Kalavaning chuvalgan uchi

0
182
marta koʻrilgan.

“Rahbar boʻlsang, kitob oʻqi” maʼnaviy-maʼrifiy loyihasi doirasida

 

“Detektiv” inglizcha “ochish” maʼnosini anglatib, lugʻatlarda ogʻir jinoyatlarni tergov qiluvchi mutaxassisga aytiladi. Adabiyotda nasriy janrning bir turi detektiv deb atalib, unda ham murakkab jinoiy ishni ochish tafsilotlari bayon etiladi. Asl kasbi huquqshunos, yuridik fanlar doktori Komil Sindarov badiiy ijod olamiga kirib kelganiga oʻn yildan sal oshgan boʻlsa-da, navbatdagi asari – “Kechikkan qasos” detektiv romanini kitobxonlar zoʻr ishtiyoq bilan qarshi olishdi.

Detektiv asarning boshqa janrlardagi bitikdan farqi shuki, u yozuvchining mahorati hisobiga kitobxonning uzluksiz diqqatini jalb etib, voqealar boshidagi tugunning yechilishigacha qiziqtirib turadi. Nafaqat muallif yoki qahramonlar, hatto muammolar ijobiy yechim topishidan umidvor kitobxon ham oʻzini izquvar oʻrnida tasavvur qiladi.

“Kechikkan qasos” romanining ilk sahifalarida bank boshqaruvchisi Zuhriddin Togʻayevni vahshiylarcha oʻldirib, tanasini yoqib, suyaklarini qabristonga koʻmib ketishadi. Chetdan qaraganda, tinch-osoyishta yashayotgan oila birin-ketin yemirilib borayotgani hammani ajablantiradi. Avval xonadon bekasi “kasallikdan” vafot etadi. Soʻng oʻgʻli avtohalokatga yoʻliqadi. Bankirning fojiasidan keyin boshqa joyda yashayotgan qizi norasida goʻdaklar bilan dunyodan koʻz yumadi. Nega bu oila tutday toʻkildi? Tasodifmi yoki allakimning feʼli-aʼmoli oqibatimi?

Poytaxtdan kelgan tergovchilar mahalliy hamkasblari bilan bu chigal ishning asl sabablarini topishlari, haqiqiy aybdorlarni qonun oldida javobgarliklarini taʼminlashlari talab etilardi. Agar masalaga keng va chuqur yondashilmasa, ayrim holatlarga baxtsiz hodisa sifatida nuqta qoʻyish hech gap emas.

Yozuvchi ushbu asarda tergovchilarning mashaqqatli mehnatini, har qanday sharoitda ham bilim va tajriba hisobiga sarflagan mahoratini jonli lavhalarda koʻrsatib bergan. Gumondorlar va guvohlar bilan muloqot qilganda har kimning feʼli hamda dunyoqarashiga qarab suhbat qurishadi. Kimlar bilan muloyim ohangda, boshqalar bilan qatʼiy va jiddiy tilda gaplashishga toʻgʻri keladi. Jinoyat ishini fosh etishda oʻnlab taxminlar ishlab chiqiladi. Oʻrganish asnosida bu roʻyxatga yangi yoʻnalishlar qoʻshilishi yoki qisqarishi mumkin.

Kitobxon asarni oʻqish mobaynida yechimning tezroq yakunlanishini istaydi, lekin bir yoʻnalish tugay deganda boshqa muammo paydo boʻlib, kalavaning uchi chuvalanib ketadi. Tergov degani qiziq boʻlarkan, voqealar rivojida qilni qirq yoruvchi yuristlar bir nechta holatlarda asosiy qotil bilan suhbatlashadi, lekin bu haqda xayollariga ham keltirishmaydi. Jinoyatchi esa turli bichib-toʻqilgan koʻrsatmalar orqali tergovchilarni chalgʻitadi.

Bitta jinoyat ishni fosh etish yoʻlida necha-necha taqdirlar hayotiga duch kelinadi. Baʼzan oddiy savolga javob topish uchun yigirma yil oldin roʻy bergan “delo” oʻrganiladi va oʻshanda yoʻl qoʻyilgan xatolar aniqlanadi. Keyin maʼlum boʻlishicha, oʻsha chalkashlik necha-necha insonlarning hayotini oʻzgartirib yuboradi.

Tergovning “oltin qoidasi” shundan iborat ekanki, asl aybdorni topish, uni munosib jazoga tortish shuning uchun ham muhimki, toki begunoh odam adolatsizlik qurboni boʻlmasin, shu zaylda haqiqiy aybdor ozodlikda yurmasin. Shunga yoʻl qoʻyilsa, yana yangi jinoyatlar urchishi, eng muhimi, adolatga nisbatan ishonchsizlik odamlar qalbini zahalashi mumkin.

