Iztirob chekayotgan odamga muhabbat

0
681
marta koʻrilgan.

“Yolgʻizlikdan boshqa baxtning boʻlishi mumkin emas”, deydi A. P. Chexovning “Oltinchi palata” hikoyasi qahramoni Mixail Averyanin.

1860 yil 16 yanvarda Rossiyaning Taganrog shaharchasida tugʻilgan Anton Pavlovich Chexov uchun yolgʻizlik insonlik baxtini anglashga va mana shu baxt-ni kuylashiga koʻp imkoniyatlar yaratdi.

Anton Pavlovich juda qisqa yashadi. Dunyoda bor-yoʻgʻi 44 yil mehmon boʻlgan adib oʻzining yigirma olti yillik ijodiy faoliyati davomida turli hajmdagi 900 ga yaqin asar yaratdi. Bu raqamni oʻqib kishi aqli lol qoladi. Asar boshqa, uni yozish boshqa. Hammaning koʻngliga yetib boradigan shaklda yozish yozuvchidan mehnat va jasoratdan tashqari, botiniy sabot, ruhiy kenglik va maʼnaviy pokizalikni talab etadi. Qisqa vaqt davomida ham yetuk, ham sermahsul ijod qilish uchun kamida Chexovday daholikni Tangri yuqtirgan boʻlishi kerak.

U dastlabki tahsilni Taganrogdagi maktabda oldi, keyinchalik shu shahardagi gimnaziyada oʻqishni davom ettirdi. Falsafa, madaniyat va sanʼatga boʻlgan dastlabki ishtiyoq Taganrog shahridagi teatrda uygʻondi. 13 yoshida Jan Offenbaxning “Gʻaroyib Yelena” operasini tomosha qilgan Anton Pavlovich yozuvchi va dramaturg boʻlishga ahd qildi.

Chexov 1879 yilda gimnaziyani tamomlab, Moskva universitetining tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirdi. 1884 yilda universitetni tugallagach, Chikinskiy uyezdiga ishga joʻnatildi. Chexov shifokorlik kasbiga ham, yozuvchilikka ham birday masʼuliyat bilan qarardi. U hayotini tarozining ikki pallasiga qoʻyardi, uning bir pallasida shifokorlik tursa, ikkinchisida esa shubhasiz adabiyot turardi. Adib ilk pyesasini 18 yoshida yozgan boʻlsa, 20 yoshida yaratgan dastlabki hikoyalari “Oskolki”, “Strekoza”, “Budilnik”, “Zritel” kabi jurnallarda chop etila boshlandi. 1882 yilda tayyorlangan ilk hikoyalar toʻplami senzura taqiqiga uchrab, 1884 yilgacha nashr etilmadi. 1886 yilgacha mavzuni yumoristik obrazlar yordamida yoritayotgan, asosan hajviy hikoyalar ustida ishlayotgan yozuvchi mashhur adabiyotshunos Dmitriy Grigorovich tomonidan qattiq tanqidga uchradi. Tanqidchi yozuvchini oʻz isteʼdodini “mayda” ishlarga sarflayotganlikda, hayotga jiddiyroq qaramayotganlikda aybladi. Shu tariqa adibning adabiy ishlari “yurishib” ketdi.

Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida “Ivanov”, “Alvasti”, “Toʻy”, “Tamakining zarari haqida”, “Ayiq” kabi pyesalar yaratilishi yozuvchi ijodida yangi davr boshlanganidan darak berdi. Chexov shifokor edi, ammo u avvalo insonning qalbini davolamasdan turib, uning jismini davolab boʻlmasligini ich-ichidan his qilardi. Unga shifokorlar va bemorlarning diqqinafas va zerikarli muhiti yoqmasdi, ammo oʻz kasbidan butkul voz kecha ham olmasdi. “Tibbiyot mening qonuniy xotinim, adabiyot esa maʼshuqam, biridan zeriksam, ikkinchisiga yukinaman”, derdi u doʻstlariga…

“Chexov – prozadagi Pushkin”, degan edi Lev Tolstoy. Tirikligidayoq dunyoning eng kuchli yozuvchilari oʻnligiga kirib ulgurgan buyuk adib adabiyotsevarlarga Chexov asarlarini qayta-qayta oʻqishni maslahat berardi.

