Iqrorlar yoxud butunlik istagi

0
146
marta koʻrilgan.

Assalomu alaykum, Bobur! Omonmisiz? Roʻzgʻorni gʻor deydilar, shu gʻorning keng yoʻllarida salomat odimlayapsizmi?

Yaqinda borganimiz – oʻsha sheʼrxonlik kechasida “Fotoapparat va men” degan sheʼringizni oʻqidingiz. Bundan besh-olti yil avval sizni aynan shu sheʼr orqali gʻoyibdan taniganman. Keyin kitobingiz chiqdi, ancha yutuqlarga erishdingiz. Lekin baribir sizni yaqindan bilmasdim – sheʼrlaringizni koʻp bor oʻzingizdan eshitgan esam-da, kitob holida toʻlaligicha oʻqib chiqmagandim. Shu bois hozirgacha yozilgan barcha mashqlaringizni oʻqish istagi tugʻildi…

Sizga bir sirni aytsam: tabiatan kamgapman. Baʼzi hollarda aytilishi kerak boʻlgan gapni aytishga nimadir xalaqit berganday oʻzimni gʻalati his qilaman. Buni oʻzimcha andishaga yoʻyaman. Baʼzan Soʻz, Adabiyot, xususan, tengdoshlar ijodi haqida nimalarnidir aytgim keladi-yu, andisha qurgʻur tagʻin shashtni qaytaradi (hatto bular bora-bora anglab boʻlmas ogʻriqlarga evrildi; yozganlaringiz haqida gapirib, ora-sirada ogʻriqlarimdan-da soʻz ochsam, aybga buyurmang). Shunday boʻlsa-da, baʼzi mulohazalarni aytishga jazm etdim. Aytajaklarimni faqatgina oddiy kitobxon va ijodingizni doimiy kuzatib boruvchi doʻstingizning fikrlari, deb qabul qilgaysiz.

…Kitobingizga kirgan avvalgi hamda soʻnggi bir-ikki yil ichida internet saytlari va gazeta-jurnallarda eʼlon qilingan sheʼrlaringizni diqqat bilan oʻqidim. Besh yil avval “Birinchi kitobim” loyihasida nashr qilingan “Koʻzlarimdagi dunyo” toʻplamingizdagi sheʼrlar bilan keyingi yozilgan mashqlaringizni taqqoslab koʻrdim: xoʻsh, shoir oʻsibdimi? Sheʼrdan-sheʼrga oʻsganingiz yaqqol sezilmasa-da, lekin soʻz tanlash, ifoda usulingizda yaxshigina sayqallanish bor. Oʻzingizni qiynamasdan yozasiz, aql va tuygʻuning omuxtaligi sezilib turadi.

Yozganlaringizda koʻzga tashlanib turadigan birlamchi jihat bu – falsafiy mushohada yuritishga urinish. Deyarli har bir sheʼringiz shunday mushohadalar zamiriga qurilgan. Haqiqatan, ayrim sheʼrlaringizda tasvirlanayotgan voqelikdan yaxshigina falsafiy xulosalar chiqarasiz. Holat tasvirini chizishda ham originallikka intilishingizni taʼkidlash kerak. Tuygʻulari harorati koʻngilga iliqlik olib kiradigan “Olapar”, “Fotoapparat va men”, “Yuborilmagan suratlar” kabi quyma satrli sheʼrlaringiz borligini-da koʻpchilik yaxshi biladi.

“Bir koʻngil oʻstirsang ichingda…”, “Bir kun yigʻlamasa ahli bolalar…” deb boshlanadigan sheʼrlaringiz pafosi bilan boshqa bitiklaringizdan ajralib turadi. Bir qarashda ularda oʻychanlik va hazinlik borday tuyulsa-da, lekin mohiyatan lirik qahramonning ertangi kunga, yorugʻ kelajakka ishonchu etimodi seziladi. “Bir kun yigʻlamasa ahli bolalar…” deb butun dunyoda boshlanuvchi sheʼrda maqsad-muddao har bandda takrorlanib keladigan “Bir kun” birikmasi zamiriga qurilgan: bir kun boʻlsa ham oʻq otilmasa, bolalar uyi boʻshab qolsa, qaniydi motam boʻlmasa, koʻngli borlar bir-biriga yetishsa, dunyo oʻzini sal kengroq sezsa, deb yorugʻ kunlar kelishiga umid qilinadi. Bu ishonch har band oxirida takrorlangan “Oʻsha kun kelarmi, oʻsha kun bormi?” ritorik soʻrogʻida yanada reallashadi.

