Lessing va Herder

0
1228
marta koʻrilgan.

XVIII asr maʼrifatchilik adabiyotining vakili Lessing ijodi jahon adabiy tafakkuri tarixida oʻziga xos oʻringa ega. Maʼrifatchilik adabiyoti uchun Uygʻonish davri zamin tayyorlab berdi. Maʼrifatchilik adabiyoti paydo boʻlgunicha zohid avliyolarni ulugʻlovchi, ilohiy sevgini dunyoviy sevgidan ustun qoʻyuvchi, gʻaroyibotlarni tasvirlovchi klassitsizm va barokko yoʻnalishidagi asarlar mavjud edi. Bu oqimlar jahon adabiyotiga Lope de Vega, Torkvato Tasso, Pyer Kalderon, Jon Milton, Jeffri Choser, Pyer Kornel, Jan Rasin, Molyer, Bomarshe kabi buyuk ijodkorlarni berdi. Maʼrifatchilik adabiyotiga uch adabiy oqim asos boʻldi: 1) Gʻarb Uygʻonish davrining gumanistik realizmi; 2) antik madaniyatga ergashuvchi klassitsizm; 3) muhtasham gotik qasrlarni eslatuvchi, moʻjizalar va ajoyibotlarga boy barokko. Bu adabiy oqimlar uch xil usulni vujudga keltirdi. Keyinroq bu ijodiy usullardan Gyote, Klinger, Shiller, Lessing, Bayron, Gyugo, Balzak, Flober ham foydalandi.

Lope de Veganing realistik fojiaviy komediyalari (“Qoʻzibuloq”, “Sevilya yulduzlari”), Pedro Kalderonning barokko ruhidagi dramalari (“Valtasar bazmi”, “Salameya sudyasi”, “Matonatli shahzoda”, “Hayot – tush”, “Oʻlimdan keyingi sevgi”), Jan Rasinning antik syujetlarga asoslangan dramalari (“Andromaxa”, “Mitridat”, “Fedra”), Kornel tragediyalari (“Sayid”, “Gratsiy”, “Sinna”) jahon adabiyoti durdonalariga aylandi.

Jon Miltonning “Yoʻqolgan jannat”, “Qutulgan Quddus” poemalari Homer dostonlari ruhida yozilgan boʻlsa ham Lessing xalqchil emas deya tanqid qildi. Keyinchalik Bayron ham bu poemalarga salbiy baho berdi. Shunga qaramay, Jon Milton poemalari jannat va doʻzax, savob va gunoh, din va dunyo, tarix va zamon chuqur badiiy aks ettirilgan asar sifatida shuhrat topdi.

Fransiyada antik sanʼat tarafdorlari bilan yangi davr shoirlari oʻrtasidagi bahs chorak asr davom etdi. Bu munozaraga Germaniya hamda Angliya ijodkorlari ham qoʻshildi.

Qadimchilar va jadidlar bahsini Fransiya Sanʼat akademiyasi yetakchilaridan biri, xalq ogʻzaki ijodi bilimdoni, shoir Sharl Perro boshlab berdi. U akademiya majlisida mutlaq hukmronlik oʻrnatgan, diniy bagʻrikenglikka qarshi boʻlgan, hurfikrlikni qatagʻon qilgan qirol Lyudovik XIV davrida fransuz adabiyoti va sanʼati mislsiz rivojlanib, Homer, Esxil, Sofokl, Evripid, Vergiliy, Goratsiylarning poeziyasini orqada qoldirdi, degan fikrni aytdi1. Antik davrdagi Arastu maqtagan uch birlik qonuni (qahramon, makon, vaqt birligi) sanʼatkorni cheklab qoʻyar edi. Yangi davr sanʼati bu kamchiliklardan qutulib, erkin rivojlandi. Shu sababli Sharl Perro qadimgi adabiyotning endi bizga keragi yoʻq, deb yozdi. Uning fikricha, yangi fransuz sheʼriyati, ilm-fani, meʼmorchiligi, musiqasi, tasviriy sanʼati qadimgi yunonlarnikidan oʻzib ketdi. Sharl Perro bu bilan cheklanmay, uch qismdan iborat “Qadimgilar va jadidlarni qiyoslash” asarini bitdi. Arastuning poetikaga doir nazariy fikrlarini keskin tanqid qilib, qahramon, makon, vaqt birligini qoraladi.

