgan.

Lirika mudom ruhiy kechinma va ong yaxlitligiga intiladi. Tuygʻu hamda tafakkurda namoyon oniy kayfiyat tasviri lirikaning ustuvor xususiyati. Binobarin, ijtimoiy voqelik va hayot falsafasidan sizib chiqadigan hissiy ilgʻam psixologik ifodani markazlashtiradi. Aniqrogʻi, kuchli maʼnaviy-intellektual qamrov sheʼriy aqida tabiatini dalolatlaydi. Badiiy idrok sirasida yaxlitlashadigan holat manzarasi – ijod magʻzi. Unda inson ahvoli-ruhiyasi eʼtirofi, istigʻfori, muhokamasi va tahlili yetakchilik qiladi. His qilish, tuyish, anglash va idrok uning tayanch nuqtalari. Koʻngil sarhadlarida kechayotgan tugʻyonlar zamzamasi sheʼr butunligini ijod tovlanishlari silsilasini esa ifoda darajasi tayin etadi.

Shu jihatlar nuqtai nazaridan qaraganda, Nabiyra Toreshova ijodi qoraqalpoq nazmi joriy bosqichida oʻziga xos oʻrin tutadi. Davr ijtimoiy ruhiyati koʻndalang qoʻygan muammolar zalvorini anglash, inson ruhiy olamini toʻkis ifoda etishga moyillik, odamzod ibtidosi hamda intihosi haqidagi oʻy-mushohada teranligi, tasvir miqyoslari oʻzgaruvchanligi va ijtimoiy-falsafiy-estetik tahlil ruhiyasi ekspressiyasi shoira sheʼriyatining yetakchi tamoyillaridir. Bu borada, qator adabiyotshunoslar va ijodkorlarning kuzatuv hamda mulohazalari mavjud.

Aslida, yangi davr qoraqalpoq lirikasi muayyan boʻgʻini – xotin-qizlar poeziyasi taraqqiyot darajasi oʻtgan asrning oltmishinchi-yetmishinchi yillarida M. Qasimova, G. Shamuratova; saksoninchi yillarida N. Toreshova, P. Mirzaboyeva; toʻqsoninchi yillarida M. Jumanazarova, B. Nurnazarova, G. Nurlepesova, G. Daoʻletova, A. Oteniyazova, N. Tileoʻova singari ijodkorlarni inkishof etgandi. Oʻziga xos ifoda yoʻsini, gʻoyaviy-mavzuiy yoʻnalishi hamda janriy-uslubiy xoslanganlik darajasi bilan bir-biridan keskin tafovutlanadigan avlod badiiy izlanishlari istiqlol maʼrifati va maʼnaviyati estetik tadrijida muhim halqani yuzaga keltirdi.

Nabiyra Toreshova shu vaqtga qadar “Yoshligim mening” (1978), “Haqiqat soʻzi” (1981), “Savr shamoli” (1988), “Parizod” (1990), “Oʻzingdan” (1994), “Azizim” (2009) kabi sheʼriy toʻplamlarini eʼlon qildi. Oʻz soʻzi, oʻz ohanggiga ega ijodkor, ayniqsa, mustaqillik yillarida yozgan turkum sheʼrlari va bir qator poemalari hamda dostonlari bilan kitobxon koʻngil dunyosini zabt etdi. Hayotiy tafsilotlar yorqinligi, soʻz madaniyati nafosati va badiiy mushohada teranligi bilan ajralib turadigan ijodkor solnomasi davr ijtimoiy-ruhiy asoslarini belgilashda muayyan ahamiyatga ega. Yigirmanchi asr adogʻi estetik tafakkur taraqqiyoti shoira maʼnaviy tadqiqotlari magʻzini taʼminlaydi. Unda obʼyektiv olam boʻhronlari shaxs manfaatlari oʻzaro toʻqnashadi hamda poetik mushohada aloqalantirilgan mohiyat yaxlitlik qatida markazlashadi. Uning sheʼriyati tugʻilib oʻsgan mintaqa jugʻrofiyasi, hayot manzaralari va qoraqalpoq millati tiynati, inson psixologiyasi murakkabliklari bilan toʻyintirilgan. Shuningdek, shoira lirikasi teran publitsistik talqin realistik suvratini jilvalantiradi. Nabiyra Toreshovaning poeziyasi bevosita murojaat, falsafiy daʼvat tarzida umuminsoniy qadriyatlarga tutashadi:

 

Bir umr iqbolimning yarashigʻin topdim, dedim,

Qani, endi, boqar boʻlsa koʻzlarimga ul koʻzlaring.

