Huvaydoning badiiy-falsafiy merosi

0
158
marta ko‘rilgan.

(shoir va mutafakkir tavalludining 310 yilligi oldidan)

 

Milliy mustaqillik va yangicha ijtimoiy-falsafiy tafakkur sharofati bilan qaytadan kashf etilayotgan xalqimiz ma’naviyatining azim va hayotbaxsh sarchashmalaridan biri Xojamnazar G‘oyibnazar o‘g‘li Huvaydoning boy va serqirra badiiy-falsafiy merosi, olijanob insoniy fazilatlari va ilg‘or g‘oyalaridir.

Bizga XVIII asr tasavvuf adabiyoti va falsafasining yirik namoyandasi Xojamnazar Huvaydoning tarjimai holi, u mansub bo‘lgan ijtimoiy-madaniy muhit, qancha umr ko‘rganligi, oilaviy va ijtimoiy hayoti haqida, afsuski, juda oz ma’lumot yetib kelgan. Yaqin vaqtlargacha tadqiqotchilar Huvaydoning 1907 yili Toshkentda V. M. Ilin litografiyasida chop etilgan “Kitobi eshon Huvaydoyi Chimyoniy maa Rohati dil fiy al xoshiya” devoniga ilova qilingan Noseh Chimyoniyning Huvaydo vafotiga bag‘ishlab yozgan “Tarixi vafoti hazrat eshon Huvaydo “navvarallohu taolo marqadahu marjaahu” asariga hamda shoirning “Rohati dil” dostonida o‘zi haqida bergan ma’lumotlariga asoslanar edilar.

Biroq ana shu hujjatlarning birortasida Huvaydoning Qo‘qon madrasalaridan birida tahsil ko‘rganligi yoki otasi Chimyonda qurgan madrasada mudarrislik qilganligi haqida ma’lumot uchramaydi. Afsuski, ko‘p tadqiqotchilar Huvaydo singari iste’dodli shoir katta bilim va badiiy mahoratga ega bo‘lish uchun Qo‘qon madrasalaridan birida tahsil ko‘rgan bo‘lsa kerak, degan taxminlarini o‘quvchiga haqiqat sifatida taqdim etadilarki, bu ilmiylik va xolislik talablariga ziddir.

Huvaydoning tarjimai holiga oid ma’lumotlarning oz qismi yetib kelganligi sabablarini quyidagi holatlar bilan izohlash mumkin: avvalo, Huvaydo xonlik poytaxti Qo‘qondan ancha olis bo‘lgan Chimyon qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetdi va ijod qildi. U vaqtda ilmli kishilar juda oz bo‘lib, Huvaydoni tushunadigan, qadrlaydigan ziyolilar sanoqli bo‘lgan (Huvaydo devoniga kiritilgan g‘azallarida ana shunga ishoralar bor); ikkinchidan, ijtimoiy-siyosiy parokandaliklar, adolatsizlik va zulm kuchaygan bir sharoitda ilmsizlik va jaholat ilm ahliga nisbatan loqaydlikni, ilm-ma’rifatning qadrsizlanishini kuchaytirgan; uchinchidan, Huvaydo vafotidan so‘ng uning valiylik karomatlari haqida juda ko‘p afsona va rivoyatlar yaratilgan. Ana shunday rivoyatlardan birida aytilishicha, Huvaydo Chimyonda xor-zor bo‘lgan, odamlar malomatidan bezib, qo‘shni Mindon qishlog‘iga borgan, u yerda qadr-qimmat va obro‘ topgach, mindonliklarni “bir doning ming don bo‘lsin”, deb duo qilgan.

Mindonliklarning hozirgacha chimyonliklarga qaraganda to‘q, farovon hayot kechirayotganliklarining, qishloqning nomi “Mindon” ekanligining sababi ana shunda emish. Bunga o‘xshash juda ko‘plab rivoyatlar ulug‘ mutasavvif-shoirning og‘ir va murakkab hayoti haqida tasavvur hosil qilishga imkon beradi. To‘rtinchidan, sobiq sho‘ro tuzumi davrida, ommaviy qatag‘on yillarida ruhoniylarga va dinga qarshi kurash sharoitida juda ko‘plab diniy kitoblar yo‘q qilindi. Bu ayanchli qismat Huvaydo haqidagi asarlarni ham chetlab o‘tmagan.