Bu majlisda qatnashgan qadimchilar vakili Nikola Bualo ruhoniy Yuega qarab: “Perroning bu gaplari fransuz akademiyasini sharmanda qildi. Akademiya ramziy nishonini (emblemasini) bir toʻda maymunlar suratiga oʻzgartirishi kerak!” – dedi. Dramaturg Rasin va satirik Lafanten ham Bualo fikrini quvvatladi. Ertasiga Lafanten Kvintilian “Saylanma”siga quyidagi toʻrt misrani solib, ruhoniy Yuega yubordi:

 

Jimjimador soʻzlar bilan maqtanish oson,

Maqtalgan asarlar topilmas qoʻlda.

Qadimgi sanʼatdan bahra olmaslar –

Adashar, haq yoʻlni topa olmaslar.

 

Kvintilian: “Qadimgi buyuklarni soʻkishdan koʻra maqtashning gunohi kamroqdir” degan gapi bilan mashhur edi.

Jadidlar tarafdori De-Mare qadimchilarni mushriklar deb ayblab, ijodkorlarni antik syujetlar oʻrniga masihiylik mavzularida yozishga daʼvat etdi. Bualo unga: “Qadimgi syujetlar mifologiyadan olingani uchun badiiy toʻqimaga keng oʻrin beriladi, xristianlik syujetlarida badiiy toʻqima kufrga olib keladi”, deb javob berdi.

Bualo antik asarlarni yuksak badiiylik namunalari hisoblab, Arastu “Poetika”da maqtagan ijodkorlarning buyukligini isbotlashga harakat qildi.

Rasin qadimchilar va jadidlar bahsida oʻrta yoʻlni tanlab, nisbatan yaqinroq tarixdan “Boyazid” dramasini yozdi. Unda malika erining ukasi Boyazidni sevib qolishini “Shohnoma”dagi “Siyovush” qissasi hamda Sharqda mashhur “Yusuf va Zulayho” dostoni syujetlariga yaqin ruhda tasvirlaydi.

Bu davrda Lessing “Fotima” asarini yozdi. Lessing kabi Herder ham poeziya ayrim noziktaʼb odamlar, aslzodalarning koʻngilxushligi uchun emas, balki hamma odamlar goʻzallikdan, soʻz sanʼatidan zavq olishi mumkin, deb bilardi. Bu sohada Herder “Boʻron va hujum” deb nomlangan adabiy oqim asoschilaridan Gamanning (1730–1788) izdoshi edi. Gaman hamshahri Kantning ratsional tizimiga qarshi chiqib, inson maʼnaviyati aql bilan emas, koʻngil, intuitsiya, his-tuygʻular, yana-da aniqrogʻi, imon-eʼtiqodi bilan kamol topadi, deb bilardi.[1]

Gaman yana: “Voqelikni aql bilan anglash inson ruhini qashshoqlashtiradi, hayotning barcha turli-tuman ranglarini aqlli odamlar emas, his-tuygʻuli insonlar koʻra oladi”, der edi. Hissiyotli kishi jonzotni koʻrsa, aql yurituvchi skeletning shaklini koʻradi. Shu sababli u diniy eʼtiqodni, muqaddas kitoblarni adiblar, shoirlarning toʻqimasi emas, balki oʻz davrida hukmdorlarning jabr-zulmiga qarshi chiqqan xalqning imon, ishonch, eʼtiqod haqidagi tarixiy sharoitda tugʻilgan ijodi deb hisoblaydi. Bu bilan Gaman Yung aytgan tugʻma daholar haqidagi fikrga qoʻshiladi.

