Kechikayotgan odam obrazi

0
1666
marta koʻrilgan.

2002 yil yozuvchi Erkin Aʼzamning “Kechikayotgan odam” toʻplami nashr etildi. Lekin kitobda bu nomdagi bironta asar yoʻq. “Kechikayotgan odam” aslida mavzu, adib asarlari mazmunidan kelib chiquvchi umumiy ramzdir. Erkin Aʼzam ijodini kuzatib, asarlarida “kechikayotgan odam” obrazi yetakchi deyish mumkin.

Adibning “Bahor” hikoyasi qahramoni Jabbor Imomov rayon markazida yashaydi, tarix fanidan dars beradi. U kamgap, atrofidagilarga koʻpam qoʻshilavermaydi. Imomov xayolot va reallik oʻrtasida yashaydi. Bir xil, “zerikarli hayot” bilan kelisha olmaydi. Magazindagi turli xil toifa vakillari davrasiga tushib qolsa, kundalik maishiy, “magʻzi puch” suhbatlardan bezib, u joydan ketishga shoshiladi. Masalan:”Hamsoya, bizdi inak bu yil qisir qoldi-da, savil”, “Kechagi bozor mol toza qimmat boʻptimi?”, “Nima-a, tuzukroq un kelmayapti-ya?”[1]kabi gaplar. Bu yerdan oʻz olamiga mos muloqotni topa olmaydi. Bu holatni geografiya muallimi quyidagicha izohlaydi: “Bizdi gurung yoqmadi Imomovga. Bu yerda oʻzi siqilib yuribdi bola. Shaharga oʻrgangan-da, shaharmijozroq sal”.[2] Bu yerda oʻz dunyosiga mos kayfiyat va muloqotni topa olmagan Imomov restoranga yoʻl oladi. U yerda ulfatlari – sinfdoshlari davrasiga keladi. Bu yerdagi gurunglar ham Imomovga mos kelmaydi. Oʻzi oʻqigan davrdagi davrani, sanʼat, kinofilmlar, aktyorlar, kitob, muzika, qadimgi dunyo tarixi haqidagi bahslarni qoʻmsaydi, lekin bu muhitni bu yerdan topa olmaydi.

Hikoya avvalidagi tasvirda derazani ochib yuborgan bahor shabadasi karavotda xayol surib yotgan Imomovni xayollar dunyosidan chalgʻitadi, qalbiga iliqlik olib kiradi. Bahor shabadasi shirin bolalik xotiralarini eslatib yuboradi. Imomov adir tomon yoʻl oladi, olis bolalik yillarini xotirlaydi, shaharda birga oʻqigan doʻstlari yodiga tushadi.

Restoranda ulfatlari davrasida oʻtirar ekan, shabada yana derazani ochib yuboradi. Bu holat Imomovdagi karaxtlik va lanjlikni tarqatadi.

Ikkala holatda ham yozuvchi “bahor shabadasi”ga muayyan vazifani “yuklaydi”. Birinchi tasvirda, bahor shabadasi Imomovni xayolot dunyosidan – zerikarli biqiq muhitdan tashqariga chiqishga undaydi. Ikkinchi tasvirda, botinida kechayotgan gʻalayonlarni yuzaga chiqarib, oʻz qarorini aytishga sabab boʻladi. Ulfatlariga “ketaman” deb qatʼiy aytadi. Demak, bahor shabadasi, allaqachon qalbida joʻsh urgan, lekin ikkilanayotgan, bir toʻxtamga kelolmayotgan shaharga ketish haqidagi qarorini amalga oshirishga turtki boʻladi.

Yozuvchi hikoyada peyzajdan unumli foydalangan. Peyzaj, bahor tasviri lirik kayfiyat tugʻdiradi, bu oʻrinlar tabiatan romantik boʻlgan Imomov xarakteriga uygʻun holda ifodalanadi.

