Ijod va tarjimai hol talqini

0
16
marta ko‘rilgan.

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi

Har bir ulkan ijodkor o‘zicha bir olam. Ular biri ikkinchisini takrorlamaydi, biri boshqasidan farqlanadi. Bunday adiblarning tarjimai holini asarlaridan, asarlarini esa tarjimai holidan ayricha tasavvur etib bo‘lmaydi. Zotan, dunyo adabiyotshunosligida masalaning shu jihatini muayyan tizimga keltirgan biografik metod ham bor.

Fransuz olimi Sharl Sent-Byov o‘zining biografik yo‘nalishda yozgan adabiy-tanqidiy maqolalarida har bir yozuvchi hayoti va aniq bir asariga talqiniga alohida e’tibor berib, “Adabiy portretlar” kitobida: “Meni har doim xatlar, suhbatlar, fikrlar, xarakterlarning o‘ziga xos turli fazilatlari, ma’naviy-ruhiy qiyofasi, bir so‘z bilan aytganda, mashhur yozuvchilar biografiyasini o‘rganish doimo o‘ziga jalb etib keldi”, deb yozadi. Rus olimi Yuriy Borev: “San’atkorning individual taqdiri uning ijodini talqin etishda kalit vazifasini o‘taydi”, deydi.

Albatta, adabiyotshunoslikdagi bu metodga ko‘ra adibning hayoti, shaxsiyati, biografiyasiga ijodining eng muhim xususiyati sifatida qaraladi. Yozuvchi biografiyasi esa biror bir yo‘sinda uning asarlarida o‘z ifodasini topadi. Yozuvchi hayotidagi o‘zgarishlar, ruhiy kechinmalar, dunyoqarashidagi o‘sish-o‘zgarishlar asosida badiiy asarni talqin qilish o‘zining ijobiy samarasini beradi. Deylik, adabiyotshunoslar Abdulla Qodiriy zamondoshi Fitratning “Hind sayyohi”, “Munozara”, “Rahbari najot” kabi asarlari haqida muallifning ruhiy-ma’naviy dunyosi, e’tiqodiy qarashlari, unga ta’sir etgan mikromuhitni teran o‘rganmaguncha to‘g‘ri xulosalarga kela olmaydi. Ayni chog‘da, 30-yillarda yozilgan “Me’roj”, “Zahroning iymoni”, “Zayd va Zaynab” tipidagi hikoyalari talqinida ham Fitrat ijodiga ruhiy-biografik yondashuv lozim. Bunday hollarni cho‘lponshunoslik tarixida ham kuzatish mumkin.

Alloma adib Abdulla Qodiriyning Yusufbek hoji, Otabek, Anvar, Kumush, Ra’no singari qahramonlarida namoyon bo‘lgan bebaho ma’naviy qadriyatlar adib ma’naviy-ruhiy dunyosida mavjud edi, albatta. “Artist bo‘lganimda edi, Otabek rolida o‘zim o‘ynardim… Negaki, Otabek xarakterini mendan yaxshi bilguvchi yo‘q”, degan istagi asosida ham o‘sha ruhiy butunlik sezimi bor.

Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobi Abdulla Qodiriy biografiyasini oydinlashtirishda muhim asar hisoblanadi. Kitobda Qodiriy asarlaridagi ma’lumotlar, ba’zi “qoldiq hujjatlar”, adib haqidagi zamondoshlarining xotiralari, o‘g‘ilning o‘z otasi haqidagi xotiralari o‘rin olgan. Muallifning o‘zi kitob avvalida yozganidek, bunda “chuqur tahlil va ilmiy mulohazalar” berilmaydi. Ayni chog‘da, bu manba Abdulla Qodiriy tarjimai holining “tugal bayoni” ham bo‘la olmaydi. Garchi qo‘lida arxiv hujjatlari, adibning “kundalik xotira daftari”, birovlar bilan shaxsiy yozishmalari mavjud bo‘lmasa-da, Habibulla Qodiriy otasi oldidagi farzandlik burchini chin dildan ado etdi.

