Lirik kechinma va poetik obraz munosabati

0
946
marta koʻrilgan.

Annotatsiya

Ushbu maqolada lirik kechinma tushunchasiga alohida urgʻu berilgan. Uning ifodasida oʻz oʻrniga ega boʻlgan poetik obrazlar va ularning zamonaviy qiyofasi kuzatilgan. Xususan, bu holat Halima Xudoyberdiyeva ijodi misolida oʻz ifodasini topgan

Annotatsiya

V dannoy statye osobenno viʼdeleniʼ ponyatiya o liricheskix proisxojdeniy. Veyo obʼyasneniyax naxodyat svoyo mesto poeticheskiye obraziʼ i rassmatrivayusya ix sovremenniʼe litsa. Eto polojeniye rassmatrivayusya v rabotax Xudoyberdiyeviʼ.

Annotation

In this article a special stress is given to the concept of lyric event. In aspect of it is observed important poetical characters and their modern exspressions. Especially, this state finds its reflection in the creation of H. Xudoyberdiyeva.

Tayanch soʻzlar: poeziya, lirik kechinma, poetik obraz, lirik qahramon, hissiy ifoda tadriji.

 

Bugungi istiqlol davri adabiyotshunosligida poeziyaning tadqiqiga eʼtibor katta. Sheʼriyatning oʻziga xos xususiyatlari, mazmun va shakl birligi, uning inson ruhiy va maʼnaviy dunyosi bilan uzviy munosabati haqida adabiyotshunoslar turlicha fikrlar bildirganlar. Ilmiy izlanishlar natijasi oʻlaroq sheʼrga shunday taʼrif beriladi: “Ohang jihatidan maʼlum tartibga solingan, his-tuygʻu ifodasi sifatida vujudga kelgan oʻlchovli va hayajonli ritmik nutq sheʼr (nazm) deyiladi”.[1] Demak, sheʼr inson hissiy va ruhiy olamining mahsulidir. Bundan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, sheʼr asosida kechinma yotadi. Insonning borliqqa boʻlgan munosabati, oʻy-xayollari, orzulari – jamiki tuygʻularining tartibli tizilishi natijasida sheʼrning mazmuni – lirik kechinma hosil boʻladi. U “Shaxsan his qilingan, koʻngil koʻzgusida yoʻgʻrilgan, tasavvur qilingan hamda oʻylangan holda gavdalanmogʻi lozim”.[2]

Lirik kechinma atamasi XX asrning 30-yillarida jahon adabiyotshunosligida paydo boʻlgan boʻlib, u inson tuygʻusi, oʻylari degan maʼnolarni ifodalab kelgan. Uning ifodasida turli vositalar faol va yaxlit holda ishtirok etadi. Xususan, lirik kechinmaning yetakchi obraz, kechinma obrazi, poetik obraz va poetik peyzajlar, ohang, ritm va boshqalar yordamida ifoda etilishi shular jumlasidandir. Bu vositalarning barchasi birdek “imtiyoz”ga ega boʻlib, sheʼrda lirik kechinma faqat bir vosita orqaligina ifoda etiladi, deya olmasligimizni isbotlaydi.

Lirik kechinma va poetik obrazlar munosabatida yashirin ramziylik, baʼzan ochiq mazmunning boʻrttirib ifodalanishi kabi qator munosabatlar koʻzga tashlanadi. Bu aloqadorlikni taniqli shoira Halima Xudoyberdiyeva ijodi misolida tahlil qilishni maqsad qildik.

H. Xudoyberdiyeva sheʼrlarida umr timsolini turli poetik obrazlar vositasida yaratgan. Masalan: fasllar, ot, qayiq obrazlari umrning goh “tezobin”, goh “daryo toshqinlariday toshar bahorga”, goh “qishda mildirab” oʻtishi xususidagi lirik qahramon kechinmalarini oʻzida aks ettiradi:

Koʻklam-ku, beparvo oʻtaveradi

Qayta kelaverar yana bir zamon.

