“Janob Tolstoyga qarshi ringga chiqa olmayman”

0
260
marta koʻrilgan.

Kitob hamma zamonlarda ham odamzodning ziyoga talpinishi, maʼnan-ruhan yuksalishi uchun omil boʻlib kelgan, oʻzligini anglashda kalit vazifasini bajargan. Eʼtiborlisi, insoniyat tafakkuri mahsuli boʻlgan boshqa yaratiqlar singari kitob ham ilohiyotga daxldordir. Muqaddas Qurʼoni karimning “Oʻqi!” degan kalima orqali nozil qilingani bunga yorqin misol. Boshqa buyuk asarlar ham insoniyatning daho farzandlariga ato etilgan ilohiy holat – ilhom samarasi oʻlaroq yaratilgan.

Buyuk zotlar – adibu shoirlar,   bastakoru musavvirlar ijodiy faoliyatiga nazar tashlasak, ularning aksari olamga mashhur asarlarini yaratishda kitobdan ilhom olgani maʼlum boʻladi. Shunday asarlar borki, ular boshqa bir asarlarning tugʻilishida va yoki buyuk yozuvchilarning shakllanishida muhim rol oʻynagan.

Kolumbiyalik adib Gabriel Garsia Markesning eʼtirof etishicha, unga toʻxtovsiz yozish istagini baxsh etgan asar Frans Kafkaning “Evrilish” hikoyasi boʻlgan. Ayni asarni oʻqigach, u albatta yozuvchi boʻlishi lozimligini anglab yetgan, odatda, shu paytga qadar tezroq uxlab qolish uchun kitob oʻqigan boʻlsa, “Evrilish”ni mutolaa qilganidan soʻng aksincha – tuni bilan mijja qoqmagan, tongda esa darhol oʻtirib, yozishga tutingan. Bu haqda uning oʻzi quyidagicha yozgan:

“Frans Kafkaning “Metamorfozalar”i ilk satrlaridanoq mening yangi hayotiy yoʻlimni belgilab berdi. Yangi kun meni oʻzim vaqtincha olib ishlatib turgan yozuv mashinkasi yoniga oʻtirishga, Kafkaning kitobidagi ulkan hasharotga aylanib qolgan bechora kimsaga oʻxshash obrazlar yaratishga undadi. Qolgan kunlari men azbaroyi bu sehr tarqalib ketishidan choʻchib, universitetga ham bormadim…”

Shu taʼsir natijasida Markes nomini dunyoga mashhur qilgan koʻplab asarlar yuzaga keladi. “Yolgʻizlikning yuz yili”, “Buzrukning kuzi”, “Oshkora qotillik qissasi” kabi roman va qissalar, bir qator barkamol hikoyalar jahon adabiyoti xazinasidan mustahkam oʻrin oldi.

Nomdor olim Albert Eynshteyn faoliyatini diqqat bilan oʻrgangan kishi uni olamshumul kashfiyotu ixtirolar qilishga undagan kuch ham kitob ekanligiga amin boʻladi. Olimning oʻzi uni butun umr maftun qilib kelgan, fandagi yutuqlariga yoʻl ochgan asar borligini eʼtirof etgan. Bu – yirik ingliz faylasufi Devid Yum qalamiga mansub “Inson tabiati haqida traktat” asari edi. Ushbu   kitob uch boʻlimdan iborat boʻlgan: “Bilish haqida”, “Jazava (hayajon) haqida” va “Odob haqida”. Ular mutolaasi olimning borliq va vaqt haqidagi odatiy qarashlar, odatiy fikrlashdan qochishga undagan. Eynshteyn ayni shu kitob uning nisbiylik nazariyasini yaratishiga turtki berganini bir emas, koʻp bora taʼkidlagan. “Toʻla ishonchim komilki, – degandi u, – mazkur falsafiy asarlarni oʻqimaganimda men oʻz xulosalarimga kelmagan boʻlardim…”

Yana bir mashhur jahon adibi Ernest Xeminguey esa Lev Tolstoy qalamiga mansub “Urush va tinchlik” romanining maftuni boʻlgan. Bunga qadar togʻ-togʻ kitoblarni oʻqib chiqqan Xeminguey “Urush va tinchlik” uning eng sevimli asariga aylanganini taʼkidlagan. Tolstoy uni oʻzining samimiyati, koʻnglidagini ochiq-oshkora, roʻyi-rost ifodalashi, ijtimoiy qatlam masalalarini oʻtkir ochib berishi bilan shaydo qilib qoʻygandi. Keyin oʻzi ham xuddi shunday yoʻl tutdi: Xeminguey qahramonlari hayotning maʼnosini izlaydilar va maʼnaviy masalalarda bosh qotiradilar. Adabiyotni boksga qiyoslagan Xeminguey Tolstoyning buyukligi haqida shunday degandi:

“Men juda kamtarona hujum boshladim va janob Turgenevni magʻlub qildim. Keyin, garchi bu katta kuch talab qilgan boʻlsa-da, men janob de Mopassanga ham zarba berdim.  Janob Stendal bilan ikki marta durang oʻynadim, ammo soʻnggi raundda men baribir ochkolar hisobida gʻolib chiqdim. Biroq hech nima meni ringda janob Tolstoyga qarshi chiqishga majbur qila olmadi…”

Adibning eʼtirof sifatida aytgan bu soʻzlari uning imkonsizligi, yomon yozishidan dalolat emasdi, aksincha, uning uchun ilhom manbai boʻlgan Tolstoy kitoblariga boʻlgan cheksiz mehri, mutolaa zavqiga yoʻgʻrilgan iqror edi. Yoki oʻzbekning buyuk yozuvchisi Abdulla Qahhorning “olamga Chexov koʻzoynagi orqali nazar tashlab” topganlari, koʻrganlari keyinroq roman, takrorsiz qissalar, koʻplab ixcham, ammo mazmunan teran, har bir soʻzi pishiq-puxta boʻlgan hikoyalarga mavzu boʻlgani ham bizga yaxshi maʼlum. Bularning bari kitobning qudrati, uning hayotbaxsh taʼsiridan darak beradi.

Buyuklarki, bu moʻjizadan shu qadar hayratlangan va shunchalar koʻp, xoʻb naf-foyda olgan, shu naf taʼsiri oʻlaroq bashariyatga barkamol asarlarni taqdim qilgan ekan, jamiyatning har bir aʼzosiga kitobdan keladigan foydaning koʻlamini oʻlchash mushkul. Yuqoridagi kabi misollar esa har bir ixlosmandni mutolaaning rangin olami tomon ohanraboday tortishi turgan gap. Zero, kitob mutolaasi eng goʻzal, eng unumli mashgʻulotdir.

 

Xurshida ABDULLAYEVA tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.