Abdulla Qodiriy qahramonlarining ma’naviy-axloqiy dunyosini adibning estetik olamidan ayri holda tasavvur etish qiyin. Ammo ijodkor “o‘z gapi”ni aytishda qandaydir “turtki”ga, hayotdagi qaysidir kishilar qiyofasiga tayangan bo‘ladi. Shu ma’noda adibning o‘g‘li “Otam haqida” kitobida prototiplarga oid asosli, ishonchli taxminlarni ilgari suradi.

Mas’ud Abdullayev “O‘tganlar yodi” kitobida: “Men 1926 yili 12 aprelda oilada to‘rtinchi farzand bo‘lib dunyoga kelganman. Nadomatlar bo‘lsinki, o‘shanda dadamni tuhmatning qora kursisiga o‘tqazgan ekanlar. Dadam “Mushtum” jurnalida hajviy maqolalari bilan qatnashib turar ekanlar. Jumladan, o‘z zamonasining ilg‘or ziyolilarini ham tanqid qilib yozgan “Yig‘indi gaplar” maqolasidan so‘ng dadamni hibs etgan ekanlar. Dadam qamoqdan chiqqunlariga qadar men ismsiz yotavergan ekanman. Aytishlaricha, dadam 1926 yil 12 iyunda qamoqdan chiqadilar va meni ikki oyligimda birinchi bor ko‘radilar. Ehtimol, ozodlikka chiqqanlariga xursand bo‘lib, menga Mas’ud (baxtli) deb ism qo‘ygandirlar”, deb yozadi. Ushbu e’tirof adib hibsdan qutulgandan keyin yozgan “Mehrobdan chayon” romanidagi Anvarning dunyoga kelishiga oid bir epizodni esga soladi: “Anvarning “chillasi charog‘ ko‘rmagan” bo‘lsa hech bokisi yo‘qdir, biroq yigirma kunlab beshikda ismsiz yotish qiziqdir, chunki yangi “qadrlik mehmon”ga ot qo‘yish na otasining esiga va na onasining xotirig‘a kelgan edi. Oradan yigirma kun o‘tsa-ku, bolag‘a ism qo‘ymasalar, deb ota-onani ayblash og‘ir… Ism qo‘yish vazifasini yigirma ikkinchi kunlarda o‘n ikki yoshliq Nodira odo qildi”.

“O‘tganlar yodi” kitobining boshqa bir sahifasida Qodir boboning tojirligi esga olinadi. Tabiiyki, bunday biografik ma’lumot ham beixtiyor Otabekning tijorat bilan turli shaharlarga borganini yodga soladi. Yoki Mas’ud Abdullayev onasining qiz hovlilariga borganida “O‘tkan kunlar”dagi Mirzakarim qutidor hovlisiga o‘xshash manzaralarni ko‘radi: “Shirinquduqdan bir oz yurilib, boshi berk tor ko‘chaga burilgach, yana 50-60 qadam yurilsa, oyimning tug‘ilib o‘sgan hovlilariga yetilardi. Hovliga ikki tabaqali eski, bo‘yoqlari o‘chib ketgan eshik orqali tashqi-ichkari hovliga kirilardi. “O‘tkan kunlar” romanini o‘qiganimda “Kiroyi kuyoving shunday bo‘lsa” faslidagi manzarada dadam qaynota hovlilarining ichki-tashqi ko‘rinishlarini ta’riflaganday tuyuladi”. Tabiiyki, bunday muhim xotiraviy faktlar “O‘tkan kunlar” romani biografik talqini uchun zarur manbalar sanaladi. Eng asosiysi, Abdulla Qodiriy tasvirlash tamoyiliga sadoqatan, o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan joy, narsa-predmet, voqea-hodisa, insonlar fe’li hamda qiyofasini chizishda real hayotiy faktlarga tayanganini anglatadi.