Mening umr kemam yelib boradi,

Oʻsha qish atalmish qirgʻoqqa tomon.[3]

Bu misralarda koʻklam – yoshlik, navqiron umrning timsolida, qish esa keksalik ramzi misolida gavdalangan. Umr esa anʼanaviy yoʻsinda yelib borayotgan kemaga oʻxshatiladi:

Umr oti chopagʻon juda,

U yoʻldadir, yoʻldadir har choq.

Biz ham doim uning ustida –

Tutolmaymiz jilovni biroq.

Navbatdagi sheʼrda esa umr chopagʻon otga oʻxshatiladi. Biz uning ustidamiz-u, uning jilovini tortolmaymiz, yaʼni umrimiz – oʻtayotgan fursatlarni toʻxtata olmaymiz. Misralar davomida otga ming yolbormang harakatlanishdan bir zum ham toʻxtamasligi, umr – ot insonning ahvoliga beparvoligi tasvirlangan:

Manzilga yo mevadek pishib –

Yo gʻoʻr holda yetib boramiz.

Bilolmaymiz yiroq yo yaqin –

Qancha qoldi manzilga hali.[4]

Shoiraning “Bolakay” nomli sheʼrida umr qayiqqa qiyos etilgan. Qayiqqa oʻtirgan bolakayning atrofga jovdirab boqishi lirik qahramonni oʻylar girdobiga tashlaydi. U bolakayga hayot haqiqatidan soʻzlaydi:

Bolakay oʻltirar qayiqqa,

Goh boqar atrofga jovdirab.

Haydagil qayiqni hayiqmay,

Bolakay, qolmagil dovdirab.

Lirik qahramon bolakayni “qayiq yastangan beqaygʻu” insonlardan yiroq boʻlishga undaydi. Ularni shunday taʼriflaydi:

Yuklarin birovga ortgan u,

Oʻzi ham birovga yuklanib.

Bunday insonlarning taqdiri ayanchli boʻlishini uqtiradi:

Umrbod emasdir bu ayshi,

Koʻrarkan oqimning tezobin,

Qachondir bellari qayishib

Tortar u eshkakchi azobin.

Sheʼr yakunida qahramon bolakayni oldinga dadil qadam tashlashga undaydi, unga tasalli, dalda beradi:

Eshkak tort, qulochni kengroq yoz,

Eshkakchim, mardim, biz yoʻldamiz.

Qoʻrqma, goh qiynalib qolsa jon

Shamol madorni ketkazib. [5]

Yuqorida keltirilgan misralarda ham lirik qahramonning hayot, umr haqidagi qarashlari, hissiy emotsional kayfiyati, koʻngil kechinmalari poetik obrazlarning ishtirokida yanada taʼsirchan ifodaga ega boʻlgan. Bu tasvirlarda oʻxshatish (tashbeh) sanʼatining qoʻllanishi sheʼr poetikasida muhim oʻrin egallagan. Poetik obrazlar lirik qahramonning hissiyoti va fikrini umumlashtirishga xizmat qilgan. Bu vositalar haqiqiy poeziya yaratilishida oʻz oʻrniga ega. Buning natijasida inson qalbining nozik tomonlari tadqiq etiladi. Zero, “Chinakam lirika boshqa har qanday poeziya kabi inson yuragining chinakam mazmunini ifoda qilib berishi kerak”.[6]

Halima Xudoyberdiyevaning navbatdagi sheʼrida “qargʻa”, “qaldirgʻoch” poetik obrazlari ham asl maʼnosida, ham ramziy maʼnolarda qoʻllangan:

Emishki, bir xonadonga oʻt ketsa butun,

Qargʻa bir choʻp tashlaganmish, yonsin deb takror,

Qaldirgʻoch bir tomchi yoshin toʻkkan emish xun –

Qiyoq tilli bu olovda qilmasa hamkor.[7]