Gaman fikricha, intuitivizm – emotsional xarakter, yaʼni shaxsning his-tuygʻulari boyligidir. Intuitiv bilimlar (ilmi gʻariba) poetik daholar ijodi bilan bogʻliq hodisa.

Ammo, Herder “Tanqid uyining havozalari” asarida Lessingni “Laokoon” asarini tanqid qilganida intuitsiya bilan emas, balki aqliy dalillar bilan fikr yuritdi. Shunga qaramay, poeziyaning xalqchilligi, emotsional xususiyatlari, ijtimoiy taraqqiyotga taʼsiri, shaxs maʼnaviy kamoloti, isteʼdod va ilhom masalalarida bu ikki olmon mutafakkiri maslakdosh, hamfikr edi.

Herder “Kalligona” (Nafosat) asarining “Nazm va fasohat” boʻlimida poeziyaning xalqchilligi haqida yozar ekan, Aristoteldan Lessinggacha boʻlgan nafosatshunoslar poeziyaning kelib chiqishini qadimgi xalq bayramlarida ijro etiladigan oʻyinlar, tomoshalar bilan asoslashiga qoʻshilmadi va oʻz fikrlarini quyidagicha bayon etdi: “Fasohat, yaʼni soʻz sanʼatini agar oʻyin desak, bu oʻyinni jiddiy kasb bilib, oʻz hayotining maʼno va mazmuniga aylantirgan notiqlar va shoirlarni mayda odamlar deyish kerak. Nahotki, inson tabiati shunday oʻyinlarga muhtoj darajaga tushib qolgan boʻlsa! Bunday oʻyinlarda aql tasavvurni aldaydi va bu aldamchiliklarning aybdori nafis sanʼat vakillari boʻlib qolar edi”. Herder bu asarida Aristotel va uning tarafdori Lessingni poeziya sanʼati tamoyillarini yaxshi bilmaslikda aybladi. Herder shartli ravishda arxitekturani “soqov muza”, notiqlik va poeziyani “soʻzlovchi muza” deb atadi. Quyidagi fikrni esa Herder ustozi Gaman asaridan koʻchirib keltiradi: “Bogʻdorchilik – dehqon ishi, rangtasvir – rassom ishi, musiqa – sozandaniki, mol ayirboshlash – savdogarniki, poeziya – inson tilidir. Tuygʻu va ehtiros faqat soʻz bilan tasvirlanadi. Tasvir va tasavvur insoniyat bilimlari xazinasidir. Ibtidoiy zamonlarda barcha xalqlar oʻz tuygʻularini poetik tasvir, tovush, imo-ishora, raqs vositasida ifoda qilgan. Inson his-hayajonlarini goh hovliqib, goh tutilib, goh toʻxtab, goh tovushni oʻzgartirib bildirgan. Agar inson hayajonlanmay, shoshilmay, toʻxtab, tin olib ifodalamoqchi boʻlsa, bayon qilishga oʻtadi”. Herder fikricha, nasriy soʻz sanʼati shundan kelib chiqadi. Homer dostonlarida epos soʻzi hikoya, voqea, tarix maʼnolarida qoʻllaniladi. Qadim vaqtlarda eposda hikoya, poeziya, tarix qoʻshilib ketgan edi. Aristotel davriga kelib, poeziya va tarix bir-biridan ajraldi. “Poetika” muallifi aytganiday: “Tarix hayotda yuz bergan bir hodisani, poeziya oʻtgan, hozir kechayotgan yoki kelgusida boʻlishi ehtimoli bor voqea-hodisalarni tasvirlaydi”. Shu sababli Arastu fikricha, tarixga nisbatan poeziya falsafiyroqdir.