Milliy mustaqillik yillarida Huvaydoning hayoti, ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan juda ko‘plab ilmiy maqola va to‘plamlarda shoirning tarjimai holi, ismi, kasb-kori, tug‘ilgan va vafot etgan joyiga oid turlicha va hatto bir-biriga zid qarashlar xususida qisqacha to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

Tarix fanlari doktori, tasavvufshunos Ikromiddin Ostonaqulovning yozishicha, “Kunlardan bir kun Ofoqxo‘ja (rahmatullohi alayhi) o‘z muridiga: “Sen farzand ko‘rsang, otini Xo‘janazar qo‘y, mening nazarim andadur”, deb xushxabar berdilar. Oradan 5-6 yil o‘tib, G‘oyibnazar o‘g‘il ko‘rib, ismini Xo‘janazar qo‘yadi. U paytda G‘oyibnazar O‘shda yashar edi. Keyinchalik u Farg‘onaning Chimyon qishlog‘iga ko‘chib kelib, madrasa va xonaqoh ochib, mudarrislik bilan mashg‘ul bo‘lgan. Huvaydo ta’lim-tarbiyani o‘z otasidan olgan. So‘ng Qo‘qon madrasalarida tahsil olib, o‘z qishlog‘iga qaytib, mudarrislik qilgan, she’riy ijod bilan mashg‘ul bo‘lib, g‘azallar bitgan”.[1]

Bundan anglashiladiki, Xo‘janazar G‘oyibnazar eshon xonadonida O‘shda tug‘ilgan, keyinchalik ota-onasi bilan birga Chimyonga ko‘chib kelishgan. Holbuki, Huvaydo “Rohati dil” dostonining “Sababi nazmi kitob” bobida o‘zining nasl-nasabi, tug‘ilgan joyi haqida quyidagi aniq ma’lumotni beradi:

 

Kaminaning oti Xojamnazardur,

Atosining oti G‘oyibnazardur.

Nasabda O‘shiyu mavludi Chimyon

G‘aribu xoksoru dil parishon.[2]

 

Bundan tashqari, I. Ostonaqulov Hidoyatulloh shayx Yusuf o‘g‘lining ismini bir joyda “Ofoqxoja”, boshqa joyda esa “Ofoqxo‘ja” deb yozadiki, bu ham qator anglashilmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Zero, biz milliy mustaqillik yillaridagina diniy-tasavvufiy tushunchalarning nozik ma’no va mazmunini bir-biridan farqlay boshladik. Holbuki, 1981 yili Moskvada chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “xoja” va “xo‘ja” so‘zlari birma’noli tushunchalar sifatida talqin etilgan edi.[3]

“Xoja” – fors-tojikcha so‘z bo‘lib, “ega, boshliq, xo‘jayin” ma’nolarini anglatadi. Tasavvufiy istilohda – tariqat boshlig‘i, rahnamosi ma’nosida qo‘llanadi. Abduxoliq G‘ijduvoniy asos solgan Xojagon tariqati silsilasiga mansub bo‘lgan so‘fiylarning ismlari xoja so‘zi bilan sharaflangan: Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ubaydullo Ahror, Ofoqxoja va hokazolar.

“Xo‘ja” – O‘rta Osiyoda birinchi bo‘lib islom dinini qabul qilgan va o‘zlarini Muhammad alayhissalom va choryor (to‘rt do‘st)ning avlodi deb hisoblaydigan, xonliklar davrida alohida imtiyozlarga ega bo‘lgan etnik guruh nomini ifoda etgan. Xo‘jalarni ikkinchi nom bilan “sayyidlar” deb ham ataganlar.

Shu sababdan ham milliy mustaqilligimizga qadar tarixiy-ilmiy asarlarda bir ma’noli tushuncha sifatida qo‘llangan va qator anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lgan “xoja” va “xo‘ja” tushunchalarini bir-biridan farqlash ilmiylik talabidir.