Gulzordan choʻgʻday porlab, gurlab turgan gullar terdim,

Muyassar koʻrsa agar muhabbating ul koʻzlaring.

Roziman, men, ming-ming yillik azoblarga, sogʻinchlarga.

Agar bir kun boqar boʻlsa jamolimga ul koʻzlaring.

 

Sheʼr aniq tasvir ifodasi bilan tavsiflanadi. Lirik qahramon oshiq koʻngil oshuftasi. Koʻzlar sehriga bogʻlangan qalb “ming-ming yillik azoblarga, sogʻinchlarga” ham rozi, “gulzordan choʻgʻday porlab, gurlab turgan gullar terish” esa tabiatdan olingan muqoyasa. Analogiya yigit ruhiy kechinmalarini toʻldirish uchun xizmat qiladi. Aslida, ishq azaliy va abadiy mavzulardan biri, u har bir yurak mintaqasida oʻz mohiyatini yangilaydi. Hayotning tayanch nuqtasi sanaladigan tushunchada munavvar tuygʻular tutashib ketadi. Toʻgʻrirogʻi, shaxs erki va kamoloti, odamzod ehtiyoji va manfaati, inson istagi va imkoniyati goʻzallik tomirlariga borib taqaladi. Shu maʼnoda, muhabbat “hayot saodati bezagi”, deya eʼtirof etgan shoira oʻquvchi onggi-shuuriga yorugʻlik olib kiradi, fikriy quvvat-hofiza yuksak optimistik kayfiyat hosil qiladi. Jamol vasfiga qurilgan satrlarda yoniq taft harorati mujassamdek…

Shoira manzumalari badiiyati oʻziga xosligi shundaki, u hayotiy tafsilotlarga muhim ijtimoiy, falsafiy hamda estetik mazmun yuklash vositasida tuygʻun kechinmalar manzarasini hosil qiladi. Teran mushohada ifodasining nozik kechinmalarga yoʻgʻrilgan lirik sajiyasi yetakchi oʻringa koʻtariladi. Eʼtiborli jihati, qahramon psixologiyasi aksar holatlarda poetik turtki va uning hosilasini yaxlit jarayonga aylantiradi. Taxi buzilmagan oʻy-xayollar ijtimoiy borliq va hayot manzaralari mantiqiy izchilligini taʼminlaydi. Hissiy idrokda mavjlanadigan tuygʻular silsilasi ruhiy tasavvurlarni intellektual taassurotlarga yoʻnaltiradi. Badiiy ong tadrijini maʼnaviy-axloqiy-maʼrifiy-falsafiy-ijtimoiy nuqtai nazardan baholashga moyillik muallif oʻziga xosligini belgilaydi:

 

Sen hiyla sahnasida, men hayotning oʻzindaman,

Sen kimningdir soyasida, men oʻtarman haqqa yigʻlab.

Sen saltanat dargohida, men girdobning koʻzindaman,

Sen xazina daryosida, men oʻtarman haqqa yigʻlab.

…Nabiyra der: Ey doʻstlarim hayot degan sahna emas,

Aslimizni yashirmasdan yashaylik bir haqqa yigʻlab…

 

Tazod asosiga qurilgan lavhada ijtimoiy-publitsistik talqin teran mohiyatga erishadi. “Sen” mantiqiy taʼkidi mushohadani kuchaytirishga xizmat qiladi. Muallif taassurotlarni qarshilantirish vositasida tasavvurni yanada keskinlashtiradi. “Sen” va lirik “men” raqobati juzvi ham sheʼr, ham hayot haqiqatini dalolatlaydi. “Hiyla sahnasida” namoyon u lirik qahramon tuygʻulariga begona. Murojaat zamirida ojizlik, ayanchli holat va beadad umidsizlik hislari quyuqlashadi. Biroq yorugʻ bir maʼvoga ishonch bor: haq nuri insonni ruhiy yuksalishga yoʻnaltiradi. Tadqiq sahniga chiqqan ziddiyat dinamikasi realistik tasvir tamoyillarini tasdiqlaydi va ifoda madaniyati ijodiy xoslanganlik darajasini tafovutlaydi.