Herder “Kalligona” (Nafosat) asarining poeziya haqidagi boʻlimida Kant va Lessingning ayrim fikrlariga eʼtiroz bildirgan holda “Poetika”dagi poeziyaning asosiy tamoyili Mimesis nazariyasini yoqlab chiqdi, uni yana-da rivojlantirib, chuqurlashtiradi. Tarixiy asarda biror voqea qachon, qayerda sodir boʻlgani bayon etilsa, poeziyada shoir oʻsha voqea qanday yuz berganini, voqeani keltirib chiqargan odamlarning ruhiy holatlarini, oʻy-kechinmalarini, voqea tafsilotlarini tasvirlaydi va haqiqatan shunday boʻlganiga ishontiradi. Yunon tilida poeziya ijod qilmoq, yasamoq, bunyod etmoq, yaratmoq maʼnolarini bildiradi. Ijodni bilmay, boʻlgan voqeaning oʻzini bayon qiluvchi kishi shoir boʻla olmaydi.[2]

Oʻz xalqining shoh asarlarni tahlil qilish asosida Arastu poetika qonuniyatlarini kashf etdi. U badiiy asar fabulasi, voqealar bir butunligi, asar hajmi, tili, badiiy asarda xarakter, eʼtiqod, ehtiros, ajoyibotlar haqida fikrlar ekan, bularning hammasi jonli tasvir – mimesisga borib taqaladi, deydi.

Lessing “Hamburg dramaturgiyasi”da Fransua Volterning “Zaira”, Pyer Kornelning “Rodogyuna” asarlarini “Poetika” talablaridan kelib chiqib, juda mufassal va teran tahlil etdi. Antik mumtoz adabiyoti ruhida yozilgan bu asarlarni mualliflar, adabiyotshunoslar, sanʼatshunoslar koʻkka koʻtarar edi. Lekin, Lessing bu dramalarda juda koʻp kamchiliklar borligini badiiy, mantiqiy, ruhiy tahlil orqali koʻrsatib berdi. Lessing Volter oʻz dramasini nokamtarlik bilan maqtagan soʻzlarini keltiradi: “Aslzoda xonimlar dramalaringizda sevgi yoʻq, deb gina qilibdi. Volter ularga bunday javob qilibdi, tragediya sevgining unchalik oʻrni emas, lekin juda sevgini xohlayotgan boʻlsangiz, mana sizlarga sevgi deb “Zaira”ni 18 kunda yozib tugatibdi. Asar katta muvaffaqiyat qozonibdi. Parijda uni xristianlar tragediyasi deyishar ekan. Uni koʻpincha “Polievkt” (Sofokl asari) darajasiga qoʻyar ekanlar”.

Bir sanʼatshunos Volterga asari haqida: “Zaira”ni muhabbatning oʻzi yozdirgan!” – deb xitob qiladi. “Lekin, men, – deydi Lessing, – muhabbat oʻzi yozdirgan birgina asarni – Shekspirning “Romeo va Julyetta”sini bilaman. Toʻgʻri, Zaira oʻz kechinmalarini nazokat va odob bilan namoyish etadi. Biroq, Zaira tuygʻulari qayoqdayu, Shekspir tasviridagi tuygʻularning cheksiz tovlanishlari qayoqda?”[3] Lessing yana kinoya bilan: “Ehtimol, Volter janoblari sevgi mohiyatini Shekspirchalik bilar, lekin odob saqlab, koʻp narsalarni yashirgani uchun asar muallifga sira munosib boʻlmay qolgandir”, deydi. Lessing fikricha, baʼzi sanʼatshunoslar Volter Shekspir olovidan mashʼala yoqib, oldinga borayotgani haqida yozganlarida haq emaslar. “Zaira” tragediyasiga qarab baholansa, Volterning qoʻlidagi yoniq mashʼala emas, balki Shekspir oʻchogʻidan olingan bir choʻgʻ, xolos. Bu choʻgʻ esa yonishdan koʻra tutashga moyilroq. Volter “Zaira”ning oshigʻi turk sultoni Orosmanni (Oʻrxon) rashkchi sifatida Shekspirning Otellosiga qiyoslaydi. Lessing bu oshiq bilan Otello orasida yer bilan osmoncha farq borligini aytadi. Volter “Zaira”ni inglizchaga tarjima qilgan Xillga xushomadgoʻylik qilib maqtaydi, shu bahonada, oʻzini ulugʻlaydi. Lessing, umuman, fransuz xalqining yengiltakligi va maqtanchoqligi haqida gapirib: “Ular oʻz kamchiliklarini bilmay, oʻzini ulugʻlayvergani uchun ijodiy oʻsmaydi”, deydi.

