Jadidchilik va Xorazm adabiy muhiti

0
1054
marta koʻrilgan.

Maʼlumki, XIX asr oxiri XX asr boshlari Oʻrta Osiyo xalklari tarixiga “milliy uygʻonish davri” boʻlib kirgan. Bu davrda amal qilgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy-adabiy harakat muammolarini oʻrganish hozirgi kunda ham davom etmoqda. Zero, jamiyat taraqqiyoti, insonning oʻzligi, Vatan mustaqilligi gʻoyalari bu harakatning ijtimoiy ideali boʻlib, eskirmaydigan boqiy qadriyatdir. Bu murakkab, koʻp qirrali jarayonning taʼlim, badiiy ijod, sanʼat, matbuot va boshqa sohalardagi yangicha koʻrinishlari, milliy va umumbashariy mazmundagi insonparvarlik qarashlari bugungi tadqiqotlarda tobora yorqinroq ochilmoqda. Bu jarayon – “jadidchilik harakati” sifatida keng yoyilib, uning faoliyat doirasi, voqe boʻlish xususiyatlari, oʻziga xosligi alohida diqqatga loyiqdir. Taniqli adabiyotshunos professor Begali Qosimovning “jadidchilik yakrang emas, u Turkiston, Buxoro, Xivada turli miqyos va koʻlamda namoyon boʻlganligi” haqidagi fikrlarida ana shu turfalik nazarda tutilgan. Bu hol jadidchilikning asosiy yoʻnalishlaridan biri adabiyotga ham daxldor.

Avvalo, shuni aytish kerakki, qayd etilgan davrdagi adabiyot qoʻsh nom bilan atalib, “jadid adabiyoti” ikkinchi nomidir. Muhimi, “milliy uygʻonish davri adabiyoti” va “jadid adabiyoti” tushunchalarining mohiyati aynan boʻlsa ham isteʼmoldagi darajasi har xil. Chunonchi, ikkinchi nom Turkiston, Buxoro ijodkorlariga nisbatan faolroq qoʻllaniladi. Toʻgʻri, oʻzbek jadid adabiyoti, asosan, mumtoz adabiy tajribalar, qisman jahon estetik tafakkuri zaminida shakllandi va takomillashdi. Bu xususiyat Xorazm adabiy muhiti namoyandalari ijodi uchun ham mushtarakdir. Afsuski, Xorazmdagi jadidchilik haqidagi qator tadqiqotlarda asosiy eʼtibor ijtimoiy-siyosiy masalalarga qaratilib, jadid adabiyoti namunalariga yetarli baho berilmadi. (Begali Qosimov va Sharif Yusupovning “Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti” kitobidagi Bayoniy, Komil Xorazmiy, Muhammad Rahimxon Feruz, Ahmad Tabibiy ijodiga doir fikrlari bundan mustasno). Koʻp hollarda, Xorazm shoirlarining milliy uygʻonish davri adabiy muhitidagi oʻrni eʼtirof etilsa-da, ularga nisbatan “jadid” atamasi qoʻllanilmay kelinmoqda, hatto mustaqillik yillarida yaratilgan Avaz, Soʻfi, Otaniyoz Niyoziy, Devoniy haqidagi ilmiy ishlarda ham ularning jadid adiblari vakillari ekanligi qayd etilmaydi. Vaholanki, bu muhitda XIX asrning 80-yillaridan XX asrning 30-yillari oʻrtalarigacha yashab ijod qilgan deyarli barcha shoirlar asarlarida ilm-maʼrifat, erk va millatning oʻzligini anglash motivlari keng targʻib qilindi va ular yangi, jadid adabiyoti mundarijasini sezilarli darajada boyitdi.