Adabiyotshunos Nusratullo Jumaxo‘ja Huvaydoning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy maqolasida shunday deb yozadi: “Huvaydoning otasi G‘oyibnazar Ernazar o‘g‘li 1104 hijriy yillarda bir guruh marg‘ilonlik qarindoshlari bilan Chimyonga ko‘chib kelgan. Huvaydo shu oilada, shu maskanda tavallud topgan.

…G‘oyibnazar Chimyonda nufuzli maktabdor eshon edi. U Qashqarda shuhrat qozongan Ofoq Xo‘ja muridlaridan bo‘lib, piriga ixlos va hurmatining ramzi sifatida o‘g‘liga Xo‘janazar ismini bergan. Huvaydo shoirning adabiy taxallusi.[4]

Aminjon Mamatovning yozishicha, “shoirning ismi ba’zi manbalarda Xo‘janazar deb ko‘rsatiladi. Uning manzil-makoni haqidagi misralarga e’tibor berilsa hamda otasi Ofoqxoja eshonga murid bo‘lganligi nazarga olinsa, Xo‘jamnazar ismi haqiqatga mos keladi.[5]

Huvaydo tavalludining 300 yilligi arafasida Chimyon qishlog‘idan topilgan Huvaydoning chimyonlik chevarasi Faxriddin eshon Xokiy (1935–1919) qalamiga mansub qo‘lyozma devon va unga kiritilgan “Nasabnomayi eshon Huvaydo quddisa sirrihul aziz” asari hamda Xokiy tomonidan ko‘chirilgan So‘fi Ollohyor va Huvaydo qo‘lyozma devoniga kiritilgan Huvaydoning shajarasiga oid ma’lumotlar Xojamnazar Huvaydoning tarjimai holi, nasl-nasabiga doir bir-biriga zid qarashlarga aniqlik kiritishda muhim manba hisoblanadi.

Xokiy masnaviy shaklida yozilgan va jami 76 misradan iborat bo‘lgan mazkur asarida Huvaydo, uning nasl-nasabi haqida quyidagi qimmatli ma’lumotlarni beradi: “Yer yuzidagi yetti sharafli shaharlardan biri bo‘lgan O‘sh shahrida din ahli Qul Sulaymon Shayxni ham shoir, ham mardi Xudo deb biladilar. Uning o‘g‘li To‘lak Muhammad so‘fi, uning o‘g‘li, ya’ni uchinchi avlod Ernazar edi. Uning o‘g‘li G‘oyibnazar Ollohning sodiq oshig‘i va xudojo‘y kishilardan biri bo‘lib, tariqat ramzini anglagach, o‘ziga munosib pir izlab, doimo xazin (g‘amgin) edi. Nihoyat, odamlardan Qoshg‘arda Ofoqxoja ismli g‘avsul a’zam, qutbi Haq, Haq oshiqlarining shayxi borligini bildi. So‘ng O‘sh ahli, yoru birodarlari bilan xayrlashib, Chin (Xitoy) sari yo‘l oldi. U hazrati Ofoq dargohida 30 yil xizmat qildi, tariqat ilmini egallagach, pirdan ruxsat va ijozatlar olib, Farg‘ona yurtiga – Ofoq Xojaning o‘g‘li Xojam Poshsho (Xoja Hasan Muhyiddin)ni izlab, uning huzuriga keldi. U zotni Marg‘ilon shahridan topdi. Boshidan o‘tgan hamma ishlarni unga so‘zladi. G‘oyibnazar Xojam Poshsho huzurida ekanligida chimyonlik bir kishi G‘oyibnazarga ixlos qilib, qizini berdi. Ular Chimyonning Qo‘riq degan joyida (5-10 oila yashardi) o‘zlariga chimdan uy qurdilar. Shundan keyin podsho daftariga qishloq nomini “Chimyon” deb yozdilar. G‘oyibnazar eshon hijriy 1104 yili (milodiy 1693) yili bir mustahkam ibodatxona barpo etdilar. Bu – Chimyondagi birinchi masjid edi. Uning o‘g‘li hazrat Xojamnazar (Huvaydo) ikkinchi binoni barpo etdilar:

 

Hazrati Xojamnazar davlat qarin

She’rida bo‘ldi Huvaydo deb laqab.

