Kalta aql katta haqiqatlarni ilgʻamaydi

0
116
marta koʻrilgan.

Haqiqatning tabiati achchiq, yolgʻonniki esa shirin boʻlarkan. Inson vujudida paydo boʻladigan koʻz ilgʻamas ayrim mayda zararkunandalardan badanni tozalash uchun tabiblar oʻsimlik, hayvon va boshqa moddalar zahridan foydalanib keladi.

Son-sanoqsiz shirin narsalar turganda zaharning insonga malham boʻlishi juda ajablanarli-da.

Shifobaxsh neʼmatlar orasida eng koʻp naf keltiradigani asal sanaladi. Toza asal isteʼmol qilinganda tanada chiqit hosil qilmaydi va toʻligʻicha qonga soʻriladi. U qon tarkibidagi zararli hujayralarni oʻldirib, qonni tozalash xususiyatiga ega. Chunki uning tarkibida tabiiy va bezarar zahar bor. Asal sogʻlom va tana uchun zarur boʻlgan hujayralarga quvvat beradi. Uning tarkibidagi zahar zararli hujayralarni oʻldiradi. Asalning shifobaxshligi shunda. Bu – chinakam moʻjiza!

Keyingi vaqtlarda sunʼiy asal tayyorlash avj oldi. Bunday mahsulot bugun hatto sanoatda ham ishlab chiqarilyapti. Lekin uning malham boʻluvchi xossasi yoʻq. Chunki ham oʻldiruvchi, ham tiriltiruvchi qudratni bir joyga jamlash odamzodning qoʻlidan kelmaydi.

Aslida, har bir narsada mana shunday nozik muvozanat bor. Bunday meʼyorni faqat nazari oʻtkir, zakiy va buyuk insonlargina payqay oladi. Manfiy va musbat zarralarning bir tekis va tartibli harakatlanishidan elektr quvvati hosil boʻladi. Faqat manfiy yoki faqat musbat zarraning oʻzi hech narsaga yaroqli emas. Inson oʻzining har bir xatti-harakatini ana shunday muvozanat bilan adolat tarozisiga qoʻya olishi kerak. Bundan boshqa harakatlar insoniylikka zid keladi. Birovga baho berishda uni adolat tarozisida torta olsak, nuqson va fazilatlari ayon boʻladi. Ulardan faqat bittasini koʻrish adolatsizlikdan boshqa narsa emas.

Biz nazarimizni hamisha yutuqlarimizga tikamiz. Kamchiliklarimizni esa nazarga ilmaymiz. Natijada, adolatsizlikka yoʻl qoʻyamiz. Mana shu adolatsizlik tabiatimizdagi mezon va meʼyorni buzib qoʻyadi. Keyin biz nafaqat oʻzimizga, balki hech kim va hech narsaga odil baho bera olmaymiz.

Menimcha, biz buyuk deb biladiganlarimiz oʻz tabiatida ana shu meʼyorni mustahkam ushlay bilgan kishilardir. Alisher Navoiy esa butun hayotini shu adolat mezoni asosiga qura bilgan buyuklikning yorqin namunasi. Bunga buyuk mutafakkir ijodining har bir satrida qayta-qayta amin boʻlamiz. Ayniqsa, “Xamsa” tarkibiga kiruvchi “Hayratul abror” dostonida insonga chinakam inson deb qarash uchun u qanday fazilat va xususiyatlarga ega boʻlishi zarurligi haqida bahs yuritiladi.

Fikr misol va qiyos yordamida yaxshiroq anglashiladi.

Tushsa xazaf ostigʻa raxshon guhar

Qayda guhar qadrigʻa andin zarar.

Oddiy sopolning ostiga tushib qolish qimmatbaho va yarqiroq gavharning qadriga zarar yetkaza olmaydi. Oʻz navbatida, gavhardan yuqorida turish sopolning ham qiymatini oshirmaydi.

Xom sut emgan banda baʼzan dunyoni oʻz qarichi bilan oʻlchamoqchi boʻlib, notoʻgʻri xulosalarga keladi. Yolgʻon hukm chiqaradi va oʻz yolgʻonlariga oʻzi aldanib yashaydi. Yolgʻon shuki, oʻzini va oʻzgalarni notoʻgʻri baholaydi. Koʻzimni yumsam, butun dunyo zulmatda qoladi, deb xayol qiluvchilar ham yoʻq emas. Lekin kimningdir koʻz yumishi dunyoga zarar keltira olmaydi.

