Kitob javonidagi barhayot siymolar

0
720
marta koʻrilgan.

Adabiyot olamida shunday asarlar borki, ularning qahramonlari hatto asar mualliflarini oʻz shuhrati soyasida qoldirib, kitobxonlarning qalbidan chuqur joy egallagan. Eng muhimi, bu personajlar hanuzgacha xuddi yonimizda yashayotgandek, tirik odamdek taassurot qoldiradi. Buning zamirida yozuvchining yuksak badiiy mahorati, qolaversa, oʻquvchining asar qahramoniga boʻlgan mehr-muhabbati, u bilan har jabhada hamfikru hamdard boʻlgani yotadi.

 

SIMENONNING SEVIMLI QAHRAMONI

Fransuz detektiv yozuvchisi Jorj Simenon va uning mashhur personaji Jyul Megre haqida eshitmagan kitobxon boʻlmasa kerak. Simenon yozuvchilik faoliyati davomida jami 214 ta roman yozgan. U adabiyot muxlislariga sermahsul ijodkor sifatida mashhur. Asarlarida koʻpincha jamiyatda mavjud boʻlgan muammolarni olib chiqishi unga doimo yuksak hurmat, ehtirom va eʼtibor keltirgan.

Aytish joizki, odatda Jorj Simenon eslanganida barchaning yodiga Fransiya poytaxti Parij shahrining Rishar-Lenuar xiyobonidagi uylardan birida istiqomat qiluvchi komissar Jyul Megre va Megre xonim tushishi bejiz emas. Negaki, yozuvchi yaratgan 214 romandan 80 tasi komissar Megre haqida. Shu romanlar orqali Megre kitobxonlarning qadrdoni va yaqin insoniga aylandi.

Fransuz adibi dastavval detektiv-sarguzasht janrida qalam tebrata boshlagan, 1930 yilda “Fayyar” nashriyotida chop etilgan ilk “Piter-Latish” romanidayoq jinoyatchilarni joy-joyiga “oʻtqazib qoʻyish”, ularning xatti-harakatlarini oqlashga oʻrin qoldirmaslikning uddasidan chiqqandi. Qizigʻi, u bir-ikki oy ichida yangi romanini yozib tugatar va bundan adabiyot ixlosmandlari lol qolishardi. Uning romanlari oʻquvchilar oʻrtasida tezda mashhur boʻlib ketishiga bosh qahramon – komissar Megre tomonidan jinoyatlarning mohirona fosh etilishi bilan bir qatorda jamiyat hayotida uchrovchi nuqsonlar shafqatsiz va adolatli tarzda tanqid qilingani ham sabab boʻlgan.

Romandan romanga Megre kitobxon orzu qilib, havas bilan boqadigan, jinoyatchilarning dodini beradigan timsol sifatida gavdalanardi. “U olamni bolalar koʻzi bilan koʻrishni, hayotini bolalarga atalgan rang-barang suratli kitoblardagiday tasavvur etishni juda istaydi, – degandi Simenon oʻz personaji Megre haqida. – Aqlli ota-onalar, ularni yaxshi koʻradigan bolalar hamda mehribon, sochlari kumushday oqargan buva-buvilar…”

Shu oʻrinda alohida aytish kerakki, kamdan-kam hollarda adabiy personaj Jorj Simenon qahramoni singari kitobxonda haqiqiy hayotiy ishonch tugʻdira oladi. Boshqacha aytganda, Megrening taqdiriga uzoq umr koʻrish bitilgan ekan. Chindan ham Megre ishtirok etgan asarlarni mutolaa qilar ekanmiz, u shu davrda biz bilan bir osmon ostida yashayotgandek, jinoyat sodir etgan jinoyatchilarning iziga tushib yurgandek tuyuladi.