Voqeaning davomi “Bahorni quvib” hikoyasida Imomovning shaharga, doʻstlari davrasiga yoʻl olishi bilan boshlanadi. Lekin bu yerda oʻzi orzu qilgan muhitni topa olmaydi. Doʻstlari oʻz ishlari bilan ovora, hammasining tashvishi bor. Imomov aslida bu yerda oʻtgan davrlarini izlab kelgan edi: “Ammo Jabbor oʻylagan, Jabbor kutgan nimadir boʻlmadi”.[3] Ikki kundan keyin yana qaytib keladi. Mana shu davr uning uchun oʻzini anglab yetish, ichidagi “isyon”ni bosish uchun yetarli boʻldi. Imomov izlagan, qoʻmsagan narsa allaqachon oʻtib ketganligini kech anglab yetadi: “Goʻyo bari oʻzgargan, bir yil burungidek emas – boshqacha, begona…”.[4]

Yozuvchi voqelikni ikki hikoyada aks ettiradi. “Bahor”da qahramon ruhiyatida kechayotgan oʻzgarishlarni koʻrsatadi. Erkin Aʼzam asarlarining koʻpchiligida shaharga intiluvchi kishilar obraziga duch kelamiz. Jabbor Imomov ham shular sirasiga kiradi. Qalbida shaharga ketish orzusi joʻsh uradi, lekin uni amalga oshirish uchun sabab qidiradi. Imomovda shaharga ketish orzusi avvaldan boʻlgan, faqat “ketaman” degan soʻzda ifodalagan. Uning ketishi uchun sabab qilib yozuvchi bahorning iliq shabadasini tanlaydi. Imomovning ketish qarorini aynan “derazadan kirgan bahor shabadasi” yuzaga chiqaradi.

Bu yerda, albatta, bahor, shabada muayyan maʼno, ramziylik kasb etadi. Bahor yorqin xotiralarni yodga soladi. Restoranda derazadan kelgan shabada sabab uni yopmoqchi boʻlgan sinfdoshlariga qarata “Ahmoq! Hammang ahmoqsanlar!” deya chiqib ketadi. Bunda bahordan – iliq xotiralaridan bebahra etayotgan doʻstlariga nisbatan isyonini ifodalaydi. Shu onda uning shaharga ketish qarori qatʼiylashadi.

Agar voqealar rivoji shu yerda tugaganda hikoyaning asl mohiyati toʻla ochilmagan boʻlar edi. Hikoyaning mazmuniy davomi “Bahorni quvib”da Imomovga oʻz-oʻzini taftish qilishga, oʻzini anglab yetishga imkon beriladi. Shahardagi quvib kelgan “bahor” oʻzi kutgan emas, aslida boshqa “bahor” boʻlib chiqadi. Hikoya nomidan anglashilganidek, Imomov bahorni izlab emas, balki quvib keladi. Aslida esa u quvgan bahor – oʻqib yurgan kezlardagi joʻshqinlikni topa olmaydi. Adibning ikkala hikoyasi bir butunlik kasb etadi. Erkin Aʼzam xayollar, orzular olamida yashaydigan, oʻz muhitiga sigʻmagan va yuksaklikka intiluvchi obrazni Imomov siymosida gavdalantiradi. Imomov oʻzi orzu qilgan hayot aslida xotiraga aylanganligini, vaqtni qaytarib boʻlmasligini kechikib boʻlsa-da anglab yetadi.

Yozuvchining yana bir hikoyasi “Piyoda”da esa boshqacha, yaʼni yuqoridagi hikoyalarga nisbatan teskari holatni kuzatamiz. Hikoya qahramoni Berdiboyning orzulari Imomovnikiga oʻxshamaydi. U shaharsevar emas, u yerga intilmaydi, balki shaharga oʻqishga ketayotgan singlisi Gulsanamni ham qishloqda qolishini istaydi. Berdiboy oʻjar, qaysar obraz. U dilidagini shartta aytadi, nutqida kinoya, piching, kesatiq yaqqol koʻrinadi. Erkin Aʼzam uslubiga xos kinoya hikoyaning taʼsirchanlik kuchini oshirgan. Aslida Berdiboy tilidagi piching, kinoya uning botinida joʻsh urgan isyon, noroziligining fitratida namoyon boʻlishidir.