Tragik poklanish – “katarsis”ni tushuntirishga, u bilan bogʻliq masalalarni hal etishga koʻplab urinishlar boʻlgan. Asrlar davomida bahslar Arastu kashf etgan “mimesis” va “katarsis” atamalari ustida boʻlib, bu soʻzlarning turlicha talqinlari vujudga keldi.

Arastu “Poetika”sining sharh va talqinlari orasida Robertello, Madji asarlari keng shuhrat qozondi. Nikola Bualo ham oʻz “Poetika”sida Arastuning koʻpchilik qoidalarini asos qilib oldi. Lekin u yunon mutafakkirining jonli fikrlarini oʻzicha qayta ishlab, fransuz klassitsizmiga moslashtirdi. Robertello va Madji sharhlarida Arastu “Poetika”sida tilga olingan “katarsis” terminiga jiddiy eʼtibor berildi. Bunda ular sanʼat asarining inson ruhiga taʼsiri, ruhni poklashi, baxillik, yovuzlik kabi illatlardan tozalab, ezgulik, yaxshilik tomon yoʻllashi, yaʼni axloqiy, ijtimoiy, tarbiyaviy ahamiyatiga doir fikrlarini bildirdilar. Jumladan, Robertello bunday yozadi: “Sheʼriyat va boshqa har xil asarlar odamlarga foyda keltiradi. Mashhur qahramon jasorati tasvirlangan asar oʻquvchilarni mardlikka oʻrgatadi. Badiiy asarda illatlar, tubanliklar tasvirlansa, odamlarda bu illatlarga nafrat uygʻonadi, yomon ishlardan uzoq yurishga harakat qiladi”.

Arastuning “katarsis”ga doir fikrlari Lessingning “Hamburg dramaturgiyasi” asarida kengroq talqin etilgan.

Lessing “Laokoon” kitobi boshida atoqli sanʼatshunos doʻsti Vinkelmanning “Qadimgi sanʼatlar tarixi” asaridagi nazariy mulohazalaridan parcha keltiradi. Homerning “Iliada” dostonidagi voqea asosida yasalgan haykalda bir kishi bilan uning oʻgʻillari badaniga ikki ilon oʻralib, chirmashib chiqayotgan vaqtda ogʻriq zoʻrligidan qichqirmay, chidab turgan insonning buyuk ruhi tasvirlanadi. Bunday inson ruhi koʻrganlarda qoʻrquv va hamdardlik uygʻotadi. Qadimgi yunon sanʼati asarlarida goʻzallik, nafosat bilan birga ruhiy ulugʻvorlikni tasvirlashga ham katta eʼtibor berilgan. Yunonlarda ruh ulugʻvorligi eʼzozlangan.

Herder fikricha, badiiy asardagi fantaziyani xalq fantaziya emas, balki sirli hodisalar zuhuri deb tushunadi va bunday asarlarni hakqoniy, ilohiy ilhom bilan tugʻilgan ijod mevalari deb biladi. Arastu kabi oʻz nazariy fikrlariga Homer, Dante, Shekspir asarlarida tasvirlangan xayoliy, fantastik manzaralar va holatlarni dalil sifatida keltiradi. U Homer dostonlarida Ahill, Hektor, Laokoon, Odissey taqdirlariga maʼbudlarning aralashuvi, Dantening “Ilohiy komediya”sidagi doʻzax manzaralari, V. Shekspirning “Yoz kechasidagi tush” asaridagi Ariel (Uchar odam), qoʻrqinchli maxluq Kaliban tasvirlarini mana shunday ilohiy ilhom xilqatlari deb koʻrsatadi. Faylasuf Herder oʻzining estetik qarashlarida hodisalarning ilohiyligi sababli xalq ularga ishonishini, qiziqish bilan qarashini eslatadi. Arastu ham “Poetika”da Homer asarining ana shu fazilatlari uchun maqtagan edi: “Homer boshqa fazilatlaridan tashqari, yana shu bilan maqtovga sazovorki, shoirlar ichida birgina u poema yaratish uchun nima qilish zarurligini yaxshi bilgan. Shoir poemada iloji boricha oʻzi kamroq gapirishi kerak, aks holda, u hayotga oʻxshatuvchi shoir boʻlolmaydi. Boshqa shoirlar esa (oʻz hikoya usulida) hamma sohada oʻzini koʻrsatishga intilishadi. Faqat mayda-chuyda narsalarni aks ettirishadi. Homer esa, kichik bagʻishlov tugashi bilan erkak yo ayol qahramonning muayyan xarakterini ocha boshlaydi. Hech kimni xaraktersiz koʻrsatmaydi!”[4]

