Kalta aql katta haqiqatlarni ilg‘amaydi

0
67
marta ko‘rilgan.

Haqiqatning tabiati achchiq, yolg‘onniki esa shirin bo‘larkan. Inson vujudida paydo bo‘ladigan ko‘z ilg‘amas ayrim mayda zararkunandalardan badanni tozalash uchun tabiblar o‘simlik, hayvon va boshqa moddalar zahridan foydalanib keladi.

Son-sanoqsiz shirin narsalar turganda zaharning insonga malham bo‘lishi juda ajablanarli-da.

Shifobaxsh ne’matlar orasida eng ko‘p naf keltiradigani asal sanaladi. Toza asal iste’mol qilinganda tanada chiqit hosil qilmaydi va to‘lig‘icha qonga so‘riladi. U qon tarkibidagi zararli hujayralarni o‘ldirib, qonni tozalash xususiyatiga ega. Chunki uning tarkibida tabiiy va bezarar zahar bor. Asal sog‘lom va tana uchun zarur bo‘lgan hujayralarga quvvat beradi. Uning tarkibidagi zahar zararli hujayralarni o‘ldiradi. Asalning shifobaxshligi shunda. Bu – chinakam mo‘jiza!

Keyingi vaqtlarda sun’iy asal tayyorlash avj oldi. Bunday mahsulot bugun hatto sanoatda ham ishlab chiqarilyapti. Lekin uning malham bo‘luvchi xossasi yo‘q. Chunki ham o‘ldiruvchi, ham tiriltiruvchi qudratni bir joyga jamlash odamzodning qo‘lidan kelmaydi.

Aslida, har bir narsada mana shunday nozik muvozanat bor. Bunday me’yorni faqat nazari o‘tkir, zakiy va buyuk insonlargina payqay oladi. Manfiy va musbat zarralarning bir tekis va tartibli harakatlanishidan elektr quvvati hosil bo‘ladi. Faqat manfiy yoki faqat musbat zarraning o‘zi hech narsaga yaroqli emas. Inson o‘zining har bir xatti-harakatini ana shunday muvozanat bilan adolat tarozisiga qo‘ya olishi kerak. Bundan boshqa harakatlar insoniylikka zid keladi. Birovga baho berishda uni adolat tarozisida torta olsak, nuqson va fazilatlari ayon bo‘ladi. Ulardan faqat bittasini ko‘rish adolatsizlikdan boshqa narsa emas.

Biz nazarimizni hamisha yutuqlarimizga tikamiz. Kamchiliklarimizni esa nazarga ilmaymiz. Natijada, adolatsizlikka yo‘l qo‘yamiz. Mana shu adolatsizlik tabiatimizdagi mezon va me’yorni buzib qo‘yadi. Keyin biz nafaqat o‘zimizga, balki hech kim va hech narsaga odil baho bera olmaymiz.

Menimcha, biz buyuk deb biladiganlarimiz o‘z tabiatida ana shu me’yorni mustahkam ushlay bilgan kishilardir. Alisher Navoiy esa butun hayotini shu adolat mezoni asosiga qura bilgan buyuklikning yorqin namunasi. Bunga buyuk mutafakkir ijodining har bir satrida qayta-qayta amin bo‘lamiz. Ayniqsa, “Xamsa” tarkibiga kiruvchi “Hayratul abror” dostonida insonga chinakam inson deb qarash uchun u qanday fazilat va xususiyatlarga ega bo‘lishi zarurligi haqida bahs yuritiladi.

Fikr misol va qiyos yordamida yaxshiroq anglashiladi.

Tushsa xazaf ostig‘a raxshon guhar

Qayda guhar qadrig‘a andin zarar.

Oddiy sopolning ostiga tushib qolish qimmatbaho va yarqiroq gavharning qadriga zarar yetkaza olmaydi. O‘z navbatida, gavhardan yuqorida turish sopolning ham qiymatini oshirmaydi.

Xom sut emgan banda ba’zan dunyoni o‘z qarichi bilan o‘lchamoqchi bo‘lib, noto‘g‘ri xulosalarga keladi. Yolg‘on hukm chiqaradi va o‘z yolg‘onlariga o‘zi aldanib yashaydi. Yolg‘on shuki, o‘zini va o‘zgalarni noto‘g‘ri baholaydi. Ko‘zimni yumsam, butun dunyo zulmatda qoladi, deb xayol qiluvchilar ham yo‘q emas. Lekin kimningdir ko‘z yumishi dunyoga zarar keltira olmaydi.