Berdiboy jamiyatdagi yangilanishlarni, odamlardagi oʻzgarishlarni qabul qila olmaydi. Ayniqsa, qizlarning “ochiq-sochiq” kiyinishi, velosiped minishi va hokazo. Bularning bariga elektrni, televizorni ayblaydi. Aslida esa jamiyat muttasil rivojlana borishi, odamlar ongida oʻzgarishlar boʻlishini bilsa-da, tan olgisi kelmaydi. Uning orzulari, asl niyati nima edi? Bunga hikoyadagi mana bu parchadan javob topamiz: “Berdiboy goho oʻzicha orzu qilardi: qani edi, aka-ukalar barimiz bir joyda, masalan deylik momamning bogʻida – dashtda yashasak, bir qoʻra, bir qoʻrgʻon boʻlib! Topgan-tutganimizni kechqurun bir qozonga solsak, birga yesak, birga tursak! Mayli, boboy yotsa yotaversin bizning davrimizda davron surib – yangi kitobini oʻqiydimi, eski kitobini oʻqiydimi, oʻzi biladi. Ota boʻlib boshimizga tursa, dasturxonimizning toʻrini toʻldirib oʻtirsa – kifoya, shuni oʻzi katta davlat bizga. Apam, xayr, chidar uch-toʻrt kun, nima momamni bogʻlab beribdimi bu dunyoga, oʻzining ham oldingi shashti yoʻq… Singillar ham shu yaqin-arof xesh-hamsoyaga uzatilgan boʻlsa – issiq-sovugʻi yaxshi-yomon kun degan gaplar bor. Oʻ, qani bunday boʻlsa! Ana oʻshanda mehr-oqibat ham, ogʻa-inichilig-u ota-bolalik deganlari ham boshqacha boʻlardi”.[5]

Jamiyat bir joyda toʻxtab qolmaydi, u doim harakatda. Ayniqsa, XX asr fan va texnika asri sifatida tarixda qoldi. Bu asrda misli koʻrilmagan kashfiyotlar boʻldi, insoniyat kosmosga chiqdi. Ikkita jahon urushi esa asrning eng katta jarohatlaridan boʻlib qoldi. Bular, albatta, odamlar ongida, dunyoqarashida oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Adabiyot esa odamlar qalbida, ruhida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlarni aks ettirdi.

“Piyoda”da Berdiboy davrga moslasha olmayotgan obraz sifatida namoyon boʻladi. Garchi qilayotgan harakatlari naf bermasa-da, oʻjarligi, qaysarligi sabab yengilgisi kelmaydi.

Berdiboy oʻz orzularining amalga oshishiga toʻsqinlik qiluvi sabab televizorni, uni ilk bor qishloqqa olib kelgan Rajab bodi deb biladi. Goʻyoki odamlar yangiliklarni televizorda koʻrgan, ularni ongi “buzilgan”.

Berdiboyning ukasi Muzaffar shaharda yashaydi. U singlisi Gulsanamni ham shaharda oʻqib qolib ketishini istamaydi. Bunga oʻz noroziligini bildiradi. Lekin uning oʻjarligi-yu noroziligi hech narsani oʻzgartirmaydi, ota-onasi bilan arazlashib: “endi yelkamning chuquri koʻrsin uyingizni!” deyishi bilan tugaydi.

