Jaloliddin Rumiy

0
2366
marta koʻrilgan.

(1207–1273)

Ota-bobolari asli xorazmlik Jaloliddin Rumiy tugʻilishidan ruhiy quvvat sohibi boʻlgan. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozilishicha, Mavlono Muhammad Jaloliddin Rumiy olti yoshida ekanida uylarining tomida oʻz tengqurlari bilan oʻynab yurardi. Tengqurlardan biri unga: “Keling, birga tomdan sakraymiz”, deydi. “Bu it va mushuklarning ishidir. Agar sizning joningizda quvvate boʻlsa, osmon tomiga sekreli”, deydi va shu holatda tomdan havoga koʻtarilib, koʻzdan gʻoyib boʻladi. Bolalar iztirobdan qichqirishib, yigʻlab qoladilar. Bir lahzadan keyin Jaloliddin Muhammad oʻsha tomga tushadi va deydi: “Men sizlarga u soʻzlarni aytib turganimda yashil kistvatligʻlar (yashil kiyimli farishtalar) meni osmonga eltdilar, ajoyib malaklarni koʻrsatdilar, sizlarning yigʻi-faryodingiz koʻkka chiqqach, yana olib tushib qoʻydilar”.

Jaloliddin Rumiy Balxda tugʻilgan. Uning otasi Muhammad Bahouddin Valad zamonasining mashhur kishisi, notiq, voyiz (vaʼzxon) boʻlgan. U Najmiddin Kubroning yaqin shogirdlaridan boʻlib, “Sulton ul-ulamo” darajasiga erishgan. Mavqeyi baland boʻlgan Bahouddin Valad Xorazmshoh bilan munosabati buzilgach, oilasi, yaqinlarini olib Balxdan Bagʻdodga koʻchib ketadi. Otasi bilan Xuroson, Hijoz, Bagʻdod, Shomga qilgan safarlaridan soʻng Mavlono Jaloliddin Koʻniyoda (Turkiya) qoʻnim topadi. Jaloliddin Rumiy otasi vafotidan soʻng uning oʻrniga madrasaga bosh mudarris boʻlib tayinlanadi. Shu madrasada fiqh (diniy huquqlar) ilmidan dars bera boshlaydi. U oʻqigan vaʼzlar shuhrati keng tarqaladi.

Mavlono Rumiy umr boʻyi diniy aqidalar istibdod (jabr-zulm)iga qarshi inson ruhi erkinligini himoya qilgan, irqi, tili va diniy mazhabidan qatʼi nazar, insonlar tengligini tashviq etgan. U diniy aqidalarga, fikr va tuygʻularni zanjirband etuvchi urflarga qarshi kurashgan.

Jaloliddin ota yurtiga qaytmadi, oʻzini anatoliyalik hisoblab, Rumiy taxallusini oladi. Uning ilmiy va adabiy merosi gʻoyat katta. Gʻazal, masnaviy va ruboiylardan ibo-rat “Devoni kabir” (“Ulugʻ devon”)da uch mingdan ziyod sheʼr mavjud, “Masnaviy” asari oʻttiz bir mingdan ortiq misradan iborat. Shoirning qoʻliga qalam olib yozgani atigi oʻn sakkiz misra boʻlib, qolganlari “kotibi asror”lar tomonidan koʻchada, uyda, majlisi samoda yozib olinaverilgan.

Rumiyning musulmon olamida mashhur asari “Masnaviy” oldindan oʻylangan rejaga ega emas. Uning yagona nizomi erkinlik. Fikr, ruh erkinligi, ifoda erkinligi, holat-kayfiyat erkinligi. Avlodlar “Forsiy Qurʼon” deb atagan bu kitobni u oddiygina qilib “Masnaviy” deb atadi.

“Masnaviy” olamni egallashga va oʻz-oʻzini anglashga intilgan inson ruhining taronasi. Asar yozilib, nihoyasiga yetishi bilan uni yodlashga kirishilgan, uni yod bilganlar “masnaviyxon” nomini olgan. “Masnaviy” asosida oʻnlab toʻplamlar, arab, fors, turk tillarida yuzlab jild tahlil va talqinlar bitilgan. Rumiy “Masnaviy” asaridagi murakkab falsafiy muhokama va mushohadalarni “Ichingdagi ichingdadir” asarida ravshan va sodda shaklda tushuntirib bergan. Gegel, Kant, Shopengauyer, Freydlar falsafasi bilan tanish odam “Ichingdagi ichingdadir”ni oʻqisa, hammasi Sharqda allaqachon aytib qoʻyilgan ekanligiga ishonch hosil qilishi tabiiy.

Rumiyning gʻazal va ruboiylari ham oʻta maroqli. Uning ruboiylari nafaqat falsafiy qarashlarni, balki samimiy his-tuygʻularni bayon etadi. Oʻqigan kishi koʻnglini goʻzallikka oshno qiladi. U insonni oʻziga tanishtiradi.

Jaloliddin uchun muhabbat butun borliqni harakatga keltiruvchi kuch edi. Uning fikricha, don ham, maysa ham, jonivor ham seva oladi. Lekin faqat tana va terisi bilan. Insongina ham jismi, ham aql-idroki, ham xayoli, ham xotirasi ila sevishga qodir.

Rumiy ayolga muhabbatni olqishlaydi. Zero, inson oʻziga oʻxshagan insonga muhabbat qoʻyish bilan oʻz ruhiyatini, umuman, insonlik mohiyatini anglab yetadi:

Ayo gʻuncha, qizil qonlar aro sen oʻzni tark etding,

Ayon etgil, nadir sevgi, nadir ul oʻzni tark etmoq!

Rumiy tiyrak va hushyor koʻz bilan dunyoga nazar soladi, insonni qanday boʻlsa, shunday olib oʻrganadi. Inson qalbi toʻridagi eng nozik, eng yashirin sirlarini oshkor etadi, ruhiyat qatlaridagi qonuniyat va zaruratlarni koʻrsatib beradi. Uning asarlarini oʻz-oʻzini, oʻzlikni tanish kitobi deb aytish mumkin.

Rumiy asarlarining bu darajada maroq va hayrat bilan oʻqilishiga, jozibadorligiga yana bir sabab isteʼdodli shoir Jamol Kamolning tarjimonlik mahorati, ruboiylarni aruz vazniga solib oʻzbek tiliga oʻgirganidadir.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.