Isteʼdod va uning darajalari haqida oʻylar

0
3051
marta koʻrilgan.

(“Daftar hoshiyasidagi bitiklar” misolida)

 

Ijodiy jarayonda ilmiy izlanishlar olib borilmagan, va ayni paytda, qatʼiy xulosalar qilinmagan mavzular koʻp. Buning boisi, har bir shaxsning oʻziga xos va takrorlanmas olam ekanligi boʻlsa, ajab emas. Shunday qiziqarli, koʻp qirrali, murakkab muammolardan biri – isteʼdod va talant masalasidir.

Oʻzbek tilining izohli lugʻatida “Isteʼdod – ijodiy qobiliyat, layoqat, talant”; “Talant – katta qobiliyat, isteʼdod” deb taʼriflangan. “Qobiliyat” – “biror ishga qobillik, yaroqlilik layoqat” va ikkinchi maʼnosi “isteʼdod, talant” tarzida qayd qilingan. Demak, “Qobiliyat” ham, “Isteʼdod” ham, “Talant” ham bir-biriga maʼnodosh soʻzlar qabilida tushuntirilgan, deyarli farqlanmagan.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov ham “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarida talant va isteʼdodni bir xil mazmundagi tushunchalar sifatida ishlatadi.

U “Hayotning boshqalar koʻrmagan tomonini koʻrish – talant. Haqiqiy isteʼdod boshqalar koʻrmagan narsani topadi va oʻsha “narsa” insonni, xalqni, boringki, jamiyatni qayoqqa boshlashi mumkinligini tasvirlab beradi”, deb yozadi. Ikkinchi bir oʻrinda “talant” tushunchasini shunday “tiriltiradi”:

“Noʻnoq haykaltarosh tirik odamni shohsupagacha chiqarib qoʻysa ham oʻlikka oʻxshaydi.

Haqiqiy haykaltarosh oʻlik jondan yasagan haykal tirikka oʻxshaydi.

Talant degani shu!”

Demak, Oʻtkir Hoshimov talant va isteʼdod deganda, asar qahramonlariga “jon ato etish”, yaʼni ularni chinakam tirik insonlarga aylantirishni tushunadi. Bu “tirik inson” boshqalarga oʻxshamagan tarzda kashf qilingan boʻlishi va oʻzining mazmuni bilan kitobxonni ezgulikka yetaklashi lozimligini asosli taʼkidlaydi.

Xoʻsh, isteʼdod tugʻma boʻladimi yoki u hayotiy faoliyat davomida qoʻlga kiritiladimi? degan savolga Oʻtkir Hoshimov ishonch bilan “… Ijodkor boʻlish uchun eng avvalo isteʼdod kerak. Isteʼdodni esa yolgʻiz Alloh beradi” deydi. Bu mulohazani esda qoladigan tarzdagi rivoyat bilan asoslaydi:

“Chekka qishloqlardan birida ikki qadrdon doʻst boʻlgan ekan. Ikkovlari bir koʻrpada tepkilashib, bir adirda mol boqib voyaga yetibdi. Yigit yoshiga kirganda ikkovlari poyi-piyoda, chorigʻni sudrab, katta shaharga yoʻl olibdi. Katta oʻqishga kiribdi. Taqdir taqozosini qarangki, ikkovlari sohibjamol bir qizni sevib qolibdi. Taqdir taqozosi bilan doʻstlardan biri kattagina amaldor, biri esa shoir boʻlib yetishibdi. Taqdir taqozosini qarangki, qiz amaldorni tanlabdi.

Shoir hijron alamida yonib, sheʼrlar bitibdi. Dovrugʻi olis-olislarga ketibdi.

Shoir baribir shoir-da! Tili oʻtkir, soʻzi keskir boʻladi. Sobiq doʻsti-yu, sobiq sevgilisi kelib qolgan davralarda “doʻst”ni chandishdan oʻzini tiyolmas ekan. Kunlardan birida ayol bunday kamsitishlarga chidolmay, aytibdi:

– Menga, qara! Seni shoir qilgan men boʻlaman! Menga boʻlgan muhabbating seni shoir qildi. Agar men boʻlmasam, sen shoir boʻlmas eding! Qachongacha erimni kalaka qilasan?

Shoir javob qilibdi:

– Toʻgʻri, men senga bagʻishlab koʻp sheʼrlar yozdim. Ammo sening muhabbating hammani shoir qilishga qodir boʻlsa, nega yoningda oʻtirgan toʻnka shu paytgacha shoir boʻlmadi?

…Aytishlaricha, bu ulugʻ Ozarbayjon shoiri Samad Vurgʻun ekan”.

Bu fikrlar bilan Oʻ. Hoshimov isteʼdodning yombi oltindek yaxlitlashishi va oʻtkir (keskir)ligiga asos beradigan mehnatni tamoman rad etmaydi; balki “chinakam ijodkor boʻlish uchun odamda isteʼdod”dan tashqari “bilim, mehnat, hayot tajribasi, izlanish va albatta… Vijdon boʻlishi kerak…”ligini taʼkid qiladi. Isteʼdod egasining “Qalbi qogʻozdek oppoq, qogʻozdek lovillab yonadigan odamdangina chinakam adib chiqishi”ni uqtiradi.