Ba’zi bir narsalardan ko‘z yumish insonning o‘ziga zarar yetkazishi mumkin. Ayrim insonlar yumiq ko‘z bilan ko‘rgan haqiqatni ba’zilar ochiq ko‘z bilan ham ko‘ra olmaydi.

Ko‘rolmaslik – eng xatarli illat. Lekin o‘zi haqida xolis hukm chiqarolmagan kimsa uning illatligini ham anglay olmaydi. Oqibatda unga fazilatlar illat, illatlar fazilat bo‘lib tuyulaveradi. Masalan, tosh bilan billurni urib sindirish toshning qiymatini oshirmagani kabi billurning qadrini ham tushirmaydi. Qimmatbaho ashyoni sindirib, chilparchin qilish aslida toshning zo‘rligidan emas, toshni ushlagan qo‘l egasining g‘o‘rligidan. Faqatgina tashqi belgilarga qarab hukm chiqarish to‘g‘ri bo‘lganida uloqcha mo‘ysafid sanalgan bo‘lardi. Lekin har bir ashyoning ko‘ringanidan boshqa yana minglab xususiyati bor. Bu xususiyatlar faqatgina shaklga emas, ma’noga ham daxldor. Nazar solganda ana o‘shalarni ham ko‘ra oladigan ko‘z kerak.

Ummonning suvini hovuchlab o‘lchab bo‘lmaganidek, ba’zi hodisalarga baho berishda bizning kalta aqlimiz yetmasligi haq. O‘z aqlining kaltaligini his qila olish eng katta donishmandlik aslida. G‘ilay ko‘z bilan mo‘ljalni to‘g‘ri nishonga olib bo‘lmagani kabi kalta aql katta haqiqatlarni ilg‘ashga har gal noqislik qilaveradi.

Har bir inson o‘sib, rivojlanishga harakat qiladi. Yuksalishga intiladi. Kamol topish ilinjida taraqqiyotga talpinib yashaydi. Barcha tirik mavjudotning hayot nizomi shunday. Yuksalish uchun esa, avvalo, ildiz baquvvat bo‘lishi zarur. Yuksak narsalar jonzotni yuqoriga, yuksalishga chorlaydi. Tuban narsalar pastkashlikka giriftor qiladi. Haqiqat – yuksak tushuncha. Unga yetishish uchun ma’lum bir yuksakliklarga ko‘tarila bilmoq, taraqqiy etmoq, ma’nan yuksalmoq kerak. Shuning uchun ham u pastkash kimsaning qalbiga jo bo‘lmaydi. Bir-biriga zid mizojli narsalar inson oshqozonida birlashsa, muammo paydo qilib, kasallik yuzaga keladi, badanni tansihatlikda saqlab turgan tizim izdan chiqadi. Kimsa tubanlikni tark etmaguncha haqiqatni idrok eta olmaydi. Tuban holida haqiqat unga naf bermaydi, bilaks, zarar keltiradi.

Gulgaki yuz husnu latofat durur,

Atri jual jonig‘a ofat durur.

Gulning husnu latofati hammani o‘ziga oshufta qiladi. Uning hididan barcha huzur topadi. Lekin bu muattar bo‘y jual – go‘ngqo‘ng‘iz uchun ofatdir. Chunki u doimo sassiq joylarda yashaydi. O‘sha badbo‘ylik uning hayot madoriga aylanib qolgan. U tiriklikni badbo‘ysiz tasavvur qilolmaydi. Gulning xush atri uni o‘zi o‘rgangan badbo‘yidan mosuvo qiladi.

Hayot ravishi haqiqatga asoslanmagan kimsa ham xuddi shunday. Haqdan, haqiqatdan, yaxshilikdan bahra topolmaydi. Unga o‘z chirkin olami ma’qul. U hamma huzur-halovatni o‘sha chirkinlikda deb biladi. O‘shandan boshqa narsani qabul qila olmaydi. Bu ham mayli, lekin u hammani xuddi o‘zidek bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Xuddi go‘ngqo‘ng‘iz hamma go‘ngda yashashi kerak deb bilgani kabi. Uning uchun boshqa haqiqat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Unda haqiqatni ko‘ra olmaslik illati yetakchilik qiladi. Shundan so‘ng fikr-xayoli, dunyoqarashi buzilgan (fosid) kimsa o‘zidan boshqacha fikrlaydiganlarga hasad qiluvchi (hosid)ga aylanadi:

Ulki xayoli bori fosid durur,

Borcha saloh ahlig‘a hosid durur.