Manzili ma’vosidur ushbu zamin

Asli zodi O‘shu mavlid Chimyon

To oxir umrdur munda makin.[6]

 

Huvaydoning yuqorida nomi tilga olingan devonining 174-175–sahifasida Huvaydo tavallud topishi bilan bog‘liq quyidagi muhim ma’lumot berilgan (bu ma’lumot devonni nashr etishga azmu qaror qilgan Huvaydoning o‘shlik chevarasi Salohiddin Soqib (1838–1910) tomonidan tuzilgan bo‘lsa, ajab emas). Unda shunday deyiladi: “Oftobi tobon, falaki hidoyat, mehtari vohid, duraxshon sipehri, jalolat va sarvari Hidoyatulloh Xojam, ya’ni janobi hazrati Ofoq Xojam nafasi mutabarruklari eshoni Huvaydo otalari G‘oyibnazar so‘fiyg‘a joriy bo‘lib, bayt:

 

Sening naslingdin aslo qutbu avlod o‘lmasun kanda,

Charog‘ing o‘chmasun olamda to ro‘zi jazo so‘fim – deb holoti istig‘roqda joriy bo‘lib, sandin farzand tavallud qilsa, otini Xojamnazar qo‘y, mani nazrim andadur, deb iltifoti bag‘oyat qilib, ul janob o‘g‘ullari hazrati Xojam poshshoni nazar va nafaslarini topib, Huvaydo laqab bo‘lib, humoyun xosiyat fayzi inoyatlarini topkon sababdin fayzi suxanni Olloh taolo ato qildi”.

Huvaydo so‘fiy G‘oyibnazar eshon xonadonida voyaga yetdi. Avvalo, otasidan islom dini asoslarini, fiqh ilmini, hol ilmini chuqur o‘rgandi. Bu haqda shoirning o‘zi:

 

Ham o‘qub ilmu adab, bo‘ldum “Aqoyid”xoni ishq,

Mushkilotu ilmi fiqhdin so‘rsalar berdim javob[7]

 

deb yozdi. “Aqoyid” iymon haqidagi ilm bo‘lib, shoir bu yerda ilohiy ishq ilmini, ya’ni tasavvufni nazarda tutyapti. Tasavvuf tarixidan ma’lumki, so‘fiylar ilohiyot nazariyasini o‘zlashtirish, buning uchun madrasa ilmini egallash haqida qayg‘urgan emaslar. Tariqat yo‘liga kirish uchun tolib (so‘fiy)dan birinchi navbatda fiqh ilmini chuqur va puxta bilish talab etilgan. Buni ilmi qol, ya’ni zohiriy fiqh, deyilgan. Ilmi hol esa tasavvuf ilmi bo‘lib, murid o‘z piri nazorati ostida tavhid kalomini zikr qilish orqali egallagan. Binobarin, Xojamnazarning otasidan tasavvuf ilmini egallaganligi, o‘zi mustaqil ravishda badiiy ijod sirlarini kashf etganligi shubhasizdir.

Huvaydoning tasavvufiy qarashlari shakllanishida, jamiyat hayotida ro‘y bergan muhim o‘zgarishlar, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-axloqiy tanazzul asoratlari, bir tomondan, zulm va adolatsizliklar, toj-taxt urushlarining avj olishi, ikkinchi tomondan, jamiyat taqdiri uchun mas’ul bo‘lgan ilm-ma’rifat ahllarining molu dunyoga hirs qo‘yishi, odamlar o‘rtasida riyokorlik, yolg‘onchilik, ta’magirlik, manmanlik, kibr, hasadgo‘ylik singari illatlarning kuchayishi, uchinchidan, jaholatga qarshi jaholat bilan kurashishning ayanchli oqibatlari kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Ma’lumki, Huvaydo Boborahim Mashrabning kichik zamondoshi, bir xil tarixiy muhitda yashab ijod qilgan mutafakkir edi. Biroq Huvaydo jamiyat duch kelgan og‘ir va murakkab muammolarni hal etishda Boborahim Mashrab yo‘lidan bormadi. Balki Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, So‘fi Ollohyor yo‘lini – sunniy tasavvuf yo‘lini tanladi.