Bu bandda poetik obrazlarning asl maʼnolari saqlangan holda qushlarning xarakterlari ochib beriladi. Keyingi bandda ilgari suriladigan mazmun, falsafiy qarash uchun zamin hozirlanadi. Lirik qahramonning Vatan haqidagi falsafasi ilgari surilib, Vatan neligini anglamaydigan, unga qarshi harakat qiladigan xoinlar vatan uchun arzimas boʻlgan jonini ham fido qiladigan uning ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻshadigan insonlarni qaldirgʻoch poetik obrazida jamlab tasvirlaydi. Bu misralarda qush timsollari ifodalagan ramziy maʼnolar orqali lirik qahramonning vatanparvarlik tuygʻulari talqin etiladi.

Shoiraning “Menga ayt” nomli sheʼrida lirik qahramon sirdoshga muhtoj insonlarga murojaat qilgan. Ularning oyga, quyoshga, togʻga, choʻqqiga, jilgʻaga, toshga sir aytishini maslahat bermaydi.

Jilgʻaga sir aytsang, toqating bitib

Chuldirab, shoʻx qah-qah otib ketadi.

Tosh, xarsang oralab, panalab oʻtib

Kimgadir siringni sotib ketadi.

Misralar soʻnggida lirik qahramon insonga murojaat qiladi. Butun sirlaringni “Menga ayt…” deydi. Buning sababini shunday izohlaydi:

 

Menga ayt, mening bir qalʼam bor tinch, keng,

Bu – yurak, men uni chuqur oʻyaman.

 

Ushbu sheʼrlarda lirik qahramonning oʻy-fikrlari turli poetik obrazlar vositasida aniqroq bayon etiladi. Har bir obraz lirik qahramon kechinmalarining izhori uchun xizmat qiladi. Bundan koʻrinadiki, lirik kechinma va poetik obrazlar oʻzaro insonning hissiyot ifodasi uchun ham munosabatga kirishar ekan. “Koʻpincha shoir qalbidagi orzu-istaklar bilan real hayot voqeligi orasidagi ziddiyat yoxud uygʻunlik ham turli mazmundagi kechinma – hislar ifodalangan sheʼrlar tugʻilishiga sabab boʻlishi mumkin”.[8]

H. Xudoyberdiyeva “Daraxt faryodidan bexabar” nomli sheʼrida daraxt poetik obrazi orqali ayol timsolini yaratadi. Daraxt va ayol bardoshi bir-biriga oʻxshatiladi. Lirik qahramon daraxtlarning qish kelishi bilan barglarini toʻkishini bolasidan ayrilgan ayolga oʻxshatadi. Barglar timsolida farzand siymosi yaratiladi:

Daraxt bardoshidan qilsa boʻlar toj,

Qoʻrgʻoshin oʻylarga choʻmib kelgan payt.

Qishning eshigida oʻzi yalangʻoch,

Barglar, bolalarin koʻmib kelgan payt.

Lirik qahramon daraxt bardoshiga lol qoladi. U farzand dogʻining soʻnggi holatini shunday izohlaydi:

Daraxt koʻz yoshini koʻz-koʻz qilmaydi,

Daraxt oʻz yoshini ichga oqizar…

Misra oxirida lirik qahramon ayolga murojaat qiladi. Unga oʻz tilaklarini bildiradi:

Kuz olmasin biror bolangni,

Daraxt faryodidan bexabar oʻtgin![9]

Yoki “Bilmagan daraxt” nomli sheʼrda esa daraxt poetik obrazi lirik qahramonning afsus-nadomatlarini, armonlarini ifodalovchi vosita sifatida ishtirok etadi. Lirik qahramon oʻzining metindek kuchi, bardoshi boʻla turib uni bilmaganidan, undan foydalana olmaganligidan afsusda:

Oʻz kuchi, oʻz bardoshini bilmagan daraxtman men…

Bitta joydan jilmagan daraxtman men.

