Ifoda va ifodaviylik

0
517
marta koʻrilgan.

Oʻzbek adabiyotining yangicha tamoyillari, xususan, modernizm, postmodernizm kabi yoʻnalishlar meni doim qiziqtirib kelgan. Qiziqishlarim kuchayib, shu mavzuda ish olib borarkanman, qoʻlyozmalarimni oʻqib koʻrgan ustozlarimdan biri: “Siz Faxriyordan qoʻshimcha ravishda fazilat qidirmayapsizmi?” − deb qoldi. Koʻnglim xijil boʻldi, maqolani tahririyatga olib borish ishtiyoqi bir qancha muddatga soʻnib qolgandi oʻshanda.

Oʻzingiz oʻylab koʻring, balki sizda ham boʻlgandir. Biror asar mutolaasiga kirisharkanmiz, undagi goʻzalliklar ijodkorga emas, oʻzimizga tegishliday tuyulaveradi. Gohida “Buni hatto ijodkorning oʻzi ham anglab yetmagan boʻlsa kerak” − deb gʻururlanganimiz ham bor. Shu tariqa aksariyat oʻquvchi va munaqqidlar asardagi topilmani “oʻzlashtiradi” yoki bu goʻzallikni zoʻrma-zoʻrakisiga chiqarib olingan degan xulosaga keladi.

Albatta, har birimiz oʻquvchi, ayni vaqtda kashfiyotchi ham boʻla olamiz. Chunki ijodkor har doim ham asaridagi barcha goʻzalliklarni koʻrishga qodir emas. U yozganlarining baʼzi jihatlarini oʻzi ham bilmasligi, kerak vaqtda tushuntira olmasligi mumkin. Xuddi shunday oʻquvchi ham asardan aynan nimani olganini doim ham anglay bilmaydi.

Biz yuqorida bejizga “goʻzallik” soʻzini ishlatmadik. Aytmoqchi boʻlganimiz, “goʻzallik” asarning ifodaviy-shakliy xususiyatiga taalluqli hodisa. Ammo “goʻzallik” ortida, albatta, kayfiyat mavjud. Biz asarni oʻqib zavqlanamiz, oʻzimizni kashfiyotchiday his qilamiz-u, asar ortidagi kayfiyatni unutib qoʻyamiz. Qoʻyingki, ijodkor oʻzidagi kayfiyatni tafakkur etib ulgurmagan boʻlsin, lekin kechinma uniki-ku. Shunday ekan, chinakam sanʼat asarlaridan “kashf” etganlarimiz ham bizniki boʻla oladimi?

 

* * *

Sanʼatkorning ijod jarayoni tushga oʻxshab ketadi. Tush esa judayam murakkab hodisa, murakkabligi shundaki, uning sinoatlarini ong bilan anglab boʻlmaydi. Tush hayotda roʻy bermaydigan, baʼzan tasavvurga ham sigʻishi dargumon boʻlgan narsalarni koʻrsatadi. Biz hayotda yechimini topolmagan jumboqlar, yod olinmagan sheʼrlar, bilmagan tillar tushda “real”lashishi mumkin… Tushda kechuvchi hodisalar qachonlardir eshitilgan, his qilingan va koʻrilgan narsalarning inson ongi va qalbi tubida yotgan aksi ekanligini psixolog olimlar koʻp taʼkidlashadi. Siz aslida eʼtibor qilmagan narsalar ham qachonlardir sizning ruhingizga taʼsir etgan va shu taʼsirlanish ongingizning qaysidir puchmoqlarida saqlanib qolgan boʻlishi mumkin.