Berdiboyga haqiqiy taʼrifni uning singlisi Gulsanam beradi: “ – Siz, aytaymi… – dedi u Berdiboyga chaqchayib qarab, – oʻtgan asrdan qolgan odamsiz, akajon!”[6]

Yozuvchi bu obraz orqali jamiyatdan, hayotdan orqada qolayotgan, kechikayotgan odam timsolini gavdalantirgan.

Erkin Aʼzam qissa janrida sermahsul ijodkorlardan sanaladi. “Otoyining tugʻilgan yili”, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar”, “Shoirning toʻyi”, “Pakananing oshiq koʻngli”, “Guli-guli” singari asarlari fikrimizning isboti boʻla oladi.

“Javob”da 80-yillar ziyoli qatlamning dunyoqarashidagi oʻzgarishlar qalamga olingan. Adib voqelikni retrospektiv syujet usulida, yaʼni kasalxonada yotgan Nuriddin Elchiyevning bosib oʻtgan hayot yoʻli sarhisobini xayol prizmasidan oʻtkazish yoʻli orqali aks ettiradi. Umuman olganda, Elchiyev adabiyotshunosligimizda eng koʻp oʻrganilgan obrazlardan biri. Masalan, Mashhura Sheraliyeva adib asarlaridagi kinoyani tadqiq qilar ekan, Elchiyev obraziga alohida toʻxtaladi[7]. Marhabo Qoʻchqorova ham uni kinoyaviy obraz sifatida oʻrganadi.[8]

Asarda Elchiyev tabiatidagi kamtarinlik, xokisorlik uning “fojia”siga sabab boʻlganligi koʻrsatiladi. Aslida kamtarinlik, birovni hojatini chiqarish ijobiy xislat. Lekin haddan oshiq kamtarinlik, boʻsh bayovlik ham insonni kulfatlarga duchor qilar ekan. Asar davomida Elchiyevning ikki marta kasalxonaga tushishi tasvirlanadi. Birinchisi, doʻkonda mineral suv narxi ustida tortishib qolib bezorilar tomonidan doʻpposlanadi. Shu voqea sabab hayotida koʻp oʻzgarishlar boʻladi. Atrofidagilarning hamdardlik bildirishi haqoratdek tuyuladi. Oʻzini xoʻrlangandek his qiladi (Unga boshqa narsa alam qiladi: yuragi abgor boʻldi, yuragi! Zolimlik, zoʻravonlik, haqorat ezdi uni. Endi odamlardan, xotini, bolalaridan uyaladi u, mudom xijolatda yuradi!) [9].

Elchiyevning boshiga tushgan bu “fojia” sabab nafaqat hayotida, balki ichki dunyosida ham oʻzgarishlar yuz beradi. Ishxonadagi munosabatlar, hamdardlik bildirishlar, boshligʻi Nodir Fayzullayevich va doʻsti Haydar Samadov bilan uchrashuv, qizi Jasuraning taqdiri, oʻgʻli Kamoliddin bilan sodir boʻlgan voqealar jamlanib uning botinida joʻsh urdi. Bularning bari Elchiyevni gangitib qoʻyadi.

Elchiyevning aynan tugʻilgan kuni ziyofatida oʻz joniga qasd qilishiga ham ramziy maʼno yuklatilgan. Yaʼni, bu bilan yozuvchi avvalgi Elchiyevni jisman emas, maʼnan “oʻldirib”, yangidan “tugʻilgan” Elchiyevni aks ettirgan, desak xato boʻlmaydi.

Asarning kompozitsiyasi murakkab. Yozuvchi syujetda orqaga qaytib hikoya qilish, vaqtincha sir tutish usulidan foydalangan. “Javob”da psixologik tasvirga keng oʻrin berilgan. Bu, ayniqsa, Elchiyevning qalb kechinmalari, ruhiyatidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq oʻrinlarda koʻrinadi. Shuningdek, asarda xotirlash, xayoliy suhbat usulidan ham ustalik bilan foydalanilgan. Bu Elchiyevning doʻsti Haydar Samadovich, akasi Najmiddin bilan bogʻliq tasvirlarda oʻz ifodasini topgan. Asosiy voqelik Elchiyevning birinchi va ikkinchi marta kasalxonaga tushishi oraligʻida kechadi. Yozuvchi mana shu davrdagi Elchiyevning ichki va tashqi olamini tasvirlaydi.