Lirik qahramoningiz oʻtmishni mushohada qilarkan, kelajakka umid bilan qaraydi. U eʼtiqodda (keng maʼnoda) sobit, zamondoshlarini maʼnan komil INSON sifatida koʻrishni orzu qiladi. Asosiysi, u fikrlashdan, oʻz qalbini oʻrtashdan toʻxtamaydigan shaxs.

…Bilasiz, durustgina sheʼrlari bilan uch-toʻrt marta matbuotda koʻrinib, ustozlar nazariga tushgan tengqurlar orasidagi bir-ikki yilni hisobga olmasak, salkam oʻttizga yaqinlashib qoldik. Ayrimlari ikki-uch toʻplam eʼlon qilishga ulgurdi. Ammo… hali hech birimiz oʻz yoʻlimizni topolmayapmiz – ijod qolib, hissiyotlarimizni soʻldiradigan, koʻnglimizni xiralashtiradigan mayda yumushlarga oʻralashib yuribmiz. Buni baʼzan tan olgimiz keladi-yu, lekin qaysidir vajlar sabab oʻzimizni oqlashga urinamiz: tirikchilik, yashash ham kerak-da, deb qoʻyamiz… Taassufki, shoir aytganidek, bizni mayda tashvishlar yengyapti. Endi ayting: buyuk orzular, ulugʻ niyatlar qoʻlimizga qalam tutqazmaganmidi?!

Esingizda boʻlsa (besh-olti yil avval), oʻziga xos ohang va ruh bilan sheʼrlar yoza oladigan bir nechta tengdosh yigit-qizlar adabiy toʻgaraklarda qizgʻin mushoira qilishardi. Koʻpchiligimiz ularning goʻzal sheʼrlariga muxlis edik. Baʼzilari ustozlar mehrini qozonib ulgurgan edi. Lekin… Gohida oʻzimga savol beraman: yoniq sheʼrlari bilan katta umid uygʻotgan oʻsha yoshlar hozir qayerda? Oʻsha paytda oʻzlari kuylagan Soʻz va Adabiyotga sodiqlik tuygʻulari muvaqqatmidi?..

Savollar iskanjasidan qutulib, oʻzimcha javob izlayman: nazdimda, ularning koʻpchiligi oʻz isteʼdodlarini asrashga ojizlik qilishdi. Baʼzilari ustoz shoirlarning maqtovidan taltayishdi, bora-bora oʻzlaridan boshqani tan olmay qoʻyishdi. Rauf Parfi aytganiday, ularni maqtov – shirin ogʻu shirin oʻldirdi. Ayrimlari minbar shoiri boʻlish hadisini yaxshi oʻzlashtirishdi: balandparvoz sheʼrlar aytishni urfga aylantirdilar. Kimningdir bir necha ming nusxada kitobi chiqqach, qalam haqining sururidan havolanib yurdi, yana kimdir turli tanlovlarda gʻolib boʻlib, diplomu yorliqlar olgach, ularning orqasidan keladigan imtiyozlarga uchib, turli maqomlarga yoʻrgʻalab ketdi.