“Dunyoda inson aqlining yuksak maʼnaviy namoyandalaridan boshqa hammasi arzimas, qizigʻi yoʻq narsalar. Aql – inson bilan hayvonning orasiga qatʼiy chegara qoʻyadi hamda insonning ilohiyligiga ishora qiladi. Olamda insonga huzur-halovat beradigan yagona manba aqldir, biz uni koʻrmas ekanmiz, huzur-halovatdan mahrummiz”, deya oʻzining hayotiy eʼtiqod va aʼmollarini belgilagan shifokor adib insonning baxt-saodatini uning tafakkuriga qarab belgilardi.

Ijodini soddalik, xolislik va haqqoniylik tamoyillariga sodiq holda olib borgan yozuvchi orzusidagi inson yolgʻonga yolgʻon, ogʻriqqa bardosh, zolimga nafrat, ojizga shafqat, riyokorga gʻazabu oʻgʻriga kazzob koʻzi bilan qarashini xohlardi. Yolgʻon va riyokorlik, soxtaligu munofiqlik oxir-oqibat inson shaxsini yemiradi. Qaysiki jamiyatda soxta gʻoyalarga koʻr-koʻrona eʼtiqod bilan yashash urfga aylansa, oʻsha jamiyat Krilov masalidagi najjorning holiga tushadi. Chexov uchun eng ogʻir fojia – inson tiynatidagi ikkiyuzlamachilik, shaxsning manfaat ilinjidagi tubanlashishi, qalbning bulgʻanishi edi.

Adib toʻqsoninchi yillarning boshida Saxalinga sayohatga borib, u yerda katorga va surgunga giriftor qilingan kishilarning fojiali hayoti bilan yaqindan tanishadi hamda bu safar taassurotlari asosida “Oltinchi palata” va “Saxalin oroli” asarlarini yaratadi.

Inson oʻz shaʼni uchun kurashmasa, bu jamiyat zulm saltanatiga aylanib qoladi. Bu saltanatda zolimlarning hukmronligi avj olib, maʼnaviy inqiroz kelib chiqishini, maʼnaviy inqiroz esa oxir-oqibat millatning chohga qulashiga sabab boʻlishini his qilgan yozuvchi qahramonlarini oʻz shaxsiy gʻururi uchun kurashishga, yagona matlabi amalu zarga aylanib qolgan zodagonlarni maʼnaviy tozarishga, ruhan poklanishga chaqiradi. Chexov iztirob chekayotgan odamni sevardi. Chunki fikrlayotgan odam iztirob chekadi, faqat ugina ruhiy uygʻonish, oʻzi yashayotgan muhitda roʻy berayotgan ijtimoiy adolatsizlikka qarshi kurashish va oʻz hayotini yangicha axloqiy nizomlar asosida qayta qurish salohiyatiga ega boʻladi. “Azob chekish kishini kamolga yetkazadi. Insoniyat oʻzi chekayotgan azoblarini turli vositalar yordamida yengillashtirishga urinsa, din va falsafadan voz kechadi. Odamzod turli falokatlardan u tufayli saqlanibgina qolmay, balki haqiqiy hayotni, baxt-saodatni chekayotgan iztiroblari orqali topadi”, degan xulosaga keladi.