 

MAVJUD BOʻLMAGAN UYGA KELADIGAN MAKTUBLAR

Taniqli ingliz adibi Artur Ignatius Konan Doylning millati irland, u 1859 yili Shotlandiya poytaxti Edinburgda tugʻilgan. 71 yil umr koʻrgan yozuvchi mashhur izquvar Sherlok Xolms obrazi ishtirok etgan asarlari, ajoyib sarguzasht roman, qissa va hikoyalari bilan jahon adabiyoti xazinasiga bebaho hissa qoʻshgan buyuk soʻz sanʼatkoridir.

U oʻzidan 70 jildlik adabiy meros qoldirgan. Ayniqsa, “Oq otryad”, “Vaterloo”, “Dengiz qaroqchilari”, “Marokash tubsizligi”, “Zaharlangan kamar”, “Yoʻqolgan dunyo”, “Dahshatli dengiz qaroqchisi Sharkiy”, “Ser Nigel” va “Mixey Klark” romanlari yozuvchiga beqiyos shuhrat keltirgan. Biroq uning izquvar Sherlok Xolms toʻgʻrisidagi hikoya va qissalari qolgan barcha asarlarini oʻz soyasida qoldirib ketdi.

Sherlok Xolms haqida yozgan ilk hikoyasidayoq uni butun Buyuk Britaniya tanidi. Uning hikoyalariga butun dunyo noshirlari qiziqish bildirib, Sherlok Xolms toʻgʻrisida yozgan asari uchun muallifga har qanday talabini qondirish nazarda tutilgan shartnoma taklif etishdi. Kitobxon uning har bir asarini katta qiziqish va intiqlik bilan kutardi. Ammo oradan maʼlum vaqt oʻtgach, Konan Doyl bu qahramoni bilan ortiq “ishlash”ni xohlamay qoladi va yangi asar kutib bezovta qilayotgan noshirlardan ham bezor boʻladi. “Navbatdagi hikoyam uchun misli koʻrilmagan qalam haqi soʻrasam, hech qaysi noshir bunday miqdordagi pulni toʻlolmay, shartnomadan bosh tortadi”, deb oʻylaydi. Biroq yozuvchi adashgandi. U hikoyasining narxini qanchalik oshirib bormasin, noshirlar baribir rozi boʻlaveradilar. Jumladan, u bilan hamkorlik qiladigan “Strend” oynomasi vakillari Doyldan yangi-yangi hikoyalar soʻrab, uni holi-joniga qoʻyishmaydi. Toqati toq boʻlgan adib Sherlok Xolmsdan uzil-kesil voz kechishga qaror qilib, “Xolmsning oxirgi ishi” nomli hikoya bitadi. Ajablanarlisi, hikoya chop etilgach, izquvar haqidagi hikoyalar ortiq chop etilmasligini tushunib yetgan muxlislar “Strend” oynomasini sotib olishdan voz kecha boshlashadi, nashr esa qariyb 20 mingta obunachisidan ayriladi.

Bundan tashqari, Artur Konan Doylning Sherlok Xolms haqidagi hikoyalari kino dunyosi tarixida eng koʻp ekran yuzini koʻrgan asar hisoblanadi: 211 film suratga olingan va mashhur izquvar obrazi 75 nafar aktyor tomonidan talqin etilgan. Yana muhim jihati shundaki, Artur Konan Doyl oʻz asarlarida Sherlok Xolmsni Beyker-strit 221-b manzilida istiqomat qiluvchi izquvar sifatida tasvirlagan. Aslida Londondagi Beyker-strit koʻchasida bunday raqamdagi uy umuman mavjud emas, eng qizigʻi, hanuzgacha 221-b manziliga detektiv ishqibozlaridan Sherlok Xolms nomiga maktublar kelib turadi.

Komissar Megre yoki Sherlok Xolms toʻgʻrisidagi asarlar har bir oʻzbek xonadonida ham mehr bilan mutolaa qilinishiga shubha yoʻq. Zero, jinoyatni fosh etib, uning sababini topishda bu ikki izquvarlarga teng keladigan asar qahramonlarini topish amri mahol.

 

Azizbek NOROV

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.