Baʼzi bir narsalardan koʻz yumish insonning oʻziga zarar yetkazishi mumkin. Ayrim insonlar yumiq koʻz bilan koʻrgan haqiqatni baʼzilar ochiq koʻz bilan ham koʻra olmaydi.

Koʻrolmaslik – eng xatarli illat. Lekin oʻzi haqida xolis hukm chiqarolmagan kimsa uning illatligini ham anglay olmaydi. Oqibatda unga fazilatlar illat, illatlar fazilat boʻlib tuyulaveradi. Masalan, tosh bilan billurni urib sindirish toshning qiymatini oshirmagani kabi billurning qadrini ham tushirmaydi. Qimmatbaho ashyoni sindirib, chilparchin qilish aslida toshning zoʻrligidan emas, toshni ushlagan qoʻl egasining gʻoʻrligidan. Faqatgina tashqi belgilarga qarab hukm chiqarish toʻgʻri boʻlganida uloqcha moʻysafid sanalgan boʻlardi. Lekin har bir ashyoning koʻringanidan boshqa yana minglab xususiyati bor. Bu xususiyatlar faqatgina shaklga emas, maʼnoga ham daxldor. Nazar solganda ana oʻshalarni ham koʻra oladigan koʻz kerak.

Ummonning suvini hovuchlab oʻlchab boʻlmaganidek, baʼzi hodisalarga baho berishda bizning kalta aqlimiz yetmasligi haq. Oʻz aqlining kaltaligini his qila olish eng katta donishmandlik aslida. Gʻilay koʻz bilan moʻljalni toʻgʻri nishonga olib boʻlmagani kabi kalta aql katta haqiqatlarni ilgʻashga har gal noqislik qilaveradi.

Har bir inson oʻsib, rivojlanishga harakat qiladi. Yuksalishga intiladi. Kamol topish ilinjida taraqqiyotga talpinib yashaydi. Barcha tirik mavjudotning hayot nizomi shunday. Yuksalish uchun esa, avvalo, ildiz baquvvat boʻlishi zarur. Yuksak narsalar jonzotni yuqoriga, yuksalishga chorlaydi. Tuban narsalar pastkashlikka giriftor qiladi. Haqiqat – yuksak tushuncha. Unga yetishish uchun maʼlum bir yuksakliklarga koʻtarila bilmoq, taraqqiy etmoq, maʼnan yuksalmoq kerak. Shuning uchun ham u pastkash kimsaning qalbiga jo boʻlmaydi. Bir-biriga zid mizojli narsalar inson oshqozonida birlashsa, muammo paydo qilib, kasallik yuzaga keladi, badanni tansihatlikda saqlab turgan tizim izdan chiqadi. Kimsa tubanlikni tark etmaguncha haqiqatni idrok eta olmaydi. Tuban holida haqiqat unga naf bermaydi, bilaks, zarar keltiradi.

Gulgaki yuz husnu latofat durur,

Atri jual jonigʻa ofat durur.

Gulning husnu latofati hammani oʻziga oshufta qiladi. Uning hididan barcha huzur topadi. Lekin bu muattar boʻy jual – goʻngqoʻngʻiz uchun ofatdir. Chunki u doimo sassiq joylarda yashaydi. Oʻsha badboʻylik uning hayot madoriga aylanib qolgan. U tiriklikni badboʻysiz tasavvur qilolmaydi. Gulning xush atri uni oʻzi oʻrgangan badboʻyidan mosuvo qiladi.

Hayot ravishi haqiqatga asoslanmagan kimsa ham xuddi shunday. Haqdan, haqiqatdan, yaxshilikdan bahra topolmaydi. Unga oʻz chirkin olami maʼqul. U hamma huzur-halovatni oʻsha chirkinlikda deb biladi. Oʻshandan boshqa narsani qabul qila olmaydi. Bu ham mayli, lekin u hammani xuddi oʻzidek boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. Xuddi goʻngqoʻngʻiz hamma goʻngda yashashi kerak deb bilgani kabi. Uning uchun boshqa haqiqat yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas. Unda haqiqatni koʻra olmaslik illati yetakchilik qiladi. Shundan soʻng fikr-xayoli, dunyoqarashi buzilgan (fosid) kimsa oʻzidan boshqacha fikrlaydiganlarga hasad qiluvchi (hosid)ga aylanadi:

Ulki xayoli bori fosid durur,

Borcha saloh ahligʻa hosid durur.