Ekinni shiradan, temirni zangdan, koʻngilni egrilikdan asrash kerakligi haqidagi aqida adib uchun metin qonuniyat edi. A. P. Chexov “Chinovnikning oʻlimi”, “Buqalamun”, “Niqob”, “Yengiltak”, “Rotshildning skripkasi”, “Gʻilof bandasi”, “Qayliq” kabi yuzlab hikoyalari, “Ivanov”, “Chayka”, “Vanya togʻa”, “Uch opa-singil”, “Olchazor” kabi pyesalari, “Boloxonali uy”, “Mening hayotim” kabi qissalarida inson ruhiyatining rangin manzaralari va shu davrdagi rus jamiyatining maʼnaviy qiyofasini shafqatsiz tarzda tasvirlab, inson haqidagi teran va chexovona achchiq falsafani original shaklda tarix sahifalariga muhrlab ketdiki, hikoyachilik borasida uning tafakkuri darajasiga koʻtarila oladigan yana shunday adib jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam uchraydi.

1898 yil A. P. Chexov sil kasali bilan ogʻrib, davolanish uchun Yaltaga koʻchib boradi. Millionlab odamlarning qalbida hayotsevarlik, insonparvarlik va borliqqa nisbatan cheksiz muhabbat uygʻotishga ulgurgan, necha-necha bemorlarning hayotini saqlab qolishga erishgan adib oʻz umrini ozroq boʻlsa ham uzaytirish baxtiga erisholmadi. “Men hayotni sevaman, ehtiros bilan sevaman”, derdi yozuvchi oʻz qahramoni tilidan. Ammo yozuvchi sevgan hayot uni bagʻrida koʻp olib oʻtirmadi: uning achchiq tiliga chidamadi. Chexov 1904 yilda Germaniyaning Badenvayler shahrida vafot etdi. Shamolning bir epkini yoki maysa yuzidagi bir tomchi shabnam hayotidek qisqa umr adib nomiga abadiylik baxsh etdi.

Bugungi kunda Rossiya va dunyoning boshqa shaharlarida uning nomi bilan ataladigan 24 ta muzey va teatrlar, adib dahosi qudratini namoyon qilib turadigan 30 dan ortiq haykalu yodgorliklar, uning nomi bilan zarb etilgan million-million tanga pullaru, qoʻsha-qoʻsha taʼlim va maʼnaviy maskanlar peshtoqidagi A. P. Chexov nomi bu ijodkor tafakkuri yogʻdusi hech qachon soʻnmasligidan dalolat berib turibdi.

El ellik yilda oʻzgaradi, deydi mashoyixlar. Chexov zamonidan bugungi kunimizgacha elni oʻzgartiradigan ellik yilliklarning salkam uchtasi oʻtdi. Ammo hamon uning gʻoyalariga, daʼvatlari-yu, samimiyatiga ehtiyoj ortib bormoqda.

Adib ijodi davomida 42 ta adabiy taxallus qoʻlladi. Eng qizigʻi, uning “Uliss” nomli taxallusi keyinchalik gʻarb adabiyotining ulkan namoyandalaridan biri J. Joys yaratgan dunyodagi tushunilishi eng murakkab asarga sarlavha boʻldi… Bu tasodif yoki taʼsir tufayli roʻy berganmi bu yogʻi hozircha nomaʼlum.

Chexov taxalluslaridan yana biri “Koʻzyoshsiz odam” edi. Hayotda koʻzi yoshga toʻlmaydigan, yigʻlamaydigan odam boʻlmaydi. Yigʻlolmaydigan odam boʻlishi mumkindir, ammo yigʻlamaydigan odam borligini Chexov hech qachon tasavvur qilolmas edi. Insonning koʻzi quruq boʻlishi uchun uning qalbi ham quruq, boʻm-boʻsh boʻlishi kerak. Yozuvchi bunday qalbli insonlardan nafratlanar edi. Bu taxallus alamzadalar dunyosiga, indamaslar, bagʻritosh va manqurtlar dunyosiga nisbatan bir kinoya edi. Adib esa koʻp yigʻlardi. Oʻshandaylarning hamon borligi uchun ham yigʻlardi. Yigʻlash uchun esa yolgʻizlikni sogʻinardi. Uning uchun “Yolgʻizlikdan boshqa baxtning boʻlishi mumkin emas” edi.

 

Alimurod TOJIYEV

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.