Kasalxonada yotgan Elchiyev oʻz umrini sarhisob qilib, xulosalar chiqaradi: “Elchiyevning tagʻin bir xulosasi shu boʻldiki, hayot deganlari savollardan iborat ekan; odamzodning burchi, aʼmoli – ana shu savollarga munosib javob qaytarmoq, har biriga oʻz vaqtida, baqadri imkon munosabat bildirmoqdir. Zero, ertangi kuni, taqdiri shunga bogʻliq. Aks holda, Elchiyevning vaziyatiga tushib qolishi hech gap emas. U tutgan yoʻl esa eng oson, nochor yoʻl… javob boʻlolmas ekan![10]

Qissa qahramoni Elchiyev oʻz xatolarini boshiga kulfat tushgandan keyin kech anglab yetadi. Shunday xulosaga kelish mumkinki, Elchiyev oʻz xatolarini kechikib anglab yetgan, yaʼni oʻz davridan kechikayotgan odam obrazidir.

“Bayramdan boshqa kunlar” qissasi adib ijodida muhim oʻrin tutadi. Adib ijodi tadrijini kuzatsak, ijodining ilk pallasida yaratgan hikoyalari aksariyatida qishloq odamlari, ularning oʻy-xayollari, orzu-armonlari tasviriga duch kelamiz. Bu tabiiy, albatta. Chunki, adib oʻzi tugʻilib oʻsgan muhit, oʻzi bilgan odamlar obrazini yaratadi. Qissalarida esa shahar hayoti tasviriga duch kelamiz, yaʼni endi asar qahramonlari shahar odamlari. “Otoyining tugʻilgan yili”da shaharda tahsil olayotgan talaba (Asqar), “Javob”da shaharda yashab qolgan ziyoli (Elchiyev) obrazlarini tasvirlagan adib, “Bayramdan boshqa kunlar”da shaharlik haydovchi yigit (Bakir)ni asar qahramoniga aylantiradi. “Bayramdan boshqa kunlar” qissasida shahar hayoti, odamlarning turmush tarzi tasvirlanadi. Bolaligida uchuvchi boʻlishni orzu qilgan Bakir onasining qarshiligi sabab bu maqsadiga erisha olmaydi. Oxir-oqibat haydovchilik qiladi. Shaharlik sanʼatshunos Bargidani sevib qoladi va unga uylanadi. Bargidalar oilasida har kuni bayram, ayshu ishrat. Bakir bu oilaga oʻzi istamay tushib qoladi, shu muhitda yashaydi. Bu muhit hayoti bir xilda kechadi, har kuni kimningdir tugʻilgan kuni, biron munosabat bilan bayram.

Barno, Bargida, Basira, Safura, Chinnibek, Ukkiboyev, Mimo Afroʻza Kamolovna, Misha togʻa kabilar dunyosiga tushib qolgan Bakir oʻzini oʻzga sayyorada yurgandek his qiladi. Bu “jamiyat” aʼzolarini kuzatadi. Bakir bu “jamiyat” aʼzolari oldida qarzdor. Ishidagi “ishkal”i uchun bojasidan qarz oladi, uning yordamiga tayanadi. Qolaversa, xotini Bargidaning dugonasi tortiq qilgan uyda yashaydi. Ana shu qarzdorlik hissi uni bu oila “aʼzosi”ga aylantiradi. Lekin Ukkiboyev va bojasi Chinnibek tomonidan aldangan Bakir aldovlar dunyosida yashayotganini kech anglab yetadi.

