Kechikkan Kortasar

0
286
marta koʻrilgan.

Afsuski, oʻzbek kitobxoni Kortasar ijodi bilan, aytaylik, Balzak, Stendal, Mopassan yoki Karel Chapek, Tagor, Xeminguey va hokazo yozuvchilar darajasida tanish emas – uning bor-yoʻgʻi yettita hikoyasi oʻzbek tiliga tarjima qilingan, xolos. Adib hayoti, jahon adabiyotida tutgan oʻrni, deyarli barcha asarlari – roman, hikoya, badiha va sheʼrlarida aks etgan gʻaroyibotlar dunyosi, yozuvchining dunyoqarashi haqida, ayniqsa, hajman cheklangan soʻzboshi yoki muxtasar maqola yozib yetarli maʼlumot berish vazifasini qiyinlashtiradi. Beixtiyor Jumavoyga borliq-olamdan oddiy narsalarni nom-banom, hijjalab tushuntirmoqchi boʻlgan Robinzon Kruzo ahvoliga tushib qolganingni oʻzing ham sezmay qolasan. Pirovardida qisqa, ommabop-hammabop qilib yozishdan oʻzga chora topolmaysan. Hamma balo bunaqa yoʻsinda, yaʼni hammabop qilib yozish qoʻlingdan kelmasa-chi, eplolmasang-chi… bunday paytda “Qisqalik – isteʼdodning doyasi” yoki “Yozuvchining maqsadi – nima haqda yozmoqchiligi aniq boʻlsa, ilhom bilan yozadi” va hokazo kabi saboqlar hech bir yordam berolmas ekan. Taajjub, oʻqigansan, tushunasan, bilasan, lekin tushuntirib berolmay esing ketadi. Ana shunda, sen fikr yuritmoqchi boʻlgan asar avvaldan oʻzbek tiliga oʻgirilganda edi, oʻz vaqtida oʻquvchi ozmi-koʻpmi tasavvurga ega boʻlar va sen bemalol mushohadangni bir chekkadan yozib ketaverarding, degan fikr keladi xayolga.

Xullas, Kortasar ijodi XX asr jahon adabiyotida voqe boʻlgan noyob hodisa, u Markes, Losa, Fuentes, Roa Bastoslardan ilgariroq Lotin Amerikasi adabiyotini yevropaliklarga yaqindan tanishtirgan yoki taʼbir joiz boʻlsa, yevropaliklar uchun Lotin Amerikasi adabiyotini kashf etib bergan adib; uning “Rouela”, “Yutuq”,”62, “Toʻplam uchun andoza”, “Manuelning kitobi” singari romanlari, “Kun tevaragida aylanayotgan 80 ming olam” – roman-kollaji, “Epomalar va Meopalar” sheʼriyat toʻplami, “Soʻnggi raund” kabi kollaj kitoblari, badihalari dunyodagi deyarli barcha tillarga tarjima qilingan va ular jahon adabiyotining mumtoz namunalari sifatida eʼtirof etiladi. Hali tirikligidayoq uni “Adabiyot olamidagi Kolumb”, “Buyuk kashfiyotchi”, “Anʼanalar kushandasi” deb atashganligi ham bejiz emas.

Kortasar hikoyalarining oʻzi bir olam, ularning hammasida moʻjiza roʻy beradi, qandaydir kutilmagan, aqlga sigʻmaydigan hodisalar, tashqi kuchlar taʼsirida odamlarning hayotida katta oʻzgarishlar sodir boʻladi. Bir maromda davom etib kelayotgan turmushlari algʻov-dalgʻov boʻlib ketadi.

Shu vajdanmi, bu hikoyalarni ilk bor qoʻliga olgan oʻquvchi fantastik asar sifatida qabul qilishi, tabiiy. Aka-singil dangʻillama hovlida yashaydi – yegani oldida yemagani ortida – dunyo bilan ishlari yoʻq, biroq kunlarning birida xonadonning tinch-osoyishta hayotiga putur yetadi: qandaydir nomaʼlum kuchlar ular yashayotgan xonadonni ishgʻol qilishadi-yu pirovardida aka-singil koʻchada qoladi, (“Ishgʻol qilingan uy”); bir-biridan tamom koʻngli sovigan er-xotin oʻrtasidagi ruhiy ziddiyat, mojaro, kelishmovchilikni bartaraf etadigan kuch dunyoda yoʻq, ular faqat axloq meʼyorlaridan chiqmaslik uchun bazoʻr birga yashab yurganlarida hovlida saman ot paydo boʻldi, har kecha keladi va u, bu favqulodda hodisa ularning ichki dunyosini tamomila oʻzgartirib yuborgan, oqibatda, ular ortiqcha kibru havodan voz kechadilar (“Saraton”), Hayvonot bogʻidagi aksolotalarni tomosha qilaturib, bir ziyoli yigit jonivorlar hayotiga qiziqib qoladiyu, har turli kitoblardan ular haqidagi maʼlumotlarni yigʻadi, oʻqiydi, oʻrganadi, pirovardida bu berilish shu darajada kuchayadiki, yigit ularning oʻtmish hayotini bilgisi keladi va kunlarning birida oʻzi ham aksolotaga aylanib qoladi (“Aksolota”); bir haftada metroga qancha odam kirib-chiqishini hisob-kitob qilishga bel bogʻlagan tashkilot xodimlaridan biri, metroda qandaydir oʻzga bir hayot mavjudligi va u yerda alohida, yuqoridagi hayotdan uzilgan jamoa yashashini sezib qoladi-yu, buning tagiga yetish uchun oʻziga xos tarzda “tadqiqod” olib boradi (“Yon daftardagi yozuvlar”) yoki eʼlon boʻyicha ishga kirish uchun korxona idorasiga borgan ayol, nogahon ichkariga kirib ketganlarning qaytib chiqmayotganligini bilib qoladiyu oʻz atrofidagi odamlarning hayotidan tashvishga tushadi (“Kelgusi safar”); mamlakat fuqarosining tomiriga chivindek keladigan tilla baliqchalarni yuborish orqali xalqning baxtli yashashiga zamin hozirlagan rahbarlar haqidagi hikoyalarni oʻqigan kitobxon nima deb oʻylaydi?!