Huvaydo shaxsining shakllanishi XVIII asrda Sharq xalqlari, jumladan, O‘rta Osiyo xalqlari ma’naviy hayotida qadriyatlar tizimining o‘zgarishi, jahonda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlarning asta-sekin Turkistonga kirib kelishi, diniy e’tiqodning kuchsizlanishi, oq zulm va adolatsizliklarning avj olishi davriga to‘g‘ri keldi.

Huvaydo Bahouddin Naqshband g‘oyalaridan ilhomlandi, butun faoliyati davomida naqshbandiya g‘oyalarini odamlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga intildi. Zamondoshlarini halol mehnat, pok niyat bilan yashashga, qalb (jon uyi)ni poklashga, Muhammad alayhissalom sunnatlariga amal qilishga, aqlli, donishmand va bilimdon bo‘lishga undadi. Ilmsizlik, nodonlik va jaholatni barcha kulfat va baxtsizliklarning bosh sababchisi, deb bildi. O‘zi uchun Ibrohim Adhamni ideal shaxs hisobladi. U kabi mard, oliyhimmat, faqir, kamtarin, halol bo‘lishni orzu qildi.

Nosehning guvohlik berishicha, Huvaydo doimo shariat hukmlariga bo‘ysunub, unga jonu dili bilan amal qilar, yo‘lda uchragan har bir mo‘min-musulmonga xuddi Hizr va Ilyos alayhissalomni ko‘rgandek iltifot ko‘rsatar va ularni do‘st tutardi. Har kuni saharlarda Xudoga yolborib, Undan maqsadiga yetish yo‘lini oson qilishini so‘rar, himmat otiga minib, shayton lashkarlari bilan jang qilardi. U doimo Ollohning roziligini tilab, xuddi Ibrohim Adham singari ozu ko‘pga parvo qilmas, shogirdlari bilan suhbat qurar, fikru yodi dabiston (maktab)da ilm toliblariga ilm berishda edi.

Huvaydoning hayoti, ijodiy faoliyati, tasavvufiy qarashlariga oid ma’lumotlarni uning devoniga kiritilgan g‘azallaridan, “Rohati dil”, “Ibrohim Adham” qissalaridan olishimiz mumkin. Zero, mashhur nemis olimi Zigmund Freydning ruhiy tahlil nazariyasiga ko‘ra, har bir ijodkorning asarlarida uning boshqalardan sir saqlaydigan istak, mayl, orzu, umid va maqsadlari o‘z ifodasini topadi.

Huvaydo yashagan davrning naqadar og‘ir, uqubatli ekanligi shoirning quyidagi misralarida o‘z ifodasini topdi:

Qayu kun keldim jahonda bo‘lmadim shod, ey ko‘ngul,

Bo‘lmadim zindoni g‘amdin hargiz ozod, ey ko‘ngul.

Shoir bu misralarni, shubhasiz, yoshi ulg‘ayib, ilm ma’rifatda kamolga erishgan davrida qoralar ekan, ilmsizlik, jaholat, zulm va adolatsizlik, molu dunyoga hirs qo‘yish odatiy holga aylangan uqubatli damlarda o‘z dardini, ruhiy iztirob va kechinmalarini tushuna oladigan sadoqatli do‘st topa olmaganligini bayon etadi:

 

Yurogim g‘ussaga to‘ldi, kishim yo‘q aytgali holim,

Netay, dard aytgudek bir dardmand odam topolmasman.

Kularlar qahqaha aylab, nechuk beg‘am kishilardur,

Kularg‘a bir zamone xotiri beg‘am topolmasman…

Jarohat bo‘ldi bag‘rim tig‘i hasrat birla, man naylay,

Yurub izlab tabiblardin anga malham topolmasman.

Musibatxonadur dunyo, nechuk odam bo‘lur beg‘am,

O‘zimni, ey Huvaydo, lahzaye beg‘am topolmasman.

Yoki

Darig‘o, topmadim bir dardmandi,

Anisu hamdamu yori muvofiq.

 

Mutafakkir-shoir “dard” deganda, shubhasiz, jamiyat rivojiga to‘sqinlik qilayotgan, odamlarni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni nazarda tutdi. Kundalik tirikchilik tashvishi, molu dunyo hirsi bilan yashaydigan, hayotning ma’nosini yeb-ichish, bola-chaqa boqishdan iborat deb biladigan avom uchun xalq va jamiyat muammolari begonadir.