Ijodda ham xuddi tushdagiday holat voqe boʻlib, bu jarayonda sanʼatkor oʻz olamining tub-tubida yashirinib yotgan, hali oʻziga ham notanish sanalgan goʻzallikni beixtiyor dunyoga keltira boshlaydi. Aslida bu goʻzallik u hayotda koʻrgan, eshitgan, his qilganlarining parchasi – obraz, uning kayfiyati, his-tuygʻusini ifoda etuvchi vosita xolos. Shu maʼnoda, yaratilgan asar ijodkor uchun ham yangilik boʻlib, undan avvalo sanʼatkorning oʻzi zavqlanadi:

Qor gulxani…

Bigʻillab qaynayotgan chovgum…

Boʻgʻotlarda hakkalab yurgan qish…

Qor chaqmogʻi…

Etagi kuygan izgʻirin…

Qor boʻroni…

Oʻyin tushayotgan ayol…

Charx urib… Charx urib…

Charx urib…

(Abduvali Qutbiddin)

Hech ikkilanmay aytish mumkinki, sheʼriy parcha koʻpchilikning xayolida abstrakt, parokanda taassurotlarni qalashtirib yuboradi. Lekin men ularda muayyan tartib, assotsiatsiv bogʻliqlik mavjud degan boʻlardim. Psixologlar inson xarakterini baholashda bir metoddan samarali foydalanadilar. Bunga koʻra, mutaxassis biror shakl yoxud suratni koʻrsatib, sizda uygʻongan ilk fikrni soʻraydi. Deylik, sizga qoshiqni koʻrsatishdi, siz “gʻurra” degan javobni berdingiz. Aniqrogʻi siz emas, men shunday degan boʻlardim. Chunki bolaligimda ukamning boshimga poʻlat qoshiq bilan yaxshilab tushirganini hecham unutolmayman. Aytmoqchimizki, asar tahlilida ham, avvalo, uning ortidagi kayfiyatni topish zarur boʻladi. Shundagina “qoshiq” va “gʻurra” uygʻunligidagi goʻzallikni koʻradi kishi.

Mayli, koʻp chalgʻimaylik-da, oʻzimizning sheʼrga qaytaylik. Sizdan sheʼrning bundan oʻn besh yillar oldin yozilganiga eʼtibor qilishingizni soʻrayman. Chunki sheʼrni tushunishda u yozilgan davr, ijtimoiy hayotni birrovga eslab oʻtish maqsadga muvofiq boʻladi. Biz yuqorida aytganimiz kayfiyat ham davr bilan uzviy bogʻliq hodisadir. Oʻzbek modernizmining “qaynagan” vaqti oʻtgan asrning 90-yillariga toʻgʻri keladi. Bunga sabab ijodkorlarni birlashtirgan bir xil kayfiyat va shu kayfiyatni taʼminlab turgan “oʻtish davri” edi. Misol uchun keltirganimiz Abduvali Qutbiddinning “Tasavvur lahzalari” (asardan parcha) sheʼri, Faxriyorning “Muchal yoshi”, “Yoziq” kabi dostonlari, Bahrom Roʻzimuhammad, Aziz Sayidning bir turkum sheʼrlari, Nazar Eshonqul va Ulugʻbek Hamdamning qissa va hikoyalari yaqin oʻtgan tarixning butun kayfiyatini akslantiradi.

Menimcha, gap nima haqda borayotganini anglab ulgurdingiz. Sheʼriy parchadagi oʻziga xos ifoda (“Qor gulxani”, “Qor chaqmogʻi”, “Etagi kuygan izgʻirin”) uning ortida turgan subʼyekt ruhiyati mevasidir. Olamda faqat tartibsizlikni koʻrayotgan ijodkorning tushkun ruhi gʻayrishuuriy tarzda oʻziga monand obrazlarni dunyoga keltirgan boʻlishi mumkin. Yoki bu mahoratli shoirning oʻquvchini-da oʻz kayfiyatiga yaqinlashtirish maqsadida qoʻllagan usulida. Shunday ekan, har bir obrazda anglangan maʼnolarni qidiravermay, goho uning muayyan hol tasviri ekanligiga ham eʼtibor qilish darkor. Aksincha, maʼni qidiruvchilarga “Tasavvur lahzalari” sheʼrini toʻla oʻqib chiqishni maslahat beraman…

Temirni qizigʻida bos deganlariday, gap kelganda aytib qoʻysam. Baʼzilarning haligacha oʻzbek modernizmi haqida eshitganlarida ensalari qotadi. Aslida oʻsha davr ijtimoiy-madaniy hayotida bilib-bilmay modernizm termini ostida birlashgan ijodkorlar 90-yillar adabiy avlodini shakllantirib ulgurgan edi.

