Kitobni oʻqib mazza qilsang…

0
203
marta koʻrilgan.

Toʻgʻrisi ham shu-da. Boʻlmasa, kitob oʻqiy boshlasang-u, senga roʻbaroʻ qilingan narsaning “tilini ari chaqqan” boʻlsa, yozgʻuchi oʻzi tuymagan yoxud tushunmagan “masʼala-masoyillarni falsafiy talqin etaman” deb oʻzini ham, seni ham xit qilib yuborsa, esi butun odamga yoqadimi?

Shukrki, adabiyotimiz peshonasiga adabiy tilni abadiy tilga aylantira oladigan, “tuqqan” qahramonlari qogʻozga qaramay, faqat oʻz zabonida soʻzlaydigan adiblar avlodi peshma-pesh bitib turadi. Axir Qodiriyning Kalvak mahzumi va Toshpoʻlat tajangi, Hamzaning Mulla Doʻsti va Hidoyatxoni, Gʻafur Gʻulomning Shum bolasi va Hasan Kayfiysi singari oʻlmas timsollar gapini manaman degan oʻquvchi ham bir nafasga boʻla oladimi?

Bir narsa yozib, ham oʻzi maza qiladigan, ham muxlisini rozi qiladigan bugungi adiblarimiz orasida Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjonning oʻz oʻrni, oʻqishli asarlarining oʻz tarovati bor. Adibning “Sharq” NMAK bosh tahririyati tomonidan chop etilgan “Baloga qolgan futbolchi” kitobining bizga tekkan nusxasida biror sahifa qolmadiki, koʻplab satrlar osti qalam-la “shudgor” qilinmagan boʻlsin. Axir, mana bunday badiiy topilmalar oldidan shunchaki oʻtib ketish mumkinmi: “Boyxoʻroz palovni kuyovboʻkish qilib yeb, tantanavor kekirishga shaylanganida, birov chaqirib qoldi. Chiqsa, doʻkonchi yigit “Yava” mototsiklini sedanatutga tiyab, koʻylagining etagida qornini yelpib turibdi”.

Anvar Obidjonga kamdan-kam odamga nasib etadigan zavqni, cheksiz komik tasavvurni, oʻsha zavq va tasavvur hosilasi boʻlmish hikoya tarzini Yaratganning oʻzi yuqtirgan. Holbuki, koʻhna adabiyot, hajv tarixida ishlatilmagan tashbehning, tesha tegmagan oʻxshatishu mubolagʻaning oʻzi qolmagandek goʻyo. Yoʻq, tugʻma isteʼdod uchun hamma-hamma narsaning imkoniyati berilaverar ekan. Agar shunday boʻlmasa, doʻmbillagangina qariyaning charchab kelib istirohat bogʻidagi skameykaga oʻtirishini mana bu taxlit tasvirlash kimning xayoliga keladi: “Jazirama boʻlishiga qaramay, boshiga qashqartelpakni bostirib, egniga uzun kamzul kiygan qariya vosh-voshlaganicha kelib, bogʻkursining chetrogʻiga xamirlandi”.

Har qanday asarning qahramoni, birinchi navbatda, faqat va faqat oʻziga tegishli tili, muomala usuli, gapirish ohangi bilan oʻzini namoyon ham qiladi, himoya ham qiladi. Shunday asarlar borki, ularning biror qahramoni shunchaki yoxud boshqalarga oʻxshab gapirmaydi, ular ishlatgan iboralar keyinchalik koʻpchilikning soʻz mulkiga aylanib ketadi. Bu jihatdan, masalan, oʻzbek kino ijodkorlari tomonidan ona tilimizning jami tovlanishlarini zukko ilgʻagan Abdulla Qahhor adabiy maslahatchiligida yaratilgan “Mahallada duv-duv gap” filmini misol keltirish mumkin. Filmning Lutfixonim Sarimsoqova, Maryam Yoqubova, Rahim Pirmuhammedov singari ajoyib aktyorlar jamoasi tomonidan yaratilgan, har biri bir dunyo qahramonlarining til xususiyatlarini gapirmaganimiz taqdirda ham, kelinni “qochirib yuborgan” Hamza Umarov ijrosidagi kuyovbolaning holiga mahalla-koʻy vakillarining ketma-ket yogʻdirgan luqmalari (“yoʻgʻ-ye”, “i-ye…”, “ana xolos!”, “ola-a”)ni eslashning oʻzi kifoya.