Arxiv hujjatlarining ilmiy-adabiy muomalaga olib kirilishi, bir tomondan, o‘zbek adabiyotidagi siymolarning tarjimai hollaridagi qorong‘i nuqtalarni oydinlashtirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, qatag‘onga uchragan adabiy avlod bilan undan keyingi avlod orasida qandaydir ziddiyatlar, majburlash oqibatida bo‘htonlar bitilgan qog‘ozlarga imzo qo‘yib berishlar ham bo‘lganini ko‘rsatadi.

90-yillarda arxiv manbalari asosida yozilgan qodiriyshunoslikka tegishli kitoblarda ham shu ikki holat kuzatiladi. Nabijon Boqiy qalamiga mansub “Qatlnoma” risolasi shu jihatdan e’tiborga molik. Asar “hujjatli qissa” deb atalgan va unga “Abdulla Qodiriyni kimlar, qanday yo‘sinda, qayerda, qachon va nima uchun qatl qilgan edilar?” degan tagsarlavha yozilgan. Darhaqiqat, “dilbar adibimiz Abdulla Qodiriyning achchiq qismati aks ettirilgan 976225-sonli” jinoyatnoma hujjatlarini qamrab olgan “Qatlnoma”dan yuqoridagi savollarga muayyan darajada javob topish mumkin. N. Boqiyning “Qatlnoma” kitobi sof ilmiy asar emas. Unda mohir publitsist nigohi bor, kinoya, piching, kesatiq va jiddiyat tergov jarayoni manbalari yoki “anglatma”lardagi faktlar bilan uyg‘unlashib ketadi. Ko‘proq ilmiy-publitsistik uslubga xos xususiyat ko‘zga tashlanadi.

Muallif Abdulla Qodiriy jinoyatnomasini varaqlar ekan, ba’zan adib qahramonlarini “ishga aralashtiradi” – ularning nutqidan iqtiboslar keltiradi: “ – Haqsiz jazo! – deb Otabek kulimsirab qo‘ydi…” Ehtimol, bu Abdulla Qodiriy nidosidir.

“ – Kimki qasddan bitta mo‘min bandani o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘ladi va o‘sha joyda abadiy qoladi! – derdi bir chetda tasbeh o‘girib o‘tirgan Yusufbek hoji.

– Inshaalloh!”

”Qatlnoma”da hujjatlar talqini jarayonida bunday chekinishlar, she’riy yoki bevosita adib ijodiga doir ilmiy manbalardan ko‘chirmalar ko‘p. Umuman olganda, “Qatlnoma” XX asr insoniyat boshidan kechirgan mudhish qatag‘on siyosatini tasavvur etishga, xususan, Abdulla Qodiriy hayotining so‘nggi sahifalari bilan tanishishga imkon beradi.

Darvoqe, adib hayotining so‘nggi kunlari xususida Habibulla Qodiriy ham arxiv hujjatlari asosida “Qodiriyning so‘nggi kunlari” nomli xotira qissa yozgan edi. Muallif mazkur asarida o‘zining ta’kidlashicha, “Otam haqida” kitobiga kirmay qolgan, o‘sha 70-80-yillar siyosati bois kiritilishi mumkin bo‘lmagan “ko‘pdan-ko‘p qiziqarli ko‘rgan-kechirgan, bilgan” voqea-hodisalarni qalamga oladi. Xotira qissadagi adibning mahbuslik davri, lager hayotining tasviri-tavsifi berilgan sahifalar o‘quvchi diqqat-e’tiborini o‘ziga ohanrabodek tortadi. Stalinizm siyosati naqadar dahshatli ekani, qanchadan-qancha begunoh insonlar arzimagan bahonayu sabab tufayli ozodlikdan mahrum etilgani qissada o‘zining yorqin ifodasini topgan, albatta. Zotan, inson qalbining og‘riqlarini ko‘rsatgan bu asar yurak qoni bilan yozilgan, chin bir haqiqat bitilgan. Asar ustida ishlayotgan muallif quyidagi fikrlarni bejiz aytmagan: “Men shu paytga qadar qalam tebratib, uncha-muncha narsalar bitdim. Ammo hech qachon hozir bitayotgan asarim kabi o‘zimda yozishga, ko‘nglimdagilarni bo‘shatishga bu qadar kuchli ehtiyoj sezgan emasman. U mislsiz og‘ir dard bo‘lib, vujud-vujudimni o‘rtamoqda. Shu dard, shu armonni qog‘ozga tushirmaguncha, yozib bitirmaguncha bu dunyodan ketolmayman, jon berolmayman”.