Lessing “Laokoon” asarida haqiqiy poeziyaning hayotiy voqealarini, moddiy qurollarni va koʻrinmas maʼbudlarning xatti-harakatlari, qilmishlari, xarakterlarini tasvirlashda rangtasvir sanʼatiga nisbatan kengroq va koʻproq imkoniyatlarga ega ekanligini dalillashda Homer “Iliada”siga tez-tez murojaat qiladi. Lessing dostonning turli qismlarida aks etgan holatlar va xatti-harakatlarning poetik tasvirini chuqur, mufassal tahlil qilib, rangtasvirchi mussavirlarni voqelikni, xarakterlarni aks ettirishda shoirlardan ustun qoʻygan sanʼatshunos graf Keylyus bilan bahsga kirishib bunday deydi: “Menimcha, Homer oʻz dostonida voqeani hayotdagi kabi ketma-ketlikda tasvirlaydi, boshqa badiiy detallarni asarda qatnashuv tartibiga koʻra faqat birgina xususiyatini koʻrsatadi. Homer tasvirlayotgan narsalarning baʼzilarini, ehtimol birortasini ham rassom koʻrolmasligi mumkin. Shoir tasvirlayotgan narsalar, harakatlar, holatlarning eng goʻzallari, eng ajoyiblari rassom uchun ajablanarli emas. Ehtimol, rassom uchun juda goʻzal, yoqimli, ajoyib koʻringan shaxslar, holatlar shoir uchun u qadar eʼtiborli emasdir? Keylyus oʻz asarida Homer dostonidan keltirgan va rassomlar uchun muhim deb bilgan manzaralar bizning fikrimizni tasdiqlaydi”.[5]

Shundan soʻng Lessing oʻz fikrini isbotlash uchun Homer dostonidan maʼbuda Yunona uchun jang aravasini uning xabarchisi Xeba qanday yasaganligi, aravaning barcha qismlari birin-ketin qanday biriktirilib, tayyorlanishi mufassal tasvirlangan parchani keltiradi. Homer jang aravaning sakkizta gʻildiragi misdan yasalib, ustidan tilla gardishlar qoʻyilib, uning ustidan yana mis gardish qoplangani, bu gʻildiraklar va faytun uzun temir oʻqlarga oʻrnatilgani, kumush shoti, otlarga kiygiziladigan tilla boʻyinturuqlarni tafsilotlari bilan erinmasdan tasvirlaydi. Lessing, bu oʻrinlarni tasvirlash qonuniyatiga muvofiq keladi, deya baholaydi.

Yana bir oʻrinda Homer yunonlarning Troya urushida birlashgan qoʻshinlar boshligʻi Agomemnon jang oldidan qanday liboslar va sovutlarni birin-ketin kiyishini, yana bir oʻrinda Axillning mashhur kamoni kiyikning katta shoxidan qanday yasalganini, boshqa bir joyda kamonga oʻq qanday joylanishi, oʻqning sifati, oʻq va kamon ipi tarang tortilganida, oʻq kamondan uchganida zirillashini, yana bir oʻrinda Axillning qalqonida qanday voqealar va manzaralar naqsh etilganini juda mufassal tasvirlaydi. Lessing shu kabi badiiy tasvirlar asarda jonli hayotga yaqinlik hosil qilishini aytar ekan, musavvir oʻz asarida qahramonlar harakatini, fikrlarini, bahslashuvlarini, vaqt oqimining ketma-ketligini tasvirlashda rang-boʻyoqlar imkoniyati cheklanganligini, graf Keylyus va boshqalar rangtasvirni soʻz sanʼatidan afzal va yuksak deyishlari xato ekanligini isbotlab beradi.[6]