Anvar Obidjon yaratgan hajviy personajlarning ham har biri oʻzining “ijtimoiy kelib chiqishi”, qilib yurgan kasb-u kori, “madaniy darajasi”, gʻovlab yoki xamaklab ketgan “dunyoqarashi”, oldiga qoʻygan “ezgu maqsadlari”ga xos va mos tilda soʻzlaydi. Bu yerda ishlatganimiz “soʻzlaydi” feʼli umumiy xarakterga ega boʻlib, yuqorida sanaganimiz omillarga koʻra, bu qahramonlarning biri “eriga kekanglab boqib, soʻraydi”, yana biri “soʻzni oliftalantiradi”, boshqasi “kulgisini tiyishga qiynalib, hiqichoq tutgan tarzda javob qaytaradi”, boshqalari esa “arazlagan boladek ostki labini burishtiradi”, “taltanglanib javob qiladi”, “surlanib gap gʻildiratadi”, “choydishdek jigʻillaydi”, “javob sachratadi”, “ogʻzida soʻlagi chilpillab soʻz qotadi”, “halqumiga chandir tiqilgandek “hiq” etib toʻxtab qoladi”…

Yozuvchi bu qahramonlariga yaxshi niyat bilan shunday “olijanob” ismu shariflar qoʻyadiki, ularni xuddi yonginasida “koʻrib-kuzatib” turgan oʻquvchi ismning jismga bu qadar mos tushishiga qoyil qoladi. Berdimat, Oymamat, Guldirmamat, Maynaxon, Zilzilaxon, Mashmashaxon, Surobxoʻja, Patiydin, Moʻmin Itoatovich, Goʻga Gadoyevich, Bella Qoramullayevna, Lugʻatxoʻjayev, Dazmolov, Darrayev, Shavlayev… Mazkur qahramonlarning har biriga soʻz berilishi bugungi muloqotimiz vaqtini choʻzib yuborishini inobatga olib, ularning hammasi nomidan Mirzaqand naynov hasratlaridan bir chimdim eshitamiz:

“Xotinga yolchimadim, oshna. Bilasan, ustimga sholcha yopinsam, beqasamdek yarashadigan suqsurpoʻrma yigitlardan edim. Pandavoqiligimni qaraki, kelib-kelib ana shu puchdanakka ilashibman. U bilan oʻnta koʻrpa yirtib, bittayam bola koʻrmadim. Hech boʻlmasa, qiz-piz tugʻib bergandayam, sen gʻariblarga atab kattakon bir osh damlardimki, uni tovoqqa bossak, ustidan it sakrab oʻtolmasdi…”.

Aslida, hikmatga aylanib ketadigan ibora-yu gaplar jiddiy asarlardan terib olinar, keyin “Donolar bisotidan”ga oʻxshash nomlar bilan bir muqova ostiga jamlanar edi. Buni qarangki, hajviy asarlarda ham ostiga qalingina qilib chizgancha ajratib qoʻymasangiz koʻnglingiz tinchimaydigan gʻalati hikmatlar koʻp uchrar ekan. Garchi tili nordonu ifoda usuli kulguli boʻlsa-da, ulardan ham ajib hikmatlar oʻqish va uqish mumkin. Anvar Obidjon kitobida ham yozilajak zoʻr hajviyalarga (hatto jiddiy asarlarga ham) bemalol epigraf qilsa boʻladigan “hikmatlar” toʻlib yotibdi. Mana, oʻshalardan ayrimlari: “Hatto goʻrkovning ketmonida ham shirin orzu, goʻzal maqsad boʻlishi mumkin”; “Dunyodagi katta urushlar kimdir xaritani mushtlab, beixtiyor naʼra tortvorishidan boshlanadi”; “Yarashuv marosimi shishaga yaqin joyda oʻtayotgani bois ish uzoqqa choʻzilmadi”; “Faqat qiziquvchanlik emas, xijolatpazlik ham baʼzan zoʻr kashfiyotga sabab boʻlishi mumkin”; “Odamlar qarishdan, maqolalar qisqarishdan oʻladi” va hokazo.

…Baʼzan toʻrt-besh ming tomoshabin yigʻilgan saroylar sahnasida aytilayotgan, ijro etilayotgan latifa-yu hangomalar, kulgi dasturlaridan yuzingda ijirgʻanish yoki afsusdan boshqa ifoda paydo boʻlmaydi. Shunday kezlar, bunday “mardi maydonlar” oʻzbek adabiyoti degan buyuk xazina borligini, agar shu xazinaga kirib did bilan oʻziga matn-manba qidirsa, umrining oxiriga qadar muxlislar ardogʻiga sazovor qiladigan boyliklar topib chiqishi mumkin ekanini ham bilisharmikan, degan savol qiynaydi kishini. Axir, Anvar Obidjonning birgina shu toʻplamidan joy olgan tomosha va tomoshabinbop koʻplab hajviyalardan ayrimlari – “Serkaxonim”, “Oxirgi sedanatut qissasi” asosida hajviy filmlarni suratga olib, televizorchilar kam boʻlmadi-ku. Qolaversa, hali ham kech emas: bu kitobdagi aksariyat hajviyalar asosida oʻzbek tomosha sanʼatining oʻlmas obidalariga aylanib qoladigan asarlarni bemalol suratga olish mumkin. Buning uchun soha ijodkorlaridan qittakkina isteʼdod, ozgina hafsala va ixlos, eng muhimi – oʻzbekona lutfni nozik ilgʻaydigan adabiy did talab etiladi, xolos.

 

Rahmon QOʻChQOR,

filologiya fanlari nomzodi

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.