Katta va butun adabiyotni katta va butun avlod yaratadi. Buni oʻtgan asrning yetmishinchi yillari avlodi misolida koʻrishimiz mumkin. Endi savol: biz butun avlod boʻlishga intilyapmizmi? Afsuski, yoʻq! Chunki boya aytganimday, koʻpchiligimiz oʻzimizdan boshqani tan olishni istamay qoʻydik. Sochilib ketgan magʻlub lashkarning askarlariday tarqoq holda foydasiz tizmalar tizish bilan bandmiz. Ijtimoiy hayotga, adabiy jarayonga shaxdam qadam bilan kirmaymiz, oʻzimizni shoir sanaymiz-u, ammo millat, xalq, vatan oldida nainki shoir, oddiy bir yurt farzandi sifatida arzirli ish qilganimiz yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda bizni kimdir maqtab qoʻysa, shu bilan oʻzimizni katta shoir hisoblab, tagʻin havolangiz. Birov aytmaydiki, oʻ, birodar, haqiqiy ijod yerdagilarga kerak, pastga tushib yoz, deb… Birinchi navbatda, oʻzimiz shaxs sifatida butun boʻlishga intilmogʻimiz kerak, deb oʻylayman. Shundan soʻng oʻzimizni millat taqdiriga daxldor sezgan holda, bir maqsad yoʻlida birlashmogʻimiz lozim. Butun avlod boʻlmasak, millatni, adabiyotni yorugʻ kelajak sari qanday yetaklaymiz!?

Uzr, mavzudan biroz chiqib ketdim. Bu mulohazalar sizni ham oʻylantirishiga ishonganim uchun arzihol qildim shekilli. Tagʻin ijodingizga qaytsam. Ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan “Muddao” badiangizni oʻqigandim. Iqtibos keltiraman: “Yaxshi sheʼr qachon esda qoladi? Menimcha, unda yarq etgan voqea boʻlsagina. Oʻsha voqelik, oʻz navbatida, chuqur maʼno tashimogʻi ham lozim. Baland terakning ildizini qurt-qumursqalar yeb bitirsa-yu, “qars” etib yerga qulasa – bizga nima, deymiz. Biroq oʻsha terak bir inson siymosi boʻlsa-yu, oʻz xatolari tufayli yengilib, hammamizga ibrat boʻlolsa – bu boshqa gap. Aslida sheʼr birgina misra boʻlib dunyoga keladi. Qolgan satrlar oʻsha misraning kuchayishiga, mavzu mohiyatini chuqurroq ochib berishga xizmat qilishi kerak”. Fikrlaringizga qoʻshilaman. Bularni koʻp bor davralarda ham aytganingizni eshitganman. Bu mulohazalar oʻz ijodingizga-da toʻla mos keladi: yozganlaringizni oʻqigan kishi sheʼrlaringiz haqiqatan bitta misra zamiriga qurilganini sezadi (hatto “Kurash” sheʼringizda insonning jisman va maʼnan yiqilishini daraxtning qulashiga mengzagansiz).

Toʻgʻri, ilhom yolqinlari bilan alanga olgan oniy hissiyot – anglab boʻlmas ajib bir tuygʻu (fikr) shoir xayoli (koʻngli)dan nur tezligida “yilt” etib oʻtadi. Shoir oʻsha kechinmani qogʻozga tushirmagunicha tinchimaydi. Darhaqiqat, sheʼrda poetik maqsad-muddao oʻsha bir fikr atrofida birlashib, uning mohiyati qolgan misralar koʻmagida yanada tiniqlashadi. “Kurash”, “Kimyogar doʻstimning oʻylari”, “Tanga”, “Bitta cholni koʻrdim sahroda…” kabi sheʼrlaringizda fikrlar banddan bandga kuchayib boradi. Koʻrinadiki, ularni bir nafasda, koʻngil kechinmalarini aql chigʻirigʻidan oʻtkazib qogʻozga tushirgansiz. Hech qanday yasamalik, zoʻriqish yoʻq.

Bitiklaringizni sinchkovlik bilan oʻqib amin boʻldimki, sheʼrlaringizdagi lirik qahramon shaxsiyatingizdan uzoq boʻlmagan odam. U ham xuddi sizday oʻychan va ogʻir-bosiq inson; mulohazakor, har bir voqelikdan falsafiy xulosa chiqara oladigan tiyrak nazarli shaxs. Bu sizning yutugʻingiz. (Umuman, ijodiy yutuqlaringiz haqida ustozlar, tengdoshlar tomonidan ancha iliq fikrlar, maqtovlarni eshitgansiz. Ularni takrorlamoqchi emasman) Aslida, shoirlik ham shu-da: ijodida shaxsiyati, shaxsiyatida ijodi koʻrinib turgan qalam ahligina asrlar osha xalq qalbida saodatli yashaydi. Tarixga boqing: hazrat Rumiy, hazrat Navoiy, Pushkin, Qodiriy, Tolstoy, Oybek, Shavkat Rahmon…