Undan kimlar foydalanadi, unga ziyon ham yetkazishadi. Lekin lirik qahramon-chi?

Men-chi,

Birovlardan bir barg yulmagan daraxtman men.[10]

Bu tarzda ifodalangan hissiy ifodalar tadriji lirik qahramon tuygʻularidan tashkil topadi.

Shoiraning “Daraxt sezadi” nomli sheʼrida ham daraxt obrazi vositasida insoniy qusurlar, kamchiliklar bayon etilgan. Lirik qahramon daraxtlar va insonlarni oʻzaro qiyoslaydi. Ularda boʻlgan ahillikni insonlarda yoʻqligidan oʻkinadi:

 

Daraxtlaram sezadi kuzni,

Kirarlar bir-birin pinjiga.

Bizlar kira olmaymiz doʻstning

Sumbuladay ishq sogʻinchiga.

 

Lirik qahramon fikricha, ylar ham xuddi insonlar kabi ogʻir kunlarni, ogʻir damlarni bosib oʻtarkan. Lekin ular insonlardan farqli ravishda bir-biriga hamdard boʻlib suyana oladi. Insonlar-chi?

 

Daraxtlaram qiynalar ogʻir,

Ular bir-birini suyaydi.

Odam… bir-biriga bermas sir,

Faqat odam yolgʻiz kuyadi.[11]

 

Yuqoridagi tahlillardan koʻrinadiki, koʻchma maʼnoda qoʻllangan poetik obrazlar ham lirik qahramon ruhiyati ifodasida oʻz oʻrniga ega.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, lirik kechinma va poetik obrazlar munosabati yuqorida koʻrib oʻtilganidek, lirik kechinmaning boʻrttirib ifodalanishiga, taʼsir doirasini oshirishga, hissiyot uzluksizligini taʼminlashga xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, hissiyot va fikrni umumlashtirishda, fikrni aniqroq bayon etishga, hissiy ifodalar tadrijiga ham imkoniyat yaratadi. Poetik obrazlar koʻchma maʼnoda ham qoʻllanib, lirik qahramon ruhiyatini ifoda etishi mumkin. Bundan koʻrinadiki, bu munosabat turli qirralarda namoyon boʻladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Boboyev T. Adabiyotshunoslikka kirish. – T.: Oʻqituvchi, 1979.
  2. Normatov U. Ijod sehri. – T.: Sharq, 2007.
  3. Gegel. Estetika. Tom-3. – M.: 1971.
  4. Turdimov J. B. Lirik kechinma tabiati. (Fil. fan. nom. diss. avtoref). – T.: 1991.
  5. Halima Xudoyberdiyeva. Buyuk qushlar. – T.: Oʻzbekiston, 2012.

 

Gulnoza BOBOBEKOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1] Boboyev T. Adabiyotshunoslikka kirish. – T.: 1979. –B. 152.

[2] Gegel F.V.Estetika. Tom 3. – 1971. –B. 504.

[3] Halima Xudoyberdiyeva. Buyuk qushlar. – T.: Oʻzbekiston. 2012. – B.42.

[4] Oʻsha kitob. – B.44.

[5] Halima Xudoyberdiyeva. Buyuk qushlar. – T.: Oʻzbekiston. 2012. – B.46.

[6] Turdimov J.B. Lirik kechinma tabiati. (Fil.fan.nom.diss…avtoref). – T.: 1991. – B.8.

[7] Halima Xudoyberdiyeva. Buyuk qushlar. – T.: Oʻzbekiston. 2012. – B.84.

[8] Turdimov J.B. Lirik kechinma tabiati. (Fil.fan.nom.diss…avtoref). – T.: 1991. – B.8.

[9] Halima Xudoyberdiyeva. Buyuk qushlar. – T.: Oʻzbekiston. 2012. – B.483.

[10] Oʻsha kitob. – B.594.

[11] Oʻsha kitob. – B.621.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.