Istiora

1
733
marta koʻrilgan.

Istiora arabcha soʻz boʻlib, “qarz olish” maʼnosida keladi. Istiora ikki narsa oʻrtasidagi oʻxshashlikka asoslanadi. Tashbehdan farqli ravishda, oʻxshatish vositasi va oʻxshatish sababi qoʻllanmaydi.

 

Tamanno qilgʻali laʼlingni koʻnglum,

Kishi bilmas oni kim, qoldi qanda.

(Atoyi)

 

“Laʼl” tabiatda uchraydigan qimmatbaho qizil tosh ayni paytda, yor labidan chiqadigan iliq soʻzni ham anglatadi. Yorning labi qon kabi qip-qizil boʻlgani uchun ham laʼlga oʻxshatiladi. U koʻchma maʼnoda soʻzni ham anglatadi. Modomiki, laʼl qimmatbaho tosh ekan, u soʻzni anglatganida nihoyatda moʻtabar va qadrli soʻz nazarda tutiladi. Demak, bu yerda oʻzi ishlatilmagani holda soʻzning inson koʻngli uchun naqadar aziz va qadrli ekanligi taʼkidlanmoqda. Matnda lirik qahramon ayni mana shunday noyob va nodir qadr-qimmatga mushtoq kishi sifatida koʻrsatilgan. Laʼl – oshiq uchun kutilgan soʻzning qayerga ketib qolganini hech kim bilmaydi. Ehtimolki, “soʻz”ning oʻzi qoʻllanganida bayt bunchalik taʼsirli va yoqimli boʻlmagan boʻlar edi.

 

Tilar el mansabi oliy va lekin,

Atoyi sarvi ozodinggʻa banda.

 

Ushbu baytdagi istora “sarvi ozod” birikmasi orqali aks etgan. U yor qaddini, qomatini nazarda tutadi. Mazkur ifoda yor qaddining goʻzalligini, oʻziga yarashib turishini toʻla va taʼsirchan ifoda etishi bilan kitobxon uchun ham manzur va maʼqul boʻlaveradi.

Alisher Navoiyning quyidagi misralarida qoʻllangan istiora yanada goʻzal va taʼsirchandir:

 

Ul oy oʻtlugʻ yuzin ochsa, Navoiy, tegmasin de koʻz,

Muhabbat tuxmidin oʻzga ul oʻt uzra sipand etmas.

 

Aslida, bu baytda bir necha istioralarning ketma-ket qoʻllanganini kuzatishimiz mumkin: “oy”, “muhabbat tuxmi”, “oʻt” soʻzlari shu vazifani bajarib kelgan. Oy – yuzi oyga oʻxshaydigan yor timsoli. Faqat oʻxshatish qoʻshimchalari boʻlmagani uchun u dabdurustdan tushunilmasligi mumkin. Ammo “oy”ning osmon jismi emas, balki insonni, alohida shaxsni anglatib kelayotgani sezilib turibdi. Shuning uchun adabiyotshunoslar istiorani qisqartirilgan oʻxshatish deb ham aytishadi. “Muhabbat tuxmi” “muhabbat” degan abstrakt ot bilan “tuxum” (“urugʻ donasi”) konkret otining birikuvidan hosil boʻlgan. U insondagi nozik va qadrli bir tuygʻuni anglatib turibdi. Ammo shu holatida u “ishq” yoki “muhabbat” soʻzlariga qaraganda yoqimliroq va goʻzalroqdir.

“Oʻt” bu yerda “olov” soʻzi bilan sinonim tarzda qoʻllanmoqda. Uning asosiy vazifasi maʼshuqa yuzidagi rangni koʻrsatishdan iborat. Bu “olov rangi”dir. Yuzdagi qizillikning mana shu tarzdagi ifodasi goʻzallikning ham oʻziga xos ifodasi sifatida koʻzga tashlanadi.

 

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

1 mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.