Boʻynidagi qarzdorlikdan xalos boʻlgan Bakir goʻyo oʻzini qayta tugʻilgandek his qiladi. Yoʻlovchilarga bugun mening tugʻilgan kunim deb aytar ekan, aldovlar dunyosidan qutulganim, qayta dunyoga kelganim, “ozod” boʻlganim degan mazmunni yozuvchi ramziy maʼnoda beradi.

Yozuvchi Bargida va uning oilasi timsolida shahar hayoti, odamlari ichki va tashqi dunyosini ochib beradi. Gʻarbona madaniyat, ona tilining boshqa tillar bilan qorishuvi, urf-odat va qadriyatlar, mehr-oqibat tobora yoʻqolib borayotganligini adib bu “jamiyat” aʼzolari timsolida koʻrsatadi. Asardan shoʻrolar tuzumi, siyosati xalqni qanday “fojia”larga duchor qilganligini anglab olish qiyin emas. Butun millat esa goʻyo Bakirga oʻxshab butun umri aldovlarda oʻtayotganini Erkin Aʼzam mazkur qissada tasvirlagan.

Keyingi yillarda, aniqrogʻi mustaqillik yillaridan soʻng Erkin Aʼzam dramaturgiya janrida ham faol ijod qildi. “Jannat oʻzi qaydadir”, “Shajara” singari dramalari, “Piyoda”, “Suv yoqalab”, “Zabarjad”, “Qarzdor”, “Farishta” kabi kinoqissalari bu janrning yetuk namunalari sanaladi. Adib dramalarida ham hikoya va qissalari singari odamlarning dardu dunyosi, orzu-armonlari, oʻy-xayollari, tashvishlari qalamga olinadi.

Erkin Aʼzamning “Jannat oʻzi qaydadir” dramasida Domla va uning fojiasi ochib berilgan. Domla markschi olim, butun umr soxta gʻoyalarga ishonib, shuni orqasidan olimlikka erishgan. Xotini Xonim (Bibirobiya) esa yangi davrda biznesmenga aylanib qolgan fan nomzodi. Farzandlari Klara (Komilaxon), Melis (Melivoy). Domla yangi davrga moslasha olmayotgan, oʻtgan davr odami. Bu oila timsolida adib shoʻro davri “asoratlar”ini koʻrsatadi. Farzandlarining ismi, tili va yurish-turishida shoʻrocha tarbiya alomatlari yaqqol koʻzga tashlanadi. Domla (Joʻraqul) Mustafoqulovga oʻxshab bir dumalab bu davrga moslashib ololmadi, eʼtiqodi yoʻl qoʻymadi. Domlaga xotini Xonim eng toʻgʻri bahoni beradi: “Sizning davringiz oʻtdi endi, domla![11]

Xonim boshchiligida oila “jannat qidirib” Amerikaga koʻchib ketmoqchi boʻlganida, Domla ota yurti Jiydalini ziyorat qilish bahonasida u yerga ketib qaytib kelmaydi, xotiniga xat qoldirib ketadi. Bu xat – vasiyatnomada Domlaning iqrorlari bayon etilgan. Adib bu xat orqali Domlaning koʻngil tubidagi gaplarini, xatolarini keltiradi: “… Men bu gaplarni senga koʻpdan beri aytolmay kelardim. Jiydaliga joʻnashdan oldin xat qilib yozishni maʼqul bildim. Xotin! Men sening oldingda, farzandlarimning oldida behad aybdorman. Oʻylab koʻrsam, umrim xatolarga toʻla ekan. Shu xatolar… oʻchirilgan… adashuvlar orqasida, bilib-bilmay, sizlarning ham hayotingizni barbod qilibman…” [12]

Asarda oʻtish davri odamlarining dunyosi jonli tarzda ochib berilgan. Pul, mol-davlat, hashamga oʻchlik oqibatida oʻzga yurtlardagi jannatni orzu qilib oʻz yurtini tashlab ketayotgan insonlar fojiasi mazkur dramada bir qator obrazlar misolida tasvirlangan.