Huvaydo ruhoniy oilada voyaga yetgan, diniy va tasavvufiy g‘oyalar ruhida tarbiyalangan ijodkor sifatida o‘zini jamiyat va xalq taqdiri uchun mas’ul, deb bildi. Ahli xoslar qalbida Ollohga bo‘lgan ilohiy ishq dardini alanga oldirish, nafsni o‘ldirish, bu dunyoning o‘tkinchi va bevafo ekanligini eslatish, oddiy avom ongida esa iymon-e’tiqodni mustahkamlash orqali ijtimoiy muammolarni oqilona hal etishga umid bog‘ladi. Shu boisdan ham uning butun ijodiy faoliyatida ilohiy ishq va diniy ma’rifatni targ‘ib qilish, komil inson shaxsini shakllantirish yetakchi o‘rin egalladi.

Huvaydo devoniga kirgan g‘azallarni tahlil qilish shuni ko‘rsatadiki, u arab va forsiy tilda bitilgan payg‘ambarlar tarixini, islom dini tarixini, payg‘ambar Muhammad alayhissalom hayotini juda chuqur bilgan. Shuningdek, tasavvufning O‘rta Osiyoda keng tarqalgan xojagon, malomatiya, yassaviya, naqshbandiya, kubroviya, qodiriya, qalandariya tariqatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. O‘z asarlarida islom tasavvufi buyuk shayxlarining ilg‘or g‘oyalarini uyg‘unlashtirishga, zamondoshlari qalbida ilohiy ishqni kuchaytirishga, buning uchun esa islom dinini bid’at va yaramas odatlardan tozalashga intildi. Bu esa mutasavvif shoirning turli malomatlardan iztirob chekishiga, odamlar va hatto qavmu qarindoshlarining undan yuz o‘girishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda shoir iztirob bilan:

 

Tushg‘ali ishqing sani qildim hama birla nizo’,

Bir yo‘li qildim jahonni mulku molidin vido’.

 

***

Ishq keldi, ketti aqlim, qochti mandin jumla el,

Yo‘qturur dard aytgudek bir yori ahbobim mening.

 

***

Sani ishqingda, ey dilbar, ajab afsonalar bo‘ldum,

Xaloyiqqa bo‘lib kulgu, base afsonalar bo‘ldum.

 

Qilur ta’na ko‘rib har kim mani holimga, ey mohim,

Bu elni og‘zida har go‘shada afsonalar bo‘ldum.

 

Hama qavmu qarindoshim mani ko‘rsa qilur nomus,

Baridin yuz o‘girdim, bir yo‘li begonalar bo‘ldum, – deb yozdi.

 

Huvaydo diniy-tasavvufiy qarashlarining shakllanishi jamiyatda zulm, adolatsizlik, ilmsizlik va jaholat avj olgan, tasavvuf g‘oyalari o‘z ta’sirini yo‘qota boshlagan, buning oqibatida, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, qadr-qimmat, insof-diyonat yo‘qolgan g‘oyat murakkab davrga to‘g‘ri keldi.

U xuddi hoziq tabib singari ish ko‘rdi: zamondoshlarini Ollohning yo‘liga, ya’ni tasavvuf yo‘liga kirishga da’vat etishdan oldin o‘zining bu yo‘lga kirishdagi iztirob, ikkilanish, mashaqqat va uqubatlarini ro‘y-rost bayon etdi. Chunki ishq dardini o‘zidan ilgari o‘tgan barcha buyuk so‘fiylar singari butun dardlarning (ijtimoiy muammolarning) davosi deb bildi. Shoir ilohiy yo‘lga kirishning uqubatlari haqida shunday deb yozdi:

 

Xudoni yo‘liga kirmak demanglar kori osondur,

Aziz jondin kechib, bosh o‘ynamog‘liq kori mardondur.

Ajab poyoni yo‘q yo‘ldur, aroda ko‘p xatarlar bor,

Aning uchun hama solik bu yo‘l ustida qolg‘ondur.

