Imom Ismoil al-Buxoriy

0
1949
marta koʻrilgan.

Rivoyat qilishlaricha, bir kuni Imom Buxoriyni boshqa shaharga maʼruza uchun taklif qilib, uning qobiliyatini sinamoqchi boʻladilar. Yuzta hadisni oʻzgartirib, oʻn kishiga boʻlib beradilar. Bitta-bittadan hadisni ayttirib: “Toʻgʻrimi?” deb soʻraydilar. Imom Buxoriy: “Bilmayman”, deb javob qiladi. Shu tariqa hamma hadisni buzib aytib, Buxoriydan “bilmadim” javobini oladilar. Hamma hadis aytib boʻlingach, Imom Buxoriy soʻz boshlab, har bir kishining aytgan hadisini xuddi oʻziday qilib aytib, ketidan toʻgʻrisini aytib beradi. Shu tariqa yuzta hadisni toʻgʻrilab aytib berganlaridan soʻng shahar ahli u kishining zehniga, xotirasiga lol qolgan ekan.

“Hadis ilmida amir al-moʻminiyn” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Imom Ismoil al-Buxoriy milodiy 810-yilda Buxoro shahrida tavallud topgan. Ismoil yoshligidayoq otasidan yetim qoladi va onasi tarbiyasida voyaga yetadi.

U tabiatan aql-idrokli, ziyrak, oʻtkir zehnli boʻlgan. Oʻn yoshidan arab tilini va hadislarni qunt bilan oʻrgangan. Bilimga chanqoq, ilm-fanlarni oʻrganishga havasi kuchli boʻlib, hadis ilmini alohida qunt bilan oʻzlashtirgan. Manbalardan maʼlum boʻlishicha, u hadislarni hadis ilmi olimlari va rivoyatchilardan eshitgach, yodlab olavergan.

Imom al-Buxoriy oʻn olti yoshida sayohatga chiqadi, Makka va Madinani ziyorat qiladi. Oʻz bilimini oshirish maqsadida Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bagʻdod kabi ilm-fan markazlaridan hisoblangan yirik shaharlarda boʻladi. Hadis ilmi bilan birga fiqh ilmidan saboq oladi, yirik olimlar davrasida bahslarda ishtirok etadi, toliblarga dars beradi. Bunday bahs-munozaralar Buxoriy bilan atTermiziy oʻrtasida ham boʻlib, u ikki muhaddisning qizgʻin ilmiy va ijodiy muloqotiga aylangan. Termiziy Buxoriy salohiyatini oʻzidan yuqori qoʻygan.

Imom al-Buxoriy tinimsiz ishlagan, toʻplagan hadislarini oqqa koʻchirgan. Oʻzining yozishicha, koʻpincha hatto oyning yorugʻida ham, qorongʻi kechalarda sham yorugʻida ham kitob yozar ekan.

Muhaddis koʻplab shogirdlarga va ulamolarga hadis ilmidan saboq berdi. Buxoro amiri bilan oʻrtalarida ixtilof chiqadi. Amir Buxoriyga odam yuborib, saroyga kelishini, bolalariga kitob oʻqib berishini buyuradi. Biroq Buxoriy ilmini xor qilib hokimlar eshigiga borishni istamaydi. “Ilm izlab bormaydi, ilmni izlab keladilar”, deydi. Bu gapdan dargʻazab boʻlgan amir uni Buxorodan badargʻa qiladi. Shundan soʻng Buxoriy umrining oxirigacha Samarqand yaqinidagi Xartang qishlogʻida yashaydi va ogʻir dardga chalinib, 870-yili shu yerda vafot etadi.

Maʼlum boʻlishicha, livanlik shayx Nadim al-Jisr 1956-yili sobiq Sovet Ittifoqini ziyorat qilishga taklif etiladi. Nadim al-Jisr eng avval safarni Imom al-Buxoriy maqbarasi ziyoratidan boshlamoqchi ekanini aytadi. Biroq moskvaliklar Buxoriy haqida hech narsa bilmasdilar. Mehmon bir hafta xonasidan chiqmaydi. Bu vaqt Imom al-Buxoriy shaxsi, maqbarasining qayerdaligi va ahvolini aniqlashga ketadi. Maqbara mehmon ziyorat qiladigan darajada emasligi, yonidagi masjid esa omborxonaga aylantirilgani ayon boʻladi.

Yodgorlikni tezkor taʼmirlash va epaqaga keltirish uchun vaqtdan yutish maqsadida mehmonni Moskvadan Toshkentga poyezdda olib keladilar. Maqbaraga esa yarim tunda olib boradilar. Boisi Xartang qishlogʻi hali elektrlashtirilmagan ekan. Nadim al-Jisr unga peshvoz chiqqanlar orasidan oʻtib, maqbarani tiz choʻkkancha tavof etib, shu alfozda ertasi peshingacha Qurʼon tilovat etadi. Uning koʻzlaridan tinmay yosh oqar, hamma bu manzaradan hayratga tushgan ekan. 

Oʻsha voqeaning shohidi Z. Boboxonovning eʼtirof etishicha, Shayx Nadim al-Jisr Imom al-Buxoriy qabri va uning atrofidagi tuprogʻini vazniga teng oltin barobarida sotib olish istagini oʻtinib bayon qilgan ekan.

Mustaqillik sharofati bilan qadriyatlarimiz tiklandi, shular qatorida muqaddas qadamjolar ham taʼmirlandi. Hozir Imom al-Buxoriyning qabri atrofida katta meʼmoriy majmua barpo etilgan va u musulmonlarning ziyoratgohiga aylantirilgan.

Imom al-Buxoriydan bizga katta, boy va qimmatli meros yigirmadan ziyod ilmiy asar yetib kelgan. Ular orasida “Al-Jomiʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) va “Al-adab al-mufrad” (“Adab durdonalari”) asarlari, ayniqsa, ahamiyatlidir.

 

Nazira GʻULOMOVA

 

“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.