“Qodiriyning so‘nggi kunlari”da Abdulla Qodiriyning insoniy qiyofasini, mardligi va jasurligini ko‘rsatadigan o‘rinlar ko‘p. H. Qodiriy 1937 yili kuz faslida Mannon tabib bilan bo‘lgan muloqotni xotiraga oladi. Tabib yosh Habibulladan hol-ahvol, kimning o‘g‘li ekanini so‘rab-surishtirgandan so‘ng aytadi: “O‘zing tushunadigan bola ko‘rinasan, gapimni hech kimga aytma, dadangga borib sekin ayt, u, albatta, o‘zini Toshkentdan chetroqqa olsin… Tojikiston tomonlarga borib, tog‘-tosh qishloqlarda soqol-murtini o‘stirib, eshakarava minib bir tirikchilik o‘tkazib yursin. Bir kuni manovi alg‘ov-dalg‘ovlar bosilib, “omon-omon” bo‘lganda yana qaytib kelar. Bu so‘zimni dadangga albatta ayt, jon bolam! Bularning arqonni uzun tashlab qo‘yganidan xotirjam o‘tiravermasin. Dadangni ham albatta qamashadi. Hozir turmalar to‘lib ketgan, otangni qamashga joy ham yo‘q! O‘zim ana shu tabibchiligim uchun yaqinda o‘n bir oy qamalib chiqdim, o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, bildim…”.

Albatta, bu gapni Habibulla dadasiga yetkazadi. Shunda Abdulla Qodiriy ancha vaqt o‘ylanib o‘tiradi, so‘ng so‘zlaydi: “Mening hech gunohim yo‘q! Gunohsizni qamamasalar kerak. Yo‘q gunohni bo‘yinga olib vatanni tark etish, xalq ko‘ngliga shubha solish, allaqaysi joylarda bo‘yin egib, sarg‘ayib yurish… Yo‘q, bo‘lmaydi!..”.

Bu mulohaza, qat’iyat, jasorat ulug‘ adib tabiatiga xos va ayni chog‘da, uning adabiy qahramonlari xarakteriga muvofiqdir. Zotan, Otabekning tuhmatga qolib, tergovga tortilish epizodlaridagi jasurligi, Anvarning begunoh do‘stini o‘limdan qutqarish uchun o‘z oyog‘i bilan dor ostiga borishi qaysidir ma’noda “xo‘rlikdan o‘lim tansiqroqdir”, “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “ix” deydirgan yigit emasman”, shuningdek, qat’iyan “Yo‘q, bo‘lmaydi!” deyayotgan Abdulla Qodiriy siymosini beixtiyor xayolga keltiradi.

Xullas, ijodkor psixobiografiyasida, xususan, Abdulla Qodiriy tarjimai holi tavsifida uning o‘zi yozgan turli janrdagi asarlari, zamondoshlarining xotiralari, farzandlari tomonidan bitilgan hujjatli, xotira asarlari va, ayniqsa, arxiv hujjatlarida muhrlanib qolgan ma’lumotlar muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Bahodir KARIM,

filologiya fanlari doktori

 

uzas.uz

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.