 

* * *

Keling, bunday jiddiy mavzularga koʻpam toʻxtalmay, maqola avvalida boshlaganimiz, ifodaviy xususiyatlarga qaytamiz. Yuqorida sheʼriy parcha misolida obrazning xuddi tushdagiday quyilib kelishi mumkinligini aytib oʻtdik. Demak, badiiy obraz har doim ham tafakkur mahsuli emas, u baʼzan kayfiyatga monand, gʻayri oddiy holatda tugʻiladi. Bularni tushunish uchun oʻtgan asr avvalida falsafa va psixologiyada vujudga kelgan qarashlarga murojaat etishning oʻzi kifoya.

Biz ilmiy asarlarda intuitsiya terminini koʻp uchratganmiz. Bu inson tafakkuridan tashqarida sodir boʻluvchi idrok, yaʼni ichki bir tuygʻu yordamida sezish, anglash degani. XIX asr oxiri – XX asr boshlariga kelib faylasuflarning bu boradagi qarashlari fanga intuitizm terminini olib kiradi. Falsafadagi bu yoʻnalishning asoschilaridan biri fransiyalik A. Bergson intuitizmni obʼyekt va subʼyektning bevosita qoʻshilib ketishi, ular orasidagi ziddiyatning bartaraf etilishi deya talqin qilib, uni mantiqiy fikr va tafakkurga qarshi qoʻyadi. XX asr sanʼatida chuqur iz qoldirgan modernizmning gʻoyaviy-psixologik asoschilari Zigmund Freyd va Karl Yung kabi faylasuflarning qarashlari ham bevosita intuitsiya bilan aloqador.

Insonning xayolot olami cheksiz, ayniqsa, sanʼatkor bu borada oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustun turadi. Lekin sanʼatkor (inson) borliqni bilish mobaynida har doim ham koʻrganlarini tafakkurida anglashga harakat qilavermaydi, baʼzan u “koʻrgan”larini qalbi bilan his etib qoʻya qoladi va ruhda shu hisning oʻzigina saqlanadi. Biz bilish ehtiyojida olam bilan munosabat oʻrnatarkanmiz, har birimizda tabiatning muayyan bir jabhasini koʻproq kuzatishga, his eta olishga moyillik, qobiliyat borligini koʻpam sezmaymiz. Ayni damda kuzatishimiz jarayonida tuygan taʼsirning shu moyillik natijasi oʻlaroq yuzaga kelayotganiga ahamiyat berib oʻtirmaymiz. Xuddi shunday sanʼatkor ifoda etayotgan hodisalar ham taʼkidlab oʻtganimiz moyillik bilan uzviy bogʻliq.

Fanda shunga oʻxshash holatlar bilan sinesteziya ilmi shugʻullanadi. Sinesteziya hissiy aʼzolarning bir vaqtda faoliyat olib borishi, olingan hisning qorishib ketishi demakdir. Yaʼni koʻz vositasida olingan informatsiya – taʼsir, nerv sistemasida boshqa bir sezgi organini harakatlantirib yuborishi mumkin. Amerikalik olim Melissoy Saens oʻz ilmiy faoliyatida baʼzi odamlarning kuchli eshitish qobiliyati, koʻz bilan kuzatilayotgan harakatda muayyan tovushlarni eshitish imkoniyatini bera olishini asoslab beradi. Yaʼni sinestetlar rangning hidini yoki tovushlarning taʼmini seza oladilar. Olimlarning taʼkidlashicha bir hisning assotsiativ holda boshqa bir hisni uygʻotishiga rang, soʻz, hid, tovush va taʼm vosita boʻlib, sinestet kishilar sanab oʻtganlarimizning qaysi biridan sezgirroq boʻlsa, u tabiatdagi hodisalarda shuni tuyib yuradi. Umuman, sinesteziya ozmi-koʻpmi har bir insonda mavjud. Koʻpchiligimiz toʻq sariq rangda issiqni, toʻq koʻk rangda sovuqni his qilamiz. Baʼzan soʻz ham odamda shunday hislarni uygʻotishi mumkin.