Isteʼdoddek bepoyon tushunchani yana baʼzi qirralarini ochar ekan, yozuvchi isteʼdodli va isteʼdodsizlarni solishtirish orqali iztirobli va zarur orzularini bayon etadi:

“Isteʼdodlilar hadeganda qovusha qolmaydi. Ular yulduzga oʻxshaydi. Har bir yulduzning oʻz mehvari boʻladi. Yulduzlar bir-birini inkor etmaydi. Ammo bir-birining mehvariga kirmaydi ham. Isteʼdodsizlar esa bir zambil shagʻaldek gap. Darrov toʻdalashadi. Toʻda boʻlib jim yotsa-ku, mayli. Baraka topgurlar isteʼdodlilarga tosh otaverib bezor qilgani chatoq…

Modomiki, talantsizlar yovuz niyatda bir-biri bilan til topishar ekan, talantlilar ham yaxshi niyatda birlashmogʻi kerak”.

Bu mulohazalardan tashqari yana bir muhim gapni, yaʼni isteʼdodning hamma yaratganlaridan mamnun boʻlib qolmaslikka, balki isteʼdod oʻnlab yillar davomida erishgan mukammallikdan, mutanosiblikdan past ketmaslikka, dastlabki yaratilgan “uygʻun bir butunlik”ka boʻysinmagan asarlarni nashr etishdan saqlanishga chaqiradi. Har qancha qiyin boʻlishiga qaramay, ana shu oqilona saboqqa amal qilishga chorlaydi:

“Isteʼdodli adib hayotida ikki marta xatarli bosqichdan oʻtadi. Birinchisi – nimaiki yozmasin chiqarishi mushkul boʻlgan palla. Ikkinchisi – nimaiki yozmasin, chiqarishi oson boʻlgan palla. U birinchi bosqichdan eson-omon oʻtadi. Ammo ikkinchi bosqichdan oʻtishi ogʻir, juda ogʻir…”.

Yozuvchi oʻzining hayotiy tajribasiga, talantiga suyangan holda gapiradi, isteʼdodli shaxslarning ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish yoʻllarini koʻrsatishga intiladi va ayni paytda, baʼzi isteʼdodli odamlardagi manmanlik, xudbinlik, boshqalarni nazar-pisand qilmaslik kabi “gʻururlanish” nooʻrinligini koʻrsatadi. Isteʼdod qudratining bepoyonligini ayonlashtiradi:

“Katta isteʼdod avval xalq eʼtiborini, keyin xalq muhabbatini va nihoyat xalq eʼtiqodini qozonadi. Aslida mana shu uch bosqichning har bittasi bir umrga teng”.

“Daftar hoshiyasidagi bitiklar”da talantga nisbatan, bizning nazarimizda, sal nooʻrinroq mulohazalarga ham duch kelamiz. Jumladan, yozuvchi “Talantsiz yozuvchi tovuqqa oʻxshaydi! Yongʻoqdek tuxum tugʻadi-da, qaqogʻlab olamni buzadi” deydi. Nemislar aytganidek, “Har bir oʻxshatishda bir kamchilik boʻladi” ekan-da!

Darvoqe, talantsiz odam “tuxum”dek narsa ham yarata olmaydi. U tuxum tuqqan boshqa tovuqqa qoʻshilib “qaqogʻlashi” va “olamni buzishi” mumkindir. Nafsilambirini aytganda, tovuqdan “yongʻoqdek tuxum” tugʻilishi – yangi bir olamning dunyoga kelganidir, “qaqogʻlash” esa – dunyoni xabardor etishga intilishning zavqi oqibatidir. Shunday ekan, bu oʻxshatishning mantigʻi, mohiyatidan kelib chiqib “Talantsiz yozuvchi tuxum tuqqan tovuqqa taqlidan qaqogʻlab olamni buzadigan makiyonga oʻxshaydi” deyilsa, bizningcha, fikr aniqlashgan, teranlashgan boʻlardi; “talantsiz yozuvchi”ning qiyofasi boricha yaqqollashardi.

Ushbu kitobning taʼsiri beqiyoski, bevosita sizni ham yangi fikr-mulohazalarga yetaklaydi. QOBILIYAT – ISTEʼDOD – TALANT – DAHO kabi tushunchalarga chuqurroq yondoshishga va anglashga daʼvat etadi. Oʻylashimizcha, bu tushunchalarni farqlashning, har biriga xosliklarini aniqlashning vaqti kelganga oʻxshaydi.

“Qobiliyat” – “biror ishni bajara olish layoqati” maʼnosidagi soʻzdir. Hamma inson ham muayyan bir qobiliyatga daxldor boʻlib dunyoga keladi. Oʻsish jarayonida u yoki bu hunarga, kasbga qiziqishi ortadi va unga uquvi kelayotganini sezadi, shu sohani uddalashga layoqati yetishini anglaydi. Qobiliyat oʻquv, tajriba va malakani egallash jarayonida mukammallik kasb eta boshlaydi, hayotiy taʼlim va tarbiya asosida yetuklik bosqichiga kiradi. Koʻpning diqqatini oʻziga tortadi. Millionlab odamlarga xos boʻlgan bu xislat oʻzini “faqat faoliyatda namoyon etadi”.