 

Olloh oshiqlarining mislsiz balolar, uqubatlarga giriftor bo‘lishlari tabiiy holdir. Huvaydo ishq o‘tida o‘rtanishni sharafli qismat deb bildi:

 

Nigoro, ikki olamda saningdek dilrabo yo‘qtur,

Firoqing o‘tida mandek asiri mubtalo yo‘qtur.

Balolarga duchor o‘ldim visoling izlabon tun-kun,

Maningdek el arosida giriftori balo yo‘qtur.

 

Tasavvuf tarixida so‘fiylarning uzlatga chekinish orqali ilohiy ruhdan fayz, ilhom va rag‘bat olish hollari ko‘p bo‘lgan. Biroq bunday uzlatnishinlik shuhratparastlikni keltirib chiqara boshlagach, Abduxoliq G‘ijduvoniy o‘z tariqatida “xilvat dar anjuman ba zohir ba xalq ba botin ba Haq” (anjumanda zohiran xalq bilan, ammo botinan Haq bilan birga bo‘lish) g‘oyasini ilgari surdi. Biroq Huvaydo yashagan davrga kelib, tasavvufning qat’iy talab va qoidalari ancha kuchsizlandi. Huvaydoning ta’kidlashicha, zamonaning pok kishilari, mardlarining cho‘pcha qadri qolmagach, o‘tkinchi va aldamchi molu dunyoga mehr qo‘ygan kishilar qadr topa boshlagach, shoir uzlatnishinlikni, ya’ni odamlar yo‘q joylarga bosh olib chiqib ketishni orzu qildi:

 

Bu zamona mardlarini cho‘pcha qadri bo‘lmadi,

Bo‘ldilar moli palid jo‘yoni nomard e’tibor.

Moldin o‘tmak, jondin o‘tmak kori har nomard emas,

Dunyoni tark aylag‘on ishq yo‘lida mard e’tibor.

Yoki

Ichim to‘ldi g‘amu ishqqa, bo‘libman turfa dilgiri,

Gahi himmat qilurman, bosh olib Rumu Yaman ketsam.

Malomat bir sari, g‘am bir sari jonimni o‘rtaydur,

Ketibdur toqatim emdi o‘zimni g‘amga o‘rgatsam.

 

Huvaydo asarlarida Hizr alayhissalomning nomi ko‘p uchraydi. Boisi uning Hizr alayhissalomdan tasavvuf ilmini o‘rganganligi, uning ruhidan ilohiy fayz va tarbiya olganligida edi.

Huvaydoning ta’kidlashicha, nafs, orzu-havas, bola-chaqa va dunyoga mehr bor ekan, inson gunohsiz yashay olmaydi. Gunohlarning ajri esa nadomat va tavba qilishdir. Ilmi qol (shariat ilmi) va ilmi hol (tasavvuf ilmi)ni chuqur egallagan Huvaydoning Olloh rizoligi yo‘lida sidqidildan qiladigan toat va ibodatlaridan qoniqmasligining boisi ham shunda edi.

Huvaydo yerdagi hayotdan uzilib, samoviy xayolot olamida, mistik olamda yashamadi, dunyoviylik va ilohiylikni bir-biriga qarshi qo‘ymadi, balki zamondoshlarini bu dunyoning nozu ne’matlaridan yuz o‘girmaslikka, ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadigan aziz umrni qadrlashga, ana shu ne’matlar uchun Yaratganga shukrona aytishga, faqat savobli va xayrli ishlar qilishga, Ollohning nomini hamisha xushnudlik bilan tilda va qalbda zikr qilishga da’vat etdi.

50-60 yosh – inson hayotiy tajribalarini sarhisob qilib, o‘tgan umrni taftish etish, hayotda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklardan tavba qilib, ma’naviy komillik mezonlarini belgilash davri hisoblanadi. Insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ mutafakkirlarning aksariyati ana shu yoshda o‘z hayotiga tanqidiy baho berganlar, ma’naviy ganj izlash, o‘zlaridan yaxshi nom qoldirish uchun ezgu va savobli ishlar qilishga ahd qilganlar. Ana shu ibratli qismat Huvaydoni ham chetlab o‘tmagan:

Ellik-oltmish yashadim, bir yaxshi toat qilmadim,

Qilg‘onim bo‘ldi gunah, bir dam ibodat qilmadim.