Tabiiyki, har bir hududdagi ijtimoiy-tarixiy sharoit, asriy madaniy-adabiy anʼanalar, badiiy-estetik qarashlar darajasi jadid adabiy tafakkurining tugʻilishi va taraqqiyotiga muayyan taʼsir koʻrsatdi. Bu hol Xorazm adabiy muhitidagi qator oʻziga xos jihatlarda ham namoyon boʻldi:

  1. Xorazmda Turkiston oʻlkasiga nisbatan rus madaniyati, adabiyoti, yevropacha ilm-maʼrifatdan taʼsirlanish, ularni mahalliy sharoitga ijodiy qoʻllash surati sekin davom qildi. Xususan, badiiy ijod bilan bevosita aloqador matbuot, teatr, musiqa sanʼati sohalaridagi yangilanishlarga bogʻliq ayrim tafovutlar ana shu sabab bilan izohlanadi.
  2. Jadid adabiyoti qadim mumtoz adabiyot bilan yangicha poetik fikr tendensiyalari keskinlashgan makonda voqe boʻlib, oʻtish davri zaruriyatining hosilasidir. Bu esa oʻz navbatida adabiy jabhada muayyan murakkablik, qorishiq holatni vujudga keltiradi. Jumladan, bu davrda Xorazmda Buxoro amirligida boʻlgani kabi diniy va saroy adabiyoti vakillari ham faoliyat koʻrsatdilar. Zero, endi shakllanayotgan tendensiya eski, kuchli va qamrovli klassik adabiy tajribalar bagʻrida, ularning davomi sifatida yuzaga keldi va mukammallashdi.
  3. Kitobat, matbuot jadidchilik gʻoyalarining muhim targʻibot vositasi, hozirjavob minbari vazifasini bajarishida ham ayrim xosliklar koʻzga tashlanadi. Turkistonda Rossiya bilan madaniy-maʼrifiy, adabiy aloqalar ancha ilgari boshlangan. Toshkent va Samarqand madaniy markazlarga aylanib, bu shaharlarda “Turkiston viloyatining gazeti”, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat” va boshqa gazetalar chiqa boshlagan boʻlsa, Xorazmda vaqtli nashrlar faqat 20-yillarda yoʻlga qoʻyildi. Ammo, Feruz davrida (1910 yilgacha) keng tarqalgan devon, majmua, tazkira, bayozlar tuzish, umuman, kitobat ishlari maʼlum darajada maʼrifiy gʻoyalar targʻibotiga xizmat qildi, kitobxonlik kengaydi.
  4. Oʻzbek jadid adabiyotining shakllanishi va rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Hamza, Choʻlponlarning faoliyati va tafakkur qamrovi koʻp tarmoqli boʻlib, ular badiiy ijod bilan birga boshqa ijtimoiy fanlarni ham chuqur bilgan, turli tillarni puxta egallagan, sheʼriyatdan tashqari dramaturgiya, nasr, publitsistikada ham qalam tebratgan ziyolilar edilar. Xorazm jadid ijodkorlari bisotida esa asosan sheʼriyat, tarjima va musiqa sohasi namunalari ustuvor boʻlib, asarlarning bir qismi fors tilida ham yozilardi.

Vohadagi ijtimoiy-tarixiy sharoit, turmush tarzi, madaniy-hududiy tamoyillar va boshqa xususiyatlar Xorazm jadid adabiyoti davrini shartli ravishda ikki bosqichga ajratishga imkon beradi:

  1. XIX asrning 80-yillaridan 1920 yilgacha;
  2. 1920 yildan 1938 yilgacha.

Ushbu tasnifda har bir bosqichga xos xususiyatlar davr xarakteri bilan bogʻliq holda umumoʻzbek jadidchilik qarashlari kontekstida aks etadi. Shu jihatdan birinchi bosqichni ikki qismda koʻrish mumkin: birinchisi, XIX asr oxirlaridan 1910 yilgacha (ilk davr); ikkinchisi, undan keyingi 1920 yilgacha boʻlgan davr. Bularning har ikkalasi uchun ham mushtarak xususiyat – shoh va shoir Feruzning (1844–1910) maʼrifat va adabiyot ravnaqi yoʻlidagi homiyligi, amaliy faoliyati. Shoh vafotigacha boʻlgan bu davr yangi adabiyotning shakllanishiga zamin – shart-sharoit yaratdi. Akademik Oybek Feruzning maʼrifatga intilishlarini nazarda tutib, Feruz “faqat xalq uchun boʻlmasa-da, oʻz saroyi uchun madaniyat tusi berishga majbur boʻlgan”, deya qayd etgan edi. Muhimi shundaki, bu majburlik adabiyot, sanʼat va maʼrifat rivojiga keng yoʻl ochdi. Rossiyaga qaramlikning 1906 yilgacha boʻlgan davri vohada jadid maktablari, madaniyat muassasalari, litografiya tashkil etilgan palla boʻlsa, 1907–1910 yillar qoʻlyozma va toshbosma shakllarda eng koʻp devon va majmualar chop etilgan va tarqatilgan, xorijiy adabiyot va vaqtli matbuotga qiziqish kuchaygan davr hisoblanadi. Ilk davrda, Turkistonda barqarorlashgan yangicha adabiy tafakkur Xorazmda ham oʻz nishonalarini koʻrsatdi. Komil Xorazmiyning (1825–1899) Moskva, Peterburg, Toshkent shaharlarida madaniyat yangiliklari bilan tanishuvi, “Turkiston viloyati gazeti”da asarlari bosilishi, usmonli, qozon, kavkaz turkiysidagi yangi asarlarga Ahmad Tabibiyning (1869–1911) qiziqishlari shular jumlasidandir. Shuningdek, ijodini milliy uygʻonish davrida boshlagan Muhammad Yusuf Bayoniy (1858–1923) qalamiga mansub “Shajarayi Xorazmshohiy”, “Xorazm tarixi” asarlarida yangilanayotgan adabiy muhitga doir qimmatli fakt va maʼlumotlar, maʼrifiy ohanglar salmoqli oʻrin tutadi.

1910 yildan 1920 yilgacha boʻlgan davrning asosiy xususiyati, Turkistonda roʻy bergan milliy ozodlik harakatlari va oʻzgarayotgan ijtimoiy jarayonlar taʼsiri oʻlaroq voha adiblari ijodida maʼrifatparvarlik mavzusi kengayib, millatni oʻz erkini anglashga, hurriyatga intilishga daʼvat etuvchi ohanglar bilan boyidi, Avaz, Mutrib, Faqiriy, Chokar asarlarida publitsistik pafos yana-da kuchaydi.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, milliy uygʻonish davri Xorazm adabiy muhiti namoyandalarining koʻpchiligi saroy atrofida uyushganligi adabiy muhit oʻziga xosligining yana bir koʻrinishi edi. Ularning bir guruhi – 20 nafarga yaqini shahzoda boʻlib, Feruz shajarasiga mansub shoirlar (Sultoniy, Sodiq, Saʼdiy, Komyob, Oqil va boshqalar) edi. Bu shoirlar ijodida anʼanaviy lirika talqini yetakchilik qilgani holda maʼrifiy qarashlar shu mavzu qobigʻida aks etardi. Saroy xizmatiga bevosita va bilvosita daxldor ikkinchi guruh ijodkorlar yozgan asarlar esa yangilanayotgan adabiyotning chinakam namunalari sanalardi. Bular Avaz (1884–1919), Mirzo (1840–1922), Niyoziy (1844–1928), Soʻfi (1860–1916), Mutrib (1870–1925), Chokar (1882–1952), Faqiriy (1884–1925), Mugʻanniy (1882–1938), Devoniy (1887–1938) va boshqalarning turli janrlardagi bitiklaridir.

Ushbu roʻyxatdan koʻrinadiki, bu ijodkorlar (Avaz va Soʻfidan tashqari) 1920 yilda Xiva xonligi qulagandan keyin ham faoliyat yuritdilar va milliy uygʻonish davrining ikkinchi bosqichida asosiy oʻrin tutdilar. Ularning alohida xizmati shundaki, sheʼriyatda maʼrifatparvarlikning xalqchillik, gumanistik mohiyati chuqurlashdi, realistik tasvir va tamoyillar kengaya bordi, ishqiy lirika bilan uygʻunlashgan ijtimoiy-siyosiy lirika mazmuni tobora qamrovlilik kasb eta boshladi. Bu davr adabiyotida milliy uygʻonish va oʻzlik talqinlari paydo boʻlib: bir tomondan, jaholat, qoloqlik, adolatsizlikni keskin qoralash; ikkinchi tomondan, maʼrifatni, erk va yangi voqelikni madh etish, ulugʻlash yoʻnalishlarida davom etdi. 1910–1918 yillardayoq Avaz ijodida koʻringan bu qarashlar, keyinroq Soʻfi, Faqiriy, Mutrib tomonidan yana-da takomillashgan holda davom ettirildi. Xususan, Faqiriy va Rogʻib asarlarida satirik ohang Soʻfi va Mutrib sheʼriyatida ijtimoiy-axloqiy ruh, Chokar, Devoniy va Mugʻanniy ijodida maʼrifiy-taʼlimiy qarashlar yetakchi boʻlib, umumiy mazmunda millat komilligi, ilmu urfon gʻoyasi mujassamlashdi.