Domla oʻzi eʼtiqod qilib kelgan aqidalar, butun umrini sarflab qilgan ilmu amallari sarob ekanligini, davri oʻtganligini anglab yetadi. Qayta yashashga imkon yoʻqligini, endi bariga kech ekanligini yozuvchi ishonarli koʻrsatgan. Domla kechikkan avlodning yaqqol timsolidir.

“Suv yoqalab” nomli kinoqissasi ekranlashtirilgach bir qator xalqaro kinotanlovlarning bosh mukofotini qoʻlga kiritgani bejiz emas. Asar qahramoni Bolta Mardon bir vaqtlar rais boʻlgan. Ikkita oʻgʻlini yoniga olib, hovlisiga suv keltirish maqsadida ariq yoqalab yoʻlga chiqadi. Yoʻl-yoʻlakay bir necha xonadonga kiradi. Odamlarga raisning suv yoqalashi erish tuyuladi, uning davri oʻtganini takror va takror aytishadi (“Siyosat qiladimi, qilmaydimi, davri oʻtdi-da endi”, “Bolta Mardonning davri oʻtgan!”, “Oʻ-oʻ rais, kattaligingni boshqaga qilasan, xoʻpmi? Davring oʻtdi sening!”)

Bolta Mardon suv yoqalash asnosida qishloqdoshlarining tashvishlari, turmush tarzini koʻradi, oʻrni kelsa kimgadir maslahat, kimgadir tanbeh beradi. Qishloqdoshi Omonboyning taʼziyasiga kirib farzandidan koʻngil soʻraydi. Qizi Zulfiya xonadoniga kirar ekan, taqdiriga achinadi. Qizi otasiga turmushidan nolimaydi, barcha iztiroblarini yashiradi. Lekin ota dorixonaga borib, puli yoʻqligidan dorini ololmagan qiziga ich-ichidan achinadi. Bu holat asarning eng taʼsirchan chiqqan lavhalaridan.

Suv yoqalab kelar ekan Bolta Mardon gʻaribroq beva ayol Sharofatning hovlisiga kiradi. Hovliga kirar ekan u yerdagi tut daraxtiga koʻzi tushadi ( – Yo tavba-a!.. – deydi yoqasini ochib tuflab qoʻyarkan. – Bu ne sinoat boʻldi ekan? Xuddi kecha tushimga kirganining oʻzginasi-ya!..[13]).

Tushida koʻrgan tutni aslida bir vaqtlar koʻngil qoʻygan, lekin yetisha olmagan Sharofatning hovlisida koʻrishida ramziylikni koʻramiz. Tut aslida koʻngilning timsoli. Bu hovlidan chiqar ekan kenja oʻgʻli Botirga shunday deydi: “ – Botir, gap bunday: shu, ammangning qiziga koʻngling boʻlmasa, ochiq aytaver, toʻy qoladi. Biron karmi, koʻrmi topilar ungayam. Koʻnglingga qara, bolam! Lekin uylansang, shunday birovini topib xotin qilginki, sira-sira joningga tegmasin! Necha yil oʻtsa ham! Bunisi har kimgayam nasib etavermaydi, albatta. Boʻlmasa, bu savdo – bir umrlik azob. Shu gapim esingizdan chiqmasin, Botirboy!”[14].

Bolta Mardon suv yoqalash bahonasida oʻgʻliga qishloqdoshlarini tanishtiradi, qaqragan hovlilarga suv beradi, odamlarning turmush, yashash tarzini oʻz koʻzi bilan koʻradi. Aslida suv asar qahramonining bosib oʻtgan umri timsolidir ( – Umr deganlari – huv ariqdagi suvday gap. Oʻtadi – ketadi [15]).