“Isteʼdod” qobiliyatlar yigʻindisidan iborat boʻladi va uning egasi, muayyan sohaning ustasi, komil “piri” darajasiga koʻtariladi. Sohaning har qanday qiyinchiligini ilm va tafakkur bilan hal etadi; bugungi holati va darajasini yanada yaxshilaydi, boyitadi. Jamiyatning talabiga muvofiqlashadi, boshqalar tomonidan ochilgan dunyoning sifatiga amal qiladi va shuning shukronasi bilan yashaydi. Millatning eʼtiborini oʻziga qaratadi. Minglab odamlarga xos xislatni oʻzida tashiydi.

“Talant” grekcha soʻz boʻlib, “tabiiy, tugʻma isteʼdod” maʼnosini bildiradi. Talantli inson deb, yuqori darajadagi isteʼdodga ega boʻlgan, u yoki bu ishni “xamirdan qil sugʻurgandek” oson bajaradigan, muayyan sohani boyituvchi kashflar yaratadigan, chuqur his va idrok orqali anʼanalarni qoʻrqmasdan buzuvchi, tanlagan sohasini qismati darajasiga koʻtargan Shaxsga aytiladi. Ularni jamiyat yaratadi va talantlar yaratgan jamiyatlarining ruhini aks ettiradilar. Ular xalq muhabbatini qozonadilar. Millat va xalqning mulki sanaladilar. Bu A. Qodiriy, A. Qahhor, Oybek, H. Olimjon, Zulfiya, Gʻ. Gʻulom, O. Yoqubov, P. Qodirov, E. Vohidov, A. Oripov, R. Parfi, T. Murod kabi yuzlab ijodkorlarning nasibasidir.

“Daho” – “favqulodda zehn va zakovot, ijodiy talant” egasi. Bu xislat uning peshonasiga yozilgan azaliy taqdirdir. Uning uchun makon ham, vaqt ham, davr ham ahamiyatga ega emas. U hammaga toʻgʻri kelaveradi, barcha avlodlarga yangilik beraveradi, lekin hech kim unga teng boʻlolmaydi. U oʻz davridan uzib ketadi, asrlarga va olamga tatiydigan yangilik bunyod etadi, sohasida inqilob yaratadi va uning sardoriga aylanadi. Umumbasharning eʼtiqodini qozonadi. Bashariyatning mulkiga aylanadi. Bu odamzodning Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Mirzo Bobur kabi oʻnlab farzandlariga nasib etgani ham dalildir.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, qobiliyat ham, isteʼdod ham, talant ham, daholik ham Allohning inoyatidir. Shu xislat egalarining mehnatlariga yarasha yaratilgan moʻjizakorlikdir.

Xulosamiz tushunarli boʻlishi uchun, matematik amallar yordamida izohlamoqchimiz. Yaʼni, Allohning berganini uzluksiz va kundalik mehnatga qoʻshsak (5+5=10) – qobiliyat, koʻpaytirsak (5x5=25) – isteʼdod tugʻiladi. Mehnat va yana mehnat zaruratga aylanadi.

Yaratganning berganini va ijodiy, zoʻr mehnatni darajaga koʻtarsak (5²x5=125) – talant, darajasini darajaga koʻtarsak (5²)²=625) – daho tugʻiladi. Shu sababdan ular titanlarga xos mehnat va mashaqqat chekadilar.

Xudo bergan qobiliyat, isteʼdod, talant va daholik xislatlari bilan mehnatning nisbati elikka ellik yoki birga toʻqson toʻqqiz foiz boʻladi, degan xulosadan uzoqmiz. Ular oʻrtasidagi dialektika oʻta sirli, murakkab va serqirradir. Nisbatlarning oʻzaro uygʻunlashi ham turlichadir, balkim har bir ijodkorning oʻzligiga xos va mos, ungagina atalgan oʻlchamdir… Lekin eng qizigʻi shundaki, bu ikki nisbat qanday va qay tarzda boʻlishidan qatʼi nazar, biri-birisiz yaratish xislatiga ega boʻlmaydi, shu bois, biri ikkinchisini zaruratga aylantiradi. Ular biri-biriga muxolif ham boʻlmaydi, balki oʻzaro chatishib yaxlitlikni, aniqlikni, yagona birlikni voqe qiladilar. Ana shundagina tabiiy goʻzallik yaraladi.

Xullas, qobiliyatli va isteʼdodli insonlarsiz, talant va daholarsiz jamiyat ham, insoniyat ham istiqbolini yarata olmaydi. Istiqlolimizning kamoloti ham, Prezidentimiz asoslagan 2017–2021 yillarda Oʻzbekistonni yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi ham, xalqimizning baxt va omadi ham ana shunday odamlarga, ularning koʻplab yetishuviga bogʻliqdir.

 

Hotam UMUROV,

filologiya fanlari doktori, SamDU professori.

 

“Yoshlik”, 2017–8

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.