Ertakka oʻxshaydi, deydi-da!

“Tutash bogʻlar” hikoyasi esa biz koʻnikkan adabiy tushunchalar va tasavvurni butunlay buzib yuboradi. Hikoya nihoyat darajada qisqa. Shapaloqdek, kitobda bir varaq ham kelmaydi. Bir sarmoyador kitob oʻqishga beriladi, hatto safarga chiqqandi, yoʻlda ham qoʻlidan qoʻymay oʻqiydi, uyga qaytib kelgach, oʻsha kitob qahramonlaridan biri uning dangʻillama uyiga kirib orqasidan xanjar urib oʻldiradi. Nima bu, fantastikami? Ha, lekin yozuvchi fantastikadan voqelikni falsafiy tahlil qiluvchi vosita sifatida foydalanadi. Moʻjizaviy unsurlar, inson aqli qamrab ololmaydigan gʻayir kuchlar, mudhish, vahimali narsalar mavjud voqelikni buzib koʻrsatishga emas, balki ana shu voqelikni yangicha, badiiy aks ettirish uchun xizmat qiladi. Ana shulardan kelib chiqqan holda bemalol aytish mumkinki, Kortasar fantastikasi havoyi maʼnosizlikdan yiroq, u – kam majozdir.

Kortasar mulohazakor, fikr yuritish, tahlil qilishga moyil oʻquvchini yaxshi koʻradi, uning hammaslak doʻsti ispaniyalik munaqqid olim Gonsales Barmyexoning taʼbiri bilan aytganda, adib aslida ana shunday kitobxonlar uchun yozadi – ijod qiladi, oʻquvchini ham birga ijod qilishga chorlaydi, qaysidir maʼnoda uning qariyb barcha hikoyalari fikrdosh, hamkor, serqatlam ramziyatlar maʼnosini anglab, tushunib va tushuntirib bera oladigan tasavvuri boy kitobxonni moʻljallab yozilgandek tasavvur uygʻotadi.

“Jahon adabiyoti” jurnalida eʼlon qilinayotgan hikoyalarni oʻqigan oʻquvchi, ishonchim komilki, shu fikrga qoʻshiladi. “Biz Glendani shunaqa yaxshi koʻramiz” hikoyasida kundalik hayotda (bizning hayotimizda ham!) faqat boshqa shakl, oʻzgacha tarzda yuz beradigan oddiy voqea qalamga olinadi. Bir qancha kinosevarlarning Glenda Garson ismli kino yulduzini behad, oddiy muxlis va muhiblaridan ortiqroq yaxshi koʻrishlari maʼlum boʻladiyu, ular bir guruh tuzishadi, bora-bora bunday kishilar koʻpayib kichik guruh katta uyushmaga aylanadi, unga Glenda ijodi bilan nafaqat qiziqadigan, balki uning uchun jonini berishga tayyor kishilargina aʼzolikka qabul qilinadi. Kuchli ehtiros bilan sevish, koʻr-koʻrona muhabbat har qanday kishini quyushqondan chiqarib yuborishi tabiiy. Shuning uchunmikin, har narsaning meʼyori boʻlishi shart, qattiq berilish oxir-oqibat sigʻinishga olib keladi. Pirovardida, guruh va guruh faollari Glenda Garson qatnashgan filmgʻlarining nusxalarini oʻgʻirlab kelib, sevimli aktrisaning shaʼniga noloyiq epizodlarni kesib tashlaydilar va yoʻlini topib oʻzgartiradilar. Zero, sevgan insonining har jihatdan benuqson, mukammal boʻlishini hamma ham istaydi-da. Biroq kino olamini tark etgan Glenda yana filmlarda suratga tusha boshlaydi, natijada, bundan buyon Glenda kamolot choʻqqisiga chiqdi, bizni uyatga qoʻymaydi, yengil-yelpi rollar ijro etmaydi, deya qattiq ishonib qolgan muxlislar uni qatl qilishadi. Qattiq sevish, mubtalolik fojialarning debochasi boʻlib chiqadi.

Zero, Kortasar asarlarida yaratgan xayoliy voqelik real voqelikni anglash uchun xizmat qiladi.

Men Kortasar ijodini bir xushmanzara bogʻga oʻxshataman, bogʻga kirgan odam koʻngli tusagan mevalardan bahramand boʻladi. Lekin shu bahramandlik darajasi boqqa tashrif buyurgan kishining xohish-istagi, intilishiga qarab hosil boʻladi. Birov gul uzadi, birov tomosha qiladi, boshqa birov oddiygina bogʻ-da, deb chiqib ketishga shoshiladi. Binobarin, kitobxon didi, farosati, bilimi, maʼrifatining koʻlamiga qarab Kortasarni taniydi, qabul qiladi.

 

Olim OTAXON

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.