Maʼlumki, ijodkor poetik iqtidorini uning gʻoyaviy mundarija, ana shu mazmuniy butunlik orqali real hayotdan qamrab olinadigan hayotiy material va talqin darajasiga munosabat belgilaydi. Nabiyra Toreshova ijodida tafsilotlar hajmi hamda uzviy aloqadorligi voqelikni badiiy tadqiq etish miqyosi va subʼyektiv munosabatda qayta tiklanadigan nazariy konsepsiyani ilgari suradi. Bu konseptual qarashlar qoʻyilgan masala va uning zalvorini badiiy chizgilar bilan qamrab olishga zamin hozirlaydi. Aniqrogʻi, maʼno takomili shoira olamidan qahramon xarakteriga koʻchadi. Buning samarasi oʻlaroq, tasvir ruhiyati va ifoda mustaqilligi ijodkor tamoyillarini boshqaradigan shakliy-uslubiy izlanishlar koʻlamini tayin etadigan bosh atribut darajasiga koʻtariladi. Yetakchi poetik atribut shoira ijodiy niyati bilan erkin birikib, ruhiy tahlil yaxlitligini izohlaydi.

Unda davr dolzarb muammolari, odamzod shuurini band etgan masalalar hayotiy qamrovi qabarib koʻrinadi. Shoira inson qalbida doim “aql bilan jasorat lovullab yonishi”ni orzu qiladi. Nabiyra Toreshova badiiy talqinlarni birlashtirib, umuminsoniy qadriyatlar mezonidan mushohada yuritadi.

Shoiraning “Azizim” sheʼriy toʻplamiga kirgan “Qoraqalpogʻiston”, “Bobojon”, “Jiyen jirov monologi” manzumalari yuksak vatanparvarlik hissiga yoʻgʻrilgan nozik kechinmani tavsiflaydi. Xususan, ichki tuygʻular talqiniga qurilgan “Jiyen jirov monologi” manzumasida Jiyen jirov xarakteri toʻlaqonli aks ettirilgan. Joʻshqin eʼtirof zamirida buyuk mutafakkir siymosi qirralari bir-biriga mantiqan ulanadi. Davr ruhiyati manzaralari muhokamasi shoir qiyofasini botinan yoritadi. Ayni paytda, koʻtarilayotgan muammo qamrovi barcha zamonlarga daxldorlik kasb etadi. El-yurt manfaatlari uchun yelib-yugurgan, xalq negiz va asoslarini rivojlantirgan alloma faoliyati ibrat maktabi sanaladi. Kuchli tugʻyon qatida millat iztiroblari, uni saodatda koʻrishdek buyuk istak, chorasizlik azobi, imkonsizlik ogʻrigʻi namoyon boʻladi.

Oʻtgan asrning adogʻi qoraqalpoq epik lirikasi yoʻnalishida Nabiyra Toreshova poemalari hamda dostonlari alohida halqani tashkil etadi. Shoiraning “Qizim-ey”, “Asir” singari poemalari barobarida, “Yolgʻonchi” dramatik dostoni milliy badiiy tizimda jiddiy hodisa boʻloldi. “Qizim-ey” poemasi syujet – kompozitsion yoʻnalishi jihatidan ixcham va shiddatkor boʻlib, unda ijtimoiy-falsafiy mushohada va maʼnaviy-axloqiy mezonlar uygʻunlashadi. Voqealar otasidan ayrilib, axloqsiz ona qoʻlida qolib ketgan qiz ruhiy kechinmalaridan oziqlanadi. Ichki holatlar, psixologik ziddiyatlar poema dinamikasini belgilaydi.

Mohiyat siqiqligi ham tasvir, ham tahlil teranligini tayin etadi. Muallif tuygʻular realizmi vositasida odamzod tabiati chigalligini, maishiy turmush ziddiyatlarini yaxlitlashtiradi. Inson hayoti mudom sinov va imtihonlardan iboratligini mantiqan urgʻulagan shoira orzu-ideallarni toʻla roʻyobga chiqaradigan yuksak maʼnaviyatni tadqiq sahniga chiqaradi.

Umuman olganda, shoira Nabiyra Toreshova janriy-uslubiy izlanishlari rang-barang, teran va mukammal. Uning bir oʻzagi millat ruhiyatiga tutash boʻlsa, bir oʻzagi Vatan taqdiriga tutash, yana bir oʻzagi inson qadr-qimmati va oʻzligiga tutash. Mazkur jihatlar shoira ijodini belgilaydigan asosiy xususiyatlardir. Bular asnosida, badiiy talqinda ijtimoiy-falsafiy-ruhiy-axloqiy qirralar oʻzaro uygʻunlashadi. Natijada, bevosita va bilvosita umuminsoniy qadriyatlar istifodasi Nabiyra Toreshova badiiy tafakkuri magʻzini taʼminlaydi.

 

Qoʻnaqbay TURDIBAYEV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Sharq yulduzi”, 2011–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.