Albatta, sinesteziya hodisasi badiiy obraz yaralishidagi murakkabliklar bilan ham uzviy bogʻliq. Shu sababdan ham hozirgi zamon sanʼatshunosligida badiiy sintez masalasini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Yaʼni ijodkor asar yaratarkan, oʻz qobiliyatiga monand sinkretik obrazlarni dunyoga keltirishi ham mumkin. Deylik, musavvir ijod qilarkan, oʻz asariga poeziyani singdiradi, shoir esa ifodada tasviriylikka va musiqiylikka beriladi. Umuman, bu murakkablikda baʼzan ijodkor koʻngli hali oʻzi bilmagan, anglab yetmagan, ammo his qilib ulgurgan olam hodisalariga tortib ketadi:

 

Qoʻgʻirchoq mushtining soyasi

xalal bermasmikan

tundan ajralib chiqyapkan tongga

sadafi ham tushib qolibdi

mana yaltiroq shabnam

tipratikan jimlik shaklida edi

ustiga olma qulamasidan avval

mana ignalik shovqin

yana koʻp narsani aytish mumkin

xullasi kalom

(Bahrom Roʻzimuhammad)

 

Sheʼrni oʻqirkansiz, uzuq-yuluq, sirtdan qaraganda bir-biriga bogʻliq boʻlmagan metaforalar ketma-ketligini koʻra boshlaysiz. Ammo sheʼrni tushunishda ham uning yozilish tamoyillaridan kelib chiqilsa, yaʼni tasavvurga erk berilsa, “tartibsizlik”dagi muayyan assotsiativ bogʻliqlik koʻrina boshlaydi: bu obrazlarni birlashtirib turuvchi umumiy vosita – tong otish vaqti, yorugʻlik va soya qarshiligi, shabnamning sadafga qiyoslanishi, tipratikanning gʻujanak holati uning uxlayotganidan, tinchlikdan xabar berishi, olmaning tipratikan “igna”lari ustiga tushib “ovoz”, “ignalik shovqin” chiqarishi va h. k. Lekin bularning bari anglanmagan ijodiy jarayon mahsuli sifatida namoyon boʻlmoqda.

 

* * *

Siz hozirgi tasviriy sanʼatdagi jarayonlarni kuzatib borasizmi? Agar kuzatsangiz, musavvir-ustaning ramkalarga solib qoʻyilgan turli mato va figuralariga, har xil shakldagi “lash-lush”larning uyumi, xullas, aql bovar qilmaydigan oʻziga xos “nimarsa”larga eʼtibor qaratganmisiz? Albatta, bular ham oʻz mualliflari taʼkid etayotganiday SANʼAT asari. Demak, ular ham obrazli hodisa. Ammo bu obrazlilikni ham biz har doim badiiylikni tushunishda tayanib kelayotgan nuqtai nazar bilan his etib, tushunib boʻlarmikan?.. Xuddi tasviriy sanʼatdagi kabi badiiy adabiyotda kechayotgan oʻziga xosliklarni-chi?