Lessingning “Laokoon” asari eʼlon qilinishi qizgʻin bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Badiiy adabiyotni, poeziyani antik davr namunalari ruhida yozish kerak deb oʻylaydigan va shu yoʻlga amal qiladigan klassitsizm qonun-qoidalari tarafdorlariga qarshi ruhda yozilgan bu asarni “Boʻron va hujum” adabiy oqimi vakillari, jumladan Gyote hayratlanib kutib oldi. Gyote keyinchalik, avtobiografik ruhdagi “Poeziya va haqiqat” asarida bu asarni eslab, yozgan edi: “Lessingning “Laokoon”i bizga naqadar kuchli taʼsir etganini bilish uchun yana yoshligimizga qaytishimiz kerak. Bu asar bizni tashqi qiyofalarning qashshoq chizgilaridan hur fikrlash osmoniga koʻtardi. Poeziya musavvirlik izidan borishi kerak, degan fikrimiz bir zumda oʻchib, yoʻqoldi. Yashin chaqib, uning yorugʻida biz eskirgan, juldurvoqi tushunchalarimizni uloqtirdik, endi barcha yomonliklardan qutulganday edik”. Boshqa maʼrifatchilar kabi, Gyote ham “Qadimgi sanʼat tarixi” muallifi Vinkelman bilan Lessing bahs-munozarasiga qiziqish bilan qaragan edi.

Klassitsizm tarafdorlari Gotshed, Rasin va Kornel aslzodalar tabaqasi vakillarini, taqdir boʻronlariga chidam, matonat koʻrsatgan, ideal qahramonlar sifatida ulugʻlab yozgan boʻlsalar, Vinkelman Afina demokratiyasini ozodlik kurashchilarini qahramon qilib tasvirlovchi sanʼat asarlarini himoya qilgan. Uning fikricha, Rim imperatori Avgust yoki Fransiya qiroli Lyudovik XIV kabi maʼrifatli tojdorlar homiyligi sanʼatni rivojlantirmaydi, balki sanʼat taraqqiy etishi uchun siyosiy erkinlik, ijod erkinligi zarur. Lessing Vinkelmanning bu fikriga qoʻshilgan holda, uni yanada chuqurlashtirib: “Maʼrifatli tojdorlar siyosiy erkinlik berganida ham sanʼatni, poeziyani, dramaturgiyani qirollarga madh aytuvchi, laganbardor, mansab va mukofotlarni taʼma qiluvchi ijodkorlar emas, (u Volterni shunday hushomadgoʻylardan biri deb bilardi) balki ichki dunyosida, ruhida erkinlikni sevuvchi, kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha insonlarni, bunyodkor xalqni zolimlardan himoya qiluvchi ijodkorlar taraqqiy ettiradi”, – degan gapni aytdi.

 

Mahkam MAHMUDOV,

Alisher MAHMUDOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–3

 


[1] Gerder. Izbranniʼe sochineniya. M-L. GIXL. 1959, str. 8.

[2] Xerder. Izbranniʼe sochineniya. M-L. GIXL, 1959, str. 215.

[3] G.E.Lessing. Izbranniʼe proizvedeniya. Moskva. GIXL. 1953, str. 525-529.

[4] Arastu. Poetika. Axloqi kabir. T. “Yangi asr avlodi”, 2004, sah. 57.

[5] Laokoon ili o granitsax jivopisi i poezii. Lessing. Izbranniʼe proizvedeniya. M.GIXL, 1953, – S.446.

[6] G.E.Lessing. Laokoon ili o granitsax jivopisi i poezii. – S.446-456.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.