Oʻsha badiangizda shunday fikrlar ham bor edi: “Sheʼr yaxlit bir asar sifatida taassurot qoldirmas, uning gʻoyasi avvalo inson qalbida aks sado bermas ekan, bunday toʻqimalarning bir satri ham yashashga loyiq emas, deb oʻylaysan kishi”. Siz haqsiz. Erkin Vohidovning “Majnuntol”, “Sevgi”, “Yurak va aql”, Abdulla Oripovning “Munojotni tinglab”, “Bahor kunlarida kuzning havosi…”, “Bahor”, Rauf Parfining “Yomgʻir yogʻar, shigʻalab yogʻar…”, “Uygʻon, ey malagim…”, “Ona Turkiston” kabi sheʼrlaridagi misralar shunday quyma va tabiiyki, ulardagi biror soʻzni boshqasiga oʻzgartirsangiz butun boshli sheʼrning poetik ohoriga putur yetadi. Demak, ularda maqsad asosiy gapni bitta misrada aytib olish emas, balki koʻngildan kechgan dardu hasratlarni har bir misra qatiga singdirishga urinish bor (tasodifni qarangki, ustoz shoirlar ushbu goʻzal sheʼrlarni ayni bizning yoshimizda yozishgan. Qaysi birimizda shunday bitiklar bor?!).

Sizning “Fil falsafasi”, “Karkidon”, “Yuk” kabi sheʼrlaringiz kishida oxirgi banddagi fikrni aytish uchungina yozilganday tasavvur uygʻotadi. Ularda koʻproq bayonchilik boʻy koʻrsatadi: faqat voqeani tasvirlash birlamchi boʻlib qolgan. Mazkur sheʼrlarni oʻqiy boshlagan kishi yakunda boshqacharoq xulosa kutadi (shaxsan menda shunday boʻlgan). Taassufki, soʻnggi banddagi xulosaviy fikrga chalgʻib, biroz sustkashlikka yoʻl qoʻygansiz.

Ayrim sheʼrlaringiz balandroq bitiklaringiz soyasida qolib ketadi: mazmuni boʻshroq. Masalan, “Taqa” sheʼringizda terakdan darvoza yasalgani aytilib, uni kimdir tepib oʻtgani, yana kimdir tayogʻi bilan turtgani (?), boshqa birov esa tilib (?) koʻrgani haqida gap boradi-da, oxiri:

 

U eng goʻzal darvoza edi,

Endigina yasalgan damlar.

Taqa uni chindan asradi,

Asrolmadi faqat odamlar, –

 

degan satrlar bilan tugaydi. Misralar oddiy gapligicha qolgan, ularda poetik ohor, badiiy-estetik yuqumlilik yetishmaydi. Toʻgʻri tushunasiz degan umid bilan aytamanki, toʻplamingizdagi “Jaloliddin Manguberdi monologi” va “Qoʻllar” kabi sheʼrlarni ham jiddiy koʻrib chiqib, qayta ishlash zarur, deb oʻylayman.

Esingizda boʻlsa, bir tanqidchi akamiz sheʼrlaringizni eshitgach, ulardagi voqeabandlikni payqadi chogʻi, siz haqda “Kelajakda nasrga oʻtib ketishi mumkin” degan “bashorat” qildi. Yana bir ustoz shoir siz haqingizda “Bu yigitning sheʼrlarini chet tillarga tarjima qilish oʻngʻay ekan. Sababi tarjima jarayonida his-tuygʻularni toʻla-toʻkis ifodalash qiyin, tasvir, syujetni esa boshqa tilga oʻgirish mumkin” degandi. Bu fikrlarda jon bor: haqiqatan, deyarli barcha sheʼrlaringiz syujet asosiga quriladi. Sizda holatdan koʻra koʻproq harakatni tasvirlashga urinish bor. Buni nuqsonga yoʻymoqchi emasman, bunday usul adabiyotimiz tarixida koʻp uchraydi. Lekin sheʼrda faqat voqeabozlikka intilish sheʼrxonni zeriktirishi mumkin. Shu oʻrinda badiiy ijodning oltin qoidasini eslatgim keldi: nima boʻlganini emas, qanday boʻlganini tasvirlash muhim-ku!