Insonning barcha xatti-harakatlarida qalb va niyat eng asosiy narsa. Xayol buzilsa, niyat barbod bo‘ladi. Niyatning manzili – qalb. Buzuq xayol niyatni, niyat esa qalbdagi boshqa javohirlarni, bora-bora qalbning o‘zini ham izdan chiqaradi. Bunday qalb egasi endi yaxshi ishlardan xursand bo‘lmaydi, yaxshilik sohiblariga havas bilan boqolmaydi. Faqatgina hasad qiladi. Yaxshilik qilish qo‘lidan kelmaydi, yaxshilik qilayotganlarga esa hasad qiladi. Ya’ni, u butkul ko‘rolmaslik kasaliga giriftor bo‘ladi.

Jahondagi barcha mojarolarning ildizi haqiqatni ko‘rolmaslikdan. Kaltabinlik faqat insonga xos illat. Bunchalik bo‘lish boshqa mavjudotning qo‘lidan kelmaydi. O‘z qilmishini haq sanagan kimsalar bugun butun dunyoda qancha-qancha odamning yostig‘ini quritayotgani bor gap. Navoiy ta’biricha, ular “dun xalqi”, ya’ni pastkash, razil va tuban olomon. “Dunyo” so‘zining o‘zagi ham ayni shu “dun” kalimasidir. Uch-to‘rt so‘m pul, molu davlat yoki o‘tkinchi mansab-martaba uchun haqiqatdan yuz o‘girib, boshqalarga nohaqlik qiluvchi pastkash va razil kimsalarni dunyoga berilgan – tubanlashib ketganlar deb hisoblashgan.

Qilayotgan ishining avvalu oxirini fahmlayolmaydigan, oq bilan qorani, yaxshi bilan yomonni, haq bilan botilni ajratolmaydigan, qisqacha aytganda, burnidan narini ko‘rolmaydigan kimsalar – dun xalqi.

Mehrki ravshanliq etar fosh ani,

Kimga gunah ko‘rmasa xuffosh ani.

Yorug‘lik (ravshanliq) butun olamga quyosh (mehr) borligini bildirib turadi. Lekin ko‘rshapalak (xuffosh)ning quyoshni ko‘ra olmasligi quyosh yo‘qligiga dalil bo‘la olmaydi.

Ko‘rmaslik ayb emas, ko‘rolmaslik ayb. Shuning uchun ham quyoshni ko‘rmagan ko‘rshapalak aybdor emas. Chunki uning ko‘zlari quyoshni ko‘rishga moslashmagan. Ko‘rolmaslik ko‘zi bor jonzotlar uchun ayb va gunoh. Biz o‘zimizdagi nuqsonni ko‘rmasdan nuqul o‘zgalarni ayblasak, bu boshqalarning emas, o‘zimizning aybimiz. Chunki bu aybimiz boshqalardan xoli bo‘lib, yolg‘iz qolganimizda ham bizga zarar keltiraveradi. Boshqalarning fazilatini ayb sifatida ko‘rish esa ko‘rolmaslikdir. Qalbida ko‘rolmaslik illati bor kimsa quyosh kabi eng katta va yorqin narsani ham ko‘rolmaydi. Biz o‘z nuqsonimizni ayon ko‘ra bilsagu uni yo‘qotishga kirishsak, fazilatlarimizdan mag‘rurlanib, kibrga ketib qolmasak, botinimizdagi adolat tarozisini mustahkam tuta olgan bo‘lamiz.

Biz bugun o‘z xato-kamchiligimizni his qila olsak, uni tuzatish yo‘lini tutsak, buyuk ajdodlarimiz merosiga, xususan, Navoiy dahosiga ehtiyoj sezamiz. Ehtiyoj bo‘lsagina Navoiyga murojaat qilamiz va uni tushunishga urinib ko‘ramiz. Astoydil qilingan harakat esa hech qachon bekor ketmaydi.

 

G‘ulomjon BOBOJONOV

 

od-press.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.