Bolta Mardon davri oʻtgan, oʻz sevganiga erisholmagan obraz. “Suv yoqalab” asarida yozuvchi koʻngilni tut, umrni esa suv timsollari orqali tasvirlaydi. Umri poyonida sevgisi armon boʻlib qolganligini, endi kech ekanligini anglab yetadi. Farzandi bu xatoni takrorlamasligi uchun unga koʻngliga quloq solishini aytadi. Umuman olganda, Bolta Mardon adabiyotimizda oʻziga xos obrazning namunasi boʻlib qoldi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam ijodida obrazlar tabiati xilma-xil. Uni turli rakurslarda oʻrganish mumkin. Bu jihatdan adibning asarlari boy material boʻla oladi.

 

REZYUMYe

 

Mazkur maqolada taniqli adib Erkin Aʼzam ijodidagi kechikayotgan odamlar obrazi haqida soʻz boradi. Uning “Bahor”, “Bahorni quvib”, “Piyoda” hikoyalari, “Javob”, “Bayramdan boshqa kunlar” qissalari, “Jannat oʻzi qaydadir” dramasi, “Suv yoqalab” kinoqissasi tahlilga tortildi.

 

V dannoy statye avtor, rassujdaya o tvorchestve izvestnogo pisatelya Erkina Agzama, analiziruyet yego rasskaziʼ “Bahor” (“Vesna”), “Bahorni quvib”, (“Pogonya za vesnoy”), “Piyoda” (“Peshiy”), povesti “Javob” (“Otvet”), “Bayramdan boshqa kunlar” (“Posleprazdnichniʼe dni”), dramiʼ “Jannat oʻzi qaydadir?” (“Gde je ray?”), kinopovesti “Suv yoqalab” (“Vdol reki”), gde v sentre povestvovaniya stoit obraz “opazdiʼvayushʼego” cheloveka.

 

In this article the author, speaking of the work of the famous writer Erkin Agzam, analyzes his stories “Bahor” (“Spring”), “Bahorni kuvib” (“Chasing Spring”), “Piyoda” (“Pedestrian”), the story “Javob” (“Response”), “Bayramdan boshqa kunlar” (“Post-holiday days”), the drama “Jannat uzi kaydadir?” (“Where is paradise?”), this tale “Suv yoqalab” (“Along the river”) where the center narrative is the image of “late” man.

 

Obid ShOFIYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–8

 


[1] Erkin Aʼzamov. Bahor. Olam yam-yashil (hikoyalar). – T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1984. 87-88-b.

[2] Oʻsha joy. 88-b.

[3] Oʻsha joy. 104-b.

[4] Oʻsha joy. 104-b.

[5] Erkin A’zam. Piyoda. Ertak bilan xayrlashuv (qissalar va hikoyalar). – T.: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2007, 110-b.

[6] Oʻsha joy, 105-b.

[7] M.Sheraliyeva. Nasrda lirizm va kinoya / Boburning andishasi. –T.: Turon zamin ziyo, 2015. 25-34-b. 

[8] M.Qoʻchqorova. Erkin Aʼzam nasri va kinoyaviy badiiy shartlilik / Erkin Aʼzam badiiy olami (ilmiy maqolalar va suhbatlar toʻplami). – T.: Turon zamin ziyo, 2014. 91-99-b.

[9] Erkin Aʼzam. Javob. Kechikayotgan odam: Qissalar. – T.: “Sharq”, 2002. 85-b.

[10] Oʻsha joy. 153-b.

[11] Erkin Aʼzam. Jannat oʻzi qaydadir: Hikoyalar, kinoqissalar, dramatik asar va publitsistik miniatyuralar. – T.: “Sharq”, 2007. -B. 162. 

[12] Oʻsha joy. 210-b. 

[13] Oʻsha joy. 85-b.

[14] Oʻsha joy. 87-b. 

[15] Oʻsha joy. 77-b. 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.