20-30 yillar adabiy muhitida mavzular kengayishi, janr va uslublar rang-barangligi ham yuqoridagi ijodkorlar nomi bilan bogʻliq. Toʻgʻri, mustabid tuzum tufayli yuzaga kelgan adabiyotning dastlabki namunalari maʼlum darajada davr mafkurasi taʼsirida boʻlsa ham, mohiyati xalqqa sadoqat, inson istiqboliga ishonch tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan edi. Shuningdek, ular matbuot, taʼlim, madaniyat, sanʼat jabhalarida faoliyat koʻrsatdilar. “Inqilob quyoshi”, “Xorazm xabarlari” gazetalari, 1920–23 yillarda “Xorazm bolalar adabiyoti”, “Yosh qalamkashlar kuylaydilar”, “Yugʻurmiya” nomli toʻplamlarda oʻz asarlarini eʼlon qildilar.

Mashhur oʻzbek jadidi Hamzaning 1921–1924 yillarda vohadagi faoliyati Xorazm jadidchiligi tarixidagi muhim sahifalaridan biri boʻldi. Hamzaning oʻlkada dram truppalar tuzishi, adabiyot, sanʼat ahllarini uyushtirishi, xususan, Devoniy, Mugʻanniy, Sheroziy va boshqa ijodkorlar bilan hamkorlik qilishi adabiy-madaniy hayotda yorqin iz qoldirdi.

Xorazm adabiy muhiti oʻzbek milliy adabiyotining tarkibiy qismlaridan biri boʻlib kelgan. Shuning uchun, har bir davrdagi umumiy xususiyat va tamoyillar muayyan darajada voha adabiyotida aks etgan. Tabiiyki, bundan milliy uygʻonish hodisasi hisoblangan jadidchilik ham mustasno emas. Shunday ekan, bu hududda ham jadidchilik va uning adabiy yoʻnalishi oʻz tarixiga ega. Bu tarix Komil Xorazmiy ijodi bilan boshlanib, Avaz ijodida yuqori choʻqqiga koʻtarildi va bu hayotbaxsh gʻoyalar ularning izdoshlari tomonidan yangi voqelikka monand davom ettirildi.

Manbalar guvohlik berishicha, Avaz Xorazmdagi jadid adabiyotining eng yirik, sermahsul namoyandasi edi. Ulkan ijodiy merosining hozirgacha faqat beshdan bir qismi nashr etilganini hisobga olsak, fondlarda saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma asarlarini oʻrganish tufayli shoir poetik isteʼdodi va maʼrifiy yetukligining yangi qirralari kashf etilishi mumkin. Zero, shoirning “Maktab”, “Xalq”, “Millat”, “Hurriyat” radifli gʻazallari ijtimoiy-siyosiy mazmuni, badiiy estetik darajasi va mavzu dolzarbligi jihatidan milliy uygʻonish davri sheʼriyatidagi chinakam novatorlik namunalaridir.

Xulosa qilib aytganda, jadid adabiyotini hududlar kontekstida qiyosiy-tipologik xolis oʻrganish uning ayrim bahsli jihatlariga oydinlik kiritishga, ijtimoiy-estetik mohiyatini mustaqillik mafkurasi asosida anglash va qayta baholashga hamda oʻsha davr adabiy jarayoni haqidagi mavjud tasavvurlarni kengaytirishga imkon beradi. Bu oʻrinda Xorazm adabiy muhiti, shubhasiz, tadqiq obʼyektlaridan biri boʻla oladi.

 

Zebo SAIDJONOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–4

Oldingi sahifaQadr
Keyingi sahifaIntizor
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.