Voqeani keltirib, oxirida falsafiy fikr aytiladigan sheʼrlarda tuygʻularga erk bermasdan, aqlga tayaniladi. Bunday sheʼr esa faqat intellektning mahsuli boʻlib qolishi mumkin. V. Belinskiy “M. Lermontov sheʼrlari” maqolasida poeziya haqida fikr yuritar ekan, ijodning asosi ilhomdir, aql va hisob-kitobning aralashuvi esa ijodga dushmandir, deydi. Olim sof koʻngil kechinmalarining aql daxl qilmay turib qogʻozga tushishini ilhom deyayotgan boʻlsa ajabmas. Darhaqiqat, chin maʼnodagi sheʼr, avvalo, ruhiyat tasviri, his-tuygʻu manzarasi bilan toʻyingan boʻlishi kerak. Shoir sheʼrda aqlning emas, koʻngilning ravishiga boʻysunmogʻi lozim, nazarimda…

Bobur, siz haqda yana bir muhim gapni alohida taʼkidlamoqchiman. Odatga koʻra, ijodkorning darajasi uning yozganlari, aniqrogʻi, qalamga olgan mavzusining badiiy salmogʻiga qarab belgilanadi. Lekin aksar hollarda shoirning pozitsiyasini, Soʻzga, Adabiyotga, qolaversa, bashariyat uchun muqaddas va aziz boʻlgan oliy tuygʻularga eʼtiqodi hamda ixlosini qaysidir mavzuda yozmaganligi (aslida, bunga oʻzini maʼnaviy haqdor deb bilmasligi) bilan ham anglash mumkinday goʻyo.

Aytmoqchimanki, sizning Vatan haqida “joʻshib” yozilgan “jimjimador” sheʼringiz yoʻq. Nuqul oʻksinib, ogʻrinib, nimalardandir bezgan koʻyi onangizni savollarga tutadigan “nolishnoma”laringizni ham koʻrmaganman. Xatni olmagani uchun oʻzini haqoratlanganday sezib, qizdan arzu dod qilguvchi oshiq dardlari aks etgan misralaringizni-da bilmayman. Shu fazilatingiz bilan ham boshqa tengdoshlardan ajralib turasiz, desam mubolagʻa boʻlmas. Demak, siz bu mavzularga mos oʻz jozib soʻzingizni hali topa olmaganingizni anglagansiz. Shuning uchun “kindik qonim toʻkilgan zamin”, “jannatmakon yurt”, “seni yuksaklarga koʻtaraman” degan siyqa misralarni aytishdan oʻzingizni tiyyapsiz. Ona haqida ham tomoq yirtib, har bandda “Ona-a” deb yasama sogʻinch bilan sheʼr yozishni ham ep koʻrmayapsiz (demak, ona haqda eng goʻzal sheʼrlaringiz endi yaraladi). Sevgini qarama-qarshi jins vakillarining bir-biriga boʻlgan tabiiy mayli deb tushunmasligingizni “Tanga”, “Ovozimni yozib oldi bir kishi…” kabi goʻzal sheʼrlaringiz isbotlab turibdi.

Yaxshi eslayman: 2012 yili “Yoshlik” jurnalida ustoz Abdulla Oripov sizga oq yoʻl tilab, ishonch bildirgan edi. Taskin shuki, siz shu ishonchni oqlash yoʻlida ildamlayapsiz.

Qalbingizni asrang. Yorugʻ sheʼrlar yaralishida Yaratgan madadkor boʻlsin!

 

Husan MAQSUD

 

“Yoshlik”, 2017–1

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.