 

***

…Ellik yashab, oltmishga yetib, zarra amal yo‘q,

O‘lmak xush erur mangaki, dunyoga to‘yibman…

 

***

Yashab ellik, Huvaydo, kelmasa yaxshi amal sandin,

Bu yanglig‘ yurg‘aningdin o‘lg‘aningdur xo‘btar emdi…

 

***

Huvaydo, san yashab ellik, netay, bir qilmading toat,

Safar zodini qilg‘il, emdi ayyomi tarab ketti.

 

Donishmandlar keksalikni inson umrining qish fasliga o‘xshatadilar. Tabiatdagi har bir faslning o‘z ziynati va fayzi bo‘lgani singari keksalik ham, Huvaydoning tavsificha, ezgu va xayrli ishlarni nihoyasiga yetkazish uchun Olloh tomonidan beriladigan imkoniyatdir. Huvaydo o‘z zamondoshlarini g‘aflatdan xalos bo‘lishga va savobli ishlar qilishga undadi:

 

Qarilikdan asar qildi, miyonim yerga xam bo‘ldi,

Iligimga aso tegdi, qulog‘im ham asam bo‘ldi.

Qarib, yerga qarib bo‘ldim, ko‘ngil hargiz qarimaydur,

Kuchim yetmas hunar qilsam, yurogim to‘la g‘am bo‘ldi.

Yigitlikda azizu allom edim, qimmatbaho so‘zlik,

Ushaldi gavhari aqlim, so‘zimni qadri kam bo‘ldi.

Yigitlik o‘tti ayyomi, qarilik xuftani keldi,

Hanuz yotarmusan g‘ofil, qo‘p emdi, subhidam bo‘ldi.

 

Milliy istiqlol sharofati bilan Huvaydo merosini chuqur o‘rganish, uning asarlarini ko‘p nusxada chop etish, xalqimizni ulug‘ mutasavvif merosidan bahramand etish, shoirning maqbarasini barpo etish imkoniyati vujudga keldi. Mamlakatimiz olimlari Huvaydo merosini o‘rganishga bag‘ishlangan qator asarlarini e’lon qilyaptilar. Jumladan, 2013 yili Toshkentning “Navro‘z” nashriyotida professor Haydar Aliqulov tahriri ostida Huvaydoning “Rohati dil”, Ibrohim Adham” dostoni chop etildi. Huvaydo tasavvufiy, axloqiy, badiiy-estetik g‘oyalari, komil inson shaxsini shakllantirish konsepsiyasiga doir turkum maqolalar chop etildi. Bu yil respublikamiz adabiyot va ilm ahli Huvaydo tavalludining 310 yilligini munosib nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. Zero, ulug‘ ajdodlarimiz ma’naviyatining azim va tuganmas sarchashmalaridan xalqimizni bahramand etish orqaligina ma’naviy hayotimizda duch kelgan muammolarni oqilona hal etishimiz va taraqqiyotning keng yo‘liga chiqishimiz shubhasizdir.

 

Qodirqul RO‘ZMATZODA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–1

 


[1] Avliyolar sultoni. Turonlik valiylar (To‘plab nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi Ikromiddin Ostonaqulov). – Toshkent, “Yangi asr avlodi”, 2004. B. 192-193. 

[2] Huvaydo. Rohati dil. Ibrohim Adham  (tabdil qiluvchi, nashrga tayyorlovchi va so‘zboshi muallifi Qodirqul Ro‘zmatzoda). – T.: “Navro‘z”, 2011. B. 35.   

[3] O‘zbek tilining izohli lug‘ati.  2 tomlik. 2-t. – M.: 1981. B. 328, 345.

[4] Jumaxo‘ja N. Huvaydo. –“Ma’rifat” gaz., 1994 yil 29 iyun.  

[5] Mamatov A. Pokiza dil – ma’voyi do‘st. –“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gaz., 2005 yil 1 iyul. № 27 (3804).   

[6]  Huvaydo. Rohati dil. Ibrohim Adham. – T.: “Navro‘z”, 2011. B.251.

[7] Xojanazar Huvaydo. Devon. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2005. B. 255. Maqolada Huvaydo she’rlaridan misol keltirilgan o‘rinlar mazkur devondan olindi.

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.