Hayotimizda turli kasb-korlar bor. Zavod ishchisi har kuni dastgohi yonida faoliyat koʻrsatishi, dehqon dalasida ter toʻkishi oddiy voqeadek. Tergovchi esa zimmasiga yuklatilgan vazifani ado etishi uchun tunni tongga, kunni oqshomga ulaydi. Baʼzan oylab mehnat qilib ham tayinli natijaga erisholmaydi.

Asardagi voqealar shu qadar shiddat bilan kechadiki, koʻz oʻngimizda hayotning quvonch va tashvishlari roʻyi-rost namoyon boʻladi. Kitobxon ezgu gʻoyalarning yaxshi samara berishini, yovuz niyatlar ushalmasligini ich-ichidan istaydi. Lekin hayotning shafqatsiz mashinasi har qanday tekislikni ham majaqlab tashlaydi. Yozuvchi ana shu hayot manzaralarini real kartinalar orqali aks ettirish yoʻlidan boradi. Zuhriddinni bu qadar shafqatsiz oʻldirish faqat uning ashaddiy dushmani tomonidan amalga oshirilishi yurist boʻlmagan odamga ham ayon. Lekin kim oʻsha dushman? Bu savollarga javob izlash uchun bankir faoliyati davomida roʻy bergan ixtiloflar, kelishmovchiliklar tahlil qilinadi. Aniqlanishicha, Xolmatboy degan shaxs Zuhriddin bilan janjallashgan, natijada bir-birlariga ters boʻlib qolgan.

Shuni hisobga olgan qotil tergovni chalgʻitish uchun qabriston tuprogʻi yopishgan kalishni Xolmatboyning hovlisiga bildirmay tashlab ketadi. Ustiga-ustak xayoli savdoyi boʻlib qolgan Xolmatboy qotillikni boʻyniga oladi. Tergov guruhi Faxriddin Karimovich shunchalik yaqqol dalillar boʻlsa-da, Xolmatboyning shunday ishni qilganiga ichki sezgisi bilan ishonmaydi va tergovni davom ettiradi.

Zuhriddin yigirma yillar ilgari Zominda sovxoz direktori boʻlib ishlagan edi. Tergovchilar oʻsha yillarda roʻy bergan jinoiy ishlar bilan tanishib chiqadi. Maktab direktorini kimlardir tuhmat bilan qamatib yuboradi. Mahbus qamoqda vafot etadi. Koʻp oʻtmay, direktorning ayoli oʻzini osadi. Oʻgʻlini mashina urib ketadi. Yolgʻiz qizini bolalar uyiga topshirishadi. Norasida qiz 13 yoshida bolalar uyidan qochadi. Shu bilan iz yoʻqoladi.

Tergovchilar shundan keyingi zanjirning izidan borib, oʻsha qizgina aynan Zuhriddinning uyidagi oʻzini kar va soqovlikka solgan Zubayda ekanligini aniqlashadi. Holbuki, ular qotilni aniqlash maqsadida Zubayda bilan bir necha bor gaplashishgan. Oʻsha zahoti Zubayda (uning asl ismi Mayram)ni qidirib, uyga borishsa, kech qolishibdi. Bu orada Mayram Zuhriddinning harom yoʻllar bilan topgan pullarining katta qismini bolalar uylariga hadya qilib ulguribdi.

Tegishli nuqtalardan maʼlum boʻlishicha, gumondor Sharjaga uchish uchun chipta olibdi. Tergov guruhi obʼyektni samolyot saloniga joylashgandan keyin “Siz qotillikda ayblanasiz”, deb qoʻliga kishan solibdi.

20 yilga yaqin kar-soqov boʻlib yurgan Mayram tilga kirib koʻrgazma beradi. Kitobxon haq joyidan qaror topganligidan koʻngli joyiga tushadi.

Romanni oʻqish asnosida halol, kamtar, ezgu niyatli odamlar yaxshi samaralardan bahramand boʻlishiga, gʻirrom, xaromxoʻr, yolgʻonchi odamlar oxir-oqibatda oʻz jazosini olishiga hayotiy lavhalarda ishonch hosil qiladi. Romanning tarbiyaviy ahamiyatini shunda desak, oʻrinli boʻlur edi. Hayotda har kim ekkanini oʻradi, degan dono haqiqat asar qahramonlari taqdirida namoyon boʻlgan.

Komil Sindarov sheʼriyat olamida bir-biridan oʻqishli, jozibador sheʼrlari bilan muxlislar koʻnglini xushnud qilib kelardi. Muallifning detektiv janrdagi ijodi ham muvaffaqiyatli chiqayotganligini taʼkidlash biz uchun yoqimlidir.

 

Shuhrat JABBOROV,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist

 

“Xalq soʻzi” gazetasidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.