Insonning barcha xatti-harakatlarida qalb va niyat eng asosiy narsa. Xayol buzilsa, niyat barbod boʻladi. Niyatning manzili – qalb. Buzuq xayol niyatni, niyat esa qalbdagi boshqa javohirlarni, bora-bora qalbning oʻzini ham izdan chiqaradi. Bunday qalb egasi endi yaxshi ishlardan xursand boʻlmaydi, yaxshilik sohiblariga havas bilan boqolmaydi. Faqatgina hasad qiladi. Yaxshilik qilish qoʻlidan kelmaydi, yaxshilik qilayotganlarga esa hasad qiladi. Yaʼni, u butkul koʻrolmaslik kasaliga giriftor boʻladi.

Jahondagi barcha mojarolarning ildizi haqiqatni koʻrolmaslikdan. Kaltabinlik faqat insonga xos illat. Bunchalik boʻlish boshqa mavjudotning qoʻlidan kelmaydi. Oʻz qilmishini haq sanagan kimsalar bugun butun dunyoda qancha-qancha odamning yostigʻini quritayotgani bor gap. Navoiy taʼbiricha, ular “dun xalqi”, yaʼni pastkash, razil va tuban olomon. “Dunyo” soʻzining oʻzagi ham ayni shu “dun” kalimasidir. Uch-toʻrt soʻm pul, molu davlat yoki oʻtkinchi mansab-martaba uchun haqiqatdan yuz oʻgirib, boshqalarga nohaqlik qiluvchi pastkash va razil kimsalarni dunyoga berilgan – tubanlashib ketganlar deb hisoblashgan.

Qilayotgan ishining avvalu oxirini fahmlayolmaydigan, oq bilan qorani, yaxshi bilan yomonni, haq bilan botilni ajratolmaydigan, qisqacha aytganda, burnidan narini koʻrolmaydigan kimsalar – dun xalqi.

Mehrki ravshanliq etar fosh ani,

Kimga gunah koʻrmasa xuffosh ani.

Yorugʻlik (ravshanliq) butun olamga quyosh (mehr) borligini bildirib turadi. Lekin koʻrshapalak (xuffosh)ning quyoshni koʻra olmasligi quyosh yoʻqligiga dalil boʻla olmaydi.

Koʻrmaslik ayb emas, koʻrolmaslik ayb. Shuning uchun ham quyoshni koʻrmagan koʻrshapalak aybdor emas. Chunki uning koʻzlari quyoshni koʻrishga moslashmagan. Koʻrolmaslik koʻzi bor jonzotlar uchun ayb va gunoh. Biz oʻzimizdagi nuqsonni koʻrmasdan nuqul oʻzgalarni ayblasak, bu boshqalarning emas, oʻzimizning aybimiz. Chunki bu aybimiz boshqalardan xoli boʻlib, yolgʻiz qolganimizda ham bizga zarar keltiraveradi. Boshqalarning fazilatini ayb sifatida koʻrish esa koʻrolmaslikdir. Qalbida koʻrolmaslik illati bor kimsa quyosh kabi eng katta va yorqin narsani ham koʻrolmaydi. Biz oʻz nuqsonimizni ayon koʻra bilsagu uni yoʻqotishga kirishsak, fazilatlarimizdan magʻrurlanib, kibrga ketib qolmasak, botinimizdagi adolat tarozisini mustahkam tuta olgan boʻlamiz.

Biz bugun oʻz xato-kamchiligimizni his qila olsak, uni tuzatish yoʻlini tutsak, buyuk ajdodlarimiz merosiga, xususan, Navoiy dahosiga ehtiyoj sezamiz. Ehtiyoj boʻlsagina Navoiyga murojaat qilamiz va uni tushunishga urinib koʻramiz. Astoydil qilingan harakat esa hech qachon bekor ketmaydi.

 

Gʻulomjon BOBOJONOV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.