Badiiy obraz – sanʼatkor hissiy olami bilan yoʻgʻrilgan tashbeh. Demak, uning birlamchi vazifasi insonga hissiy (estetik) taʼsir oʻtkazish. Badiiy obrazning yaralishi muayyan bir taʼsirlanishning sababi oʻlaroq yuzaga kelib, bu taʼsirlanish olamni bilish ehtiyojidagi sanʼatkor(inson)ning kuzatuvlari mobaynida yuzaga keladi. Sanʼatkor olamning maʼlum bir jabhasini obrazli ifoda etishga kirisharkan, bu jarayon zamirida metafora (oʻxshatish) yotadi. Shunday ekan, obraz olamga (yoki uning bir boʻlagi sanʼatkorga) xos biror jihatning badiiy shaklidir. Tabiatdan olingan taʼsir maʼlum maʼnoda bu dunyodan, aniqrogʻi, moddiyatdan tashqarida turadi. Agar shu taʼsirlanishni ifoda etishiga ehtiyoj tugʻilsa, yaratilajak obraz ana shu tebranishni aks ettirishi shart. Odatda har bir metaforaning obʼyektiv yoki subʼyektiv ibtidosi koʻrinib turadi. Ammo sanʼatkor oʻzi va butun borliq mohiyatida shunday bir hislarni tuyishi mumkinki, bu hisni biz aytayotgan, asosida metafora yotuvchi obrazlilik bilan ifodalash juda mushkul. Chunki, sanʼatkor obʼyektiv olam manzaralari bilan oʻz kechinmalari oʻrtasida hech qanday oʻxshashlikni topolmay qolishi ham mumkin. Shunda u kechinmalarini oʻz tasavvuridagi, ijodiy jarayon mahsuli oʻlaroq yaratgan olam mohiyati koʻrinishlari asosida ifodalashga urinadi. Ayni damda yuzaga kelgan obrazlilik ham oʻzida metaforiklik xususiyatini saqlab qolgan boʻlsa-da, oʻxshatishga asos boʻlgan va oʻxshatilayotgan narsa faqat subʼyektning oʻziga tegishli hodisaga aylanib qoladi. Bunday obrazlilikda metaforaning ifodaviylikdagi ahamiyati oʻzgarib, tabiatdan olingan taʼsir va hisning oʻz “koʻrinish”i asosiy planga chiqariladi. Shunda oʻrganganimiz goʻzal tashbehlar unutilib, sheʼrdagi emotsiya ham bir muncha soʻnishi mumkin. Ammo ifodaviylikning taʼsir koʻlami va hayratga soluvchi qudrati ortib ketadi:

 

(Toʻrtburchak va ship-shiydam) bogʻlarga

qaytadi bahor

(uchta burchagi) bilan.

(Faxriyor)

 

Faxriyor sheʼriyatidan keltirganimiz kichik parcha yuqoridagi fikrlarimizni tasdiqlab turibdi. Huvillagan bogʻni toʻrt burchakka, bahorni esa uch burchakka qiyoslash, albatta, oʻziga xos metafora. Aslida bu maqola avvalida qoshiq va gʻurrani tashbeh qilganimizday gap. Uni tushunishda bogʻning toʻrt burchak xususiyatlarini emas, balki shu obraz yaralguniga qadar bogʻ uygʻotishi mumkin boʻlgan boshqa shakl – taʼsirni va ularning yakuniy shakl bilan assosiativ bogʻliqliklarini qidirgan maʼqul. Aytib oʻtganimiz tasviriy sanʼatdagi ifodani ham, keltirilgan sheʼriy misollardagi badiiylikni ham obraz yaralishidagi mana shu silsilalar asnosida tushunish kerak deb oʻylaymiz. Va yana taʼkidlaymiz, obrazli tafakkurning bunday jihatlari anglanadigan ijodiy jarayonga xos boʻlishi juda ham qiyin.

Ijodiy jarayon – murakkab hodisa. Shu bilan birga uning natijasi ham anglab boʻlmas darajada sirli. Bu sirlilikda baʼzan sanʼatkorning oʻzi uchun ham yangi, unga ham “notanish”, “oʻzim ham bilmayman” deyishga majbur etuvchi jihatlar talaygina topiladi. Ammo biz ifodaviylikda kashf etgan goʻzalliklar, istaymizmi-yoʻqmi sanʼatkorga tegishli. Chunki biz badiiy olam bilan bilvosita, yaʼni ijodkor koʻngli orqaligina aloqa oʻrnatamiz.

 

Saʼdullo QURONOV

 

“Yoshlik”, 2013 yil, 2-son

 

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.